Qaysi vazirliklarda korrupsiya yuqori?

“Qatorda noring bo'lsa, yuking yerda qolmaydi”, degan maqoli bor xalqimizning. Yaxshi gumon bilan, bir xayri bordir bu gapning, korrupsiya odamlarimizning ongiga singib ketmagandir, deymiz-da. Lekin so'nggi paytlarda deyarli barcha sohalarda “mansabini suiiste'mol qilish”, “talon-toroj qilish” bilan bog'liq holatlar tobora ko'payib borayotgandek.

Prezidentimizning 2020 yil 29 iyundagi “O'zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi PF–6013-son Farmoni va “O'zbekiston Respublikasi Korrup­siyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatini tashkil etish to'g'risida”gi PQ–4761-son qaroriga muvofiq Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining tashkil etilishiga ham mamlakatda korrupsiya bilan bog'liq vaziyatlarning ortib borayotgani sabab bo'lgan edi. Agentlik tashkil etilganiga qariyb bir yil bo'ldi, shu vaqt mobaynida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida nima ishlar qilindi?

Kuni kecha poytaxtimizdagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi majlislar zalida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vakillari ishtirokida matbuot anjumani bo'lib o'tdi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi boshqarma bosh­lig'i Zuhriddin Qodirov, agentlikning ma­­­s­'ul xodimlari Bekzod Rahmonov, Obidjon Latipov hamda Respublika hisob palatasi xodimi Baxtiyor Yunusovlar ishtirok etgan mazkur matbuot anjumanida agentlikning fao­liyatidan xabardor bo'lish, mas'ullarga savol bilan murojaat qilish imkoni tug'ildi.

Respublika hisob palatasi xodimi Baxtiyor Yunusovning ta'kidlashicha, 26 ta vazirlik va tashkilotlarda xufiyona iqtisodiyot va korrup­siyaga qarshi muvofiqlik (komplaens-nazorat) tizimini joriy etish bo'yicha “yo'l xarita”lari tasdiqlangan. Ular quyidagi amaliy chora-tadbirlarni o'z ichiga olar ekan:

— komplaens-nazoratni joriy qilish, vazirlik va idoralarda korrupsiyaga qarshi immunitetni kuchaytirish maqsadida ichki nazorat va ichki audit xizmatini takomillashtirish;

— sohadagi davlat nazorati tizimlarini avtomatlashtirish va zamonaviy axborot texnologiyalarini qo'llash;

— davlat xaridlarining shaffofligini ta'minlash;

— xodimlar malakasini oshirish va huquqiy ongini yuksaltirish;

— ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali tizim faoliyati shaffofligini ta'minlash va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish;

— korrupsiyaga qarshi kurash bo'yicha dolzarb vazifalarni amalga oshirish.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bosh­qarma boshlig'i Zuhriddin Qodirovning aniqlik kiritishicha, korrupsiyaga qarshi komplaens-nazorat tizimi davlat organlari va xo'jalik yurituvchi sub'yektlar hamda banklar faoliyatini korrupsiya xavf-xatarlari va manfaatlar to'qnashuvini o'z vaqtida aniqlash hamda ularga chek qo'yish, qonun buzilishi va korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar berish kabi qator profilaktik choralarni o'zida mujassam etgan samarali tizim hisoblanadi. Tadbirda korrupsiyaning oqibatlari bilan emas, sabablari bilan kurashish kerakligi aytildi.

Ma'lumot berilishicha, “yo'l xarita”laridagi vazifa va topshiriqlarning ijro holati bo'yicha reyting shakllantirilgan. Baholash natijasida Oliy ta'lim vazirligida, Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi, Uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish vazirligi hamda Transport vazirliklarida vazifalarning ijrosi ta'minlanmagan yoki belgilangan vazifalar qoniqarsiz bajarilganligi qayd etilgan. Bundan tashqari Markaziy bank hamda Moliya vazirligida “yo'l xarita”lari ijrosi yuzasidan olib borilayotgan ishlar qoniqarsiz tashkil etilgani aniqlangan.

