«JURNALIST»da jurnalist yöq-ku!
Afsuski, “Jurnalist” teleserialida haqiqiy jurnalistni körmadik. Umuman, bu serialda jurnalist yöq! Buni qarangki, şu haqda öylab: xöp şunday ekan, temirçi ustani ham vazir qilib körsatsa bölar ekan-da, degan fikrga borib qoldim.
Rostdan ham bu serialning aksariyat lavhalari haqiqatdan yiroq. Nomi umuman voqelikka mos emas. Rejissyorlarimiz jurnalistlar hayotiga oid serial olişga qiziqqan bölsalar fidoyi, şijoatli, dovyurak, töğri sözni aytib xalqning muammolarini hal qilişga yordam berayotgan, jamiyatimizdagi kamçiliklarni röy-rost yozayotganlarning faoliyatini mezon qilib olib serial işlaşsa maqsadga muvofiq bölardi.
Yoki serial yozişga işqivozçilik qilayotgan odamlar heç bölmasa yozuvçi Abdusaid Köçimovning 2019 yil “Çölpon” naşriyotida çop etilgan “Buni hayot deydilar” kitobidagi badialarga bir nazar taşlaşsa yomon bölmasdi. Kitobda muallifning zabardast yozuvçilarimiz Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Şukrullo, Ötkir Hoşimov, Barot Boyqobilov, Maʼruf Jalil, Pirmat Şermuhamedov, Mahmud Saʼdiy, Azim Suyun, Qozoqboy Yöldoş kabi ustozlar bilan keçgan kunlari, ajoyib va qiziqarli sayohatlari, ularning qisqaça tarjimai hollari bayon etilgan.
Deylik, kitobda Odil Yoqubovning rostgöy, haqiqatparastligi, hattoki 1980 yilda Moskvadagi Kremlning sʼyezdlar saroyida xalq deputatlarining majlisida söz ololmagani, öşa paytdagi respublika rahbari bu muammoni hal qilib bergani tasvirlangan boblar har qanday tomoşabinni ham öziga jalb eta oladi.
Öşanda Odil Yoqubov xalq çekayotgan alamlar, azob-uqubatlar, oğir mehnat tufayli 16-17 yoşida 50-60 dan oşgan ayollar singari taraşaday qotib, qizlik jozibasidan ayrilayotgan özbek qizlarining ayançli qismati haqida, Amerikadagi qora tanli qullardan ham xor-abgor dehqonlarning ğarib hayoti töğrisida, qaramlik, mutelik fojialari, zöravonlik kulfatlari töğrisida sözlagan.
Aslida ham “Buni hayot deydilar” sevimli yozuvçimiz Odil Yoqubovning maşhur iborasi bölgan. Kitobni öqib, O.Yoqubovning jasoratiga, qatağon yillarining qurboni bölib, peşonasiga “Millatçiligi uçun qamalgan Usmon Nosir va Çölponning şeʼrlarini öqigan”, “Pessimistik şeʼrlar yozgan”, “Xalq duşmani” degan tamğa bosilgan, 25 yilga qamalgan adib Şukrullo domlaning irodasiga qoyil qolmaslikning iloji yöq.
Urgutlik şoir, ötkir publitsist, adabiyotşunos olim Barot Boyqobilov öşa paytdagi tuman hokimi Xolmuhammad Nurillayevga: “Vasiyatim, Kenagas qişloği bösağasidagi “Boği Xamsa”ga meni dafn etinglar”, degan ekan, oradan bir oy ötib vafot etgan. Hokim uning vasiyatini ado etibdi. Fikrimizça, serial uçun haqiqiy syujet bölişga arziydigan lavhalar ana şunday böladi.
Kitobni öqib Maʼruf Jalilning kamtarligi, Mahmud Saʼdiyning odamgarçiligi, Şamsi Odilning samimiyligi, Azim Suyunning şijoatkorligi, Pirmat Şermuhamedovning odamşavanda, öta kirişimliligi haqida bilib olasiz.
Xullas, deyarli har oyda televideniyening turli kanallari orqali navbati bilan qayta-qayta namoyiş etilayotgan “Jurnalist” serialida umuman matbuot, jurnalistning hayotidan asar ham yöqligiga sira aqlim yetmadi. Hammasi mayda-çuyda, ğiybatnamo gaplar. Şumi jurnalistning hayoti? Özi serialdan maqsad nima edi? Axir, ssenariy yozaman desa, tarixda ham, yaqin ötmişimizda ham, bugunimizda ham jurnalistlik qilganlar el-yurt taşvişi, dardi bilan yaşab, bu kasbi orqali qança obrö-eʼtibor orttirgan bölsa, haq sözi uçun şunça duşman orttirgan, boşidan ne-ne oğir savdolarni keçirgan fidoyi insonlar hayoti nisbat qilinsa, bölmasmidi?
Eng qiziği, bu serialga qanday qilib şunday nom berişgan ekan? U “mutaxassis” kim böldi ekanki, asardagi mantiqni qöyib, öziça tiliga kelganini aylantirib nomlayversa?.. Va bu matohni telekanallarimizning tez-tez takror namoyiş etayotgani yana ham ğalati. Göyo u yerda jurnalistlar işlamaydigandek…
Rejissyorlarimiz haqiqiy jurnalistning hayoti va bosib ötgan yöli bayon etilgan kitoblarni serial qilsagina hayotni real tasvirlagan bölardi. Afsus…
Xonbibi HIMMAT qizi
