Insoniyat vijdoniga murojaat yoxud urushni yenggan jurnalistning tavbasi

Urushda bo'lganmisiz, bomba ovozini eshitganmisiz yoki porox hidini-chi, hidlaganmisiz? Bugun tinchlik va osoyishtalik hukm surayotgan bir zamonda bu savollarni berish biroz g'alati tuyulishi oqibatida, ancha yoqimsiz ham. Ammo tinchlikning qadriga yetmoq uchun ham urushning og'ir kulfatlarini unutib bo'lmas. Xeminguey tug'ilgan va yashagan pallada Amerikada ham urush yo'q edi, xuddi O'zbekistonda bo'lmagani kabi. Biroq u 18 yoshidayoq urushga jo'nab ketdi. Ixtiyoriy ravishda. Yer sharining qaysidir bir muyulishida insoniyat qonli urushni boshdan kechirar ekan, Xeminguey o'zini o'sha o'lkaga daxldor deb bildi, tinch yashay olmadi. Fransiyada, Germaniyada, Ispaniyadagi urush xalqoblarida bo'ldi. Millionlab o'lgan askarlarning murdalarini oralab ular uchun xotira talashdi. Hechqursa, yorug' kunlarga yetgan insoniyat bu kunlar uchun jang qilgan askarlarni yorqin xotirlashini orzu qildi. Yaralanib harbiy gospitallarda davolanar ekan “quyosh baribir chiqaverishi”dan umidini uzgani yo'q.

Xemingueyning tarjimai holida “amerikalik yozuvchi, harbiy jurnalist, Nobel mukofoti sohibi” deb yozib qo'yilgan. Zero, uning yozganlaridan urushdagi oshiq askarning yurak dukillashi eshitiladi. Hayot va o'limning yonma-yon aksini ko'rasiz. Quyida sizga Xemingueyning harbiy jurnalistlik faoliyatidan ayrim lavhalarni tuhfa etmoqdamiz. Zero, Xemingueyning o'tgan asrdagi hayqiriqlari har bir asr uchun asrdoshdir. Yozuvchi va publitsist Xemingueyning ovozi tinchlik uchun mangu chorlovdir! Ular o'smir yoshidan o'tib-o'tmay urushga otlanib, undan sun'iy epizodlar qidirgan emas, insoniyat taqdirini chin ma'noda qayg'urgan yurakning hayqiriqlaridir!

Taqdir muhri yoki yozuvchilik va fuqarolik ehtiroslari, faol hayotiy pozitsiyasi tufayli Xeminguey XX asrning haqiqiy tengdoshi bo'lib chiqdi. Nafaqat 1899 yilda — asr oxirida tug'ilgani uchun, balki, hayoti shu tarzda yaralgani, aniqrog'i, uni juda ko'p tarixiy voqealarda ishtirok etganligini eslashning o'zi   kifoyadir.

Birinchi jahon urushi qatnashchisi, 1919-1922 yillardagi yunon-turk urushining bevosita shohidi, Ispaniyadagi Milliy inqilobiy urush va Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi Xeminguey asr bilan tengdosh, u urushlar va inqiloblar, misli ko'rilmagan ijtimoiy kataklizmalarga to'la bu tezkor va notinch asrning abadiy jangchi farzandi edi. Uning tarjimai holi va faoliyati, to'g'rirog'i, Xeminguey publitsistikasi faoliyatining XX asr tarixidan ajralmas bo'lagidir.

Har qanday buyuk va haqgo'y san'atkor singari Xeminguey ham o'zining publitsistikasida, shuning­dek, butun ijodida asr muammolarini kes­kin angladi, davrning og'riqli savollariga javob izladi. Fransiyadan kelgan qochqinlar, Birinchi jahon urushi faxriylari, Florida shtatidagi bo'ron paytida o'limga mahkum etilganlar, Mussolinining imperatorlik da'volari uchun hayotlarini qurbon qilgan italiyalik askarlar, ispan ayollari, qariyalar va bolalar fashistik avia­siyani vahshiylarcha bombardimon qilganida qurbonga aylanganlari… ularning azob-uqubatlarini qayta boshdan o'z tani va qalbida yashash   asnosida yozuvchi insoniyat vijdoniga murojaat qiladi. Zero, bu tanaffussiz munojotdir!

