Qo'shma so'zlarni qo'shmaymizmi?

2020 yilda o'zbek tilining besh jildlik izohli lug'ati takroran chop etildi. Avvalgi nashrdan farqi, zamona taqozosi bilan kirib kelgan broker, depozit, diler, konsalting, lizing, menejer, menejment, monitoring, nou-xau, sanatsiya, xolding, displey, internet, monitor, printer, sayt, skaner, fayl singari bir qancha yangi so'zlar bilan to'ldirilgan. Bu nashr keng targ'ib qilindi, ko'p tashkilotlarda, hatto ayrim xorijiy mamlakatlarda ham taqdimot marosimi o'tkazildi. Ona tilimizning bu muazzam yodgorligi har bir o'zbekning iftixoriga aylanib boryapti, desak, to'g'ri bo'ladi.

Biroq… bir xijolatlik joyi bor — hozirgi o'zbek adabiy tilining imlo va izohli lug'atlaridagi so'zlar adadi 100 mingga ham yetmaydi. Chunonchi, “Izohli lug'at”da 80 ming atrofida so'z bor, xolos. O'zbek tili turkiy tillar orasida eng ishlangan, boy til bo'lgani holda, lug'atlarimizning bunday “kamsuqum”ligi, albatta, afsuslanarli.

Qolaversa, bu 80 ming atrofidagi bosh so'zlarning hammasi ham “bosh so'z” emas. Masalan, uchiriq degan so'z beriladi-da, “qarang: uchuruq” tarzida “izoh”lanadi. Ya'ni, shuning o'zi ikki bosh so'z hisobiga o'tkazilgan. Buning ustiga, izohli lug'atga “qulog'idan tortib” opkirilgan birtalay so'zlar borki, ularning aksari Toshkent shahri shevasiga tegishli. Masalan, ada degan so'z beriladi-da, “shv.ayn. ota 1.” deb izohlanadi. Ajab, Andijon va O'shda, Xorazmda otani aka deb ham atashadi, xo'sh, aka nega kiritilmagan? Otani, boboni Namanganning ayrim joylarida dedo deyishadi, u-chi?

Yana bir ishkallik — so'zlarning adabiy shakli o'rniga sheva so'zi adabiy shakl deb ko'rsatilganida. Masalan, adabiy tildagi turkiy asosli chimildiq so'zi chetga surilib, Toshkent shevasida qo'llanadigan go'shanga faol so'z sifatida izohlangan, shu kabi, qalampir o'rniga, garmdori izohlangan — chimildiq va qalampir so'zlari keltirilib, “q. go'shanga”, “q. garm­dori” deb o'tilgan.

Yoki tamosho 3-jildda, tomosha esa 4-jildda keltirilgan, ikkovi ham to'g'ri degan ma'noda. 1- jildda Alloh, 3- jildda esa Olloh so'ziga sharh berilgan. Bularning qay biri ma'qul va maqbul – topingu qandingizni uring. Bu kabi ikkixilliklar imlo qoidalarining chalkashishiga, savodxonlikning pasayishiga sabab bo'lmaydimi? Axir, lug'at tartib berishdan yana bir maqsad — so'z yozilishini birxillashtirish ham-ku?

Bizningcha, imlo va izohli lug'atlarga sheva so'zlari va so'zlarning sheva shakli (dada — ada) kiritilmasligi kerak, bunday so'zlar “O'zbek shevalari lug'ati” degan kitobda izohlanadi.

Lug'atlarimizda biz bir-ikkita cho'qilab ko'rsatgan misollar adadi aslida ancha. Bu e'tirozlardan maqsad esa agar sof adabiy tilga xos so'zlargina izohlanadigan bo'lsa, yana allaqancha so'z chiqib ketib, buyog'i yanayam haminqadar bo'lib qolishini aytish, xolos. Ammo chinakam imlo va chinakam izohli lug'atlarga ega bo'lishni istasak, shunday qilishga to'g'ri keladi.

O'zbek tili davlat tili deb e'lon qilinganidan beri ayrim kuyinchak kishilar sheva so'zlarini adabiy tilga faol kiritishni taklif qilishayotir. Ularning nazdida, lug'atni boyitishning asosiy yo'li shevalardan so'z olishdir.

