“Bo'lib qolar” emish

Yog'ingarchilik kunlarida loy va balchiqqa botgan, issiq kunlarda esa tuproq va changga belangan Sirdaryo viloyati, Guliston tumanidagi “Baxmal” mahalla fuqarolar yig'ini hududida joylashgan “Charog'on”, “Guliston”, “Somon yo'li”, “Ipakchi”, “Bog'ishamol”, “Mol guzar”, “Obod”, “Farg'ona”, “Saxovat” va “Kamolot” ko'chalarida yashovchi fuqarolar murojaat qilmagan idora Sirdaryoda qolmadi hisob.

 

— To'g'risini aytsam, — deydi “Yoshlik” ko'chasida yashovchi fuqaro Erkin Jumanov. — Obi-havoga qarab ko'chaga chiqamiz-da. Biz-ku mayli, katta yoshdamiz, u yoq-bu yoqqa qarab yuramiz. Ammo maktabga va bog'chaga borayotgan bolalarni ko'rib yuragim zirqiraydi. Afgor bir ahvolda maktabga borib, afgor bir ahvolda uyga qaytishadi. Kiyim-kechagini qo'yavering, ba'zan o'zlarining yuz-ko'zlari ham loyga belangancha uyga kelishadi. Bu tomonini aytsam, zo'rma-zo'raki ro'zg'or tebratayotganlar bor, ahvoli haminqadar, o'zingiz tushunib olavering. Kiyim-kechak, sovun, xullas, hammasi chiqimga borib taqaladi.

Erkin aka aytgan   hududda bo'lib, mahalla ahli bilan suhbatlashdik. 2378 nafar aholi yashaydigan mazkur mahallada ish qidirgan yoshlar va ayollar soni ham talaygina ekan. Yaqinda yoshlarning 50 nafariga dehqonchilik qilsin, daromad topsin degan niyatda tuman hokimi 50 sotixdan yer maydoni ajratib beribdi. Bu yaxshi, albatta. Qolganlari-chi? “Ishlaylik desak ish yo'q”, deyishdi ular kuyinchaklik bilan.

Qattiqroq shamol tursa, ag'anab ketar darajada qiyshayib turgan sim yog'ochlarni ko'rib, to'g'risi, o'zimiz ham chetroqda turib oldik, yerga tegay-tegay deb turgan elektr sim o'tkazgichlarni ko'rib ko'zimizga ishonmadik. Axir namgarchilikda tok juda xavfli-da. Endi “sizlarda elektr tarmoqlari mutasaddilari bor, murojaat qilmaysizlarmi?” — demoqchi edik, E.Jumanov: “Siz elektriklarni aytasiz, toza ichimlik suv yo'qligidan bormagan jo­yimiz qolmadi. Qani birorta tirik jon qayrilib qarasa?.. Loyga, balchiqqa belanguncha qo'shni mahalladan ichimlik suvi tashiymiz. Yuvin-chayinga suvni zovur va ariqlardan olamiz”, dedi.

Biz mahallaga borgan kunimiz, “Mol guzar” ko'chasida yashovchi fuqarolar yuqoridagi idoralardan najot bo'lmagach, o'zlari pul yig'ishib, hashar yo'li bilan suv quvuri o'tkazish uchun xandaq   qazishayotgan ekan. “O'zing uchun o'l yetim”, degani shu bo'lsa kerak-da.

So'ng mahalla fuqarolar yig'ini raisi Anvar Mamasoliyevni qidirdik. Ammo topa olmadik. Axiri telefon orqali bog'landik. U kishidan aholini qiynayotgan muammoning yechimi bormi, deb so'radik.

“Nimasini aytasiz, muammolarimiz ko'p, harakat qilyapmiz. Ko'cha yo'limizga, nasib qilsa, tumanimiz hokimi aytganiday bo'lsa, ikki-uch oylarda shag'al to'kilib qolar. Simyog'ochlar masalasida tuman va viloyat elektr tarmoqlari korxonasiga, suv masalasida “Suvoqava” idorasiga murojaat qilganmiz. Hozircha jim. Bo'lib qolar…”, deydi.

— Qachon bo'lib qoladi deb o'ylaysiz?

“Biz kichkina odam. Bu yog'ini rahbarlar biladi-da…”.

Mana sizga javob. Mahalla raisi Prezidentimizning “Mahalla xalq bilan davlat o'rtasidagi ko'prik bo'lishi kerak.” degan purma'no gapini eshitmagan ko'rinadi. Yo'qsa, mana shunday paytda odamlarning quvonchu tashvishiga sherik bo'lib, ularning muammosini o'zining muammosi kabi bilish o'rniga tuman va viloyatdagi mutasaddi tashkilot va idora rahbarlari kabi bu masalaga yuzaki qaramasdi.

Xullas bir so'z bilan aytganda, Prezidentimiz tashabbusi bilan joylarda “Obod qishloq”, “Obod mahalla” Davlat dasturi doirasida obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirilyapti. Qishloq va mahallalar qiyofasi o'zgaryapti. Ammo eng asosiysi, mamlakatning kerakli hududlariga hali bunday islohotlar yetib kelmadi. Bo'lmasa buni “Baxmal”liklar ham jon-jonidan istashyapti. Nachora, hozircha islohotlarni amalga oshiradigan, odamlar oxini tinglaydigan mard va tashabbuskor rahbar Guliston tumanida topilmayapti.

Prezidentimiz joylarda aholi bilan uchrashib, hech bir ogohlantirishlarsiz tashriflari davomida ko'zda tutilmagan mahallalarga boryapti. Farg'onada, Namanganda, Toshkent viloyatidagi qator mahallalardagi achinarli ahvol davlatimiz rahbari borganidan so'ng, mutasaddilar qattiq gap-so'z eshitganlaridan so'ng harakatga tushib qolmoqda.

Sirdaryo viloyati Guliston tumani hokimi bosh­liq to'rttala sektor rahbarlari ham davlatimiz rahbarining ushbu mahallalarga borishlarini kutishyaptimikan?

Afsus, ular “Yaxshi otga bir qamchi, yomon otga ming qamchi”, degan naqlni unutishgan ko'rinadilar.

G'ulom PRIMOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 4 =