Jurnalistika odatda harbiy qurolga teng­lashtiriladi. Bu kabi holatda, albatta, asosiy jihat qurolning nima maqsadda ishlatilishidir. Agar yozuvchi o'zining jurnalistik faoliyati bilan adolatli ish — tinchlik uchun, urushlarga qarshi, erk va demokratiya uchun, fashizmga qarshi, insonning asl baxt huquqi uchun kurashsa — uning maqolalari, esselari, xatlari uzoq vaqt davomida o'z ahamiyatini va dolzarbligini yo'qotmaydi. Har bir asrga asrdosh bo'lib yashashda davom etadi.

Xeminguey publitsistikasining asosiy mavzularidan biri bu, shaxsiy tajribasi orqali insoniyatga tahdid soladigan imperialistik urushga qarshi g'azabli va shiddatli norozilikdir. U Birinchi jahon urushiga qayta-qayta qaytadi va uni “tarixdagi eng buyuk, shafqatsiz qirg'in” deb ataydi. Dunyoda uning ko'plab ma'ruza va ocherklari fashizmga qarshi ayblov hukmi kabi o'qildi. 1940 yillarning oxirlarida, sovuq urush davrida murosasiz ravishda yangi urush boshchilariga jasorat bilan qarshi chiqdi, ularni fosh qildi va qoraladi. U o'zi haqida haqli ravishda shunday degan edi: “Fashizmga qarshi kurashish mumkin bo'lgan hamma joyda men unga qarshi kurashdim”.

Yozuvchi o'zini ko'pincha eski gazetachi deb ataydi. Darhaqiqat, butun hayoti davomida, albatta, taniqli uzilishlar bilangina Xeminguey faol ravishda jurnalist va publitsist sifatida ko'zga tashlandi.

O'sha davrdagi ko'plab taniqli amerikalik yozuvchilar singari, Xeminguey ham adabiy faoliyatini gazeta bilan boshladi. Maktabni tugatgandan so'ng, 17 yoshli Ernest mustaqil hayotni boshlaydi, Kanzas-Siti shahriga jo'naydi va u yerda mahalliy gazeta “Kanzas Siti Star”da muxbir bo'lib ishlaydi. Ammo Kanzasda uzoq vaqt xizmat qilmadi — atigi olti oy ishladi. Lekin bu birinchi jurnalistik ish sifatida juda foydali bo'ldi. Avvalo, bu yozuvchi keyinchalik minnatdorchilik bilan eslagan eng yaxshi maktab edi.

Kanzasdagi gazetada ishlab, urushga borishni orzu qilgan Xeminguey maqsadiga erishadi va 1918 yil aprel oyida Amerika Qizil Xoch avtomobil birlashmasiga ko'ngilli bo'lib yozilib, Italiya-Avstriya frontiga jo'nab ketadi. 1919 yil yanvar oyida u og'ir jarohat olib, Milan kasalxonasida bir necha oy davolanib uyiga qaytdi. Keyin u Kanada gazetasi bilan aloqa o'rnatadi.

1921 yil oxirida Xeminguey hayotida katta burilish yuz berdi: gazeta “Deyli Star” Parijdagi qarorgohiga chet ellik muxbir sifatida uni Yevropaga jo'natdi. Jurnalistik faoliyatining yangi bosqichi boshlandi. Ikki yil davomida — 1922-23 yillarda Xeminguey Fransiyadan tashqari Italiya, Germaniya, Ispaniya, Shveysariya, Bolgariya, Turkiya, Gretsiyaga tashrif buyurdi. U kanadalik o'quvchilarni qiziqtirishi mumkin bo'lgan hamma mavzularda yozadi. Ushbu voqealar birinchi nav­batda, Xemingueyning adabiy didi va siyosiy e'tiqodini shakllantirish, kelajakdagi buyuk adibga evrilishi nuqtai nazaridan muhim qadam bo'ldi.