To'g'ri, sheva — xalq jonli tilining o'zagi. Shevalarda shunday so'zlar borki, uch-to'rtta so'z anglatadigan tushunchaga bir o'zi kifoya qiladi. Uslubiy tovlanishlari ham bisyor. Kinoya, piching, istehzo kabi bir talay xislatlari bor kalimalar ko'p. Ammo baribir, qaysi shevada nima so'z bo'lsa, barchasini adabiy til lug'atiga tiqishtirish kerak emas. Chunki shevalardagi ko'p so'zlar adabiy tildagi leksemalarning ayrim tovushi o'zgargan holdagi talaffuzi (Xorazm shevasiga xos arka (erka), tunigun (tunov kuni), yoki qo'shni xalqlarning tiliga xos so'zlar ularga yaqin joyda istiqomat qiladigan o'zbeklar leksikoniga kirib qolishi hollari uchraydi. Jalolobod shevasidagi qirg'izcha qorapayim (qoraxalq), uchqashish (mingashish), Buxoro shevasidagi tojikcha bolor (to'sin), rosh (marza) singari so'zlar bunga misol. O'zbek adabiy tilida bu tushunchalar uchun leksik birliklar bor, demak, ularni “adabiy”lashtirishning luzumi yo'q. Guruch yoniga shevalardagi birinj qabul qilinib, faol qo'llay boshlansa, bora-bora adabiy tilda guruch degan so'z yo'qoladi, chunki til shunday tartibli, tejamkor voqelikki, aynan bir ma'no ikkita so'z zimmasiga yuklansa, bittasi safdan chiqadi-ketadi.

Aksar sheva so'zlarini qarasangiz yo talaffuzi o'zgarganiga yoki o'zbekcha evazi bor bo'laturib, boshqa tildagi so'z qo'llanayotganiga amin bo'lasiz. Lug'atlarga olish mumkin bo'lgan leksemalar sheva so'zlarining juda kam ulushini tashkil etadi. Shunday ekan, shevaga xos so'zlar adabiy til leksikonini boyitadigan asosiy manba bo'la olmaydi.

Unda, asosiy manba nima o'zi?

Tarjima sharofati

Bundan yuz-yuz ellik yil avval o'zbek tilida lampochka, texnologiya, kislorod, indeks, balans singari minglab so'zlar yo'q edi, ular rus tilidan shunchaki o'tgani yo'q, balki tarjima qilingan asarlar matnida “tarjima qilib bo'lmaydigan” birliklar sifatida kirib keldi.

Tarjima bir tildagi xorijiy so'zlarni ikkinchi tilga o'tishiga vosita bo'ladi, shu­ningdek, ulkan bir katalizator sifatida, milliy til voqeligining o'zini ham junbushga keltiradi — shu til bag'rida hali mudrab yotgan imkoniyatlarni yuzaga chiqaradi. Masalan, to'ldiruvchi degan so'z ona tilimizda bor edi (xazinani to'ldiruvchi asosiy narsa — soliq tushumi), ammo ruscha til darsliklarini o'zbekchaga o'girish asnosida dopolnenie degan grammatik kategoriyani tarjima qilish orqali to'ldiruvchi degan yangi tushunchaga ega bo'ldik. Bu fikrni texnikadagi usilitel / kuchaytirgich, elektronniy vichislitel / elektron hisoblagich, chastota / tebranish, napryajenie / kuchlanish, uskoritel chastis / zarrachalar tezlatkichi kabi minglab yangi atamalar o'z tilimiz negizida barpo etilgani dalillaydi. Qarang, kuchaytirish, hisoblash, tebranish, kuch, tezlatish so'zlari tilimizda azaldan bor edi, biroq ular ayni ma'nolarni tashimagan. Bu ham til rivoji. Chunki til boyligi faqat leksikon miqdoriga bog'liq emas.

Ko'ramizki, so'z-tushunchalarni beqiyos ravishda ko'paytiradigan asosiy manba — tarjimadir. Chunonchi, “nuqtai nazar” degan so'z birikmasi ham tarjima, aslida. Ruscha “tochka zreniya”ning o'zbekcha chopon kiygan shakli. Bioiqlimshunoslik (bioklimatologiya), bo'ronqush (burevestnik) kabi so'zlar ko'paydi. Hatto, chorak asrcha avval o'zbek tilida qadr, qadr-qimmat so'zlari mavjud bo'lgani holda, qadriyat degan so'z yo'q edi. Allakim rus tilidagi “sennost” kalimasini “qadriyat” deya kiftini keltirib o'girgan edi, singdi-ketdi. Shu darajadaki, har to'rtta maqolaning bittasi qadriyatlarni qadrlash, e'zozlash va ulug'lash deb boshlanadigan bo'ldi. Ma'naviyat (nravst­vennost) so'zi tarjimasi xususida ham shu gapni aytish mumkin. Ilgari bu so'zlar tilimizda yo'q edi, o'ttiz-qirq yillar ilgari chiqqan lug'atlarda ular aks etmagan ham.

