MEROS va IXLOS

Bobur mirzo bizning avlodlarga g'urur bilan aytadigan buyuk bobomizdir. U Andijonda tug'ildi, Andijonda kamol topdi. Mana shunday ulug' ajdodlarimiz borligi, ular o'zbek farzandi ekanini hech qachon unutmasligimiz kerak. Milliy o'zligimizni anglashni ayni shundan boshlashimiz lozim.

Sh.Mirziyoyev

Muhtaram Prezidentimizning “Tarixiy merosni asrab-avaylash, o'rganish va avlodlardan-avlodlarga qoldirish davlatimiz siyosatining eng muhim ustuvor yo'nalishlaridan biridir” degan so'zlari ushbu yo'nalishda faoliyat olib borayotgan barcha olim va mutaxassislar, tadqiqotchilar uchun dasturilamal bo'lib xizmat qilmoqda.

Bobur nomli xalqaro jamoat fondi ham ko'p yillardan buyon o'z imkoniyati doirasida taqdir taqozosi bilan turli davr va sharoitlarda chetga olib ketilgan va bugungi kunda xorijiy davlatlarning nufuzli muzeylari, fondlari va ilmiy-ma'rifiy muassasalarida saqlanayotgan noyob qo'lyozma va kitoblar, arxiv hujjatlari, osori-atiqalarni o'rganish, imkon qadar ularning asl yoki ko'chirma nusxalarini mamlakatimizga olib kelish bo'yicha xayrli ishlar olib bormoqda.

Jumladan, o'tgan davr mobaynida fond tomonidan tuzilgan xalqaro ilmiy ekspeditsiya avtomashinada 420 ming kilometr yo'l bosib, 50 dan ziyod mamlakatlar bo'ylab ilmiy safarlar uyushtirdi. Ushbu safarlar chog'ida Vatanimiz tarixi va madaniyatiga oid muhim yangiliklar izlab topildi, bizda mavjud bo'lmagan manbalar qo'lga kiritildi va ular Andijon shahridagi Bobur bog'ida tashkil etilgan “Bobur va jahon madaniyati” kitob muzeyida mujassamlashtirildi. Kitob muzeyi ekspozitsiyasidan 1000 ga yaqin nodir qo'lyozma asarlar va kitoblar, qimmatli manbalar, arxeologik va me'moriy yodgorliklarning namunalari o'rin oldi.

Xususan, “Boburnoma”ning Hindistondagi “Salarjang” muzeyida saqlanayotgan Haydarobod nusxasidan ko'chirma, Bobur mirzo kashf etgan “Xatti Boburiy” alifbosida bitilgan Qur'oni karim nusxasi, “Bobur kulliyoti”ning Eron nusxasidan ko'chirma hamda “Boburnoma”ning turli tillarga tarjima qilingan 20 dan ziyod qo'lyozma nusxalari va davriy nashrlari muzeyga fayz bag'ishlab turibdi.

Xorijdan olib kelingan qimmatli manbalarning ellikka yaqini fond tomonidan tarjima va tabdil qilinib, chop ettirildi. Xarold Lembning “Bobur — yo'lbars”, Muhammad Haydar Mirzoning “Tarixi Rashidiy”, Rumer Godenning “Gulbadan”, Vilyam Rashbrukning “O'n oltinchi asr bunyodkori”, Xondamirning “Buyuklik xislati”, “Habib us-siyar”, Fris Vyurtlening “Bobur — yo'lbars” (“Andijon shahzodasi”), Samyuel Berk­ning “Akbar — boburiylarning eng buyugi”, Iroj Aminiyning “Ko'hinur — Boburning olmosi”, Ismatulloh Mo''jiziyning “Tavorixi musiqiyun” asarlari, shu­ningdek, “Boburnoma”ning zamonaviy o'zbek tiliga tabdili, “Boburnoma miniatyuralari”, “Bori elga yaxshilik qilg'il”, “Shamollarga uchgan nidolar”, “Tarixlarda temuriylar siymosi”, “Boburiylardan biri” kitoblari va bosh­­qa chop etilgan asarlar shular jumlasidandir.

