Dars o'yin emas! Lekin darsda undan foydalansa bo'ladi

Dars jarayonida o'quvchilarning e'tiborini tortish, ularning fanga bo'lgan qiziqishini yanada oshirish maqsadida turli noan'anaviy o'yinlardan foydalanish metodikasi barcha rivoj­langan mamlakatlarda keng tatbiq etib kelinayotgani bugungi kunda hech kimga sir emas.

Albatta, dars paytida interfaol o'yin­larni tashkil etishda o'quvchining yoshi, sinfxonaning jihozlanishi hamda ko'rgazmali qurollarning noan'anaviyligiga alohida e'tibor qaratish muhim ahamiyat kasb etadi.

Boshlang'ich sinflarda “To'p otar”, “O'rmondagi tortishuv”, “Kim topqir” kabi o'yin­larni o'ynash orqali mavzuni tushunish osonroq va qiziqarliroq tus olsa, yuqori sinflarda o'quvchilarga mas'uliyat va intellektni oshiruvchi harakatli usullar qo'llanilishi ko'proq natija beradi. Eng asosiysi, bunda o'qituvchiga ham darsni mazmunli o'tish qulay va oson bo'ladi.

Tajribadan ma'lumki, boshlang'ich sinf o'quvchilari “Kim chaqqon?”, “Kim top­qir?”singari didaktiv o'yinlarda sinovlarni, an'anaviy usullarga qaraganda, ancha faol va osonroq amalga oshirishadi. Bunday mashg'ulotlarda o'quvchilar berilgan topshiriqlarni idrok qilish bilan birga uzoq vaqt xotiralarida ham saqlab qoladi.

Shuningdek, interfaol metodlar o'quvchilarni ijodkorlikka yo'naltirib, ularning tasavvur doiralarining kengayishiga hamda darsda erkin bahs-munozaraga kirishib, o'z fikrini dadil ayta olishiga imkon yaratadi.

Noan'anaviy dars o'tishda o'quvchiga aniq yo'l-yo'riq ko'rsatish, topshiriqlarni bajarish uchun yetarli vaqt ajratish, kuchli guruhlarni rag'batlantirib borish, kuchsiz guruhlarni esa g'olib­lik sari ruhlantirish juda muhimdir. Qolaversa, dars jarayonida o'quvchilarni guruhlarga ajratib, ba'zi-ba'zida esa jamoa a'zolarini birinchi guruhdan ikkinchi, ikkinchi guruhdan birinchi guruhga o'tkazib turish ham yaxshi natija beradi.

Interfaol o'yinlardan foydalanish o'quvchilarning so'z boyligini oshirib, adabiy til me'yorlariga rioya qilishga, hushyorlikka, o'zgalar fikrini hurmat qilishga o'rgatadi. Shuningdek, o'quvchilar erkin va mustaqil fikrlashga, olgan bilimlari haqida aniq, lo'nda javob berishga o'rganadilar.

Demak, interfaol dars o'tish har tomonlama manfaatlidir.

Ayniqsa, boshlang'ich sinflarda ana shunday usullardan foydalanish farzandlarimizning puxta bilim va ko'nikmalarni olishida ahamiyatli bo'lib, dars­larning jonli, mazmunli bo'lishini ta'minlaydi.

Aytish joizki, bizning maktabda interfaol o'yinlarni o'z o'rnida qo'llash orqali o'quvchilarimiz fanlarni o'zlashtirishida sezilarli ijobiy natijalarni qo'lga kiritmoqda

Diyora RAHMATULLAYEVA,

Toshkent shahridagi 260-maktab o'qituvchisi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one + 5 =