Jonli shahidlar
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil O'qituvchi va murabbiylar kuniga bag'ishlangan tantanali marosimdagi nutqida: “Ko'pchilik ziyolilar qatorida men ham bir fikrni hamisha katta armon bilan o'ylayman: mamlakatimizda Uchinchi Renessansni yigirmanchi asrda ma'rifatparvar jadid bobolarimiz amalga oshirishlari mumkin edi. Nega deganda, bu fidoyi va jonkuyar zotlar butun umrlarini milliy uyg'onish g'oyasiga bag'ishlab, o'lkani jaholat va qoloqlikdan olib chiqish, millatimizni g'aflat botqog'idan qutqarish uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etdilar. Shu yo'lda ular o'zlarining aziz jonlarini ham qurbon qildilar. Ular “Ilmdan boshqa najot yo'q va bo'lishi ham mumkin emas” degan hadisi sharifni hayotiy e'tiqod deb bildilar.
… Ming afsuski, jadid bobolarimiz o'z oldiga qo'ygan ezgu maqsadlarni amalga oshirishga mavjud vaziyat, ijtimoiy tuzum yo'l bermadi. Ma'rifat fidoyilari o'sha davrning turli johil kimsalarining tuhmat malomatlariga duchor bo'ldilar. Avval chor hukumati, keyinchalik sovet hukumati ularni ayovsiz quvg'in va qatag'on qildi. Shu tariqa milliy uyg'onish va taraqqiyot harakati el-yurtimiz uchun armon bo'lib qoldi”, degan edi.
Darhaqiqat, XX asrning boshlarida milliy uyg'onish g'oyasini keng targ'ib qilgan jadidchilardan biri Mahmudxo'ja Behbudiy bobomiz eng faol, asosiysi, millat qayg'usi bilan yashagan fidoyi erksevar shaxs edi.
Shu boisdan, ham Behbudiy publitsistikasining ta'sir kuchi nihoyatda katta. Ular o'z davridayoq keng xalq ommasi orasiga, xususan, ziyolilar davrasiga yetib borgani yaxshi ma'lum. Behbudiy har bir maqolasi ustida jiddiy o'ylaydi, uning kimga mo'ljallangan, nima maqsadida yozilayotganini aniq tasavvur etadi. Xuddi shu o'rinda biz adibning badiiy mahorati haqida gapirishga burchlimiz.
Mana shu mahorat qanday namoyon bo'ladi? Dastlab shu savolga javob berishga urinib ko'raylik. Bunda Behbudiyning birgina sarlavhalar tanlashga e'tiborni qarataylik. Adibning ko'plab maqolalari sarlavhasidanoq kishi diqqatini tortadi. Ularda adib bayon etmoqchi bo'lgan maqsad va muddao yarq etib ko'zga tashlanadi. Sarlavhaning o'ziyoq kitobxonni befarq qoldirmaydi. Ularda mavzuning eng muhim qirrasi muhrlangan bo'ladi: “Haq olinur, berilmas”, “Buxoroning istiqboli qorong'uliqda”, “Vatanparvarlik kerak”, “Oh, banklar bizni barbod etdi”, “Ehtiyoji millat”, “Millatni kim isloh etadi”, “Bizni kemiruvchi odatlar”, “Omilimiz, yoinki murodimiz”, “Tanqid saralamoqdur”, “Bayoni haqiqat”, “Ittifoq kerak”, “Oh va hasrat”, “Duma va Turkiston”, “To'y va isrof”, “Millatga murojaat”.
