Qadimgi sivilizatsiyalar sabog'i yangi Uyg'onishning ma'naviy asosidir

Insoniyat tarixida shunday davrlar borki, unda buyuk ishlarga tayyor xalqlar yuksak salohiyatli yo'lboshchilari yetakchiligida, tarixning muayyan qisqa bosqichlarida, yuzlab yillarda qo'lga kiritish mumkin bo'lgan ulkan natijalarga erishganlar, o'z mamlakati dovrug'ini butun dunyoga yoyganlar.

Bugungi davr ham xuddi ana shunday. XX asr oxirida mus­taqillikka erishib, qariyb 30 yildan buyon istiqlol yo'lidan borayotgan xalqimizning Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Yangi O'zbekistonni barpo etish va Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga kirishilgan tub o'zgarishlar va ulkan yangilanishlar davridir.

Xalq hayotida bir necha yuz yillarda bir yoki ikki marta ro'y beradigan bunday ulkan sivilizatsion ko'tarilishlar davrida insoniyatning bu boradagi ilg'or tajribalariga murojaat qilish, qo'lga kiritilgan natijalar va yutuqlarni o'rganish, ulardan foydalanish ehtiyoji kuchayib boraveradi.

Bu jihatdan, O'zbekiston Fanlar akademiyasi akademiklari, atoqli olimlar O.U.Salimov va A.X.Saidovlar rahbarligida tayyorlangan va yaqinda “Ta'lim nashriyoti” tomonidan chop etilgan “Qadimgi sharq sivilizatsiya­laridan yodgorliklar” asarini ushbu jabhadagi keng qamrovli izlanishlarning mahsuli deyish mumkin.

Kitob boshlanishidanoq unga Prezidentimizning “Biz keng ko'lamli demokratik o'zgarish­lar, jumladan, ta'lim islohotlari orqali O'zbekistonda yangi Uyg'onish davri, ya'ni Uchinchi Renessans poydevorini yaratishni o'zimizga asosiy maqsad qilib belgiladik” degan so'zlari epigraf qilib olingani bejiz emas. Zero, ushbu fikr davomida Yurtboshimizning Renessansdek noyob fenomenal hodisaning mazmun-mohiyatini har birimiz va butun jamiyatimiz ang­lab olishi kerakligi alohida ta'kid­langan.

Yurtimiz o'tmishiga xolisona nazar tashlagan har bir kishi bir emas, ikki marta bunday noyob Uyg'onish jarayonini kuzatishi mumkin. Vatanimiz tarixidagi “Ilk o'rta asrlar” deb yuritiladigan milodning IX – XI asrlari, ya'ni Musulmon Renessansi, hamda Amir Temur va Temuriylar davri insoniyat tarixining buyuk Uyg'onish, ya'ni Temuriylar Renessansi bo'lgani shubhasiz.

Aynan ana shunday davrlarda bunday Renessanslarni yaratgan xalqlar erishgan yuksak natijalar jahon sivilizatsiyasi xazinasiga ulkan hissa bo'lib qo'shilgan, unga boshchilik qilgan kishilarni jahon siyosatining eng baland sahniga olib chiqqan, ular faoliyati umumbashariy taraqqiyotga katta turtki bergan.

Bu nuqtai nazardan, “Qadimgi sharq sivilizatsiyalaridan yod­gorliklar” asari bunday serqirra fenomenal hodisalarga xos inkor va vorislik jarayo­ni mazmun-mohiyatini ang­­­lashga yordam beradi. Zero, aynan ana shunday asarlarga tayanibgina buyuk alloma bobolarimiz qoldirgan bebaho meros va milliy qadriyatlarga taya­nadigan keng qamrovli jarayonlar, hozirgi tub o'zgarishlar va yangilanishlarning ahamiyatini to'g'ri tushunish mumkin.

Hozir O'zbekiston deb ataluvchi hudud, ya'ni Amu va Sirdaryolari oralig'idagi bizning Vatanimiz nafaqat Sharq, balki umumjahon siviliza­siyasi beshiklaridan biri bo'lganini butun dunyo tan olayotgani ham bejiz emas. Bunga bir misol sifatida YuNESKO shafeligida tayyorlangan 6 jild­lik “Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi tarixi” nomli asarni ko'rsatish mumkin. Shu kungacha ko'rku fayzini, mahobatini yo'qotmagan osori atiqalarimiz, beshafqat davr sinovlaridan omon qolgan eng qadimgi tosh­yozuvlar, bitiklardan tortib, bugun kutubxonalarimiz xazinasida saqlanayotgan minglab qo'lyozmalar beqiyos ma'naviy boyligimiz, iftixorimizdir.

Ko'plab falsafiy va tarixiy, diniy va dunyoviy ilmlarning asoslari Vatanimiz zaminida dunyoga kelgan, sayqal top­gan. Bu qadimiy va tabarruk tuproqdan ulug' ajdodlarimiz Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Muso Xorazmiy, Ahmad Farg'oniy, Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Abdulxoliq G'ijduvoniy, Baxouddin Naqshband, Amir Temur, Mirzo Ulug'bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk allomalar, mutafakkirlar, olimu ulamolar, mashhur siyosatchilar va sarkardalar yetishib chiqqan. Binobarin, yuksak sivilizatsion qadriyatlarni mujassamlashtirgan bu ulug' zotlar faoliyati, ijodi va erishgan yutuqlari ham biz uchun abadul-abad ma'naviy kamolot va insoniy yetuklik timsoli bo'lib qolaveradi.

