Millatning oltin kaliti yoki Prezident maktablarida oddiy dehqonning bolasi ham o'qiydimi?

Dunyoda maktablar ko'p. Turli xil yo'nalishlarga, fanlarga yo'naltirilgan maktablar bor. Ular orasida Buyuk Brita­niyaning “Great Nine Schools”, “Bishop Montgomery High School”, Kanadaning “Trinity College School”, Shveysariyaning qirollik maktablari mavjud. Ehtimol, bu bilim o'choqlari ta'lim tarzining o'ziga xosligi, chuqurligi va o'quvchi o'zini faqat ilm olishga xos his qilishi uchun hamma shart-sharoitlar yaratilgan bo'lishi mumkin. Nima bo'lganda ham har bir millatning oltin kaliti maktab partalariga o'rnatilgan.

 

Shu o'rinda aytish joizki, jadid bobolarimiz “Usuli jadid” maktablarini shunchaki urf uchun ta'sis etishmagan. Yoki Abdulla Avloniy va Munavvarqorilar asos solgan maktablarda bepul ta'lim berilgan, millat ertasi uchun qayg'urish g'oyasi asos masalani hal qilgan.

Namangan viloyatidagi Prezident maktabiga kirib borar ekanmiz, ana o'sha jadid maktablarini qayta bir bor esga oldik. Tomlaridan chakka o'tgan, o'zimiz o'qigan chekka qishloq maktablari ham xayoldan o'tdi.

Prezident maktabi esa bugunning haqiqati, millatning oltin poydevori o'laroq, ko'z oldimda muhtasham qo'r to'kib turibdi.

Ko'pchilik ota-onalar farzandlarini Prezident maktabida o'qitgisi keladi. Biroq bu yerda “kazo-kazo”larning bolasi o'qisa kerak, degan ildizsiz gumonlar ham yo'q emas. Aslida esa hammasi boshqacha. Ishonavering. Britaniyaning Kembrij ta'lim dasturiga qiyosan Namanganda tashkil etilgan Prezident maktabida Namangan muhandislik-iqtisodiyot institutini bitirib, doktorlik dissertatsiyasini Shvetsiyada himoya qilgan Abdurasul Pirnazarov direktor vazifasida ishlaydi. Ular maktab bo'ylab mini-sayohat tashkil qildilar. Shu o'rinda A.Pirnazarovdan Prezident maktablariga qabul va o'qitish tartiblari haqida so'radik.

 

Hammasi faqat   ingliz tilida

 

— Barcha Prezident maktablariga imtihonlar Kembrij bilan hamkorlikda ikki bosqichda o'tkaziladi. Birinchi bosqichda bitta o'rin uchun 20 nafardan bola saralab olinadi. Birinchi bosqichda 24 ta o'rin uchun 480 nafar bola qoladi. Keyin yana ular 2 bosqichda saralab olinadi. Imtihonlar matematika va ing­liz tili fanlari bo'yicha bo'lib o'tadi. Bu yerda matematika, kimyo, fizika, informatika fanlari Kembrij dasturi bo'yicha o'qitiladi. Xorijdan kelgan va mahalliy domlalar birgalikda sinflarda dars olib borishadi. Ayni paytda bizning Namangan Prezident maktabida 7 nafar xorijdan kelgan o'qituvchilar va 20 nafar mahalliy o'qituvchilarimiz dars berishadi.   Muhtaram Prezidentimiz bu yerda maktab ochilganidayoq o'quvchilar uchun ham, o'qituvchilar uchun ham mutlaqo erkin ta'lim bo'lishini aytib o'tgan edilar. Mana sinflarga kirsangiz bolalar o'qituvchi sinfda bo'lmasa ham o'z ustida ishlayotganining guvohi bo'lasiz. Har bir sinfda 12 nafar o'quvchi ta'lim oladi. 12 nafar o'quvchiga bitta xorijdan, bitta mahalliy o'qituvchi biriktirilgan. Namangan hududidagi maktablarga faqat Namangandagi o'quvchilar imtihon topshirib bu maktabga kira oladi.

Ha, bu kabi maktablarda o'qituvchining ish tartibi va ish unumi boshqacha. Chunki ular xorijlik o'qituvchilar bilan hamkorlikda ko'p narsalarni o'rganishyapti. Bo'sh vaqti bo'ldimi, ertangi dars uchun tayyorgarlik ko'radi. Qog'ozbozlik uchun konspekt yozilmaydi yoki majlisbozliklar ular uchun begona. O'quvchilarning esa har biri davlat tomonidan noutbuk kompyuterlari bilan ta'minlangan. Sinfxonalarida devor vazifasini oynalar bajarmoqda. U yerda kechayotgan jarayonlarni bemalol tomosha qilish mumkin. Bunga o'quvchi ham, o'qituvchi ham ko'nikadi, ya'ni hammasi shaffof.