Muhimi, ularning juda ko'pida Behbudiyning shaxsiy munosabati ochiq bildiriladi. “Vatanparvarlik kerak”, “To'y va isrof”, “Millatni kim isloh etar”, “Ehtiyoji millat”larda muallifning tasdiqlovchi harakati, ma'qullashi, roziligi aks etsa, “Oh, banklar bizni barbod etdi”, “Bizni kemiruvchi odatlar”, “Duma va Turkiston”, “Millatga murojaat singari” maqolalarida muallifning inkor etuvchi, qarshi turuvchi nuqtai nazari namoyon bo'ladi. Bularning barchasi sarlavhadanoq yozuvchi-publitsistning voqelik faktlariga qizg'in munosabat, musbat va manfiy tuyg'ularning shiddatli tug'yoni, biror voqea, muammo bo'yicha erkin ehtirosli fikr bildirishga “da'vat” mavjudligini yana bir marta tasdiqlaydi.
Shu o'rinda, Behbudiyning masalani kun tartibiga qo'yish usuli haqida gapirish joiz. Adib ko'pgina ishni “muqaddima”dan boshlaydi. Bu bilan u suhbatdosh (jurnalxon, o'quvchi)ni masalaga tayyorlaydi, uning fikrini shu masala ustida jamlanishiga yordamlashadi. Ayni paytda o'zi so'zlamoqchi bo'lgan muammoni eng muhim qirralarini boshqalar tomonidan idrok qilinishi va ilg'ab olishga sharoit va imkon yaratadi. Ayrim maqolalarida bu holatning ochiqdan-ochiq ta'kidlanganini ko'rish mumkin. Jumladan, “O'quvchilarga yordam kerak” maqolasida o'qiymiz: “Har bir ishni muqaddimasini so'ylay olmaymiz”.
Amalda ham bu fikr o'zining to'la tasdig'ini topgan. Ayrim misollarga murojaat etaylik. “Hammaning ma'lumidirkim, eski hukumat zamonida har nimirsa oning amri va jabri ila bo'lurdi. U nimirsa bizning shariatimizga va yo maishat va millatimizga zarar keltirsa-da, ko'milgan hukumat zoliman joriy qilurdi. Binobarin ellik sana muddatda biz shariat, maishat va axloq jihatidan ko'p tanazzul etdik va bizning taraqqiy va isloh yillarimizni eski hukumatning ruslashtiruvchi siyosat odamlari va missionerlari butun bog'langan edi” (“Ittifoq kerak”. “Hurriyat” gazetasi, 1917 yil 26 sentyabr)
Behbudiyning ishontirish san'ati — adib mahoratining yorqin belgilaridan biridir. Har bir maqola aynan shu san'at bilan ziynatlangan. Faqatgina bayondagi so'zlar tanlovi, fikrning mantiqiy oqimi, izchilligigina emas, hattoki voqealar tafsilotidagi aniqlik, dalil va faktlarning sanog'idagi xolislik ham ana shu ishonchni ta'minlaydi. “Samarqandda milliy ishlar haqinda” maqolasida yozadi: “Ishlanaturgan ishlar nihoyatda ko'bdur, kuchlar ozdur. Yigirmanchi raqamli “Hurriyat” jaridasi vositasida Samarqand viloyatidagi shahar uezdlarining barcha jamiyatlaridan aqla ikki nafardan da'vat qilindi, azbaroyi Samarqand “Viloyat jamiyati”ni barpo etib, mazkur yigirmanchi raqam “Hurriyat”da yozilgan masalalarning muzokarasi uchun, ushbu vajihdan viloyatlardagi uezd va shaharlarning mazkur odamlarig'a va jamiyatlarig'a bir necha maktublarda yuborildi. 11 va 12 iyulda Samarqandda majlis muassasalari intizorda bo'lsinlar. Ruslardan besh o'n nafar keldilar. Hatto Toshkentdagi “Dehqonlar jamiyati”dan ikki da'fa ikki nafardan vakillar keldilar. Ammo Samarqand viloyatining Jizzax, Kattaqo'rg'on, Xo'jand va O'ratepa shaharlaridan birgina nafar kishi bo'lsin, ushbu majlis uchun kelmadilar. Holbuki bu majlisda Turkiston uchun hayotiy masalalar mazkur bo'linur edi”. (“Hurriyat” gazetasi, 1917 yil 28 iyul).
