Shayx Nizomiy Ganjaviy “Xamsa”sini qanday tarjima qildim?

Jamol Kamol,

O'zbekiston xalq shoiri

 

Adashmasam, 2015 yilning kuz mavsumi edi. O'zbekiston Fanlar akademiyasi O'zbek tili va adabiyoti instituti Mumtoz adabiyot bo'limi mudiri, zabardast navoiyshunos olim, professor Ibrohim Haqqul xonasida gurunglashib o'tirardik. Eshik ochilib, ichkariga qadrdon ukamiz, taniqli olim va tarjimon Ergash Ochilov kirib keldi. Salom-alikdan so'ng “Sizni uchratganim ayni muddao bo'ldi, ustoz”, dedi menga yuzlanib. “Kecha Ozarbayjon elchixonasi huzuridagi Haydar Aliyev nomli Ozarbayjon madaniyat markazi raisi Samir Abbosov bir necha adabiyotshunos olimlarni chaqirib, maslahat so'radi”. — Biz Shayx Nizomiy Ganjaviy “Xamsa”sini o'zbek tiliga to'liq tarjima qilib, nashr etishga qaror qildik, yetuk shoir-tarjimon topishga yordamlashib yuborsangiz, —   dedi u. Masalani muhokama qildik. Qator nomzodlarni tilga oldik. Oxir-oqibat Sizga kelib to'xtadik. Shu xayrli ishni ham bo'yinga olasiz endi, ustoz, – dedi Ergash kulimsirab. Eshitib, rosti gap, taraddudda qoldim. Yuragim dov bermadi.

— Bu taklif bundan to'rt-besh yil oldin bo'lganida jon deb rozi bo'lardim, ko'rib turibsiz, yoshim o'tinqirab qoldi — deb e'tiroz etdim. Ergash bo'sh kelmadi, “hujum”ga o'tdi.

— Bu ishni Siz qilmasangiz, kim qiladi? – dedi u. — Bir o'rtamiyona shoirga topshirsak, shunday buyuk asarning qadrini yerga urgan bo'lamiz. Xo'p deng, Alloh o'zi madadkor bo'lib, hazrati Nizomiy, Navoiy ruhlari Sizni quvvatlaydi…

Shu onda ruhimda bir evrilish paydo bo'ldi, desam, ishoning. Yuragimda bir haya­jon qo'zg'alib, butun borlig'imni qamrab oldi. Bu holat menga avvaldan tanish. “Masnaviy” tarjimasi, Shayx Fariduddin Attor asarlari tarjimasi, Mirzo Abdulqodir Bedilning “Irfon” kitobi tarjimasi va boshqa tarjimalar oldidan ham shundoq bo'lgan. Bu Xudoyimning menga in'om etajak ilhomidan mujda desam, yanglishmasam kerak. Beixtiyor, mayli, roziman, deganimni o'zim ham payqamay qoldim.

Ertasi kun adabiyotshunos olima qizimiz Gulbahor Ashurova meni o'z mashinasida Ozarbayjon madaniyat markaziga olib bordi, Samir Abbosov bilan tanishtirdi. Gaplashdik, kelishib oldik. Bir necha kun o'tgach, Nizomiy oliygohida shoir Baxtiyor Vahobzoda xotirasiga bag'ishlab o'tkazilgan yig'inda shartnoma imzoladik. Menga biroz qalam haqi to'laydigan bo'lishdi. Keyin Shayx Nizomiy “Xamsa”sining Dushanbeda chop etilgan nusxasini taqdim etishdi. Bilasizki, buyuk shoir o'zining shoh asarini zamona podshosi talabiga muvofiq forsiyda yozgan.

