Lafz

(Hikoya)

 

Oy bulutlar orasida xira shu'lalanardi. Yo'l yoqalab tarvaqaylab ketgan tut daraxtlari har-har zamonda shovullar, esayotgan shamol asfaltdagi xazonlarni shitir-shitirlab u yoqdan-bu yoqqa uchirardi. Uzoqdan – qishloq tomondan itlarning hurishi keladi. Shundog'am yuragi siqilib borayotgan Esonning tag'in diqqati oshar, bor alamini sigirdan olmoqchi bo'lgandek, qo'liga chirmab olgan arqonni siltab tortgancha so'kinib, jonivorga baqirar edi. Shu payt kimdir orqadan kelib, sigirni kafti bilan charsillatib urdi-da, “chuh jonvor, chuh” dedi. Oyog'ini yerga tirab zo'rg'a yurib kelayotgan sigir deyarli yugurib ketdi. Ikkinchi bir kishi ortda qolib ketayotgan buzoqni yetaklab Esonning yoniga keldi. Qarasa, qishloqdoshi Bahodir aka.

– Esonmisan? Bozorgami? – dedi.

– Bozorga… – Bahodir akaning keyingi ketma-ket savollariga Eson qisqagina javob berdi. – Pul zaril, aka. Yo'qsa, sog'in sigirni ko'zing qiyadimi?

– O'zingning sigirmi?

– O'zi birgina shu sigir edi. Shu enamdi mazasi yo'g'roq, aka.

– E, shundaymi? Bir qishloqda yashab bilmabmiz. Har kim o'z tashvishi bilan deganday. Ha-ey, shifosini bersin. Endi… uka, kasalchilik odamni charchatadi. Odam sabrli bo'lsa, Xudoyimning yaxshi kunlari ko'p. Mol-dunyo topiladigan narsa, sog'liqqa qarang, sog'liqqa. Nasib etsa, tuzalib ketsa, to'ylaringizda ota-ena bosh bo'lsa, hammasi esdan chiqib ketadi.

Bahodir aka yo'l-yo'lakay shu kabilardan gapirib ketarkan, goh dehqonning mahsuloti arzonligidan nolir, goho molbozordagi olibsotarlarning “ustamon”ligidan ku­yi­nardi. So'ng sigirni Esonning o'zi sotadimi yo yo'qmi, bu haqda ham surishtirib, imkoni bo'lsa o'zi sotgani ma'qulligi, bugun odamlarda oqibat ko'tarilib borayotgani-yu, eng yaqin qarindosh ham aldashi mumkinligi to'g'risida nasihat o'qidi. Bahodir akaning o'g'li Jamshid orqada sigirni haydab kelar, otasining gapini ma'qullab qo'yardi. Bunday vaqtlarda Eson o'zini yanayam xokisor sezar, taskinu tasallilardan so'ng egik qaddini biroz rostlagandek bo'lardi.

Sigirning to'xtamasdan tez-tez yurishidanmi, yo Bahodir akaning gap­laridanmi, harqalay, Esonga egnidagi choponi og'irlik qila bosh­ladi. U choponni yechmoqchi bo'ldi-yu, bunday vaqtda odam tez shamollashi mumkinligini o'ylab, choponi o'ngirini qayirib, belbog'iga qistirgancha yo'lida davom etdi. Bahodir aka tag'in sigir haqida surishtira ketdi. Gap daromadida:

– Yaxshi molni tanishga sotgan ma'qul, – dedi. – Gilam sotsang… degan gap bor-ku, o'shani zap topib aytgan eskilar. Bekormas-da bu. Sizam doim shunday yurmaysiz-ku, Esonboy. Pulli bo'larsiz, mol-hol qilarsiz. Ana shunda shu sigirning buzog'idan birortasini olib boqsangiz, ham o'zingiz, ham qo'shningiz baraka topadi-da.

Bahodir aka tag'in nimalarnidir tinimsiz gapirar, Eson bunga javoban “ha” yo “yo'q” deb qisqa javob qaytarib ketardi.