Shu o'rinda Behbudiy maqolalarning hajmi haqida to'xtash o'rinli ko'rinadi. Behbudiyning yirik hajmli maqolalari yo'q hisobida. Ularning eng yirigi hozirgi o'lchamlarda ko'radigan bo'lsak 5-6 qog'ozdan ortmaydi. Qolgani esa ikki, uch qog'oz hajmiga teng. Mana shu holatning o'zi ham Behbudiy maqolalarining kuchi uning ixchamligida, fikrining siqiq va lo'nda aniqligida ko'rinadi.
Adib tilining shiradorligini, ta'sirchanligini, uning xalq tiliga, aniqrog'i, so'zlashuv uslubiga yaqinligi bilan izohlash mumkin. Behbudiy xalq tilida gapiradi. Shuning uchun ham uning maqolalarida xalqona ta'birlar, matnlar tez-tez ko'zga tashlanadi. Shu ruhning ta'siri bo'lsa kerak Behbudiyning ba'zi iboralari, hikmat va maqol darajasiga ko'tariladi. Behbudiy asarlari matniga singdirilgan xalq maqollari yangicha jilo bilan ko'zga tashlanadi. Misol uchun, “Bola yig'lamasa, ona sut bermaydi” maqoli odatda ehtiyoj taqozosi kuchli bo'lgan holatlarda qo'llanilishi ma'lum.
Behbudiy tilida bu maqol millatning ijtimoiy-siyosiy ehtiyojlari qay darajada ekanligini ta'kidlash uchun qo'llanadi. Bugina emas, bu yerda ehtiyoj bayonidan tashqari, faol harakatga undash ruhi ham ustuvorlik qiladi. Fikrlarimiz tushunarli bo'lishi uchun mazkur maqol mansub bo'lgan matnni keltiramiz: “Biroz madaniy harakatga kelmoq kerak, boshqalardan ibrat olmoq lozim. Bu sukunatimiz jonsizligimiz guvohidir, aybdir. Yig'lamagan bolaga sut berilmas, oldimizda shahar dumalari va mamlakat dumasi saylovi bor”.
Yana bir maqolaga e'tibor beraylik. Xalq orasidagi “Ko'rpangga qarab oyoq uzat” maqoli nojo'ya harakatlardan tiyilishga yoki harakat va faoliyatda ijtimoiy-axloqiy me'yorlarga amal qilishi talab etadi. U Behbudiyning maqolasida bu ma'nodan tashqari, qo'shimcha ohangdorlik ham bor: “Bank sababi ila yahudiy, armani va boshqalar davlatli bo'lur. Biz bo'lsa bilaks davlatimizdan mulk va obro'mizdan ayrilarmiz. Chunonchi, ko'rpamizga qarab oyoq uzatmaymiz”( “Oh, banklar bizni barbod etdi”. Oyina. 1914 y. №19).
Behbudiy bir necha tilning bilimdoni sifatida o'sha tillarda mavjud bo'lgan nozik qochirmalar, hikmatli so'zlar va xalq maqollaridan ham iste'foda etadi: “Kavkaz va Tatariston ulamo va tujjorlardan ibrat olmoq kerak: “Sa'i qilmaguncha insonga bir sa'i berilmas” (“Haq olinur, berilmas”. “Hurriyat” gazetasi, 1917 yil 13 iyul.).
Ko'rinib turibdiki, bu yerdagi maqol arab va fors tillaridagi mavjud shakllarning ayni o'zidir. Umuman Behbudiy bunday hikmatli so'zlar ta'siri va o'z shaxsiy kuzatishlari natijasida bir qator hikmatli so'zlarni yaratadi. “Haq olinur, berilmas”, “Moziy — istiqbolning tarozisidur” kabi misollar fikrimizning dalili bo'la oladi. Behbudiy ba'zan-ba'zan bo'lsa-da, sheva materiallaridan foydalanishga ham imkon topadi. Ehtimol, bu tabiiy ravishda bo'lar. Har holda maqollarda Samarqand shevasiga xos bo'lgan ayrim unsurlar o'zini ko'rsatib turadi: “Alarning har shahariga jamiyatlari borkim”, “voennoviy organizatsiya” — “harbiy tashkilot majlisi” atalur. Yoyinki “sovet soldatskiy rabochiy deputat” — “askar va ishchilar mab'uslarining majlisi” atalur” (“Ittifoq kerak”,”Hurriyat”, 1917).