Xullas, tarjimaga kirishib ketdim. Qisqa fursatda “Mahzan ul-asror”ni tarjimalab tugatdim. Keyin “Xusrav va Shirin”, “Layli va Majnun” tarjimalari   ham poyoniga yetdi. Ular Ozarbayjon madaniyati markazi mab­lag'i hisobiga oz nusxada bo'lsa-da ketma-ket nashr etildi. Shunda meni kutilmaganda Bokuga taklif etishdi. Buni tarjimalarim manzur bo'lganiga yo'ydim. Darhaqiqat, shunday bo'lib chiqdi. Alisher Navoiy nomidagi O'zbek tili va adabiyoti universitetining ikki ustozi Gulbahor Ashurova bilan professor Roza Niyozmetova menga hamrohlik qilishdi. Bizni Boku tayyoragohida gullar bilan kutib olishdi. Tadbirga boshdan-oxir Ozarbayjon milliy majlisi Fan, ta'lim, madaniyat va adabiyot qo'mitasi raisi, adiba va olima G'anira Poshshayeva rahbarlik qildi. Birinchi uchrashuvimiz mashhur YevroOsiyo universitetida bo'lib o'tdi. Talabalar mening she'rlarimni ozariy tilda yod aytishdi. Universitet ilmiy kengashi qarori nomidan menga faxriy fan doktori unvonini berishdi. Keyin tadbir Ozarbayjon Fanlar akademiyasi Nizomiy nomidagi Adabiyot institutiga ko'chdi. “Jamol Kamol va Ozarbayjon adabiyoti” mavzuida ilmiy konferensiya tashkil etilib, ozariy do'stlarimiz “Xamsa”dan qilgan tarjimalarim xususida ma'ruzalar o'qishdi, Baxtiyor Vahobzoda, Xalil Rizo kabi atoqli Ozarbayjon shoirlari bilan mening ijodiy hamkorligim haqida to'lib-toshib gapirishdi. Mening hamrohlarim, olima qizlarimiz ham yaxshi chiqishlar qilishdi. Majlisga raislik qilgan Ozarbayjon Fanlar akademiyasining vitse-prezidenti Iso Habibeyli muallimning bir so'zi xotiramda naqshlanib qoldi. “Xamsa”-ku “Xamsa”, – dedi u, – bitta “Sharafnoma” dostonini tarjima etishning o'zi shoir-tarjimon uchun naqadar   buyuk sharafdir!”

Keyin “Sharafnoma”ni tarjima qilib, bu gapning bejiz aytilmaganiga o'zim ishonch hosil qildim. “Xamsa” dostonlari orasida “Sharafnoma” tengsiz va bebaho doston degan xulosaga keldim.

O'sha konferensiya oxirida menga so'z berishganida Xudo ilhom berib, men ham xayolimga kelgan bir gapni aytdim: “Aziz qar­doshlar, — dedim men, — bugun yo'l-yo'lakay bahri Hazar sohilida osmonlarga yuksalib, hilpirab turgan muqaddas bayrog'ingizni ko'rdim. Ozarbayjonning istagan burchagidan uni ko'rish mumkin, deyishdi. Azizlar, boshingiz uzra yana bir yuksak bayrog'ingiz borki, uni dunyo­ning istagan burchagidan ko'rish mumkin. Bu – Shayx Nizomiy Ganjaviydir!” Majlis ahli oyoqqa turib, uzoq olqishladi.

Ertasi kun televidenieda biz uchun uyushtirilgan ko'rsatuvda ishtirok etdik. Abadiy qon-qardoshligimiz, adabiy birodarligimiz haqida, Nizomiy va Navoiy ustoz-shogirdligi haqida so'zladik. So'ngra Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasiga taklif etildik. U yerda meni uyushmaning faxriy a'zoligiga qabul qilishdi.

Ozarbayjon milliy kutubxonasida bo'lgan uchrashuv yanada baland ruh va shukuh ichida kechdi. Kutubxonaga o'z tarjimamda Mavlono Jaloliddin Rumiyning “Masnaviyi ma'naviy”si, Shayx Fariduddin Attorning “Mantiq ut-tayr”, “Ilohiynoma” kitoblari va “Saylanma asarlarim”ning birinchi jildini taqdim etdim. Yig'in oxirida G'anira Poshshayeva menga yuzlanib, kutilmaganda: “Ustoz, Siz yuzga kiring, Sizning yuz yoshingizni Qorabog'da nishonlaymiz”, — deganida zal oyoqqa turdi, men yuzlarga ko'zlarga boqib, Qorabog' dardi-hasrati bu xalqning qalbiga qanchalar chuqur ildiz otgani, yuraklarga tosh bo'lib botganini his etdim. Ko'zlarimdan yosh chiqib ketdi. “Omiyn, — dedim, — o'shanday kunlarga yetkazsin!..”

Buni qarangki, duolarimiz ijobat bo'lib, Ozarbayjon yo'qotgan tuproqlarni qaytarib oldi. Istilochilar Qorabog'dan haydaldi. Bu buyuk g'alaba bilan Ozarbayjon xalqi har qancha faxrlansa, arziydi. Bu go'zal va jafokash xalqni biz qardoshlar yuksak g'alabasi bilan har qancha olqishlasak oz.

Keyin Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti huzuridagi tarjima markazida suhbat bo'ldi. Kechqurun buyuk bobomiz Navoiy hazratlari haykali poyiga gullar qo'ydik. Safarimiz qaridi. Erta tongda bizni yana gullar bilan kuzatib qo'yishdi.

