Vijdoningiz gung emasmi?

Ovoz chiqarmay, ichingizga yig'laganmisiz? Jondan aziz ko'rgan odamingiz sizga tuhmat qilganida yuragingiz qa'ridan kelayotgan ovozga quloq tutganmisiz hech? Ideal deb bilgan odamingiz “robot” chiqib qolsa-chi? Siz adolatli deb bilgan qonun sizni himoya qilolmasa, unda nima qilasiz?

Bolaligimda eng adolatli “qozikalonim” ota-onam bo'lgan. Oilada mayda-chuyda urush, gina-kuduratlar, aytdi-aytdilar, oilaviy yumushlarning taqsimlanishi… hamma-hammasi ota-onamning tarozisiga tortilib, keyin ro'y berardi. Nimadir bo'lib, onam nohaq koyiganlarida ichimdagi qiz ertalabgacha uvvos solgan edi. Ehtimol, u mening ichimdagi adolatga tashna tirikligimdir, ehtimol, nohaqlikka dosh berolmagan vij­donimdir.

Biroq vijdonimning hammadan ko'proq yig'laydigan, azoblanadigan bitta xotirasi bor: bola edim. Onam mushukdan juda qo'rqardi. Qish­loq joyi daydi sichqonlarni ushlasin deb otam uyda mushuk saqlardi. Mushuk jonivor, onam undan hayiqishini bilganmi, yo boshqa sabab, qo'shnimizning uyiga borib bola ochibdi. Bir payt qo'shni xola bir idishda 5-6 ta yangi ko'z ochgan mushuk bolani ko'tarib kelib qoldi. Onam esa uni ko'rishi bilan ranggi quv o'chib chinqirab yubordi. Onamning qo'rquvdan quv o'chgan qiyofasi va beozor mushuk bolalari hali-hanuz ko'z oldimda turibdi. Besh yoshlar atrofida edim. Men uchun o'shanda onamni xursand ko'rishdan ortiqroq quvonch yo'q edi. O'ylab-netib o'tirmay mushuk bolalarini oldimu, ariq to'la suvga tashlab yubordim. Endigina tug'ilgan mushuk bolalari qo'llari bilan suvni parmalay-parmalay oqib ketishdi. Buni o'ylasam haligacha ozor tortaman, bolaligimning yuzi­ni shuvit qilaman, beayb jonivorlarni o'ylab azoblanaman. Eng yomoni timdalanib ketgan vijdonimning ihrashlariga dosh berolmay qolaman.

Katta bo'ldim. Beozor mushuk bolalarini oqizib yuborganim kabi mening ham ichimdagi eng go'zal tuyg'ularimga jallodlar topildi. Tuhmatga uchradim, fitna va riyoga duch keldim, ba'zan ovozimni balandlatish kerak bo'lgan joylarda ham pastlatdim. Taqdir oshu ovqatini men xohlagan emas, o'zi xohlagan idishda olib kelib oldimga qo'ydi.

Otasiga, onasiga, gulday xotiniga, farzandiga zulm qila turib ham xotirjam uxlab, sokin uyg'onayotgan odamlar bor. O'z ayblarini bemalol birovning gardaniga yuklab yo'lida davom etadigan, yoshi bir joyga borganda ham tuhmatdan va zulmdan toymaydigan, ibodatdan qurgan imoratini xas-xashak bilan to'ldirayotganlar ozmi?

Qo'qonlik bir tanishim yolg'iz o'zi ajrashgan eridan aliment olmay ikki nafar farzandini katta qilguncha ona suti og'zidan kelganini gapirib berdi. Ayol-ku, bolalarni katta qilibdi, biroq ota bo'lmish erkakning vijdoni-chi, gungmikan, sado bermasmikan, degan o'ylarga boradi odam? Bunday lahzalarda o't o'chirish mashinalari yanglig' chinqirablar yubormaydimi, vij­don deganlari?

Ha, yana bir tanishim eridan qarz olib, har ikki gapning birida eri qarzimni ber deb yoqalab yurganini gapiradi, yana biri ayoli kundalik ehtiyojlari uchun pul so'rayverganidan xotinidan ajralgan. Dunyoning ishlariga hayron qolaman, hayronlar qolaman. Vijdon degan xaloyiqning ovoziga to'lib ketmaydimi, ichingiz, aziz odamlar?!.

Afsona Rajabova

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × three =