Rus tilidan o'girish asnosida kalka tarjima, transliteratsiya singari usullar bilan kirib kelgan mayoq (mash'ala), quloq (mushtumzo'r) singari tamoman yangi so'zlar, shuningdek, yarim kalka tarzida beixtiyor degan ma'nodagi “moshinavori” (mashinalno) kalimalargacha kirib kelgan.

Ilm-fanning turli tarmoqlari, texnika, tibbiyot, bank ishi va savdo, soliq, qonunchilik, ishlab chiqarish kabi turmushning har xil sohalariga oid kitoblar, gazeta-jurnallar, elektron matnli manbalar borki, ularda tilni boyitadigan ming-minglab yangi so'zlar qo'llangan. Bu so'zlar rus-evropa terminlari ham, arabiy-forsiy istilohlar ham, turkiy o'zak asosida yasalgan atamalar bo'lishi ham mumkin. Ular imlo va izohli lug'atlarni to'ldirish va boyitishda juda asqotadi. Ammo afsuski, o'zbek lug'atchiligida tarjima asarlar matnidan misol olish rasm emas. Buning qanday vaji bor — bizga qorong'u. “Sof” o'zbekcha buloqli matnlarda esa o'zbek sintaksisini, lug'atlarini boyitadigan misollar bisyor emas, chunki, boya aytganimizday, til tarjima asnosida o'z qulochini kattaroq yoyadi.

Hozirgi jadal integratsiya va axborot asrida tilimizga kirib kelayotgan yangi so'zlarni, shuningdek, yuz yildan beri matbuot va kitob sahifalarida qo'llangan kalimalarni aniqlash, qiyoslab o'rganish, lug'atga olish uchun kamida o'ttiz kishilik ilmiy guruh kerak. Holbuki, butun o'zbek tili, adabiyoti va folklorini tadqiq etish bilan shug'ullanayotgan akademiya instituti shtati yetmish kishiga ham yetmaydi. Imlo lug'ati, izohli lug'atlar tayyorlangan davr — bundan qirq yilcha avval institutda 350 kishi ishlar edi.

Qo'shma so'zlar-chi?

O'zbek tilida qo'shma so'z ko'p. Akademik Azim Hojiyevning ta'rificha, “qo'shma so'z — mus­taqil leksik ma'noli ikki, ba'zan uch komponentning o'zaro tobe bog'lanishi asosida tashkil topgan so'zdir: belbog', otquloq, gultojixo'roz, erksevar, kinoapparat kabi”.

Biz qo'shma so'zlarning kelib chiqishi, tarkibi va grammatik xossalari haqida to'xtalmoqchi emasmiz. Maqsad — qo'shma so'zlarni lug'atlarda to'liqroq aks ettirish zaruratini dalillashdan iborat, zero bunday so'zlar o'zbek leksikasini boyitishning eng katta manbalaridan biridir.

Agar barcha qo'shma so'zlar lug'atga olinsa, lug'atlarimiz binoyiday bo'pqoladi. Ammo nima uchundir, o'zbek tilshunosligida qo'shma so'zlarga qandaydir o'gay ko'z bilan qarash tamoyili bor, ularning hatto chorak qismi ham qo'shma so'z deb tan olinmaydi. Aksar qo'shma so'zlar esa o'zbek tilining imlo qoidalari taqozosiga ko'ra ajratib yoziladi. Ammo o'sha “tasdiqlangan imlo qoidalari”ning o'zi qanchalik asosli, bu bahsli masala. Masalan, omonat kassa deb yoziladi, xatoni to'g'ri deb qabul qilishga moslashmagan odam kassa omonat ekan, deb tushunadi. To'g'risi, omonatkassa bo'lishi kerak. Omonatdaftarcha — mablag'ingiz qayd qilinadigan daftarcha, omonat daftar esa — hilvirab, omonatgina bo'lib qolgan daftarcha. Kishilar nutqida ham ular bitta so'z tarzida (qo'shib) talaffuz qilinadi. Ammo lug'atlarimizda bu tushuncha-so'zlar yo'q. O'zimiz yozib, o'zimiz tasdiqlagan “qoidalar” doirasiga sig'magani uchunmi?

