Har bir taqdir e'tiborga molik
Zulfiya SEYTNIYaZOVA:
KAMBAG'ALLIK MUAMMOSI kredit berish, uy-joy bilan ta'minlash yoki nafaqa berish bilangina hal bo'lib qolmaydi…
Garchi, og'ir kechgan esa-da, 2020 yil yurtimiz hayotida o'ziga xos munosib iz qoldirdi. Bugun keksa-yu yosh qalbida shukronalik, hayotga muhabbat, yurtimiz tinchligi va omonligini tilashdek ezgu tilaklar zohir. Chunki, har bir otgan tong va o'tayotgan kun kimningdir hayotiga tub burilishlar, o'zgarishlar olib kiradi. Va bu o'zgarishlar yurtimiz hayotida ham aksini topmoqda.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Xalq deputatlari Nukus shahar kengashi deputati Zulfiya SEYTNIYaZOVA bilan mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar va mazkur islohotlarning hayotimizdagi o'rni xususida suhbatlashdik.
– Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ko'tarilgan masalalar barcha o'zbekistonliklarni birdek quvontirgani rost desak mubolag'a qilmagan bo'lamiz. Ayting-chi, mazkur Murojaatnoma xususida deputat sifatida fikringiz qanday?
– Prezidentimizning 2017 yildan buyon har yil davlatimiz tarixida, o'zining parlamentga Murojaatnoma yo'llashi an'anaga aylangan bo'lib, O'zbekiston ahli uni katta ishtiyoq va ko'tarinki kayfiyatda qarshilaydi. Murojaatnomani tinglar ekanman, u nafaqat meni balki har bir fuqaroning qalbida yaratuvchanlikka, kelajakka ishonch paydo qilganini alohida ta'kidlashni istardim. Har qanday ishonch mas'uliyat hissini uyg'otibgina qolmasdan, kuch va g'ayrat qo'shishi tabiiy.
Murojaatnomada ta'kidlangan yirik kompleksli takliflar, tashabbuslar, tahliliy xulosalar, kelajakka yo'naltirilgan bo'lib, davlatimizning o'n yillik taqdirini hal qiluvchi kuchga aylanadi. Unda dolzarb masalalarga to'xtalib o'tish bilan birga, ko'plab hayotiy masalalarni tez fursatda hal qilish, muammolar yechimini topish zarurati ko'rsatib berilmoqda. Tibbiyot, ta'lim, ishbilarmonlik, iqtisod va boshqa bir qator sohalarni rivojlantirish bo'yicha ilgari surilgan g'oyalarni amalga oshirsak, har bir jabhada samarali o'sishni ko'rishimiz mumkin bo'ladi.
— “Yoshlar” va “Ayollar daftari” yuritilishining ahamiyati xususida nima deysiz?
– “Ayollar” va “Yoshlar daftari” bu — hayot zarurati. “Yoshlar” va “Ayollar daftari”ga, asosan, ijtimoiy, huquqiy va psixologik qo'llab-quvvatlashga, bilim olish, kasb-hunar o'rganishga muhtoj yoshlar va ayollar kiritiladi. Ular bilan ro'yxat asosida manzilli ishlar yo'lga qo'yiladi. Ya'ni, mazkur ro'yxat asosida ishsiz yoshlar va ayol-qizlarda kasbiy ko'nikmalarni shakllantirish, psixologik, huquqiy, tibbiy va moddiy yordam berish nazarda tutilgan. Jumladan, adliya bo'limlari orqali bepul huquqiy maslahatlar berish yo'lga qo'yiladi. Ishsiz yoshlar va ayol-qizlar bandligini ta'minlash, hokimning investitsiya bo'yicha o'rinbosari, tuman, shahar bandlik bo'limi, ishbilarmonlarni qo'llab-quvvatlash markazi, Bosh vazir qabulxonasi va banklarning asosiy vazifasi qilib belgilandi.
– Ayting-chi, kambag'allikni tugatish borasida yana nimalarga e'tibor qaratish lozim deb o'ylaysiz?
– Kambag'allikni qisqartirish borasidagi ishlarni rivojlantirishda Prezidentimiz standart bo'lmagan usullardan foydalanish yo'llarini tatbiq qilish taklifini kiritdi. 2021 yil mart oyidan boshlab, aholining minimal iste'mol normasini belgilash, hamda ishsizlik nafaqasini 3 barobar oshirilishi nazarda tutildi. “Davlatimizda oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshib ketishiga yo'l qo'yilmaslik, bu masala doim Prezident nazoratida bo'ladi”, deya xalqimizning xavotirga tushishiga hojat yo'qligini ta'kidlab o'tdilar. Kambag'allik muammosi fuqarolarga kredit berish, turar-joy bilan ta'minlash yoki ijtimoiy nafaqa berish bilangina hal bo'lib qolmaydi. Moddiy yordam bu faqat shu paytning o'zida qiyinchilikdan chiqib ketishga yordam beradi, xolos. Buning uchun yoshlarimizga yuqori darajadagi ta'lim-tarbiya berish, ularni kasb-hunarga o'qitish orqali yaqin kelajakda kambag'allikni 60-70 foiz qisqartishga erishish mumkin. Agar biz farzandlarimizga kichkinaligidan yaxshi, sifatli bilim bera olsak, muammolarning anchasini hal qila olamiz. Yaqinda internet tarmog'ida 2019 yil iqtisod sohasida Nobel mukofoti nomzodi Abxidjit Banerdji, Ester Dyuflo va Maykl Kremerlarning mehnatlari bilan tanishdim. Ular mazkur mukofotni “Global kambag'allikka qarshi kurashishda eksperimental yondashuv” orqali qo'lga kiritishgan. Bunday ilmiy tadqiqotlar ko'pgina davlatlar uchun juda ahamiyatli deb o'ylayman. Ilmiy iqtisodchilar bularning mehnatini kambag'allikka qarshi kurashish dasturini yuksak masshtabdagi muammoga aylantirmasdan oldin kichik-kichik bir nechta vazifalarga bo'lib ajratib, uning samaradorligini tekshirib ko'rishni tavsiya qiladi. Bu esa har qanday eksperimentlar o'tkazishdagi dala usuli (polevoy) metodlardan — amallardan biri bo'lib, asosiy muvaffaqiyatlardan biri desak bo'ladi. O'qiganlarimdan shunday xulosaga keldimki, biz dastlab kambag'allikni keltirib chiqaruvchi faktorlar bilan kurashishimiz lozim. Ana shundagina har bir oilaga ma'lum miqdorda bu kabi chora-tadbirlarning ta'siri qay darajadaligini aniqlay olamiz. Sababi, kambag'allik har bir davlatning, hududning, oilaning yashash sharoitidan kelib chiqadi, nazarimda.
