“Qishloqqurilishbank”da soxta yevrolar paydo bo'ldi

Yaqinda ATB “Qishloqqurilishbank”ning mintaqaviy filiallaridan biriga ishimiz tushib bordik. Biz uzatgan 100 AQSh dollarlik kupyurani obdan nazoratdan o'tkazgan bank xodimasi:

— Bu valyutani qabul qilolmaymiz, — dedi.

— Nega?

— Kupyura sal eskirgan, xohlasangiz so'mdan chegirma olib qolib qabul qilishimiz mumkin, — deydi…

Bizni ajablantirgani, 100 dollarlik kupyura muomalaga yaramasa, nega unda so'mdan chegirma olib, almashtirishadi? Qiziq? Yaramaydigan valyutani bankdagilar nima qilisharkan?… Yo “qora bozor”da o'tkazishadimi, tag'inam bilmadik…

Ammo shu kunlarda aynan shu nufuzli ATB “Qishloqqurilishbank”ning Sirdaryo mintaqaviy filialida 81 ming yevro miqdorida qalbaki pul aniqlangani haqidagi ma'lumot ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo'ldi. Bu qanaqasi? Yana davlat bankida-ya?

Hammaga ma'lumki, odatda soxta valyutalar faqat “qora bozor”da bo'lar edi. Endi odamlarning ishonchini qozongan banklarda ham paydo bo'lganini o'qib qaysi bankka, kimga ishonishni ham bilmay qolar ekansan.

Yuqorida aytganimizdek, banklardagi valyuta ayriboshlash bo'limlari muassasa g'aznasiga kirim qilinayotgan har bir chet el valyutasi bir necha bor tekshuruvdan o'tkazib qabul qilinadi. Nuqsoni bo'lsa, valyuta mijozga qaytarilib, bankka kirim qilinmaydi.

Ajablanarlisi shundaki, ATB “Qishloqqurilishbank”ning Sirdaryo mintaqaviy filialida paydo bo'lgan 81 ming qalbaki yevro bankning muomalasiga qaerdan va qanday kirib kelgan? Yoki bankirlarning nayrangimi bu?..

Aniqlangan qalbaki valyutalar yuzasidan ATB “Qishloqqurilishbank”ning matbuot xizmatidan izoh so'radik.

— Albatta, bankimiz filialida aniqlangan bu holat yuzasidan jamoatchilik orasida ko'p shov-shuv bo'lishining oldini olish maqsadida surishtiruv-tergovga qadar bo'lgan ma'lumotlarni bank ichki nazorat bo'limi bergan ma'lumotlar asosida o'zimiz oshkor etdik, — deydi bank matbuot xizmati xodimi Alisher Ravshanov. — Aniqlangan 81 ming qalbaki yevro miqdoridagi valyutani bank muomalasiga kim olib kirgan va qanday yo'llar bilan kirib kelganligini aniqlash yuzasidan huquqni muhofaza etuvchi idoralar tomonidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Aybdorlar aniqlangach, holat yuzasidan keng ommaga batafsil ma'lumotlar taqdim etiladi.

Bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan moliya muassasalarining iqtisodiyotimizga qo'shayotgan katta hissalari hamda davlat dasturlari doirasida shaffof va adolatli kredit olishlari, tadbirkorlarga yaratilayotgan turli imtiyozlar haqida tez-tez o'qib qolamiz. Agar bu ma'lumotlarning shaffofligiga e'tibor bersak, biz ta'kidlayotgan 81 ming yevro, ya'ni katta miqdordagi xorijiy valyutadagi qalbaki pullar, o'z biznesini endi boshlayotgan tadbirkorga yoki xorijga chiqayotgan insonlarga taqdim etilganda nima bo'lar edi?

Bunday holatlar bugungi moliya muassasalarimiz uchun uyat emasmi? Tahririyat ushbu mavzuga yana qaytadi.

Hikmatullo QODIROV,

“Hurriyat” muxbiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × 5 =