Robinzon Kruzoning do'sti
“Badiiy ijod — ko'ngil munavvarligidir. Bu — xalqning, yurtning qalbi, shuurini — iqbolini nurafshon qiladigan munavvarlikdir”.
Ushbu ajoyib fikrlar muallifi taniqli yozuvchi, iqtidorli olim, benazir va zahmatkash jurnalist Xurshid Do'stmuhammad bo'ladi.
Bu sevimli yozuvchim, samimiy inson bilan qirq yoshimda tanishganman. Shunga ham yigirma besh yil bo'libdi. O'shanda Katta idorada birga ishlardik. Ungacha ham bu nomni bilardim, juda yaxshi tanish edi. Hikoyalari, maqollarini o'qib, hurmatim oshib qolgan edi. Ba'zan “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasi tahririyatiga yozganlarini olib kelganida yo'lakda yoki ustoz Ibrohim G'afurovning xonasida uchratib qolardim. O'shanda salom-alikdan nariga o'tmaganmiz.
Katta idorada ishlaganimda kaminaning ikkita rahbari bor edi. Biri — bosh maslahatchi Abbosxon Usmonov, ikkinchisi — yetakchi maslahatchi Xurshid Do'stmuhammad edi. Matbuot bilan ishlaydigan bu guruhning oddiy maslahatchisi, ya'ni xodimi — kamina edi. Akalarimga erkalik qilib: “ikki boyga bir malay”, deb hazillashardim.
Ikkovlari ham samimiy, bag'rikeng va mehribon, yaxshi insonlar ekan. O'shanda har ikkovlarini ham kashf qildim, desam, mubolag'a bo'lmaydi. Ayniqsa, Xurshid Do'stmuhammad bilan og'a-iniday yaqin bo'lib ketdik.
Biz ishlaydigan “Axborot xizmati” bo'limida, o'ta sergap rahbarimiz bo'lardi. U kishi sobiq sho'ro davrida Sobiq ittifoqning vahima nashrlaridan biri bo'lgan — “Izvestiya” gazetasining Yaqin Sharq mamlakatlaridagi maxsus muxbiri bo'lib ishlagan. O'sha rahbar bir gal endigina matbuot hayotiga kirib kelayotgan internet masalasida uch soat majlis qildi. Havo issiq, xona dim, o'tirganlarning tinkasi qurib mudray boshladi. Majlisda internetdan yashirincha foydalanib bo'lmaydi. Uni tartibga solib, qo'riqlaydigan maxsus politsiyasi borligi haqida ham gapirildi. Rahbar majlis oxirida “kimda qanday savol bor?” — deyishi bilan Xurshid akaning odatdagi qitmirligi tutdi. “Internetdan foydalanayotganimizni politsiya biladimi?” deb savol bersa, bo'ladimi? Sergap rahbar ushbu hazil savolga yana uch soat javob berdi. Shu-shu o'sha rahbar ishtirokida majlis bo'lish xabarini eshitsak, hammamiz Xurshid akani “iltimos, savol bermang”, deb ogohlantiradigan bo'ldik.
Yana bir hayotiy voqea. O'sha rahbar bir kuni xodimlarni huzuriga yana chaqirib, shunday jiddiy topshiriq berib:
— Har biringiz qo'shnilaringizning gaplarini eshitib, yozib olib kelasizlar. Iloji bo'lsa, qo'shnining uyiga “juchka” qo'yib eshitinglar, — deb qattiq tayinladi.
Topshiriqni “a'lo” darajada bajargan Xurshid aka shunday deb yozgan edi: “Kech soat 23 larda ishdan uyga jo'nadim. Choy-poy ichgunimcha soat 24 lar bo'lib qoldi. Hovliga chiqib, quloq solsam qo'shnining hovlisi jim-jit. Shu payt qo'shnining iti hurib qoldi. So'ng tinchidi. Xonaga qaytib kirmoqchi edim, it yana hurdi. Bu hol uch-to'rt marta takrorlandi. Qaytib, tonggacha it hurmadi. Lekin itning tilini tushunmaganim uchun, uning nima deb hurganini bilmadim.”
Ko'rinib turibdiki, Xurshid aka bilan ishlash maroqli edi. Ma'lum vaqt o'tib, katta idoradan kamina “Mushtum” jurnaliga, Xurshid aka “Hurriyat” gazetasiga, Abbosxon Usmonov esa “Xalq so'zi” gazetasiga Bosh muharrir etib tayinlandik.
