Tushovlangan ruh muqarrar jar yoqasida turadi

Kasbim taqozosidanmi yoki men ham bir oilaning bekasi bo'lganimdanmi, nima bo'lganda ham atrofimdagi ayollarning hayotini, turmush tarzini beixtiyor kuzataman. Imkon qadar yaqindan o'rganishga harakat qilaman.

Ammo kuzatishlarim sabab, yuragimda ayrim paytlari havas, ba'zan esa achinish hissi kechadi. Albatta, oilada ham, kasbida ham omadi kelgan, kasbida unum bo'lgan ayollarga havas qilsa arziydi. Bilaman, ular ana shunday darajaga tinimsiz o'qib-o'rganishi, amaldagi mehnatlari evaziga erishgan. Lekin hayotda ancha qiynalib yashayotgan ayollarni ko'rib, bu holga tushishiga o'zlarining ilmsizligi, harakatsizligi, eng yomoni, hafsalasizligi sabab bo'lgan, deb o'ylayman.

Nazarimda, ba'zi xonadon sohibalarining ilmiy salohiyati o'ziga yetarli, sharq ayoliga xos fazilatlarga ega, tashqaridan qaraganda, havas qilgulik oilasi bordek tuyuladi. Agar yaqinroq borib razm solinsa, butunlay boshqa muhitda yashayotganiga guvoh bo'lasiz. Masalan, ular hayotda hashamda yashashni yoqtirishadi, tinimsiz mehnat qilib pul topadi. Ammo topgan mablag'ini keraksiz ho-yu havasga sarflashadi. Oqibatda ular maishiy muammolar girdobida qolib, qiynalib yashayotgan ayollar ekanligi ma'lum bo'ladi…

Bir ayolni taniyman. U hayotida ko'p jabr ko'rgan, iqtisodiy ahvoli hamin qadar, uch farzandning onasi. Buning ustiga yolg'iz ayol. Turmush o'rtog'i ancha yil oldin oilasidan voz kechgan. Ammo hayotning har qancha mashaqqatlari, qiyinchiliklari bu ayolni “sindira” olmadi. U yollanma ishchi edi. Vaqt topdi deguncha o'qib, tayyorgarlik ko'rdi. Oliy ma'lumotli bo'lib, hatto ilmiy darajaga ham erishdi. Ayni kunda nufuzli tashkilotda ishlaydi.

Aytishlariga qaraganda, oilasini tashlab, yengil hayotni tanlagan er bugun qattiq pushaymonda ekan. Yana kim biladi deysiz…

Lekin “Shamol bo'lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi”, deganlaridek, ming afsuski, bugun ham ana shunga o'xshash ba'zi oilalar “jar yoqasida” turibdi. Ajralishlar kun sayin ko'payib borayapti. Ammo ayol bir narsani unutmasligi kerak: “Yo'q, bunday yashab bo'lmaydi, tamom, hammasiga nuqta qo'yaman”, deyishdan oldin oqibatini birrov o'ylab ko'rish zarar qilmaydi. Turmushda ajralish oson emas, ikki ko'ngilning darz ketishi va qayta butlanmasligini o'ylab ko'rish lozim.

Afsuski, mana shu qarorni qabul qilayotgan insonlarning hammasi ham o'z xatolarini vaqtida tushunib yetayaptimikin. Aytishadi-ku, “Tog'lardan yiroqlashganing sari ularning naqadar ulug'vorligini his qilasan”, deb. Afsuski, inson zoti to bir narsani yo'qotmagunicha uning qadriga yetavermaydi-da. Oila barbod bo'lgandan keyingina xatolar ayon bo'la boshlaydi.

Hayotning achchiq haqiqati shunday: umrini asrashni bilmagan umridan, mol-dunyosini asrashni bilmagan mol-dunyosidan ajraladi. Bugungi kunda dunyo miqyosidagi eng katta muammolardan biri ham ajrimlar, qolaversa, uning jabrdiydasiga aylangan va aylanayotgan go'daklar, ojiza ayollardir.

Nachora, bu holat hanuzgacha dolzarbligicha yechimini kutayotgan muammolardan biri bo'lib turibdi. To'g'ri, davlatimiz tomonidan masalani ijobiy hal etish maqsadida qonun va qarorlar ishlab chiqilmoqda, qolaversa, masalaning qaysi jihatlariga ko'proq ahamiyat berishimiz lozimligi, ayollarning bu kabi achinarli holatga tushib qolishiga ko'proq kim aybdor, bu borada qo'ni-qo'shni, mahalla-ko'yning ta'sirchan kuchi, bularning bari e'tibordan chetda qolgani yo'q.

Jumladan, Respublika Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi. Endilikda ayollarning huquqlari buzilishining oldi olinadi, qulay shart-sharoitlar yaratiladi, deb umid bilan kutilmoqda. Ammo ijobiy natijalar hali ko'ringanicha yo'q. Shuningdek, gender masalalari bo'yicha statistik ma'lumotlarni to'plash, tahlil va monitoring qilish bo'yicha – “gender.stat.uz” sayti tashkil etilgan. O'zbekiston parlamenti ham inson huquqlariga, gender masalalariga va tinchlik va xavfsizlikka rioya qilmasdan barqaror rivojlanishga erishib bo'lmaydi, degan fikrga qo'shiladi. Bu masalalar rasmiyatchilik, amalda natijasi bo'lishi kerak.

Kuzatishlardan ma'lumki, har qanday odam imkoniyat topdim deguncha yuksaklikka, kamolot sari intiladi. Ammo sharoit va imkoniyati bo'lmasa-chi, kimdir tomonidan tazyiqda yashasa-chi, uning o'zi ham atrof-muhit ta'sirida tubanlashib boradi. E'tiborsiz qoldirilgan har qanday narsani g'ubor bosadi. Aytadilar-ku: “Erkinligi tushovlangan ruh muqarrar jar yoqasida turganday his qiladi o'zini”, deb. Axir omad, baxt, mustahkam sog'likka, ma'lum ma'noda, erkinlik, rag'bat evaziga erishiladi.

Prezidentimiz: “Xotin-qizlar jamiyatda o'z o'rnini topishi, qadrli va aziz bo'lishi uchun ularni or-nomusli, g'ururli erkaklar va mahalla-ko'y qo'llab-quvvatlashi kerak”, degan edi. Biz birgina mana shu fikr atrofida mulohaza yuritsak, harakatlarimiz shunga monand bo'lsa, ayrim oilalarda kechayotgan ko'plab muammolarga yechim topiladi, albatta.

Qadimdan xalqimizda bir hikmatli ibora bor: “Ayol yig'lagan yurtda or yig'laydi”. Men esa: “Ayoli yig'lagan oilada baxt bo'lmaydi”, degim keladi. Sababi, oila jamiyatimizning asl qo'rg'oniligini hammamiz yaxshi bilamiz. Shunday ekan ana shu asl qo'rg'onda barqarorlik, tinchlik, mehr-oqibat ustun bo'lishi lozim.

 

Zuhra HASANOVA,

“Hurriyat” muxbiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 + twenty =