Haqiqat muallifi yoxud insoniyat tafakkuriga mangu chorlov

Dunyo matbuotida, adabiyoti va publitsistikasida bir-birini to'ldiradigan nomlar talaygina. Gazetamizning o'tgan sonlarida jahonga mashhur amerikalik adib va publitsist Ernest Xemingueyning jurnalistik faoliyati haqida maqola e'lon qilgan edik. Bugun ushbuning tadrijiy davomi sifatida butun dunyo kitobxoni   asarlarini sevib o'qiydigan yozuvchi, mohir jurnalist, urush ko'rgan adib Jorj Oruell haqida hikoya qilmoqchimiz. Zero, uning yozganlaridan tinchlik va ozodlikning, tenglik va haqiqat uchun kurashning nafasi ufurib turadi.

Jorj Oruell nomi o'z vaqtida sobiq sovet ittifoqining temir panjaralarini buzib kira olmagan. Kitoblari o'gay mafkuraning ashaddiy dushmani sifatida javonlarga qo'yilmadi. Butun dunyo J.Oruell­ning “Molxona” va “1984” romanlaridan hayratlanayotgan bir paytda hatto bu yozuvchining nomi ham sobiq sho'ro kitobxoniga mutlaqo begona edi. Biroq haqiqiy kitobxon kechikib bo'lsa-da o'z yozuvchisini tanidi.

U biroz vaqt Bi-bi-si xizmatida ishlagan bo'lsa-da arxivlarda Oruell ishtirok etgan dasturlarni topishga urinishgan, topa olishmagan. Arxiv rahbarining so'zlariga ko'ra, bu achinarli, ammo ajablanarli hol emasdi. Dunyoni har kuni notinch urush olovlari qamrayotgan bir paytda ehtimol, buning mavridi bo'lmagan.

“Oruell davrida yozuvlar juda kam saqlanib qolgan: radio, asosan, jonli efirda bo'lgan. Ammo urush paytida Bi-bi-si chet elda qamrovini kengaytirgan. Yozuvlar disklarda tayyorlangan, bir necha bor efirga uzatilgach, o'chirilgan. Ba'zan yozuvlar doimiy foydalanish uchun ishonchli arxiv disklariga o'tkazilgan. Afsuski, Jorj Oruell ishtirokida biror eshittirish saqlanib qolmagan”, – deyiladi arxiv xabarlarida.

Bi-bi-si qarorgohida Jorj Oruellga yodgorlik o'rnatilgan joy u yer xodimlari uchun norasmiy chekish joyi hisoblanadi, shuning uchun Oruellning qo'lidagi sigaret juda tabiiy ko'rinadi. Yozuvchi, biroz kulgili, standart bo'lmagan kiyimlarida va o'ziga xos soch turmagi bilan tasvirlangan.

Jorj Oruell 1903 yilda Britaniya Hin­distonining Motihari shahrida tug'ildi. Brita­niyalik yozuvchi, jurnalist va publitsistning asarlari sodda yozuv uslubi, totalitarizmni tanqid qilish va demokratik sotsializmni qo'llab-quvvatlashi bilan ajralib turadi. 5 yoshida u yo'lbars haqida she'r yozib, unda yo'lbarsning tishlarini “stullar”ga o'xshatadi. Besh yashar bolaning bu g'aroyib o'xshatishi atrofdagilarni hayratga solgandi. O'ttiz yoshida u “Men vaqtga begonaman”, deb yozdi va bu umr bo'yi yozgan asarlarida ham, hayotida ham   yozuvchini ta'qib qildi.

Erik bir yasharligida,   onasi va singlisi Marjori bilan Angliyaga ko'chib ketdi. 1922 yildan 1927 yilgacha Birmadagi mustamlakachilik poli­siyasida xizmat qildi, keyin uzoq vaqt Buyuk Britaniya va Yevropada favqulodda holatlarda yashab, fan­tastika va jurnalistikada ijod qilishni bosh­ladi. Hayot turli ko'rinishlarda uning asarlariga ko'cha bosh­ladi. Ilk avtobiografik romanini Ang­liyadagi eng sevimli joylaridan biri Oruell daryosi sharafiga “Jorj Oruell” taxallusi bilan nashr ettiradi.