* * *

Kecha Rasul aka o'g'li Esonga qo'ng'iroq qilib, pul kerakligini, buning uchun so'nggi ilinj sigirni sotish lozimligini va yana pulni tezlik bilan poytaxtga jo'natishni aytdi. Shundan so'ng bu oila a'zolarining g'am-tashvishi ortgandek bo'ldi. To'g'ri-da, necha yillardan buyon sut-qatig'i bilan ro'zg'orning uncha-muncha kam-ko's­tini bildirmay kelayotgan ola govmish qadrli bo'lib qolgan. Jonivorni “ena sigir” deb atashardi. Uni sotish…

Muyassar sigirni so'nggi bora sog'ib oldi. U sog'ayapti, Eson yemini berish uchun bir chekkada kutib turibdi. Yangi sog'ilayotgan sutning hidi dimoqqa uriladi, bir maromdagi “shig'-shig'” ovozga monand Muyassarning yelkasi uchib tushayotir. Eson bildiki, opasi yig'lab o'tiribdi. U sog'ib olayotgan sutdan ko'ra ko'proq ko'zyosh to'kayotir. Govmish esa borini iyib berayotgandek, yelinidagi suti sira tugamaydi. Qop-qora ko'zlarini miltiratgancha, hatto qulog'ini ham qimirlatmay, boshini egib jim turibdi. Eson bu holatni kuzatib, boshqa chidab turolmadi. Qo'lidagi yemchelakni tapillatib yerga qo'ydi-da, uyga – momosi yoniga kelib, yonboshlab yotib oldi. Momosi uning sochini barmoqlari bilan taragandek erkalab:

– Ey, bolam-a, – dedi, – mushtday boshing bilan shuncha dardni tishingda tishlab, yelkangda ko'tarib yuribsan, bugun bo'lmasa ertaga ko'ksingga shamol tegar. Xudoyimning yaxshi kuni ko'p. Sen bunday yotma, Rus­tam akangga telpon qilib ayt, ertaga, inakni sotib bersin. Momom aytdi, de. Bozorning past-balandini biladi. Puliniyam Toshkanga o'zi jo'natsin.

Eson kecha Rustam akasi bilan kelishganidek, tong yorishmasdanoq, sigirni yetaklab bozorga jo'nadi. Opasi katta yo'lgacha sigirni haydashib bordi. U bozorgacha Eson bilan bormoqchi edi, ukasi jerkib berdi. “Bor, uyga qayt. Qiz bola narsaga molbozorda nima bor?”. Ukasining sensirab baqirganidan ranjigan Muyassar ko'zyoshlarini artib uyga qaytdi. Bundan Esonning o'zi ham qattiq xafa bo'ldi. Shunday chog'da Bahodir akadek yo'ldoshning duch kelishi uni birqadar mamnun qilgandi. Bahodir akani o'ziga yaqin kishidek his qila boshladi. Ular bozorga ancha yaqin kelib qolgandi. Kun ham yorishdi. Yigirma qadamcha naridagi odamni bemalol tanisa bo'lardi. Yo'ldoshlar endi ona-bola sigirni o'z ixtiyoriga qo'ygancha, shoshmasdan ketib borardi. Bahodir aka gapni tag'in bozordan, savdodan oldi. Molni Rustam akaning sotishini eshitgan Bahodir aka Esonni to'xtatib:

– Akangni chaqir, shu yerda savdo qilaylik, – dedi. Eson akasiga qo'ng'iroq qilib, bog'lana olmadi. “Akam hali yetib kelmagan. Bo'lmasa, o'zi meni izlagan bo'lardi” deb o'yladi. Bahodir aka esa uni tobora qistovga olardi.

– O'zing ham kap-katta yigitsan. Narxini ayt, savdo qilaveramiz. Uydagilaring norozi bo'lsa, ana uyim… Uka, hozir bozorga kirishing bilan olibsotar ushlaydi-da, o'zining aytgan narxiga bermaguningcha qo'yib yubormaydi. Kechgacha bo'lsayam ushlab o'tiraveradi, boshqalarga savdo qildirmaydi. Mana, biz ko'rib-bilib yuribmiz. To'g'ri, o'zim ham mol olib sotaman. Lekin bu uyga, boqish uchun. O'zi tanishlardan sotiladigan sog'in sigir izlab yurgandim.

