Kalta minor nega kalta?

Xiva shahrida Kalta minor deya ataluvchi haybatli, ko'rkam, Ichan qal'aga ko'rk bag'ishlab turgan me'moriy obida bor. Ichan qal'a­ni, to'g'rirog'i, Xiva shahrini ushbu minorasiz tasavvur qilish qiyin. Uning hashamdor ko'rinishi, alohida joziba bag'ishlab turgan naqshinkor ganchlari ko'rgan ko'zni quvnatadi. Faqat uning qurilishi tugallanmagan, agar minora qurilib bitkazilganida edi, balki Markaziy Osiyoda eng baland madaniy meros ob'yektlaridan biri bo'lardi.

Minora qurilishi chala tash­lab ketilgani haqida esa xalq orasida turli xil afsonalar tarqalgan. Ulardan birini bolaligimda eshitganman.

Emishki, 1853 yilda xonlik qilgan Muhammad Aminxon minora qurdirishni boshlabdi. U quruvchi ustaga shunday buyruq beribdi:

— Bu minora shunday minora bo'lsinki, balandligi 100 metrdan oshsin, uning ganchlari quyosh nurida rangini yo'qotmasin, aksincha yal-yal tovlansin. Go'zalligi, hashamdorligi bilan uchta xonlikdagi yagona minora bo'lsin. Mendan boshqa biror xon bunday minora qurishga musharraf bo'lmasin. Minora bitganidan so'ng boshingdan tillo sochaman.

Usta ta'zim va tavoze bilan xondan uzoqlashibdi va ishga kirishib ketibdi. Kundan-kunga minora yuksalib go'zal ko'rinishga ega bo'la boshlabdi. Poydevori juda chuqurga o'rnatilibdi. Qurilishini kuzatganlar hayratga tushibdilar. Shunday kunlarning birida Muhammad Aminxon Shimoliy Eronga yurish boshlagan ekan. Ustaning atrofiga bir kuni iste'dodsiz, g'arazgo'y kimsalar yig'ilibdilar. Bu paytda minoraning balandligi 20 metrga yetib qolgan ekan. O'sha g'arazgo'ylardan biri shunday debdi:

— Buncha tez ishlamasang, aslida sen o'z o'limingni yaqinlashtirayapsan. Xonimiz minora bitganidan so'ng seni qatl qildirmoqchi.

— Nega, — deb so'rabdi, hayron bo'lgan usta.

— Chunki xonimizdan qo'shni xon minora bitganidan so'ng ustani mening yurtimga jo'nating deb iltimos qilibdi. U ham boshi ko'kka yetadigan minora qurdirish niyatida ekan. Xonimizga bu taklif yoqmabdi. Chunki u bu minora boshqa hech bir yurtda va hech bir mintaqada bo'lishini istamaydi. Shuning uchun o'zining xos odamlariga minora bitgach, ustani qatl qilasizlar deb buyruq bergan, – debdi.

Bu gaplar ustani o'yga toldiribdi. Nahotki shunday bo'lsa? Iste'dodi, mehnati uchun o'limga mahkum etiladimi? Bu qanday bedodlik?

Xullas, usta minoraning tepasida ishlayturib, o'ziga qanot yasabdi va xonning urushdan kelishini kutmasdanoq chala qurilgan minorani tashlab uzoqlarga uchib ketibdi. Ba'zi manbalarda esa xon minora bitmasidan uni minoradan tashlab yuborganligi aytiladi.

Yana bir afsonaga ko'ra esa xonning ayoli malika qurilayotgan minoraning dovrug'ini eshitib, o'z kanizlari bilan qurilish maydoniga tashrif buyuradi. Uzoq asrlarni lol qoldiradigan obidani bino etayotgan usta malikani bir ko'rishdayoq sevib qoladi. Bu haqdagi turli mish-mish­lar bora-bora el orasida qanot yoyadi. Xon uni baribir qatl ettirishi mumkinligini payqagan usta bir kechada g'oyib bo'ladi.

Bular ehtimol, bir afsonadir. Qaysi biri haqiqatga yaqin yoki haqiqatning o'zi, buni Yaratgandan boshqa hech kim bilmaydi. Biroq afsonalarning har biri Kalta minorning qurilmagan qismining davomi sifatida xalq orasida yashab kelmoqda.

Tarixiy manbalarga ko'ra urushda Muhammad Aminxon vafot etadi, so'ng Abdullaxon taxtga o'tiradi va minora qurilishi to'xtab qoladi.

Ushbu afsonaviy minoraning diametri asosi 14,5 metrni, balandligi 29 metrni tashkil qiladi. U kesik konus shaklida qurilgan bo'lib, agar chala qolmaganida 100 metrga yetardi. Naqshinkor koshinlariga vaqt va quyosh nuri aslo ta'sir ko'rsata olmagan. Yuqorida bolaligimda eshitgan, hozir ham el orasida tarqalgan afsonani keltirdim. Keksalar, tarixchilar yana bir fikrni aytadiki, beixtiyor o'ylab qoladi kishi. Aytishlaricha Muhammad Aminxon vafotidan so'ng Abdullaxon uning qurilishini davom qildirmagan, ustalarga ishni to'xtatishni buyurgan deyishadi. Emishki, agar minora qurilsa, baribir Muhammad Aminxonning dovrug'i doston bo'ladi, unga hech qanday shuhrat keltirmas ekan. Foydasiz ishga urinishdan na hojat! Uning qarorini yonidagi hamtovoqlari ham ma'qullashgan. Shu tariqa Muhammad Aminxon bosh­lagan ish chala qolgan. Hasad tufayli nimalar yuz bermaydi, Kalta minor bunga yaqqol misoldir deyishadi yoshi ulug'lar. Xorazmlik ijodkor Shokirbek shunday yozadi:

Kalta minor uzun o'y surar,

Toshlararo tosh qotgan vujud.

U biladi, u yaxshi bilar,

Faqat xayol bilmagay hudud.

Va naqqoshning ko'zin o'ynatib,

Raqsga tusha boshlaydi ranglar.

Me'mor aytgan chala qo'shiqning

Davomidek g'ishtlar jaranglar.

G'ishtlarda bir yolg'on yashirin,

G'ishtlarda bir haqiqat oshkor.

Har ajnabiy opketaverar,

Qaytaverar Vatanga minor.

Ha, bitmay qolgan minora haqida rivoyatlar ko'p, fikrlar ko'p. U garchi kalta bo'lsa ham tarixi uzundan-uzundir. Bitmagan, chala holida ham asrlar qa'riga ko'rk berib turgan Kalta minoraga boqib, bugungi ayrim omonat inshootlar haqida qayg'uli o'yga cho'masan odam. Ajdodlarimiz bizga Kalta minorlaru Tillaqorilarni, Ko'kaldoshu Minorai Kalonlarni qoldirdi. Uning har bir g'ishti bizga ma'rifat nurlarini sochib turibdi. Kalta minorga boqib turib, o'ylarim hech nihoya bilmaydi…

Mehribon Tillayeva

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 3 =