O'zbek boburshunoslarining keyingi yillardagi izlanishlari natijasida yuzaga kelgan “Bobur va Yuliy Sezar”, “Bobur haqida o'ylar”, “Asrlarni bo'ylagan Bobur”, “Boburiynoma”, “Buyuklar izidan”, “Andijondan Dakkagacha”, “Andijondan Bag'dodgacha”, “Xorijda boburshunoslik”, “Boburnoma” uchun qisqacha izohli lug'at”, “Markaziy Osiyo va Hindiston tarixida boburiylar davri”, “So'zga aylangan qilich”, “Buyuk sohibqiron izidan”, “Tarixlarda temuriylar siymosi”, “Risolai Boburiyya” va boshqa ko'plab asarlar fond homiyligida nashr qilindi.

Yana maqolada shuni alohida ta'kid­lashni istardikki, xalqaro ekspeditsiyalarimiz davomida madaniy boyliklarimiz bo'lgan, buyuk ajdodlarimiz mangu qo'nim topgan maskanlarni topishga muvaffaq bo'ldik. Muhammad Muso al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad al-Farg'oniy, Al-Farobiy, Xis­rav Dehlaviy, Mavlono Lutfiy, Ali Qushchi, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Kamoliddin Behzod, Boborahim Mashrab kabi buyuk siymolarning so'nggi manzillari ziyorat qilindi va ularning hozirgi kundagi holati o'rganildi. Natijada esa afg'on yurtida qarovsiz qolib, deyarli xarobaga aylangan Mavlono Lutfiy, qisman Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod, Boborahim Mashrab kabi buyuk ajdodlarimizning qabr-maqbaralari sharqona uslub asosida, bugungi kun talabi darajasida obodonlashtirilib, ziyoratgohlarga aylantirildi va aylantirilmoqda. Shu­ningdek, Abu Rayhon Beruniyning G'aznadagi, Al Farobiyning Damashqdagi, Muhammad Haydar Mirzoning Kashmir viloyatidagi, Ali Qushchining Istanbul shahridagi qabrlarini ham obod etish loyihalari rejalashtirilmoqda.

Fond nizomida belgilangan vazifalarni bajarish jarayonida G'arb va Sharq boburshunoslarining aloqalari mus­tahkamlandi. Xususan, o'tgan yillar davomida fondning Qirg'iziston, Afg'onis­ton, Hindiston, Pokiston, Ozarbayjon, Turkiya, Yaponiya, Germaniya, Misr, Shvetsiya, Rossiya kabi o'ndan ziyod davlatlarda Bobur nomli xalqaro jamoat fondining ijtimoiy bo'limlari ochildi. Ularning yordami bilan Bobur va boburiylar, temuriylar va boshqa buyuk ajdodlarimizga tegishli bo'lgan qo'lyozmalar va noyob ki­toblarni yurtimizga olib kelish imko­niyati yanada kengaydi.

Xorijda va O'zbekistonda boburshunoslik rivojiga katta hissa qo'shayotgan olim va ijodkorlarni rag'batlantirish maqsadida fond tomonidan Bobur Xalqaro mukofoti ta'sis etilgan. Hozirgacha ushbu mukofotga 20 nafardan ziyod boburshunoslar sazovor bo'ldi. Ular orasida yapo­niyalik taniqli olim Eyji Mano, amerikalik boburshunos Uiler Tekston, germaniyalik Klaus Shoning, ozarbayjonlik Ramiz Asker, afg'onistonlik Shafiqa Yorqin, respublikamizdan taniqli olimlardan Azizxon Qayumov, Sabohat Azimjonova, Abdulla A'zamov, Saidbek Hasanov, Sayfiddin Jalilov, Vahob Rahmonov hamda Pirimqul Qodirov, Xayriddin Sultonov, Sirojiddin Sayyid, Omina Tojiboyeva kabi adib va shoirlar bor.

Turkiyalik taniqli professor, Bobur xalqaro mukofoti sovrindori Bilol Yujel tomonidan shoh va shoir bobomizning Parij milliy kutubxonasi, Istanbul universiteti, To'pqopi saroyi, Revand va Rampur kutubxonalarida saqlanayotgan she'riy qo'lyozmalari asosida mukammal devoni yaratilganini keyingi yillarda boburshunoslikda erishilgan ulkan yutuqlardan biri sifatida e'tirof etsak arziydi.