Ota-bola Esonni ko'z ochirgani qo'ymasdi. Biri qo'yib ikkinchisi gapirar, goh sigirni maqtasa, goh Esonga nasihat qilardi. Eson garangsib qoldi. Aksiga olib, akasi bilan ham sira bog'lanib bo'lmadi. Rustam akaning uyi bozordan ancha yiroq, kechikib kelishi tabiiy. Shu bois Eson nima bo'lganda ham akasini kutishni mo'ljallab, ayni gapni aytdi:

– Narx-navoni bilmayman-da men.

Bahodir aka jiddiy muammoga duch kelgan kishidek sergak tortdi. Og'ir o'yga cho'mib, tek qotdi.

– Sen bilan savdolashib bo'lmas­kan, – dedi salmoqlanib. – Endi Rustamboyning ham kelmaganini… hozir hammamiz bozorga kechikyapmiz. Ertalabki savdo yaxshi-da, uka. Menga ishonsang ekan, o'zim narxlab olsam. Bir qishloqning odamlari bo'lsak. Vaziyatingni ham aytib turibsan. Shunday molni begona qo'lga arzimagan pulga berib yuborma, deyman-da.

Eson ishondi. Bahodir aka unga ikki million so'm sanab berdi. Rus­tam esa ancha vaqtdan so'ng keldi. Aka-uka ko'rishishi bilan Rustam “Sigir qani?” deb so'radi. Eson qo'lidagi pulga ishora qilib:

– Sotdim, – dedi.

Rustam narxni eshitishi bilan baqira ketdi:

– Esing joyidami sening… nimaga mensiz sotasan? Bor, borib qara, ishonganingning ahvolini ko'r.

Eson bildiki, akasi uni uchratguncha bozorni oralab, uning molni sotganidan boxabar bo'lib va bundan norozi alfozda kelayotir. Shunda Eson akasiga: “Nima bo'pti, sizsiz sotgan bo'lsam. Mana pulini oldim. Tekinga berib yuborganim yo'q-ku”, – demoqchi bo'ldi-yu, indamay qo'ya qoldi.

U akasining qistovi bilan odamlar gavjum tortgan joyga borib, bo'layotgan savdoni orqaroqdan kuzatdi. Jamshid sigirni ipidan ushlab chekkada indamay turar, Bahodir aka esa allakim bilan savdo qilardi:

– Boy bova, ishonmasangiz o'zingiz bilasiz. Uyimda o'z qo'llarim bilan boqqan molim. Baraka topmasangiz, keyin kelib ayting… lekin siz so'rayotgan ikkiyarimlik sigir emas-da. Toza uch million bo'lsa oling.

Rustam aka Esonni yelkasidan ushlab, chekkaga tortdi:

– Ko'rdingmi? – dedi imkoni boricha bosiqlik bilan. – Bor, ko'pning ichida pulini betiga ot.

– Aka?! – dedi Eson ko'zlari jovdirab. – Nima qilgan bo'lsa o'ziga. Lekin men rozi bo'lib, qo'l tashlashib, lafz qildim.

– Lafz qildim? Sen tirranchaning o'zing kimu, lafzing nima bo'lardi?! He, lodon!

Eson akasidan yosh to'la ko'zlarini olib qochdi. Rustam aka alam bilan yerga qattiq tufladi-da, pulni olib bozordan chiqib ketdi. Eson esa odamlar orasidan urinib-turtinib chiqib oldi. Bu daf'a bozorga olomon oqib kelar, u esa uyi­­ga ketib borardi.

Bobo RAVShAN

 

Muallif haqida:

Bobo Ravshan (G'oziddinov) — 1985 yil Qumqo'rg'on tumanida tug'ilgan. 2004 yili shu tumandagi 37-umumta'lim maktabini tamomlagan. G'afur G'ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida “Suv” nomli kitobi chop etilgan. “Mahalla” gazetasida mehnat qiladi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine − 8 =