Alloma bobolarimizning bizga qoldirgan bebaho ma'naviy-ma'rifiy, ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon madaniyati xazinasidan munosib o'rin olib, insoniyatni ezgulik sari yetaklab, har tomonlama barkamol insonlarni tarbiyalab voyaga yetkazishga xizmat qilib kelmoqda. Bu qadar katta ma'naviy merosga ega bo'lgan xalq dunyoda kam topiladi va aynan ana shu ulkan manba Yangi O'zbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratishda kuch-quvvat manbai bo'lishi shubhasiz.

Bugungi kunga kelib, O'zbekis­ton Respublikasini yanada rivoj­lantirishning Harakatlar strategiyasi jamiyatimiz hayoti, xalqimiz qalbi va ongidan chuqur joy oldi, butun mamlakatimiz, barcha soha va tarmoqlarda amalga oshirilayotgan tub o'zgarish va islohotlarni harakatlantiruvchi qud­ratli kuchga, ta'bir joiz bo'lsa, ularning g'oyaviy o'zagi va ma'naviy tayanchiga aylandi.

Bu jihatdan, davlatimiz rahbarining BMT Bosh assambleya­si 72-sessiyasidagi nutqida alohida ta'kidlangan “Bugungi kunda O'zbekiston jadal rivoj­lanmoqda. Biz ajdodlarimizning donishmandlik an'analariga amal qilib, teran anglagan holda, qat'iy islohotlarni amalga oshirmoqdamiz, mamlakatimizning yangi qiyofasini shakllantirish yo'lidan bormoqdamiz. Jamiyatimizda siyosiy faollik ortib bormoqda, barcha sohalarda chuqur islohotlar amalga oshirilmoqda. Ulardan ko'zlangan maqsad – “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan oddiy va aniq-ravshan tamoyilni amalga oshirish ustuvor ahamiyatga ega bo'lgan demokratik davlat va adolatli jamiyat barpo etishdan iborat” degan fikr ham O'zbekiston taraqqiyotining bugungi yangi bosqichining dastlabki yillaridanoq uchinchi Renessans poydevorini yaratishga hozirlik, bu boradagi g'oyaviy va ma'naviy tayyorgarlik ko'rila boshlaganidan dalolat beradi.

Qolaversa, “Yangi O'zbekis­ton”, “Yangi Uyg'onish davri”, “Uchinchi Renessans” tushunchalari bir kunda va osongina shakllanadigan oddiy hodisalar, jo'ngina dunyoga keladigan va o'tkinchi bir ijtimoiy voqelikni ifodalamaydi, albatta.

Shu ma'noda, “Qadimgi sharq sivilizatsiyalaridan yodgorliklar” kabi asarlar mazkur fenomenal yangilanish va tub o'zgarish­larning tarixiy ildizlarini yaxshi bilish, bu boradagi ijtimoiy qonuniyatlarni chuqur anglash, ushbu yo'nalishdagi faoliyatni to'g'ri tashkil qilish, maqbul usullarni topish va samarali yo'llarni aniqlashga xizmat qiladi.

Dunyo nafaqat globallashib yoki axborotlashib, balki texnokratlashib ham bormoqda. Mutaxasislar fikricha, buning natijasida shakllanayotgan texnokrat inson robotga o'xshaydi, u ko'proq vertual dunyoda yashaydi, asta-sekin boshqalardan uzoqlashib, jamiyatdan ajrala bosh­laydi. Unga tarix nidolari, bobolar yodi, xalqi va yurtining o'tmishi hamda kelajagi oldidagi qarzdorlik hissi begona, qalbida milliy qadriyatlarga, uyat va andisha kabi bokira tuyg'ularga, davlat va jamiyat manfaatlari kabi tushunchalarga o'rin yo'q. U xalq dostonlarini o'qimaydi, baxshilarning xonish­larini tushunmaydi, milliy qo'shiqlarimizni hirgoyi qilolmaydi, mumtoz musiqalarimizni ting­lab, “sel bo'lib oqmaydi”. U qaerda yaxshi yashasa, o'sha yer uning vatani, unga hech kim tegmasa, o'z kompyuterlari dunyosiga “ko'milib” o'tirish uchun sharoit bo'lsa, bas.

Prezidentimiz ilgari surayotgan Yangi O'zbekiston g'oyasi, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish tamoyillari va unga mos yangi dunyo­qarashni shakllantirish talablari bunday “zamonaviylik” bilan kelisha olmaydi. Binobarin ushbu taqrizimizda qisqa tahlil qilingan “Qadimgi sharq sivilizatsiyalaridan yodgorliklar” kabi kitoblar bu borada xalqimizning Yangi Dunyoqarashini shakl­lantirish uchun asos bo'ladigan mezonlarni aniqlash va ularga tayanib, yuksak iqtidorli va ma'naviy barkamol yosh avlodni tarbiyalashda muhim qo'llanma sifatida yordamga keladi.

Bu esa o'z navbatida, tobora globallashib va turli xavf-xatarlar ta'siri ortib borayotgan bugungi dunyoda Yangi O'zbekiston – Yangi Uyg'onish poydevorini yaratishdek sharafli va sermashaqqat foaliyatni amalga oshirishda har birimizning zimmamizga ulkan mas'uliyat yuklanganidan dalolat beradi.

Qiyom Nazarov,

falsafa fanlari doktori,

professor

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 + 13 =