Yunoniston-Turkiya urushi jurnalistikada va umuman, Xeminguey biografiyasida muhim chiziqdir. Yozuvchi mag'lub bo'lgan yunon qo'shinlarining orqaga chekinishini, yunon aholisining Turkiyadan fojiali ravishda chiqib ketishini, tinch aholining aqlga sig'maydigan azob-uqubatlarini ko'rganini va urushning aholi uchun qayg'uli oqibatlariga guvoh bo'lganini yozadi. Bularning barchasi uni misli ko'rilmagan hayratga va dahshatga soldi. Ko'p yillar o'tgach, u shunday deb yozgan edi: “Yaqin Sharqdan uyga butunlay yurak urishi bilan qaytdim va Parijda butun hayotimni   yozuvchi bo'lishga bag'ishlashim kerakligi to'g'risida qaror qabul qilishni eslaganim esimda. Va men ilon kabi sovuqqon holda yozuvchi bo'lishga qaror qildim va butun hayotim davomida iloji boricha haqiqatni yozishga ahd etdim”. Mana Xeminguey ijtimoiy va ijodiy pozitsiyasining asosiy kaliti va u hech qachon o'zgartirmagan.

Ushbu jurnalistik sayohatdan olingan taassurotlar Xemingueyning “Alvido, qurol!” romanini yaratishda yordam berdi. Ushbu asarni   o'qigan o'quvchi Xeminguey publitsistikasi uning adabiy asarlariga nechog'li singib ketganini ko'rishi aniq.

1923 yil oxirida Xeminguey “Toronto Star” shtabining xodimi sifatida ishini tark etishga majbur bo'ldi. Kanada va Qo'shma Shtatlarda qisqa vaqt bo'lganidan so'ng, u o'zini butunlay adabiyotga bag'ishlash uchun Parijga qaytib keldi. Shunday qilib, uning jurnalistik faoliyatida birmuncha vaqt tanaffus yuz beradi. 1933 yilda allaqachon taniqli bo'lib ulgurgan yozuvchi Amerikaning “Eskvayr” jurnali bilan vaqti-vaqti bilan hamkorlik qilishga rozi bo'ldi.

Xeminguey o'zi biladigan, tajribali, o'zi his qilgan narsalar haqida yozishni xush ko'rardi. Va u deyarli bilmagan narsalari haqida yozishni o'z zimmasiga olmagan. Shuning uchun ham o'z pozi­siyasini quyidagicha izohladi: “Eng muhimi, vij­donan yashash va ishlash; tomosha qilish, tinglash, o'rganish va tushunish. Kechayotgan jarayonlardan juda ko'p o'tmay, uzoqlashmay aniq   o'rgangan narsalaringiz haqida yozish”.

Uning publitsistikasida o'ta murakkab mavzu —yozuvchi va inqilob mavzusi   paydo bo'ladi. Yozuvchining inqilobga munosabati “Eski gazetachi yozadi” maqolasida aniq ifodalangan. “Urushdan so'ng dunyo darhol hozirgi zamonga qaraganda inqilobga juda yaqin edi. O'sha kunlarda biz unga ishongan, uni soatma-soat kutib, chaqirganmiz, umidimizni tamoman unga bog'laganmiz — chunki u biz uchun mantiqiy chiqish yo'li edi”. U yozuvchi insoniyatning yorug' kelajagi uchun kurashda ishtirok etishi, faqat o'zining asarlari bilan qatnashishi kerakligiga amin edi. Bir necha yil ichida Ispaniyada fashizmga qarshi milliy inqilobiy urush boshlandi va Xeminguey o'z pozitsiyasini keskin o'zgartiradi.

Biroq 30-yillarning birinchi yarmidagi publitsistikasida Xeminguey siyosatdan qochmagan. Aynan mana shu pallada ham jurnalistika ko'prik bo'lib xizmat qildi, o'sha paytda uni ma'lum darajada fashizmga qarshi kurashchilarning ilg'or lagerlari bilan bog'ladi. 1932-36 yillarda “Eskvayr”da nashr etilgan bir qator maqolalarida Xeminguey dunyoni tashvishga solgan eng dolzarb siyosiy muammolarni hal qildi. Ushbu asosiy muammo fashistik davlatlar — Germaniya va Italiya Yevropada tayyorlanayotgan yangi urush xavotiri edi. Xeminguey bu xavfni ko'ra oldi va bor ovozi bilan insoniyatni bundan ogoh etdi.

