“Adashib” talaba bo'lganlar
So'nggi yillarda yurtimizda yoshlarning ta'lim olishlariga katta e'tibor qaratildi. Oshkoralik tamoyiliga ko'ra, endilikda 1,0 ball olgan abiturient ham, albatta, “Super kontrakt” asosida, talaba bo'lishi mumkin. Shu yo'l bilan oliy o'quv yurtlariga kirish hamda ta'lim samaradorligini oshirish maqsadida minglab o'g'il-qizlarning bilim olishga bo'lgan qiziqishlari inobatga olinmoqda.
O'tgan yili talaba bo'lish istagida hujjat topshirgan abiturientlarning soni keskin oshib, 1 million 484 ming 85 nafarni tashkil etdi. Albatta, mamlakatimizda bilim olib, yetuk mutaxassis bo'lishni orzu qilgan yoshlar talaygina. Quvonarlisi, “Super kontrakt” tufayli talaba bo'lganlar soni ham keskin oshdi. Bundan tashqari, abiturientlarning oliy o'quv yurtlariga kirishlari uchun besh yo'nalishni tanlash imkoniyati berilgani o'smir-yoshlarga katta imkoniyat yaratdi.
Ammo qo'shimcha yo'nalishda o'qiy turib: “men bu yo'nalishga adashib kirib qoldim. Bu yerda o'qishni o'zim istamaganman. Yoqtirmagan joyimda o'qish jonimga tegdi”, deb noshukurlik qilayotgan talabalarga nima deyishni ham bilmaysan… Albatta, bunday deyishlariga sabab bor, ularning ayrimlari o'zlari asosiy yo'nalish deb tanlagani emas, balki o'zlari ro'yxatga qo'shgan ikkinchi, uchinchi yo'nalishlar talabasi bo'lishdi. Misol uchun, Maktabgacha ta'lim yo'nalishida o'qish uchun tayyorlangan abiturient psixologiya yo'nalishiga yoki tibbiyotning pediatriya, davolash ishi yo'nalishiga tayyorlanganlar kam ball to'plaganliklari evaziga tuproqshunoslik yo'nalishiga talabalikka qabul qilingan.
Xo'sh, endi ularning “oltin davri” qay yo'sinda o'tadi?
O'qiyotgan yo'nalishiga mehr qo'yib, qunt bilan o'rganib, malakali mutaxassisga aylanadimi yoki o'qishdan ko'ngli butkul sovib, diplomli ishchigami, muhojirgami aylanadimi? Eng qizig'i, “adashib o'qiyotgan talabalar”ning o'zlashtirishi qanday? Sohani qunt bilan o'rganayaptimi?
Biz ushbu masalalar yuzasidan turli yo'nalishlarda talabalarga ta'lim berayotgan ustozlar fikri bilan qiziqdik.
Laylo Tursunova, Farg'ona davlat universiteti san'atshunoslik fakulteti musiqiy ta'lim kafedrasi o'qituvchisi:
— Orzularning qanoti bor, desa ishonavering. Shu paytgacha oliy o'quv yurtiga kirib o'qish ko'pchilik abiturientlar uchun ushalmayotgan orzu bo'lib kelayotgan edi. Yaratilgan yangi imkoniyatlardan foydalanayotgan abiturientlar talabalar safiga qabul qilinmoqda. Ammo ularning orasida bolaligidan o'zi sevgan yo'nalish qolib, boshqa yo'nalishda o'qiyotgan talabalar ham bor.
To'g'ri, aksariyati yangi yo'nalishni sidqidildan o'rganib, yetuk kasb egasi bo'lib ketadi. Aksariyatining esa o'zi istamagan holda, ikkinchi yo'nalishga kirib qolganidan o'qishga umuman qiziqishi yo'q. Onlayn yoki an'anaviy darslarga kelishmaydi. Platformada vazifalarni ham bajarishmaydi.
Bundan na davlatga, na o'sha talabaga manfaat bor. Menimcha, ularni ikkinchi bosqichdan o'zlari tanlagan yo'nalishga o'tkazib yuborish kerak. Ana shunda har tomonlama foydali bo'ladi.