Adabiy iste'dodini kashf etgan Bler Parijga ko'chib o'tdi va kitob yozishni boshladi. Birinchi hikoyasini nashr etar ekan, Yevropada kechgan hayotidagi sarguzashtlarni tasvirladi. U hatto Parij restoranlarida idish-tovoq yuvdi. Kitobining birinchi ko'rinishi “Idish yuvish mashinasining kundaligi” qabilida g'aroyib nomlanib, muallifning Fransiyadagi hayotidan hikoya qilgan.

1936 yilda Oruell uylandi va olti oydan so'ng rafiqasi bilan birga fuqarolik urushi boshlangan Ispaniyaga jo'nab ketdi. Urushda deyarli olti oy bo'ldi, 1937 yil Ueskadagi jangda tomog'idan jarohatlandi. U a'zo bo'lgan partiya Stalinga qarshi bo'lgani uchun 1937 yilda Oruell va uning rafiqasida hibsga olinish xavfi kuchaydi.   SSSR tarafdorlari muttasil ta'qib qilgani sabab Oruell Ispaniyani shoshilinch tark etdi.

Ispaniyadan Angliyaga qaytib kelgan Oruell sotsializm rivojlanishini qo'llab-quvvatlagan Mustaqil Mehnat partiyasi safiga qo'shildi. Shu bilan birga, yozuvchi dunyoqarashida stalinist totalitar tuzumni keskin tanqid qilish ruhi paydo bo'ldi. Jorj o'zining ikkinchi asari – “Birmadagi kunlar” romanini chiqarishga taraddud ko'rdi. Ushbu kitobda muallif hayotining ma'lum bir davri, xususan, politsiya bo'linmasida xizmat qilish jarayoni aks etgan. Bunda ijtimoiy ruh ustunlik qilgan va Jorj Oruell iste'dodli publitsist sifatida ko'zga tashlanadi.

Oruell umri davomida bir marta ham sovet Ittifoqiga bormagan bo'lsa ham Britaniya maxsus xizmatlari uni kommunistlar bilan siyosiy aloqalarda gumon qilgan. “SSSR agenti” degan sovuq gumon u tirikligida doim tirik bo'lgan. 1943 yilgacha Bi-bi-si radiosida antifashistik dasturni bosh­qargan, keyin “Tribuna” gazetasida adabiy tan­qidchi lavozimida ishlagan davrlarida qirg'inbarot urush mavzusini to'laqonli aks ettirgan kurashchanlik ruhidagi maqolalari bilan taniladi.

1938 yilda yozuvchi boshqa oila qurdi. Aylin Oshougnessiga uylandi. Er-xotinning o'z farzandlari bo'lmagan, ammo ular Richard Horatio ismli bolani asrab olishgan.

Oruellning urushdagi hayoti silliq kechmagan. U birinchi marta odam otganida yetti soat botqoqda qolib ketadi. Xotini yuborgan tumorni bag'riga bosgancha bir necha bor hujumga o'tadi. Oradan ikki yil o'tib, Londonga ham bomba tushdi. Uning bashorati amalga oshdi. Oruellning kitoblariga tafakkur chorrahalarida o'zi yashab turgan tuzumga qo'yilgan tashxis deb qaralgan. Ulardagi 137 bashoratdan 100 tasi amalga oshgan!

Jorjning rafiqasi 1945 yilda to'satdan vafot etdi. Yagona sevgan kishisini yo'qotish yozuvchi hayotini ag'dar-to'ntar qilib yuboradi. Bundan tashqari, uning sog'ligi ham joyida emasdi. Baxtsizliklar qurshovida Jorj kichik bir orolga safarga chiqdi va ko'p yillar davomida o'ylab yurgan roman g'oyasini qog'ozga tushirishga fursat tug'iladi.

Tolstoynikiga o'xshash botiniy isyon Jorjni umrbod ta'qib qildi. U muttasil vijdon qo'zg'aloni ichida yashadi! Tug'ilgandanoq tenglik va adolat g'oyalari bilan “yaralangan” edi. Oruell uchun sivilizatsiya ko'lami har doim oddiy odob-axloq negizida nafas olgan.

