Vazir No'shiravonga qanday gapni yetkazgan? Yoki Nizomiy Ganjaviy “Xamsa”si yangi talqinda

O'zbekiston   Respublikasida xizmat ko'rsatgan   fan arbobi, Beruniy nomidagi Davlat mukofoti laureati, filologiya fanlari doktori, akademik Aziz Qayumovdan zamondoshlari va kelajak avlod uchun juda ulkan ilmiy va badiiy ma'naviy meros qoldi. Olim serqirra ijodkor, mehnatsevar, mehribon va juda xayrixoh inson edi. Aziz Qayumovning ustozlar yo'lini tutib, ularga monand hayot qoidasi insonlarga faqat yaxshilik qilish edi.

Mumtoz adabiyot namunalarini chuqur o'rgangan olim ushbu asarlar mohiyatini elga yetkazishda o'ziga xos yo'l tutadi. U odamlar tez tushunadigan, anglab yetadigan sodda, xalqona usul bilan qisqa jumlalarda ifoda etish yo'lini tanlaydi. Manbaning mazmunini yoritar ekan, muallif badiiy lavhalardan, lirik chekinish­lardan keng foydalanadi.

Aziz Qayumov tomonidan amalga oshirilgan Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa”si talqini hali o'z o'quvchilariga yetib bormagan yangi asardir. Bunda ham olim avvalgi tadqiqotlarini ommaga yetkazishdagi yo'lidan boradi.

Nizomiyning shoh asari bo'lmish “Xamsa”si — besh dostondan iborat. Aslida ham “Xamsa” “Beshlik” deganidir. Ular quyidagilar: “Maxzani asror” (“Sirlar xazinasi”), “Xusrav va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Haft paykar” (“Etti go'zal”) va “Iskandarnoma”.

Eng asosiysi, ulug' shoirning “Xamsa”si keyingi ijod ahlining ham “Xamsa” yozishlariga turtki bo'lgan. Albatta, “Xamsa” uzoq asrlardan beri xalqlar o'rtasida ezgulik, xayr va chin insoniylik g'oyalarini targ'ib va tashviq etuvchi asar sifatida katta o'rin egallab keladi.

Aziz Qayumov “Ikki og'iz so'z” deb bosh­lagan muqaddimasida ushbu asarni yozishda foydalanilgan manbalarni birma-bir ko'rsatib o'tadi. Ilm anglanadi. Buning uchun mutafakkirlarning asarlarini chuqur o'rganish, mashaqqatlar evaziga xulosalar chiqarish talab etiladi.

Shu o'rinda akademik olimning badiiy mahorati, asarni jonlantiradigan lirik chekinishlariga ham baho berib o'tsak. Nizomiy Ganjaviyning hayoti va ijodiy faoliyatiga izoh bergandan so'ng olim lirik chekinish qiladi. Xotira deb nomlangan bu bo'limda 1948 yilda Toshkentda Nizomiyning tug'ilganiga 800 yil to'lishi keng nishonlanganligi yodga olinadi.

“Men — Aziz Qayumov u vaqtda Toshkentdagi O'rta Osiyo davlat universitetining Sharqshunoslik fakultetida o'qir edim. Doim adabiyotga oid tadbirda ishtirok etardim. Shuning uchun buyuk Ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviyga bag'ishlangan tadbirlarda bo'lganman”, deb so'z boshlaydi olim. Shundan so'ng bo'lib o'tgan tadbirlar, ularda ma'ruza qilgan olimlar haqida xotiralar keltiriladi. Bu lirik chekinish asrlar o'tsa ham buyuk mutafakkir shoirning ajdodlari tomonidan   e'tirof bilan e'zoz qilinayotganiga ishoradir.

“Nizomiy Ganjaviy bir umr xalq orasida yashadi va ijod qildi. U hech qachon saroy shoiri bo'lgan emas. Ammo u o'z asarlarida xalq hayotining ko'rkam va farovon bo'lmog'i, o'lkaning obodligi, jamiyat hayotida adlning hukmron bo'lmog'iga qaratilgan foydali yo'l-yo'riqlar, dono fikrlar izhor etdi. Shuning uchun ham xalq uni sevadi, uning nurli siymosini hamisha izzat-hurmat qiladi, ardoqlaydi”, deydi olim.

Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa”sidagi birinchi asar “Maxzani asror”dir. “Maxzan” — xazina, Asror — sirning ko'pligi, ya'ni “Sirlar ichra sirlar” degani. “Sirlar xazinasi” odatdagi dostonlarga o'xshamaydi. Bu asar muqaddima hamda yigirma maqolatdan tashkil topgan. Bu maqolatlarda komil insonga xos sifat va fazilatlar to'g'risida so'z boradi. Bu jihatdan u falsafiy-ta'limiy tarbiyaviy mazmundagi she'riy asardir.

Aziz Qayumov “Sirlar xazinasi”dagi yigirmata maqolatda keltirilgan hikoyatlarni juda tushunarli va sodda ifodalar bilan o'quvchiga taqdim qiladi. Bu hikoyatlarning mazmun va mohiyati haqiqatan juda ibratli, qiziqarli. Unda Nizomiy zulmni qoralaydi, adolatni ulug'laydi, hukmronlarga adl bilan ish tutmoqni uqtiradi. Shu jihatdan, ikkinchi va to'rtinchi maqolatlarda bayon etilgan voqealar, ayniqsa, diqqatga sazovordir.

