Qum va toshdan iborat ko'mirlar maktablarni isitadimi?

Ko'chalarda ko'mir savdosi qizigandan qizigan payt hozir. Qoratoshni qoplab olib, to'g'ri kelgan joyda uni biznesga aylatirayotgan shovvozlarning oshig'i olchi, shu qirovli kunlarda. Saralangan toshko'mirlar mo'may daromad topishning asosiy manbaiga aylangan. Bir kilosi bir yarim ming so'mgacha. Kim va qaerdan olib, kaysi narxlarda, qanday kafolat bilan bu ehtiyoji baland yoqilg'i mahsulotini sotyapti? Hozircha bunisi sirligicha qolmoqda.

Ular sotayotgan “qora oltin”ga aylanib borayotgan ko'mir mahallalarga ajratilgan va aholiga tarqatilishi zarur bo'lgan jamg'arma emasmikin? Ammo hamma o'zi bilan o'zi ovvora, hammaning parvoyi palak. Lekin, tan olish kerak, sifati yaxshi. Chunki, shu tirikchilik ortidan yaxshigina “soqqa” qilyapti-da. Qishloqlarga kirsangiz, hamma ko'mir qidirgan, mahalladan najot kutgan. Ammo…

Yaqinda, aniqrog'i, joriy yilning 16 dekabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida o'tgan videoselektor yig'ilishida qishga tayyorgarlikda yo'l qo'yilgan kamchiliklarni hal etish masalalari tanqidiy tahlil qilindi.

Bu yil kuzda keskin sovuq tushib, ob-havo avvalgi yillarga nisbatan ertaroq pasaydi. Elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz hamda issiqlik ta'minotida tez-tez uzilishlar bo'ldi, — dedi davlatimiz rahbari. Bu vaziyat tarmoqlar va hududlarning qish mavsumiga tayyor emasligini yaqqol ko'rsatib berdi.

— Menga balandparvoz gaplar va raqamlar kerak emas. Joylardagi rahbarlarning ishlari natijasiga ijtimoiy tarmoqlarda xalqimiz o'zi xolis baho bermoqda, — dedi Prezidentimiz.

Aholiga ko'mir yetkazib berish muammosi kun tartibining markazida bo'ldi. Joylarda ko'mir bilan bog'liq e'tirozlar ham borligi ro'y-rost aytildi. Aholi va ijtimoiy ob'yektlar uchun ajratilgan mahalliy ko'mirning 60 ming tonnasi hali egalariga yetkazib berilmagani ko'rsatib o'tildi.

Endi, bir mulohaza qilaylik. 60 ming tonna bu ko'pmi, oz? Mutaxassislar ko'p degan xulosada.

Men, quyida anchadan buyon hamyurtlarimizni o'ylantirib kelayotgan, aniqrog'i ta'lim tizimi vakillari, o'qituvchi va shu sohaga mas'ul bo'lgan rahbarlarni iztirobga solib, eng achinarlisi, maktablardagi bolajonlarni sovuq sinflarda o'tirishlariga bosh sabab bo'layotgan va ushbu ilm dargohlariga ajratilayotgan “ko'mir” degan kukunning holatiga e'tibor qaratmoqchiman.

Bir necha kun davomida Oliy Majlis deputati sifatida saylov okrugimda bo'ldim. Bir nechta maktablardagi ko'mir ta'minoti masalasini o'rgandim va shunday degim keldi:

“Ko'mir qani?” Ijtimoiy ob'yektlarga ajratilgan ko'mir, ne ko'z bilan ko'ringki, 60 foizi qum va toshdan iborat ekan. Bu nimasi? Bolalarni sovuqda qoldirayotgan ko'mirfurushlarga chora ko'rilishi kerak! Ular kimning soyasida? Shu sohaga mutasaddilar qani? Qarang, 15 tonna deya olib kelib, tashlab ketilgan ko'mir 7 tonna chiqsa-ya… Sifati juda yomon. Eng achinarlisi, hech kim o'lchab olmaydi, hujjatlar bosh buxgalterlar seyfida…

Vaqti kelib, sen, 20 tonna olgansan, desa maktab direktori majbur shu miqdorga rozi bo'lib, hujjatga imzo qo'yib beradi. Biz kimni aldayapmiz? O'z xalqimiznimi?! Albatta, o'z elimizni!