Harbiy harakatlar tugab, Yevropa fashistlardan ozod qilingandan so'ng, Oruell “Molxona” deb nomlangan siyosiy satirik romanini yozishga kirishdi. Asarda inqilob jarayonida hukmron elita mafkurasining evrilishi real va ki­noyali tarzda tasvirlangan. “Molxona” sobiq sovet Ittifoqida faqat qayta qurish davriga kelib nashr etilgan. Asar syujeti yozuvchi bir paytlar guvohi bo'lgan vaziyatga asoslanadi: ingliz qishlog'ida Jorj bolakay mitti tayoq bilan otni quvib ketayotganini ko'radi. O'shanda Oruell “agar jonivorlarga ong bitganida edi, ular ustidan o'zlaridan ancha zaif bo'lgan odam   hukmronlik qilmagan bo'lar edi”, deya mushohada qildi. Bu distopiya uslubida yozilgan kitob. Ushbu janr amerika yozuvchisi   Oldos Xakslining “G'aroyib yangi dunyo” romani nashr etilgandan so'ng paydo bo'ldi. Bir qator adabiyotshunos olimlar va tanqidchilar Oruellni sovet yozuvchisi Zamyatinning “Biz”da aks etgan g'oyalarni o'g'irlashda – plagiatda ayblashadi. Oruell vafotidan keyin roman asosida xuddi shu nomdagi ikkita film suratga olindi.

“Molxona” XX asrning eng dahshatli bashorati edi. “Molxona” asari so'zboshisida: “Agar so'z erkinligi nimanidir ifodalasa, bu odamlarga o'zlari istamagan narsani gapirish haqqidir” deb yozilgan.

Asarga ko'ra, Angliya Uillingdon yaqinidagi “Usadba” fermasida jonivorlar isyon ko'taradi. Hikoyaning boshida fermaga mahalliy mayxo'r dehqon janob Jons egalik qiladi. Fermada ahvol yomonlashadi. Ushbu asardagi hayvonot hukumatining asosini cho'chqalar tashkil qilgan va ular tomonidan katta omborning uchiga bo'yoq bilan yozilgan qoidalar muhim edi: ikki oyoqda yurgan – dushman, to'rt oyoqda yurgani (shuningdek, qanotlilar ham) do'stdir, hayvon kiyim kiymaydi, hayvon yotoqda uxlamaydi, hayvon sarxush bo'lmaydi, hayvon boshqa hayvonni o'ldirmaydi, barcha hayvonlar tengdir.

Kechasi cho'chqalarning eng hurmatlisi yig'ilish tashkil etadi, u jonivorlarni hokimiyatni ag'darishga chaqiradi va ular “Angliya maxluqlari” qo'shig'ini kuylaydilar. Cho'chqalar Napoleon, Snejka va Vizgun boshchiligida qo'zg'alonga tayyorgarlik ko'rishadi. Bir kuni Jons hayvonlarni boqishni unutadi va bu qo'zg'alonga sabab bo'ladi. Hayvonlar uni haydab chiqaradi va fermadagi barcha kuchlar cho'chqalar qo'liga o'tadi. Yashil dasturxon, oq tuyoq va shoxni chizish orqali o'zlarining hayvonlar hukumati bayrog'ini ta'sis etadilar. Yashil dasturxon Angliya dalalarini, tuyoq va shox esa hayvonlar mamlakatini anglatadi. Yangi barpo etilgan hayvonlar mamlakatida ular, shomdan to tonggacha ishlashlariga qaramay, o'zlarini erkin va baxtli deb biladilar.

Hayvonlar mamlakatining hukmdori bo'lgan Napoleon barcha buyruqlarni bekor qiladi, faqat bittasi, oxirgi va eng muhimini bekor qilmaydi – “Barcha hayvonlar teng, ammo ba'zilari boshqalarga qaraganda tengroqdir”. Fermadagi hayot Napoleon va unga yaqin cho'chqalar nazorati ostida bo'lib, ular hayvonlar fermasida barcha qarorlarni qabul qilishadi. Agar hayvonlar shubha qila boshlasa, atrofdagilar ularni hammasi yaxshi ekanligiga ishontiradi.