No'shiravon shoh o'z vaziri bilan ovga chiqqan edilar. Yo'l bo'yida ikki boyqush suhbatlashardi. Boyqushlar bir-biriga quda bo'lishmoqchi edi. Biri ikkinchisidan so'radi: “Ayt-chi, sen menga qancha xarob uy berasan?” U javob berdi: “Agar shu podshohimiz hukmron bo'lib tursa, bemalol senga yuz ming xaroba uy beraman”.

Vazir No'shiravonga boyqushlarning gaplarini yetkazadi. Podshoh bu suhbat mavzuidan ogoh bo'lgach, o'z qilmishlaridan pushaymon yeydi. Va mamlakatida adolat o'rnatib, mulk­ni obod qilmoqqa kirishadi. Shundan keyin u No'shiravoni odil bo'lib, elga taniladi.

Ushbu rivoyatni o'qib, bu mavzu insoniyat tarixida hali-hanuzgacha juda dolzarb ekanligini ko'ramiz.

Olim tomonidan shu yo'sinda dos­tonning barcha maqolatlari, hikoyatlari qisqa va lo'nda talqin etiladi. Shundan so'ng “Xamsa”ning boshqa dos­tonlari ham sharhlanadi.

Bu qisqa ma'lumotlarni batafsil bayon qilmoq imkoni yo'q. Shunday bo'lsa-da, asarning to'rtinchi dostoni “Haft paykar” haqida qisqacha to'xtalsak. Bu bo'limda akademik olim “Haft paykar”ning bir necha tarjimalari haqida to'xtaladi. Jumladan, XIX asr buyuk o'zbek shoiri Muhammad Rizo Ogahiy tomonidan Nizomiy “Haft paykar” dostonining o'zbekcha nasriy tarjimasi, shuningdek, 2016 yil nashr etilgan Nizomiy “Xamsa”sining o'zbek tiliga nazmiy tarjimasi muqoyasa qilinadi.

Mashhur sharqshunos olim Yevgeniy Eduardovich Bertelsning fikriga ko'ra, ulkan asarlarning nasriy tarjimalari ko'proq foyda keltirajak.       Ye.E.Bertels yozadi: “She'riy tarjimalarning zarurligini e'tirof etmoq kerak. Ular agar muvaffaqiyatli chiqqudek bo'lsalar, ulkan badiiy asarlarga aylanadilar. Ammo men hisoblaymanki, ular bilan bir qatorda badiiy nasrda qilingan tarjimalarni ham nashr etmoq kerak. Ular asl nusxani kitobxonga yetkazadilar. Bu tarjimalar Nizomiyning mahoratini ochib beruvchi izohlar bilan ta'minlanmog'i ham lozim. Ana shunday nasriy tarjimalar adabiyotshunos mutaxassislarga, qardosh sohalarda ishlovchilarga juda katta foyda yetkazadilar”.

Nizomiy Ganjaviyning “Haft paykar” (“Etti go'zal”) dostonining Ogahiy tomonidan fors tilidan o'zbek tiliga qilingan erkin tarjimasi XIX asr o'zbek adabiyotida ulkan voqea bo'ldi.

Ogahiy bu dostonning mazmunini o'zbek kitobxoniga yengil, tushunarli tarzda yetkazgan. Shu maqsadda Ogahiy matn bo'yicha ayrim qisqartirishlar, o'zgartirishlar, soddalashtirishlarga yo'l qo'ygan. Asosiy maqsad doston mazmunini kitobxon yoki tinglovchiga yetkazish bo'lganidan mohir adib shu yo'ldan borgan.

Ogahiy tajribasi har tomonlama o'rganishga munosibdir. Chunki, Ogahiy sharq mumtoz adabiyotining yirik va go'zal namunalaridan bo'lmish “Haft paykar”ni amalda o'zbek tilida qayta yaratgan. Uni ko'pchilikka manzur bo'ladigan shaklga soladi.

Aziz Qayumov har ikkala tarjimaning ahamiyati haqida fikr yuritadi. Ogahiyning nasriy bayoni xalqqa mo'ljallangani, xalq uni o'qib asar mazmuni bilan tanishishi mumkinligi jihatidan katta ahamiyat kasb etadi.

“Shuningdek, Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa” dostonlar majmuasining asl matndan hozirgi o'zbek tiliga nazm bilan tarjima qilinishi ham juda katta voqeadir. Tarjimada asl matn deyarli aniq, vazni, qofiya teranligi ta'minlangan holda yoritilgan”, deb xulosa qiladi olim.

Akademik olimning “Nizomiy “Xamsa”si talqini” kitobxonga asar haqida to'liq ma'lumotlarni beradi. Shuningdek, ilmiy nuqtai nazardan chiqarilgan xulosalar bilan birga badiiy talqin masalasi mushtaraklik kasb etishi juda ahamiyatlidir. Dos­tonlarning mazmuni uning ibratli jihatlarini yoritish bilan birga talqin etiladi. Nasriy bayonning xalqchilligi bilan asl matnning teran nazmiy ifodasi birdek ahamiyat kasb etadi. Olim bu izlanishlarning davom etishiga, yangi tarjimalar asosida tadqiqotlar amalga oshishiga umid bog'laydi.

“Nizomiy “Xamsa”si talqini” asari muhtaram olimning tug'ilganiga 95 yil to'lishi munosabati bilan ilk bor chop etilmoqda. Ulug' ustoz, akademik Aziz Qayumovning ruhlari shod bo'lsin.

Ma'mura RAShIDOVA,

filologiya fanlari

nomzodi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × four =