Bekposhsha opaning boyliklari

Xorazm adabiy muhitida o'tmishda shoiralar kam bo'lgan. Ullibibi Otayeva nomini esa XX asr o'zbek adabiyotidagi faxrlanarli nomlar qatorida qayd etamiz. Hozirda esa viloyatda Gavhar Ibodullayeva, Sayyora Samandarova, Muhabbat Safoyeva, Sayyora Jabborzoda, Shoira Shams, Nasiba Jumatova, Durposhsha, Umida Nurzoda singari shoiralarning ko'plab she'rlari, to'plamlari o'z muxlislarini topib ulgurdi. Biroq o'tmishu bugunda ham nasrda qalam tebratgan, iqtidorini namoyish etayotgan ayol ijodkorlar kam.

Sayyora Jabborzodaning “Gavharafshon” hikoyalar to'plami, “Qismat toshi” romanining chop qilingani va “Tavqi ta'zir” hikoyasining 2023 yilda nashr etilgan “O'zbek nas­­ri antologiyasi”ga kiritilgani va boshqa adibalarning ham intilishlari Xorazm adabiy muhitidagi yutuqlardan, albatta. Biroq hanuz adibalardan ko'ra, Xorazm shoiralarining ijodi ravnaq topgan davr hozirda.

Ana shunday nasrdagi oz bo'lsa-da izlanishlar davom etayotgan, “sukunat hukm surayotgan” adabiy muhitga esa telejurnalist sifatida tanilgan Bekposhsha Xo'jayevaning hikoya, esse, xotiralari kirib keldi.

Bekposhsha opaning telejurnalist sifatida tayyorlagan ko'rsatuvlari o'z vaqtida nafaqat Xorazm, balki qo'shni Qoraqalpog'iston, Toshhovuz viloyatidagi muxlislar olqishiga ham sazovor bo'lgan. Shuning­dek, ular ichida eng dovruq taratgani “Bir kelib keting qishlog'imizga” ko'rsatuvi edi. Professional jurnalistika, biroq har bir qishloqlik bilan sodda, samimiy kechadigan suhbatlar orqali ma'lum bir hududning o'ziga xosligini ochib berish uchun ham mahorat kerak. Bekposhsha Xo'jayeva shu va shu singari ko'rsatuvlarida o'z kasbining ustasi sifatida professionallik bilan bu ishning uddasidan chiqdi va ko'plab muxlislar orttirdi.

Aynan “Bir kelib keting qishlog'imizga” ko'rsatuvi shu boisdan ham Xorazmga tashrif buyurgan xorijlik mehmonlar e'tiborini tortgan. Qozog'iston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi Abdurahim Pratov 2002 yilda vohaga qilgan tashrifida ana shu ko'rsatuvni ko'rib hayratlangan va: “Shevada ham ko'rsatuv tayyorlasa bo'larkan-da”, deya o'z fikrini bildirgandi. 2023 yildagi ikkinchi bor kelganida esa “Xorazm TV”ni qo'­yishni so'rab, o'sha mashhur ko'rsatuv va uning muallifini surishtirgandi. Bu tarzdagi qiziqish va hayratlarni men ozarbayjonlik Gulshan Kengerlinskaya, qrimlik Zera Bekirova, AQShlik sharqshunos Azizulloh Orol singari olimu ijodkorlardan ham eshitganman.

Shuningdek, Bekposhsha Xo'jayevaning kursdosh do'sti, taniqli adib, jamoat arbobi, filologiya fanlari doktori, professor Xurshid Do'stmuhammad Toshkentda ko'rishganimizda, “Bekposhshaning shevada tayyorlagan ko'rsatuvi Xorazm vohasigagina xos va bu ko'rsatuvlar vaqt o'tib Xorazm tarixining o'ziga xos jihatlarini ilmiy yoritishga asos bo'ladi”, degandi. Ha, bu e'tiroflar Bekposhsha Xo'jayevaning telejurnalistikada o'ziga xos uslub yaratganining dalolatidir. Ya'ni, olimu ijodkorlar, xorijliklar va tabiiyki, voha ahli samimiylik va g'oyatda madaniyatli holda qish­loqliklar bilan shevada qilingan gurunglarni shu boisdan ham hanuz xotirlab turishadi…

Ana shunday hayratlarga, olqishlarga sazovor bo'lgan Bekposhsha aya garchi TVdan nafaqaga chiqqani bilan ijoddan to'xtamaganini yana bir bora isbotladiki, bu u kishining nasrdagi hikoya, esse va xotiralaridir.

Bekposhsha Xo'jayevaning tug'ilib o'sgan hududiga oid oldin nashr ettirgan “Ko'hna qal'a” kitobi, undagi voqeliklar tasviri haqidagi taassurotlarni ijodkor bilan birga TVda ishlagan Abdulla Yusupov, Shuhrat Matkarimovlardan eshitgandim. Kitobni yaqinda qayta-qayta mutolaa qilib bu qadar voqeliklar, jarayonlar, qahramonlarning tasvirlanishi, muallifga xos yozish uslubi bilan oldingi — TVdagi tas­maga muhrlangan tarix endi kitob shakliga kelganiga amin bo'ldim. O'ylaymanki, agarki Urganch tarixi yaratilgudek bo'lsa, Ko'hna qal'a, undagi ko'chalar, XX asrning 50-80 yillar manzarasi ilmiy asarga asos bo'lib xizmat qiladi.

Mana endi esa izlanuvchan adiba hamyurtimizning o'zi va zamondoshlari, shuning­dek, Ko'hna qal'a bilan bog'liq voqelik­larni, turli taqdir egalarining hayot quvonchlari-yu tashvishlarini badiiy tas­virlagan navbatdagi kitobi. To'g'risi, yaqin orada bu singari birdan, zavq va mushohada bilan kitob mutolaa qilmagandim. Qahramonlar tasviri, ularning fe'l-atvorini ochib beruvchi so'zlar ifodasi, yozish uslubi faqat Bekposhsha opaga xos samimiylik ila bitilgan. Go'yoki bir paytlari dong qozongan, tasmalarga muhrlanib qolgan “Bir kelib keting qishlog'imizga” ko'rsatuvining kitob variantidek samimiy, ochiq ko'ngillik ufurib turadi sahifalardan.

Ayniqsa, Ko'hna qal'aning davomi sifatida bitilgan xotiralari tarixchi bo'lganim uchun menda qiziqish uyg'otdi. Menimcha, Urganchning yaqin o'tmishiga befarq bo'lmagan insonlar uchun Bekposhsha ayaning bu bitiklari nihoyatda qadrlidir.

Shu o'rinda men Bekposhsha opaning yozish uslubi, iqtidorini anglagan holda, qolaversa, ko'p yillik tajribasini hisobga olib, umri davomida uchrashgan davrdosh­lari haqida memuar yozsalar, Xorazm tarixining so'nggi yarim asri tarix sahifalariga ko'chgan va bu o'tmishni o'rganishda nihoyatda katta bir manbaga aylangan bo'lishini ta'kidlagim keladi.

Shuningdek, nafaqadagi sokinlikdan foydalanib ijodni yana davom ettirishini, adabiy muhitni o'zining yangi asarlari bilan boyitishini istab qolardim. Tabiiyki, bu bitiklar vaqt o'tib kelgusi avlodga Bekposhsha opadan qoladigan g'oyatda boy ma'naviy meros, boylikka aylanadi.

Umid BEKMUHAMMAD,

Xorazm Ma'mun akademiyasining

katta ilmiy xodimi, tarix fanlari bo'yicha falsafa doktori, dotsent,

“Do'stlik” ordeni sohibi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 4 =