Xurshid akaning davrida “Huririyat” ancha jonlandi. Mazmun-mundarijasi boyidi. Dolzarb mavzulardagi “tishlik” materiallar paydar-pay chop etila boshlandi. Lekin “hurririyat”parvarlik uzoqqa cho'zilmadi. U paytlar shunaqa tahlikali davrlar edi. Masalan, birgina “Mushtum” jurnali chop etilguncha senzura xodimlari tomonidan besh marta o'qilardi. Qolgani o'zingizga ayon…
Taqdirda bitilgan ekan, yana Xurshid aka bilan ishlashga to'g'ri keldi. U kishi O'zbekiston “Milliy Tiklanish” demokratik partiyasi raisi etib saylandi. Kamina ushbu partiya markaziy kengashi a'zosi edim. Yig'ilishlarda, uchrashuvlarda tez-tez Xurshid aka bilan ko'rishib turardik. Endi ko'z o'ngimda mutlaqo yangi — Xurshid Do'stmuhammad namoyon bo'la boshladi. U kishi o'ta madaniyatli, ko'ngilchan va insonparvar rais edi. Bir qarasangiz hazilkash, ochiqko'ngil, bir qarasangiz jiddiy siyosiy arbobga aylanib qolardi. Sessiyalarda sobiq davlat rahbari u kishiga doimo “Xurshid Nabiyevich!” deb murojaat qilardi. Shu yo'sinda u kishi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati sifatida uzoq yillar qizg'in faoliyat yuritdi.
Endi yozuvchi va jurnalist Xurshid Do'stmuhammad haqida. U kishi adabiyotga Erkin A'zam, Usmon Azim, Sharof Boshbekov, Shavkat Rahmon, Xurshid Davronlar safida dadil kirib keldi. Ilk hikoyalari bilan tilga tushdi. Maqola va esselari qo'lma-qo'l o'qildi.
U 1973 yilda hozirgi O'zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini tugatib, ish faoliyatini “Fan” nashriyoti, “Fan va turmush” jurnalida boshladi. So'ng “Qishloq hayoti” gazetasi, “Yosh kuch” va “O'zbekiston matbuoti” jurnallarida xodim, bo'lim mudiri, bosh muharrir lavozimlarida ishladi. U qaerda ishlamasin o'zidan ibratli izlar qoldirdi.
Xurshid Do'stmuhammad o'ziga xos uslubga ega bo'lgan yozuvchi sifatida asta-sekin namoyon bo'la boshladi. Uning birinchi kitobi “Hovli etagidagi uy” nomi bilan 1989 yilda nashr etildi. Birin-ketin “Alam”, “Qazo bo'lgan namoz”, “Vasiy”, “Jajman”, “Jimjitxonaga yo'l”, “Beozor qushning qarg'ishi”, “O'n birinchi eshik”, “Yo'lakdagi odamlar”, “Kiova quyoshi”, “Qichqiriq” singari hikoyalari o'quvchilar tiliga tushdi, mutaxassislar va ustozlarning yuksak baholariga sazovor bo'ldi.
Taniqli adabiyotshunos olim, ustoz Ibrohim G'afurov Xurshid Do'stmuhammadning “Beozor qushning qarg'ishi” (“Sharq” NMAK Bosh tahririyati, 2006 y.) kitobidan o'rin olgan hikoyalari haqidagi fikr-mulohazalarini shunday ifodalaydi:
“Siz o'qigan hikoyalardagi holatlar hayotga o'xshamaydi, deysiz-u, lekin bu hayot. So'zlaringizdan shuni yaxshi sezdimki, Xurshid Do'stmuhammad o'qish-o'rganishga, yangilik qidirishga havasmand yozuvchi ekan. To'g'ri payqabsiz, uning ko'p yozganlari, topgan tasviriy shakl-shamoyillari shu havasmandlikning mahsuli. U Kafka, Kanetti, Kamyuning oshuftasi. Yana shuni ham yaxshi tushunib olish kerak ekanki, absurd har qancha absurd bo'lgani bilan hayot va o'lim sarhadlarida o'z mantig'iga og'ishmay amal qiladi. Absurdning mantig'i esa g'oyat turfadir. Buni adibning badiyatidagi tajribalari isbotlab turibdi. Hamma gap absurdni hayot deb bilish va uning badiiy mantiqini topishda.”
Yozuvchi o'z mahoratini qissa janrida sinab ko'rdi. Xurshid akaning “Nigoh”, “Panoh”, “Oromkursi”, “Chayongul”, “Hijronim mingdir mening”, “Kuza…” singari qissalari ham adabiyotimizga yangi havo olib kirdi. Bu asarlarda yangi qiyofalar, xarakterlar va yangi odamlarni ko'rish, ularning o'ylari, his-hayajonlari bilan oshno bo'lish mumkin. Ayniqsa, yozuvchining ulug' adib Abdulla Qodiriy hayotidan olib yozilgan “Yolg'iz” qissasi o'ziga xos voqea bo'ldi. Qissa asosida A.Hidoyatov nomidagi respublika drama teatrida “Yig'indi gaplar” dramasi sahnalashtirildi. Spektakl tomoshabinlarning yuksak e'tiboriga sazovor bo'ldi. Qissa ham, spektakl ham yozuvchining iztiroblari, cheksiz dardlari mahsuli. Ularni ko'zyoshisiz o'qib yoki tomosha qilib bo'lmaydi.