Samolyotda qaytayotib, o'yladim. Bu qadar mehmonnavozlik, hurmat-e'tiborga   bois nima? O'ylab, ma'nosiga yetganday bo'ldim. Men, keksa bir shoir sakson yoshimda Nizomiy “Xamsa”sining uchta dostonini o'z vazni, bahriga solib tarjima qildim. Charchab qolmadimmi? Qolgan uchta dostonni ham qiyomiga yetkazib tarjima qilish uchun kuch-g'ayrat kerak. Bu tadbir shoir-tarjimonga yangi kuch, yangi ruh bag'ishlash uchun tashkil etilmadimi? Chindanam Ozarbayjon safaridan ruhlanib qaytdim. Qizg'in taassurotlar ostida “Ozarbayjon” degan qasida yozdim. Adabiyotshunos olima qizimiz Gulbahor Ashurova uni dastlab Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazida, keyin   Ozarbayjon Fanlar akademiyasining yuz yilligiga bag'ishlangan xalqaro anjumanda o'qib, ol­qishlarga sazovor bo'ldi. O'rni kelganda aytay, shayx Nizomiy “Xamsa”sining barcha dos­tonlarini Gulbahor Ashurova nashrga tayyorladi va muharrirlik qildi. Unga chin yurakdan rahmat deyman, hazilakam xizmat emas bu!

Tarjima ishlarim yurishib ketdi. “Xamsa”ning qolgan uch doston tarjimasini ham bitirdim va ular kichik adadlarda nashr etildi. Bir kuni umr yo'ldoshim rahmatli Vohidamning qabri boshida edim. Telefon jiringlab qoldi. Eshitsam, tanish ovoz.

– Qaerdasiz? – so'radi Gulbahor.

– Yunusoboddaman, – dedim.

– Ozarbayjon Madaniyat markazidan Sizga kitob keltirib, Do'rmonda eshigingiz oldida kutib turishibdi. Nima qilishsin?

— Qo'shnimga tashlab ketishsin, – dedim. Do'rmondagi hovlimga qaytdim. Qo'shnim Ro­ziyaxon bir boylam kitob kiritib berdi. Boylamni ochib, ko'zlarimga ishonmadim. Bu Bokuda o'zbek tilida nashr etilgan Shayx Nizomiy “Xamsa”sining olti kitobdan iborat jami to'p­lami edi. “Xamsa” mening tarjimamda oz sonda bo'lsa-da Toshkentda nashr etilgani ustiga Bokuda ham nashr etilgan edi. Mana sizga himmatu saxovat, yuksak oliyjanoblik! Men uchun kutilmagan katta quvonch, syurpriz edi bu… Darhol Samir Abbosovga qo'ng'iroq qilib quvonchim, tashakkurimni izhor etdim.

Keyin O'zbekiston Fanlar akademiyasi O'zbek tili, adabiyoti va folklori institutida ozariy qardoshlar ishtirokida kitobning kamtarona taqdimoti bo'lib o'tdi. Istaymizmi, istamaymizmi, “Ummul Xamsa” – “Xamsa” lar onasi” deb Sharqda dong taratgan bu asarning to'qqiz asrdan keyin o'zbek tiliga to'liq tarjima etilishi adabiyotimizda tarixiy voqeadir.

Alisher Navoiy go'zal turkiyda insho etilgan “Xamsa”   dostonlarida har safar aziz ustozlari Amir Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiyga hurmat-ehtirom izhor etish­laridan oldin Shayx Nizomiy ruhiga yuki­nishlari bejiz emas. “Men avvalo, Nizomiydan o'rgandim, unga ergashtim, ul Zoti sharif oldida burchliman” – deydilar buyuk bobomiz. Baski, Hazrat Navoiy burchliman desalar, Alisher Navoiy nomidagi O'zbek tili va adabiyoti universiteti ham Shayx Nizomiy oldida burchlidir. Oliyhimmat ko'rsatganlarga himmat ko'rsatib, javob berish bizning ham odatimizga kiradi. Daho shoirning shoh asarini xalqimizga yetarli adadda, yuksak saviyada nashr etish, o'qib-o'rganish, ilmiy tadqiqot doirasiga tortish — sharafli vazifamizdir. Bu xayrli ishga universitet rahbariyati bosh-qosh bo'lsa, ilmiy jamoa o'zini safarbar etsa, ayni muddao bo'lur edi.

So'zimning oxirida shayx Nizomiy “Xamsa”sidan bir parcha keltiraman. Buyuk shoir, aqlu tafakkurga suyangan inson samovotga chiqib, koinotni zabt etishini bashorat qiladi. Bunga qoyil qolmay ilojingiz yuq!

 

Baland ko'k toqiga qandog' yetarsan?

Etarsan, gar o'zingni tark etarsan.

Aqldin maslahat so'rgil, tafakkur

Falak toqiga chiqmog'ingni aytur.

Aql fatvo berarkan, qo'y qadamni,

Kayoniy qasri uzra tik alamni.

Aql shayxulmashoyixdir senga, bas,

O'shandin hojating so'r, boshqadanmas…  

(“Xisrav va Shirin”,

5771- 5774 baytlar)

Xayrli ishlarimizga buyuk Nizomiy ruhi yor, Alloh madadkor bo'lsin. Omiyn!

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve − three =