1935 yilda Xeminguey “Eskvayr” jurnaliga “Kelgusi urushlar to'g'risida qaydnomalar” nomli maqola yozib, 1937 yoki 1938 yillarda Gitler Germaniyasi va Mussolinining Italiyasi boshlagan Ikkinchi jahon urushi boshlanishini taxmin qilgan va odamlarga jahon urushi nima ekanligini eslatgan edi.

1936 yil yanvar oyida yozilgan “Afrika ustidagi qanotlar” maqolasida esa g'azab va qayg'uga botgan. Yangi urushni boshlaganlarga qarshi g'azab: “Urushni faqat chayqovchilar, generallar, shtab ofitserlari va fohishalar yaxshi ko'rishlari mumkin. Urush davrida ular hech qachon hech narsa bo'lmaganidek yashaganlar va bundan keyin ham hech narsa bo'lmaydiganidek naqd pul ishlashga muvaffaq bo'lishgan”.

Mussolini o'limga yuborgan Italiyaning sodda yigitlari, ishchilari va dehqonlarini Xeminguey   dushman kim va nima uchun dushman   ekanligini tushunishni istardi. Ushbu maqolada Xemingueyning aniq siyosiy tahlillari diqqatga sazovor. Uning so'zlariga ko'ra, Italiya “kuchlar bilan fitna uyushtirib, o'zi uchun erkinlikni ta'minlashga harakat qiladi va uning harbiy mag'lu­biyati mamlakatda” bolshevizm “g'alabasiga olib kelishi muqarrarligini aytib, sanksiyalarni bekor qilishga erishadi”. Xeminguey ushbu o'yin mexanikasini juda yaxshi bilardi.

30-yillarning birinchi yarmida Xeminguey pub­litsistikasida muhim o'rinni uning adabiyot haqidagi bayonotlari, yozish haqidagi fikrlari, yozuvchining burjua jamiyatidagi mavqei egalladi. Ushbu to'plamdagi muammolar “Afrikaning yashil tepaliklari” kitobidan parchalar, “Maestro savol beradi” essesi bunga yorqin dalildir. O'quvchi, “Afrikaning yashil tepaliklari”da Xemingueyning Tolstoy va Turgenev haqidagi samimiy satrlarini hissiyotlarsiz o'qiy olmaydi. Ular Xeminguey kimni ustozi deb bilgani va u o'z ishida kimga murojaat qilgani haqidagi savollarga javob topishadi.

1930 yilda Florida shtatidagi Key-Vest qish­log'ida yashagan yillarida   dengizda baliq ovlashga qiziqib qoladi va bu qiziqarli faoliyat haqida ko'p yozdi. “Moviy suv to'g'risida” ocherki ushbu mavzuni mujassamlashtirishning ajoyib namunasidir. U o'n besh yil o'tgach, “Chol va dengiz” qissasi syujetida   Kubadagi keksa baliqchining holatini tasvirlaydi .

Xeminguey hayotidagi burilish nuqtasi 1936 yil, Ispaniyada fashistik isyon boshlanganda edi. U bu mamlakatni yaxshi ko'rar, uning siyosiy va milliy taqdiri   yuragiga yaqin edi. 1937 yildagi Amerika yozuvchilarining ikkinchi kongressdagi nutqi yozuvchining siyosiy kurashda ishtirok etish muammosiga qaratilgan qarashlari qanchalik tubdan o'zgarganidan dalolat beradi. “Yaxshi yozuvchilarni yarata olmaydigan bitta siyosiy tizim bor va bu tizim fashizmdir. Chunki fashizm — bu qaroqchilar tomonidan aytilgan yolg'ondir”.