O'zbek tilining ifodaviy imkoniyatlari keng. Xalqimiz “aniqlovchi-aniqlanmish”, “sifatlovchi-sifatlanmish”ligini aniqlab o'tirmay, “oltinsoy”, “ko'kterak”, “og'zikatta” deydi, tilchilarga o'xshab “oltin soy”, “ko'k terak”, og'zi katta” deb ajratma so'z qilib o'tirmaydi, unaqa qilsa boshqa ma'no chiqishini biladi.

Nazarimizda, qaysi so'zlar qo'shma so'zu qaysilari qo'shma so'z emasligi tilshunosligimizda aniq farqlab berilmagan. Masalan, biroz, birpas so'zlari qo'shib, ammo birqancha, birqadar singari so'zlar esa ajratib yozilyapti. Nega, nimaga asoslanadi bu, deydigan odam yo'q.

Holbuki, ko'nglibo'sh odam deganda boshqa, ko'ngli bo'sh deganda yana boshqa ma'no chiqadi. Ko'p bolali odam — bolali odamlarning ko'pligini, ko'pbolali odam esa bir odamning bolasi ko'pligini anglatadi. Serfarzand degan tojikcha so'zni bitta qilib yozganimiz holda, ko'pbolaliga kelganda bu ikkita so'zga aylanib qoladi imlo qoidalarimiz taqozosi bilan.

Ellik yilcha muqaddam “o'zbek lug'atshunosligining ulkan namoyandasi” (prof. Ernst Begmatov ta'rifi) bo'lgan Nasim Mamatov domla “qo'shma so'zlar qo'shib yoziladi”, degan xulosaga keldi va o'ndan ortiq maqolasida shu g'oya­­ni targ'ib etdi, o'zbek tilining qo'shma so'zlari muammosini o'rganib, doktorlik dissertatsiyasi yozdi. Dastlab, 25 ming, keyinroq esa 30 ming so'zlik “O'zbek tilidagi qo'shma so'zlar lug'ati”ni tuzdi. Bu o'ttiz ming qo'shma so'z — lug'atlarimiz uchun naqd xazina, uni boyitadigan, to'ldiradigan katta ulush. Endi, albatta, har kimning o'z qarashi bor, marhum olim ayrim so'z birikmalarini qo'shma so'zga aylantirishga ruju qo'ygan hollar bo'lsa ham bordir, ilm-da bu. Ammo boringki, uning yarmi, hatto uchdan biri olinsa ham, lug'atlarimiz ozmuncha semiradimi?

Qolaversa, mazkur kitobda ko'rsatilmagan qo'shma so'zlar ham bor (masalan, go'ngqarg'a va po'ngqarg'a bitta so'z sifatida to'g'ri yozilgani holda, qoraqarg'a – qora qarg'a deb ajratib yozilgan). Ularni ham hisobiga qo'shsak, o'zbek adabiy tilining leksikoni ancha boyiydi.

Masalan, tilimizda chilonjiyda, makkajo'xori singari o'nlab soxta qo'shma so'zlar ham borligini aytib o'taylik. Chunki chilon boshqa, jiyda boshqa daraxt (Chilonzor, chilonjiydazor emas). Makka bilan jo'xori (to'g'risi – jugari) ham bo'lak ekinlar. Ammo bu chalkashlik shu qadar ildiz otdiki, ko'p odamlar makkani jo'xori deb ataydigan bo'pqolgan. Boz, ayrim odamlar qizil qalampir (krasniy peres), qora murch (cherniy peres) deb ham qo'llashyapti. Ruslarda bu ikki tushunchaga alohida so'z yo'q, rangi orqali ajratib izohlashadi, biz esa ulardan tarjima qilib, buzib ishlatyapmiz.

Qo'shma so'z ajratib yozilsa, ma'no buzilib ham ketadi. Masalan, dunyo — olam degani, bexabar — xabari yo'q, degan ma'noni bildiradi. Dunyo bexabar desak, dunyoning bu yangilikdan xabari yo'q ekan, degan ma'no chiqadi, dunyobexabar deganda esa tushunchasi past odamni tushunamiz.

Qora — rang-tus, bayir esa ulov demak. Ammo qorabayir — ot nasli, asl arg'umoq. Bu singari minglab so'zlarni olomonpoyga qilib maydonga sola olsak, lug'atchiligimiz ilm-fan ko'pkarisida oldinga chiqadi va “Alpomish”da aytilganiday bo'ladi: “Hayt!” desang o'zadi o'zbekning oti!..”

Zuhriddin ISOMIDDINOV,

tilshunos olim

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 + fourteen =