Matbuot anjumanida vazirlik va idoralarda komplaens-nazorat tizimining joriy etilishi orqali salmoqli natijalar qayd etilgani aytilgach, quyidagilar misol tariqasida sanaldi: Xalq ta'limi tizimida 78 milliard so'm moliya­viy xato va kamchiliklar, noqonuniy o'zlashtirishlar aniqlanib, qonuniy chora ko'rish uchun huquq-tartibot organlariga yuborilgan; “O'zkimyo­sanoat” AJ, “Qo'ng'irot soda zavodi” AJ, Sog'liqni saqlash vazirligi, Kadastr agentligi, Davlat bojxona qo'mitasi tizimlarida ma'lum miqdordagi pullar iqtisod qilingan, xodimlar bilan mehnat shartnomalari bekor qilingan, mab­lag'larning maqsadsiz sarflanishining oldini olish, kamomadlar, noqonuniy o'zlashtirish­lar aniqlanib huquq tartibot idoralariga yuborilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas'ullarining ma'ruzalari tinglangach jurnalistlar tomonidan qator savollar berildi:

“O'zbekiston ovozi” gazetasi muxbirining “O'zbekistonda korrupsiyani tugatib bo'ladimi?” — degan savoliga agentlikning mas'ul xodimi Obidjon Latipov quyidagicha javob berdi:

— Korrupsiya faqat O'zbekistondagina mavjud muammo emas. Dunyoning barcha davlatlari ham bu muammo bilan kurashib kelmoqda. Xalqaro “Transparency international” tashkiloti korrupsiya bo'yicha davlatlarni baholaydi va reytingini shakllantiradi. Reytingda 1-o'rinda turgan davlatlarda ham korrupsiya 100 foiz bartaraf etilgan emas. Komplaens-nazorat tizimi joriy qilingach O'zbekiston bu reytingda 146-o'ringa ko'tarildi.

Bungacha mamlakatimiz reytingning nechanchi o'rnida bo'lganligi bizga qorong'i. Dunyoda 200 dan ziyod davlatlar mavjudligini hisobga olsak, 146-o'ringa “chidasa” bo'lar ehtimol.

“Korrupsiya byudjet mablag'larini maqsadsiz sarflash va xodimlarni ishga olish holatlarida ko'proq kuzatilyapti. Asosan qurilish, davlat xaridlari va ta'lim tizimida,” — deya javob berdi agentlikning mas'ul xodimi Bekzod Rahmonov korrupsiya asosan qaysi sohalarda va qanday holatlarda ko'proq kuzatilyapti mazmunidagi savolga.

“Yo'l xarita”lari ishlab chiqildi”, “Ijrosi nazoratga olindi”, “Muzokaralar o'tkazildi” kabi qolip gaplarning takrorlanaverishidan yana savol tug'ildi: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilganda bevosita davlat rahbariga bo'ysungani uchun mamlakatimizda korrupsiya keskin kamayadi, deb umid qilingan edi. Hozircha bunday bo'lgani yo'q. Korrupsion holatlarni aniqlash, u haqda xabar berish, turli targ'ibot tadbirlarini o'tkazishdangina iborat vazifalar uchun alohida agentlik tashkil etish shart edimi? Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining aniq vakolatlari qanday, keskin choralar ko'ra oladimi?

Agentlikning mas'ul xodimi Bekzod Rahmonov savolimizga quyidagicha javob berdi:

— Agentlik tashkil etilgan paytda agentlik to'g'risida qonun ishlab chiqish topshirig'i ham berilgan edi. Hozirda qonun lo­yihasi ishlab chiqilgan va 2 marotaba jamoatchilik muhokamasiga qo'yildi. Ushbu qonun qabul qilinmay turib, agentlikning to'liq vakolatlari haqida gapirishga hali erta. Bugungi kunda agentlik 2020 yil 29 iyundagi PF-6013-sonli Prezident Farmoni asosida faoliyat olib bormoqda. Bir so'z bilan aytganda, agentlik o'z faoliyatini amalga oshirish uchun hozircha to'liq vakolatga ega emas.

Agentlikning boshqa mas'ul xodimi Obidjon Latipov esa biroz boshqacharoq izoh berdi:

— Agentlikni tashkil etishda korrupsiyaga olib keladigan sabab va shart-sharoitlarni aniqlash, ularni tizimli tahlil qilish va oldini olish birlamchi masala sifatida qo'yilgan. Asosiy maqsad korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashish emas, uning oldini olishdir.

Matbuot xodimlarining: “Korrupsiya holatlari eng ko'p yuz berayotgan vazirlik yoki idoralarni aniq ayta olasizmi?” — degan savoliga: “Korrupsion xavf-xatar yuqori bo'lgan idoralar o'rganilganda, yuqori o'rinlarda Sog'liqni saqlash vazirligi, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Qurilish vazirliklari turibdi. Bu uch vazirlikni korrupsiyasiz sohaga aylantirishda keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda”, deb javob berildi.

Jurnalistlarning yana bir necha savollariga javob berilganidan so'ng matbuot anjumani yakunlandi.

Umid qilamizki, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi to'liq vakolatlar bilan ishlay boshlaganida, “qatordagi norlar”ning soni ka­mayadi, korrupsiyaning ildizi quritiladi.

Shahzod ShODMONOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five + 12 =