Ispaniya fuqarolar urushidan so'ng, yozuvchi “Qo'ng'iroqlar kim uchun jaranglaydi” romanini yozishga o'tirdi. Keyinchalik, K. M.Simonovga yozgan xatida: “Ispaniya urushidan so'ng men darhol yozishim kerak edi, chunki bundan keyingi urush tez yaqinlashayotganini bilar edim va vaqt tugab borayotganini his qildim”.

Uning haqiqatni hushyorlik bilan tahlil qilish qobiliyati, yozuvchining o'tkir ichki nigohi yana aldamadi. 1939 yil 1 sentyabrda Ikkinchi jahon urushi va 1941 yil 22 iyunda uning hal qiluvchi bosqichi boshlandi — Gitler Germaniyasi Sovet ittifoqiga hujum qildi. Va u doimiy ravishda, Ikkinchi jahon urushi davomida, sovet xalqining qahramonona kurashiga qoyil qolganligini bildirdi. Bir qator telegrammalar, shuningdek, urushdan keyin K.Simonovga yozilgan juda muhim xatlar bundan dalolat beradi.

1941 yil 7 dekabrda Yaponiya AQSh dengiz kuchlariga hujum qilib, Qo'shma Shtatlar ularga qarshi urushga kirgandan so'ng, Xeminguey muxbir sifatida u yerga shoshildi, ammo AQSh harbiy ma'muriyati uni rad etdi. O'sha yillarda u Kubada yashagan va fashizmga qarshi urushga hissa qo'shishni istagan holda, baliq ovlovchi kemani Karib dengizida ishlaydigan nemis suvosti kemalarini ovlashga aylantirgan. Shunday qilib, u fashistlar Germaniyasiga qarshi o'zining “shaxsiy” urushini boshladi.

Biroq Xeminguey o'zini hamma xalqlarning yozuvchisi ekanligini, uning ovozini millionlab odamlar tinglaydigan va bu urushga munosabatini jamoat oldida ifoda etish zarurligini unutmagan. Bu imkoniyatni “Urushdagi odamlar” nomli urushga bag'ishlangan jahon adabiyoti asarlarini to'plashda ishtirok etish va unga so'zboshi yozish taklif qilinganda topdi. “Ushbu antolo­giyani tuzuvchilar, — deb yozgan Xeminguey, — urushdan nafratlanadi va shu bilan birga, o'rtamiyona, ishonuvchanligi, ochko'zligi, xudbinligi va ambi­siyasi bu urushga olib kelgan va uni muqarrar qilgan barcha siyosatchilarni yomon ko'radi”.

U 1944 yil bahorida Angliyadagi “Kollyers” jurnalining urush muxbiri sifatida yana urushga jo'nab ketishga muvaffaq bo'ldi. U Ittifoq kuchlarining Normandiyaga tushishida ishtirok etgan harbiy transportda bo'lgan. Keyin Germaniyadagi harbiy bazalarni bombardimon qilgan ingliz bombardimonchi samolyotida uchgan. Fransiyani ozod qilish bo'yicha faol operatsiyalar boshlanganda, Xeminguey o'zini eng ilg'or saflarda ko'rdi, u fransuz partizanlari guruhiga rahbarlik qildi, ularga razvedka ishlarini muvaffaqiyatli olib borishda va Parijni ozod qilishga yordam berdi. Keyin Germaniya bilan chegarada qonli janglarda qatnashdi. Ushbu barcha operatsiyalar to'g'risida o'quvchi Xemingueyning ajoyib harbiy ocherk va maqolalaridan, asarlaridan bilib olishi mumkin.

Urush tugadi va shunday tuyuladiki, bu og'ir yillarni allaqachon unutish, tinch hayotning quvonchiga qaytish, ijodiy asarlar yozishga sho'ng'ish mumkin. Ammo Xeminguey urushdan keyingi dunyo taqdiri uchun tashvish qoldirmadi, uni hammasini asarlariga joyladi.

1945 yil oxirida allaqachon Xeminguey “Ozod dunyo xazinasi” antologiyasiga muqaddima yozdi. U aytgan fikrlarning ahamiyatini bugungi kun qarichi bilan baholash mushkul ish. “Endi, deb yozgan u, — urush tugab, o'liklar o'lganida … biz uchun shunchaki kurashish kerak emas, balki qiyinroq bir davrni — yashayotgan dunyomizning ma'nosini ang­lashimiz shart”.