Asar qarilikdan ko'r bo'lgan Klever oti (“Xrumka”) va boshqa bir qancha hayvonlar tomosha qiladigan odamlar va cho'chqalarning janjallariyu yarashishi bilan tugaydi: “Tashqarida qolganlar cho'chqalardan odamlarga, odamlardan cho'chqalarga qayta-qayta qarashar, ammo kim kimligini aniqlash aslo mumkin bo'lmay qolgan edi”. Bu tuzum uchun eng adolatli baho edi.

Muallif keyingi romanini nima uchun aynan “1984” deb nomlaganligi noma'lum. Ba'zi tanqidchilar muallif 1984 yilga kelib, agar ijtimoiy tizimda global o'zgarishlar bo'lmasa, jamiyat romanda tasvirlangan ko'rinishga ega bo'lishiga ishonganini ta'kidlashadi. Biroq, umumiy qabul qilingan qarashlar shundan iboratki, roman nomi yozilgan yilini aks ettiradi — 1948, lekin raqamlar oxiridagi ikkita raqam teskaridan o'qiladi. U ushbu kitobni “Oxirgi odam” deb atamoqchi edi, lekin afsuski, allaqachon bu nomda kitob bor edi. Oruellning “1984” romani — baxt haqida. Ha, odamlarning ijtimoiy tengligi va umumiy Adolat to'g'risida! Oruellda quyidagi so'zlarni uchratish mumkin: “Baxt hayotning maqsadi ekanligiga ishonmaydiganlargina baxtni his qilishadi”.

O'sha paytlarda sil kasalligining davosi bo'lmagan va Oruellda ishlash tobora qiyinlashadi. Londonga qaytib kelgan Jorj Oruell 1950 yil 21 yanvarda vafot etdi. Bu vaqtda “1984” romani nashr etilganidan roppa-rosa 6 oy to'lgandi. Uning asarlari 20 jildda nashr etilgan: 5 ta roman, satirik ertak, she'rlar to'plami va tanqidiy asarlar va pub­litsistikasi to'rt jilddan iborat. Ular   60 tilga tarjima qilingan, film qilingan, maktab o'quv dasturlariga kiritilgan. Angliyada romanning ikkinchi nashri 50 ming, umuman, Qo'shma Shtatlarda 360 ming nusxada bosilgan. Dunyo kimni yo'qotayotganini uning o'limidan keyingina tushunib yetdi.

Bugungi kunda Oruellning kitoblari butun dunyo bo'ylab tarqalgan va shuhrat shohsupasini egallagan. Shimoliy Koreyada yoki radikal islom dunyosida, ehtimol uni kam odam o'qigan bo'lishi mumkindir. Ammo, bu uning shuhrati chegaralanishiga dastak bo'lolmaydi. Bir asrga yaqinlashyaptiki, dunyoning rivojlangan mamlakatlarida uning roman va pub­litsistikasi qayta-qayta nashr qilinadi.

U 38 yoshida Bi-bi-sining chet el xizmatida radio yordamchisi bo'lib ishlaydi. Prodyuser sifatida urush paytida Oksford ko'chasidagi Piter Robinson do'konidan ijaraga olgan podvalda faoliyat olib bordi. “U Bi-bi-sidagi ishini urushda ishtirok etishning o'ziga xos turi sifatida qabul qilgan”, – deydi Teylor.

Oruell dastlab hindlar uchun haftalik yangi­liklar sharhini tayyorlagan, uni hind xodimlari o'qib eshittirishgan. Ushbu nashrlarning ssenariylari 1980-yillarda topilgan va nashr etilgan.

Jorj Oruell adabiyoti va publitsistikasi billur chorrahalarda kesishadi. U insoniyat tafakkurini ozodlik va adolatga, haqiqat va tenglikka mangu chorlab turaveradi. Zotan uning chorlovlari “Molxona” va “1984” ko'rinishida insoniyat idroki silsilasiga muhrlangan. Ularda urush ko'rgan yozuvchining, qonli janglardan reportaj tayyorlagan jurnalistning mangu da'vatlari o'rin olgan. Bugun o'zbek o'quvchisi ham “Molxona” va “1984” asarlarini o'z tilida qo'lga olar ekan, muallif vijdoni isyonlarining aks-sadosini yuragining eng chuqur joylarida turib tinglaydi.

Go'zal Begim tayyorladi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − thirteen =