Albatta, mulohazalar og'riqli, kishini o'ylantiradigan, biroq ba'zi yoshlarda qiziqqonlik, uzoqni ko'ra olmaslik, ko'ngli torlik bor. Ular bir safar omadi yurishmasa, go'yo bor imkoniyatidan ayrilib qolgandek, tushkunlikka tushib qolishadi. Aslida, yoshlar uchun erishiladigan barcha imkoniyatlar doim oldinda bo'ladi. Eng asosiysi, abiturient o'spirin talaba bo'libdimi, demak u o'qishga kira olmagan boshqa yoshlarga nisbatan qobiliyatliroq hisoblanadi. Barchaga ayon, oliygohga kirish uchun tayyorgarlik ko'rish mashaqqatli davr, bilim olishga qunt qilishni, o'qiyotganiga e'tiborli bo'lishni, bir so'z bilan aytganda, fidoyilikni talab etadi. Kechani kecha, kunduzni kunduz demay o'qib-o'rganib, ixlos bilan harakat qilganlargagina talabalik nasib etadi.
Ammo endi xohishsiz o'qiyotganlar kursdoshlarini ham o'zlashtirishda ortga tortishlari turgan gap. Aslida, ularning adashib o'qiyotganliklari qanchalik to'g'ri?
Feruza Rahmonova, Andijon davlat tibbiyot instituti stomatologiya fakulteti katta o'qituvchisi:
— Bu yaratilgan imkoniyat ko'pchilik yoshlarning dilidagi orzularini ushaltirdi. Ma'lumki, ayrim abiturientlarning talaba bo'lishiga ozgina ball yetmay qolishi to'siq bo'lardi. Endi xohish bo'lsa bas, talaba bo'lishiga imkon bor.
Lekin shunga qaramay, bir noqulaylik tomoni ham bor-da. O'zi tanlaganidan boshqa yo'nalishga kirgan talabaning o'qish manzili ham o'zgarib qolishi mumkin. Bu yerda talabaning ijtimoiy ahvoli ham muhim ahamiyat kasb etadi. Baribir talabalarning: “men bu o'quv yurtiga adashib tushganman”, deb iddao qilishi mutlaqo o'rinsiz. Chunki ularga qo'shimcha yo'nalishlarning qaysidir jihati ma'qul kelganki, bu yo'nalishni ham o'zlari tanlashgan. Shunday ekan, bunday gap-so'zlar o'rniga, o'qiyotgan yo'nalishiga qunt bilan yondashib, tinimsiz izlanib, intilib o'z ustida ishlab, yuksak marralarga erishishi, albatta, ularning davlatimiz tomonidan yaratilgan imkoniyat va ko'makka munosib javoblari bo'ladi.
Jamshid Bashirov, Jizzax viloyati G'allaorol tumani 25-umumiy o'rta ta'lim maktabi 11-sinf o'quvchisi, Qaqnus nomidagi jurnalistika notiqlik va rejissyorlik to'garagi a'zosi:
— Mening ko'p tanishlarim ham uchinchi, to'rtinchi yo'nalishlarda o'qishayapti. Agar o'zi tanlagan yo'nalishga hujjat topshirishganda talaba bo'la olishmasdi. Buni o'zlari ham bilardi. Men ham bu yil nasib bo'lsa, maktabni bitiraman. Biz hujjat topshiradigan 2021-2022 talabalikka qabul qilish yilida ham birvarakay beshta yo'nalishni tanlash imkoniyati berilsa yaxshi bo'lardi. Yuqoridagidek holatga tushmaslik uchun esa tengdoshlarimdan tanlayotgan oliy ta'lim muassasasi hamda yo'nalishlarga diqqat bilan e'tibor qaratib, har tomonlama o'ylab ko'rgachgina qaror qabul qilishlarini so'ragan bo'lardim.
Bildirilgan fikr-mulohazalardan ko'rinib turibdiki, sohaning yaxshi-yomoni bo'lmaydi. Chunki, bugun yurtimizda barcha soha vakillariga talab va ehtiyoj mavjud. Qaysi sohani egallashimizdan qat'i nazar bor salohiyatimizni ishga solib, yetuk kadrga aylana olsak bas. Bunda xalqimiz hamda davlatimiz uchun xizmat qilish oliy burchimiz ekanligini unutmasligimiz darkor. Bir o'ringa da'vogarlik qilgan o'nta tengdoshimiz ichidan bilimimiz yetib, talabalik baxtiga erishgan ekanmiz, bu katta yutuq. Negaki bugun o'rnimizda boshqa abiturient talaba bo'lishi ham mumkinligini unutmasligimiz kerak. Undan ko'ra, ertangi kun uchun bizga katta umid bog'laganlarning ishonchini oqlash yo'lida to'xtovsiz bilim olishga harakat qilmog'imiz kerak.
Kamoliddin RO'ZIMATOV,
O'zbekiston Jurnalistika va ommaviy
kommunikatsiyalar universiteti
harbiy jurnalistika yo'nalishi talabasi