U urushdan keyingi dunyo uchun xavfni birinchi navbatda Amerika tashqi siyosatining impe­rialistik yo'nalishida ko'rdi va Qo'shma Shtatlar dunyo­dagi eng qudratli davlat sifatida urushdan chiqdi. “Va biz hamma eng nafratlanuvchi mamlakatga aylanmasak yaxshi bo'lar edi”, deya Xirosima va Nagasaki ustidagi atom bombasi portlatishlariga ishora qiladi. Umri davomida insoniyatga qiron keltirgan urush haqida yozgan Xeminguey shunday bitadi: “Agressiv urush dunyoda mavjud bo'lgan barcha yaxshiliklarga qarshi jinoyatdir… Va urushni hech qachon oqlab bo'lmaydi. Uning jinoyat emasligi haqida o'ylash jinoyatdir”.

Xemingueyni yangi urush boshlanishi xavfi bezovta qiladi. Bu haqda xavotirga tushishining ma'lum sabablari bor edi — 1946 yilda Cherchill o'zining Fultondagi shafqatsiz nutqida, harbiy jazavani qo'zg'atdi, mohiyatan Sovet ittifoqiga qarshi urushga tayyorgarlik ko'rishga chaqirdi. Xalqaro vaziyat tobora keskinlashib bordi.

Bunday vaziyatda Xeminguey yangi urush qo'zg'atuvchilariga qarshi keskin nutq uchun birinchi qulay bahonani ishlatdi. Bu esa 1948 yilda uning “Alvido, qurol!” romanining qayta nashr etilishiga sabab bo'lgan. Xeminguey ushbu nashrga kirish so'zini yozadi va unda nima uchun “yozuvchi tinimsiz urush bo'lgan beozor, o'lik, iflos ushbu jinoyatga tomoshabin bo'lib befarq qarab turolmasligi”- ni aniq tushuntirib berdi. U nafrat bilan Mussolini va so'nggi jahon urushni boshlagan natsistlar rahbarlarini esladi: “O'lishi kerak bo'lganlarning ko'pi halok bo'ldi: ba'zilari Milandagi yoqilg'i quyish shoxobchasida oyog'idan osib qo'yilgan, boshqalari   bombardimon qilingan Germaniya shaharlarida osilgan”. … Ushbu so'zlar yangi urushni qo'zg'atuvchilar boshiga tushishi mumkin bo'lgan xuddi shunday taqdirga ishora edimi? Yo'q, bu ishora emas edi, yozuvchining xotira dalillari edi! Xeminguey yana shunday yozgan edi: “… urush boshlaydigan, uni qo'zg'atadigan va olib boradiganlar — bu faqat iqtisodiy raqobat haqida o'ylaydigan cho'chqalar va millionlab odamlar o'limidan pul ishlaydilar. Men urushdan foyda ko'rgan va uning qo'zg'atilishiga hissa qo'shgan har bir kishini jangovar harakatning birinchi kunidayoq otib tashlash kerak deb o'ylayman!”.

Hayotining so'nggi davrida Xeminguey yana va yana adabiy ijodning muammolariga qaytadi. Ular haqida ilgari eslatib o'tilgan K.M.Simonovga, yosh yozuvchilarga yozgan maktublarida, Xeylidagi yoshlar bilan suhbatda, Nobel mukofotini topshirish marosimidagi ma'ruzasida, intervyularida o'zining ijodiy laboratoriyasi haqida batafsil gapiradi.

Xulosa qilib shuni ta'kidlashni istardikki, Xeminguey publitsistikasi, uning barcha asarlari singari, tarixning ajralmas bo'lagidir. Bugungi kunda ham juda dolzarb, chunki Xemingueyning yozgan barcha asarlari, publitsistikasi shu kungacha yashab, butun dunyo o'quvchilarining qalbi va ongini qayta-qayta titroqqa solmoqda.

Go'zal BEGIM

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 2 =