“Katta”lar ko-otta, hovli qurayapti, nimaning evaziga? “Mahbub”   “mahbuba”siga qimmatbaho Kaptiva olib berayapti, qani adolat?.. Agar vaziyat shunday davom etsa, maktablarda qum ko'mirni guvala qilish bo'yicha o'quvchilar yetuk mutaxassis bo'lib yetishsalar, ajabmas…

Bunda ta'lim tizimidagi muallim, direktor yoki tuman rahbarini ayblash xato bo'ladi. Ular nima qilsin? Moliyaviy “o'yin”lar belini sindirgan bu fidoyilar boriga shukur qilishdan boshqa iloji yo'q. Aks holda shugina ko'mirdan ham quruq qolishi mumkin. Mana, mushohada qiling. Bir tuman maktablariga ko'mir tashigan avtomashinalarga 350 million so'mgacha davlat byudjeti mablag'i o'tkazib berilgan holatlar mavjud. Yuk mashinasi bir ikki “reys” qilgan. Lekin 4-5 marta qatnadi, deb rasmiylashtirilgan.

Endi ko'mirning miqdorini o'zingiz hisoblab olavering. Axir ortiqcha “reys”ni yopish kerak-ku. Shuning uchun ham 15-20 tonna deyilgan bu mahsulot nari borsa 10 tonnadan oshmaydi.

“Davstatqo'm”ning ma'lumotlariga ko'ra, O'zbekistonda joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida 3 134,1 ming tonna ko'mir ishlab chiqarilgan.

Jumladan, 2020 yilning yanvar-mart oylarida 1 048,2 ming tonna, aprel-iyun oylarida 461,4 ming tonna va iyul-sentyabr oylarida 1 126,3 ming tonna ko'mir qazib olingan.

Bu ko'rsatkich o'tgan yilning tegishli davriga nisbatan 53,8 ming tonnaga oshgan yoki o'sish sur'ati 101,7 foizni tashkil etgan.

Yana bir qiziq ma'lumot, O'zbekiston 2020 yilning yanvar-oktyabr oylarida xorijiy davlatlarga 1,3 ming tonna yoki 86,1 ming AQSh dollarilik ko'mir mahsulotini eksport qilgan.

O'z navbatida, respublikaga xorijiy davlatlardan 2 200,7 ming tonna yoki 75,4 million AQSh dollarilik ko'mir mahsuloti import qilingan.

Eksport qilamizu, yana import nimasi? Bu qoidaga qanchalik to'g'ri keladi?

Prezidentimiz kuyunchaklik bilan ahvolni yaxshilashga hammani chorlayapti, ibrat bo'layapti. Keling, “ko'mirchilar” siz ham insof va diyonat yo'liga o'tingda! Axir har bir so'm davlatning g'azinasidan ajratilyapti. Byudjet ham ummon emas. U ham soliqlardan, odamlarning yig'imlaridan tarkib topadi. Uning bir so'mini sarf qilish uchun Parlamentda moliya vazirligi qanchadan-qancha savollarga javob beryapti. Qolaversa, davlat o'z xalqi, o'z farzandlari uchun qayg'uryapti. Hukumat nima qilib bo'lsada quyi bo'g'inda, uzoq qishloqlardagi maktablarni istishni o'ylayapti.

Menimcha savollar ko'p. Qani, deputatlik nazorati, qani mas'ullar va hokazo… Bu savollarga javob topish va muammoni hal etishning fursati yetgan ko'rinadi. Bu bedodlik barchamizni uyg'otishi kerak.

Bugun bor boyligimizni pulga chaqib, o'z yurtdoshlarimizni aldashdan uyalaylik endi, birodarlar.

“O'zbekko'mir” aksiyadorlik jamiyatidagi mutasaddilar bunday ko'zbo'yamachiliklarga izoh bering!

Navro'z RIZAYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen − eight =