Demak, Behbudiy o'z maqolalarida ham “xalq tili ilan” aytmoq uchun aynan o'sha unsurlardan ongli ravishda foydalanadi.
Behbudiy maqolalarining tugallanmasi ham o'ziga xosdir. Bu jihatdan ham Behbudiyning mahorat maktabi haqida gapirish mumkin. Ayrim maqolalarida maqsad bevosita tugallanma bilan bog'lanib ketadi. Muallif maqsadni to'g'ri va to'la anglamog'i uchun uni maqola oxiriga suradi. Jumladan, “Samarqandda milliy ishlar haqinda” maqolasi shunday yakunlanadi: “Matlabimiz shahar dumalari va sahro zemstvolari vakili majlisi muassisoniga xaloyiqni hozirlamoq va ham Toshkentdagi markaziy sho'romizga bir-ikki nafar kishi taylab doimo anda turib xalq nafiga ishlamoqlari uchun yubortirmoq ham alarni va ham sho'roi markazimiz masorafini ta'min etdurmoq, tushuntirib, yaxshi hukumatga yordam bermoq lozimligini bayon etmoqdur” ( “Hurriyat” gazetasi, 1917 yil 28 iyul).
Behbudiy publitsistikasi o'zbek madaniyati, xususan, o'zbek adabiyoti tarixidagi mutlaqo yangi va takrorlanmas hodisadir. Buyuk shaxsiyatiga xos bo'lgan ulug'vorligi, fidoyiligi, xassosligi uning maqolalarida o'zining to'liq ifodasini topgan. Mavzu e'tibori bilan ular o'z dolzarbligini haligacha yo'qotgan emas.
Ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotning faol ishtirokchisi va o'z millatining jonkuyar farzandi sifatida Behbudiy asrimiz boshlaridayoq xalq ozodligi, vatanning daxlsizligi, millatning ravnaqi, o'z yurtdoshlarining kelajakdagi baxtiyor hayoti uchun tinimsiz kurash olib bordi. Adibdan meros bo'lib qolgan maqolalar ana shu tinimsiz kurashning jonli shahidlaridir. Ularning biz uchun ahamiyati ham mana shunda. Qolaversa, bu maqolalarda o'zbek xalqining XX asr boshlaridagi ziddiyatlarga to'la bo'lgan nihoyatda murakkab taqdiri va hayoti aks etgan. Ularda goh siyosat, goh hokimiyat, ijtimoiy tuzum va davlatning qurilishi, mamlakat ichidagi hamda aholining turli tabaqalariga xos bo'lgan iqtisodiy sharoit, goho millatning madaniyati, ma'rifati, ma'naviy dunyosiga oid muammolar kun tartibiga qo'yiladi. Ular haqida bahs yuritiladi. Shunday qilib, millatdoshlar, vatandoshlar, maslakdoshlarning diqqat-e'tiborlari mana shu masalalarga qaratiladi.
Behbudiy maqolalarining ta'sir kuchi ularning tuzilishi, qo'yilayotgan mavzui mavzuga muallifning faol yondashuvi va har bir mavzuning yoritilishidagi tegishli so'zlarning mohirona tanlovi bilan chambarchas bog'liq holda yuzaga keladi. Xuddi shuning uchun ham uning maqolalarini e'tiborsizlik bilan o'qish yoki ularga shunchaki ko'z tashlab qo'yish mumkin emas. Ular o'z zamondoshlari tomonidan ham bugungi avlodlar uchun ham birday muhim, mo''tabar va azizdir.
Normurod AVAZOV