Direktorning xorijlik o'qituvchilar haqida to'lqinlanib gapirishi bizda ham ularni yaqindan bilishga, suhbatini tinglashga qiziqish uyg'otdi.

 

“O'zimni Filippinda yurganday his qilaman”

 

— O'zim 1993 yilda tug'ilgan bo'lsam ham dunyo bo'ylab ta'lim rivojiga o'z hissamni qo'shayapman. Men O'zbekistonga kelishdan oldin Qozog'istonda Turon ta'lim, animatsiya va innovatsion texnologiyalar markazida ishladim. O'rta Osiyo xalqlarining turmush tarzi, madaniyati meni o'ziga jalb etadi. Ular bizning xalqnikiga juda yaqin.

Bu yerdagi bolalarning o'zlashtirish darajasi juda tez. Ularning o'zini tutishi, muomala madaniyati meni hayratlantiradi. Ular bilan ishlash men uchun juda zavqli. Chunki mening o'quvchilarim zukko, intiluvchan va nihoyatda qobiliyatli bolalardir. Men O'zbekis­tonni va o'zbek o'quvchilarini juda ham yaxshi ko'raman, — deydi asli filippinlik, ayni paytda Namangan Prezident maktabi fizika fani o'qituvchisi Rosetum Galos.— O'zbeklar orasida o'zimni Filippinda yurgandek his qilaman. Atrofimda yaxshi odamlar shu qadar ko'pki, Vatanimni sog'insam, sog'inch iztiroblari birpasda o'tib ketadi. To'g'ri, men hozir siz bilan inglizcha gaplashyapman, biroq   allaqachon o'zbekcha mulozamatni o'rganib oldim.

 

Bir sinfda besh nafar o'quvchi

 

Mishel Gaddiy dars o'tayotgan sinf xonasiga kirdik. Bolalar 9-sinfni tamomlab 10-sinfga o'tayotganida o'zlari tanlagan kasbga qarab o'quv yo'nalishini tanlashar ekan. Ayni paytda bu sinfdagi 5 nafar o'quvchi ximiya va biologiya yo'nalishini tanlagani uchun Mishel Gaddiy bilan ximiya fanidan shug'ullanishmoqda. Bular hammasi haqiqiy fidokor o'qituvchilar ekanligi, o'quvchilarni juda yaxshi ko'rishi, o'zini shu kasbga bag'ishlagani uning har bir qarashidan seziladi. Biz o'qituvchini suhbatga tortdik:

— Men Amerikaning Pensilvaniya shtatida tug'ilganman. Missuri universitetida bakalavrlik, 2018 yilda Nyu-York universitetida magistraturani tamomlaganman.

Shuningdek,   Libertey universitetida ham tahsil olganman. Men o'tgan yillar mobaynida Qatarda ishladim. O'zbekistondagi   bolalarning tirishqoqligi, ilmga qiziqishlari meni hayratga soladi. Biz o'quvchilar bilan dars paytida ham, darsdan tashqari paytda ham birgamiz. Ularning so'raydigan narsalari, o'rganish xohishlari shu qadar ko'pki, bunga qoyil qolish kerak. Yana bir narsa, agar o'quvchi o'rganishni xohlasa, davlatingiz hamma sha­roitni muhayyo etmoqda. Bu axir afsona-ku. Hozir dunyo­ning ko'pgina mamlakatlarida bu kabi o'quv dargohlarida bir yillik o'qish o'rtacha (taxminan) 50-70 ming AQSh dollarini tashkil etadi.   Ana endi xulosani chiqarib olavering. Men o'z ishimdan juda mamnunman, – deydi amerikalik Mishel Gaddiy.

 

Kitobni endi yotib o'qisangiz ham bo'ladi

 

Lekin bu yerga kelgan ba'zi o'qituvchilarimizga iqlim to'g'ri kelmay qiynalishibdi. Shu bois, Yangi zelandiyalik o'qituvchi bilan shartnomani to'xtatganini aytishdi. Ayni paytda maktabda Amerikadan ikki nafar, Filippindan, Yangi Zelandiyadan, Janubiy Afrikadan ikkita o'qituvchi faoliyat olib boradi. Bu yerdagi o'quvchilar Prezidentimiz — mazkur maktablarni tashkil qilgan Yo'lboshchimiz ta'biri bilan aytganda mamlakatning oltin zaxiralaridir.