– Oliy Majlisga yo'llangan Murojaatnomadagi tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish borasidagi islohotlarga munosabatingiz?
– “Ishbilarmonlik va kichik biznesni rivojlantirish bo'yicha yanada qulay sharoitlar yaratiladi” — deya ta'kidlab o'tdi Prezidentimiz o'z Murojaatnomasida. Shu o'rinda, O'zLiDep partiyasi deputati sifatida partiyamiz ustavida ko'rsatilgan vazifalarimizdan kelib chiqib, ishbilarmonlikni qo'llab-quvvatlash bilan birga farzandlarimizni mehnat bozorida talab yuqori bo'lgan zamonaviy kasb-hunarga o'rgatish, ularda ishbilarmonlik ko'nikmalarini shakllantirish va himoya qilish borasidagi dasturlarni ishlab chiqsak maqsadga muvofiq bo'ladi. Ayniqsa, ishbilarmonlik bilan bog'liq bo'lgan 5 mingga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qayta ko'rib chiqilib, sonining qisqartirilishi, yurtimizda ishbilarmonlarning rivojlanishiga keng yo'l ochadi. Ishbilarmonlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida 105 xil litsenziya va ruxsatnoma turlari bekor qilinadi va 115 ta tartib-qoida soddalashtirilishi, ishbilarmonlar va kichik biznes sub'yektlari uchun muhim yangilik bo'ldi.
– Aholi turmush tarzini yaxshilashda mahallaning o'rni katta, albatta. Sizningcha, bugungi kunda mahalla o'z vazifasini qay darajada bajaryapti?
— Murojaatnomada mahalliy boshqaruv organlari, vakillik organlari hamda mahalla instituti asoslarini yanada rivojlantirish bo'yicha aniq maqsad va vazifalar belgilab o'tildi. Mahalliy boshqaruv organlari shunday bo'lishi kerak, unga qo'l cho'zsang yetadigan. Aynan, xalqning bor kuchi o'sha mahalliy organlarda mujassam. Mahalla doim xalq bilan chambarchas holda ish olib boruvchi asosiy bo'g'in. Sababi, mahalla desa ko'z oldimizga birinchi galda oila keladi. Har bir oilaning tinch-osoyishta, salomat turmush kechirishida tabiiyki, mahallaning o'rni juda muhim. Oiladagi muammolar ayniqsa, ayol-qizlarning muammolarini o'z vaqtida aniqlash, yordamga muhtoj yoki og'ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan fuqarolarga yordam ko'rsatish mahallaning asosiy vazifasi bo'lmog'i lozim. To'g'ri, ba'zi mahallalarda ish ko'ngildagidek olib borilmayotgan bo'lishi mumkin. Ammo bugun davr bilan hamnafas va aholi murojaatlariga quloq tutmaydigan, ularning muammolarini hal qila olmaydigan mahalla raisimi, xodimimi, elak g'alvirdan ko'tariladigan davr kelganini yaxshi anglagan holda ish olib borishsa yomon bo'lmasdi.
— Bugungi yoshlar taqdirining millat rivoji bilan uzviyligini nimalarda ko'rasiz?
— Yoshlarimiz davlatimiz tomonidan yaratilayotgan barcha sharoit va imkoniyatlardan unumli foydalanishini juda-juda xohlardim. Aminmanki, bugungi zamon yoshlarining aql-zakovati, fe'l-atvori siyosiy hamda iqtisodiy sharoitga moslashmoqda. Bugun ularni “farovonlik davri yoshlari” deb ham aytishimiz mumkin. Shunday ekan, ertamiz egalari bo'lgan yoshlarimiz milliylikdan yiroqlashmagan holda qadriyatlarimizni ko'z-qorachig'idek asrashlari lozim deb o'ylayman. Hatto, modalari ham milliylikka asoslangan bo'lsa, nur ustiga nur bo'lardi. Albatta, kelajak yoshlarniki. Aslida har bir taqdir e'tiborga molik ekanligini unutmasligimiz kerak. Zero, bugun uchun ham, erta uchun ham bu chin haqiqatdir.
Fotima Abduraimova
suhbatlashdi.