Yozuvchining “Bozor”, “Donishmand Sizif” romanlari ham ijobiy baholarga sazovor bo'ldi. Yangilik sifatida e'tirof etildi.
“Kim uchun ijod qilasiz?” degan savolga yozuvchi shunday javob berdi: “O'zim uchun ijod qilaman. Yozganlarim mening dardlarim, mening iztiroblarim. Ularni kimdir tushunsa, bosh ustiga, ko'ngliga yaqin olsa yana yaxshi. Men tushungan, meni iztirobga solgan og'irdan og'ir tuyg'ularni boshqalar tushunmas?.. Hamma tushungan tuyg'ularni takrorlash emas, ularni o'zimcha talqin etish men uchun qiziqarli… Ijodimdan qanoatlanmaydigan jihatlarim yetarli, lekin ko'pchilik e'tibor qilmagan, ilg'amagan joylari borligidan ichimda g'ururlanaman. Badiiy asar ma'nosida “yozmasam ham bo'lardi” deydigani juda kam, nimagaki qo'l urgan bo'lsam yo obraz yaratishga, yo shakl axtarishga uringanman. “Laboratornыy eksperiment” tariqasidagi qoralamalarim ham bor…”
Xurshid Do'stmuhammad ziyo ahli hususida ko'p kuyunib yozadi. Haqiqiy ziyolilar safi ko'payishini muntazam orzu qiladi, istaydi. “Ziyoli — xalq ma'naviyatining ozon qatlami, u tafakkur va qalblarni kislorod bilan ta'minlaydi, ziyoli — jamiyatning haroratini o'lchagich simob ustuni, zero u tanadagi ahvol qanday bo'lsa, uni xuddi shunday namoyish va namoyon etadi, uning zarracha og'riqli hujayrasi bor ekan —halovat bilmaydi, tinchimaydi, tinim bilmaydi!” — deb yozadi u.
Xurshid aka kitob odami. U hayotini kitobsiz, kitob o'qimagan kunini esa kun hisoblamaydi. U kitobning chin oshig'i, dildosh, darddosh do'sti. Ustoz Ibrohim G'afurovning “Kitobsevar uyqusiz kipriklari bilan minglab kitoblarni varaqlaydi”, degan iborasi aynan Xurshid Do'stmuhammadga ham tegishlidir.
Tinib-tinchimas, ilmga o'ta tashna, benihoya kitobsevar va fidoyi inson Xurshid Do'stmuhammad allaqachon nufuzli olimlar safidan o'rin olgan. U filologiya fanlari doktori, professor. Uzoq yillar jurnalistika sohasi bo'yicha qator oliy o'quv yurtlarida yoshlarga saboq berib keladi. U kishi allaqachon haqiqiy MURABBIY darajasiga yetgan, zahmatkash ustozga aylangan.
Xurshid Do'stmuhammadning “Jurnalist bo'lmoqchimisiz?”, “Jurnalistning kasb odobi”, “Axborot —mo''jiza, joziba, falsafa” singari qo'llanma va kitoblari bo'lajak jurnalistlarga soha sirlarini o'rganishlarida har tomonlama samarali bo'layotir, darslik vazifasini bajarayotir.
Xurshid Do'stmuhammadning samimiy, bag'rikeng, bilimdon, vijdonli shaxs ekanligi, ijodda mudom yangiliklarga intilishi, jahon adabiyotidan xabardorligi, yosh ijodkorlarga g'amxo'rligi, sabr-toqatli, fidoyiligi hamisha, har doim, har qanday holatda vijdon ovozi bilan yashashini hisobga olib uni ulug' adib Asqad Muxtorga o'xshatgim keladi. Bu o'xshatishim birovga malol kelmas. Chunki aslida ham ularning o'xshash qirralari anchagina.
Xurshid aka yana bir ulug' ustozi Tal'at Solihovning “Men butun umr yaqin odamlarimga og'irligim tushmasligiga harakat qildim”, — degan hikmatini o'ziga hayotiy shior qilib olganiga ko'p bor guvoh bo'lganman.
Yana suhbatlarimizdan birida u kishi: “Har kim o'z hayotining, turmush tarzining Robinzon Kruzosi bo'lishi kerak”, degan edi.
Xurshid Do'stmuhammad hayot va ijodda go'yo o'zining Robinzon haqida aytgan so'zlariga hamisha amal qilib yashab kelayotganga o'xshaydi. Nazarimda adabiyot ummonidan o'z topgan oroli bor. Bu bexatar, jimjit orolni Xurshid aka o'zi kashf qilgan va katta mehnat evaziga o'zi obod qilib kelayotir.
Tilagimiz shulki, bir yahudiy tanishimiz aytganidek: “Siz yuzginaga kirib yuring, mangina bir ko'ray…”
Ashurali JO'RAYEV