Kutubxona ham, o'quv zallari ham noan'anaviy uslubda jihozlangan. 8000 dan ortiq kitob joy olgan kutubxonada o'zbek, rus va ingliz tilidagi kitoblar bor.   Kutubxona dunyo standartlari darajasida jihozlangan. O'quv zallarida yotib, yonboshlab o'qish uchun ham shart-sharoitlar muhayyo.

A.Pirnazarov bu yerda ota-onalarni izga tushirish biroz mushkul kechganini aytdi. “Prezident maktabi qanday imtiyoz beradi?” deb ko'p so'rashar ekan. — Prezident maktabi imtiyoz bermaydi, bilim beradi, mehnat qilishga o'rgatadi. Bu borada har birimiz to'g'ri tushunchaga ega bo'lishimiz kerak, — deydi u.

Rahmatulloh Abuboyev: Olovuddinning emas… Mishel Gaddiyning sehrli shamchirog'i.

— Men Namangan Prezident maktabining 11-sinf o'quvchisiman. Ingliz tili bo'yicha bilimlarimni rivojlantirib, viloyatda birinchi o'rinni oldim. O'zim oddiy oilada dunyoga kelganman. Otam xususiy tadbirkor, onam chet tili fani o'qituvchisi. Prezident maktabi uchun hujjatlar topshirilayotgan paytda onam: “Sen ham Prezident maktabiga hujjat topshir” deb maslahat berdilar. Bu men uchun kutilmagan taklif bo'ldi. Ing­liz tili va matematikadan imtihonlar topshirdim va shu maktab o'quvchisi bo'ldim.

— Bu yerdagi darslar sizni qanoatlantiradimi?

— Hamma Prezident maktablariga 40 nafar xorijlik o'qituvchilar olib kelingan. Shulardan yetti nafari bizning maktabimizda. Meni bu o'qituvchilarning dars o'tish uslubi juda ham qanoatlantiradi. Men ularning darslarida shunchaki sehrlanib qolaman.

— Xorijlik va o'zbekistonlik o'qituvchilar orasida qanday farqini ko'rasiz?

—Xorijlik va o'zbekistonlik o'qituvchilarim o'rtasida bitta farqni ko'raman. Xorijliklar bolani o'z erkiga qo'yishadi, ortiqcha bosimsiz, bosiqlik bilan   o'qitishadi. Men shuni tushunib yetdimki, agar bosim bo'lmasa, o'quvchi bo'sh vaqtlarida ham o'zini shu fanga bag'ishlar ekan. Ya'ni, o'qituvchi bunga bolani zo'rlash orqali emas, uni qiziqtirish orqali erishish lozim ekan. Mening sevimli o'qituvchilarim o'zimizdan Nozim Ne'matullayev, xorijdan esa Mishel Gaddiyning darslarini juda yaxshi ko'rib o'qiyman. Mishel Gaddiy o'z ustida ham, o'quvchilar ustida ham qattiq ishlaydi. Biz qaysi paytda savol berishimizga qaramay, bizga shu narsani chuqur o'rgatadi. Mishel Gaddiyning darslari men uchun Olovuddinning sehrli shamchirog'idir, go'yo ichimni, kelajagimni yoritib turgandek his qilaman.

Men bu yil Britaniya institutlarining beshtasiga topshirdim. Shulardan ikkitasiga kirdim. Ayni paytda u yerda kimyoviy va aerokosmik muhandislik sohasiga o'qishga kirdim.

— Orzularingiz qanday?

— Kelajakda orzuim muhandis bo'lib yurtimizdagi shu yo'nalishdagi muammolarni yechishni istayman. Xudo xohlasa, Prezident maktabini bitirib, ona Vatanimiz rivojiga hissa qo'shsam, deyman. Kelajakda men neft-gaz, energetika sohasida ishlamoqchiman.

 

Bu yozganlarimiz Prezident maktabidan bir ko'rinish, xolos. Aytgancha, hammani qiziqtirishi mumkin bo'lgan bir masala bor. Bu yerda o'qituvchilar besh million so'mdan 4 ming AQSh dollarigacha miqdorda oylik maoshi olib ishlashar ekan. Zero, millat bolasining qalb ko'zini ochishga chog'lanayotgan bu muallimlarning xizmat haqlarini hech nima bilan ado etib bo'lmaydi. Muhimi, Prezident maktablarida Umid, Ishonch, Zakovat urug'lari qadalmoqda. Ertaga nasib etsa, ularning hosilidan boshimiz ko'kka, qo'limiz osmonga yetajak.

Ha, aytgancha ushbu maktabda o'qiyotgan bolalarning ko'pchiligi oddiy odamlarning farzandlari. Demak, bu maskanda asosiy mezon — bilim.

Go'zal BEGIM

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × four =