Rossiya Fanlar akademiyasining turkologiya instituti hamda Bobur nomli xalqaro jamoat fondi hamkorligida taniqli turkolog olima, Rossiya Fanlar akademiyasining muxbir a'zosi Anna Vladimirovna Dыbo va arabshunos, hamyurtimiz Shokirxon Rustamxo'jayev hammuallifligidagi “Zaxiriddin Muxammad Babur. Baburidы. Bibliografiya” kitobi, shuningdek, fondimiz tomonidan tarixda birinchi bor “Bobur ensiklopediyasi” yaratilgani va ikki marta nashr (2014, 2017 yillar) etilgani, hech shubhasiz, jahon boburshunoslik fani rivojidagi muhim madaniy voqealardan biri bo'ldi.

Ma'lumki, bundan ikki yil muqaddam muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifi davomida Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog'ida ham bo'lib, “Bobur va jahon madaniyati” kitob muzeyi bilan batafsil tanishgan edilar. Ushbu kitob muzeyini yanada kengaytirish va Bobur bog'ini jahon andozalari darajasida ta'mirlash, uni respublika maqomidagi maskanga aylantirish, shoirning ramziy qabr-maqbarasini obod qilish yuzasidan zarur topshiriqlar, qimmatli maslahatlar bergan edi.

O'tgan qisqa vaqt ichida bu borada ko'p­lab amaliy ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Bobur bog'i, ulug' ajdodimizning ramziy qabr-maqbarasi, kitob muzeyi va boshqa madaniy inshootlar rekonstruksiya qilinib, bog' hududi yanada obodonlashtirildi.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yildagi qarori bilan Andijon viloyatidan faqatgina Bobur bog'i xalqaro turizm marshrutiga kiritilgan. Hozirgi kunda ushbu maskanda “Ma'naviyat markazi”, “Bobur va jahon madaniyati”, “Andijon shaharsozlik madaniyati tarixi” muzeylari, observatoriya, kutubxona, sport komplekslari ma'naviyat o'chog'i sifatida faoliyat olib borib, yoshlarimizga temuriylar va boburiylar tarixini o'rganish, shuningdek, ularning ma'naviy dunyoqarashini o'stirishda baholi-qudrat xizmat qilib kelmoqda. Bu joyda fond tashabbusi bilan qator xalqaro ilmiy konferensiya va seminarlar, turli uchrashuv va madaniy-ma'rifiy tadbirlar bo'lib o'tadi.

O'tgan davrda olib borilgan ilmiy-­ijodiy izlanishlar davomida Bobur xalqaro ilmiy ekspeditsiyasi jahondagi ko'plab fondlarda yurtimizning uch ming yillik tarixiga, xususan, baqtriylar, so'g'diylar, kushonlar, qoraxoniylar, angushteginlar va xonliklar davrlaridan boshlab to chor Rossiyasi hukmronligi davrigacha va undan keyingi zamonlarga oid qo'lyozma, tosh­bosma hamda toshbitiklar, san'at asarlari, tarixiy yodgorlik namunalariga duch keldi. Bobur nomli xalqaro jamoat fondi bu borada mamlakatimizdagi va chet ellardagi barcha manfaatdor ilmiy tashkilot va muassasalar, yangi tashkil qilingan birinchi navbatda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O'zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O'zbekis­ton Fanlar akademiyasi, Oliy ta'lim vazirligi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda ish olib bormoqda.

Shu o'rinda fond oldida katta vazifalar turganini va ular bizning kelgusidagi ish rejalarimizga kiritilganini alohida ta'kidlab o'tish joiz.

Masalan, “Boburnoma”ning 18 yillik voqealar aks etgan sahifalari yo'qolgan bo'lib, ularning taqdiri bizga hozirga qadar ma'lum emas. Shuningdek, Boburning “Harb ishi”, “Musiqa sirlari”, “Qofiya” asarlari, Gulbadanbegimning “Humoyunnoma” asarining bir qismi ham bugungi kunga qadar topilmagan. Bu nodir ma'naviy boyliklarni izlab topib, xalqimizga, ilmiy jamoatchilikka yetkazish birinchi galdagi vazifalarimizdan hisoblanadi.

Bu borada O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 24 mayda qabul qilingan “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ'ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori mustahkam asos bo'lib xizmat qilishi, shubhasiz. Ana shu tarixiy hujjatga asosan hozirgi kunda buyuk ajdodlarimiz qoldirgan ilmiy-­ijodiy meros namunalarining nusxalarini Vatanimizga olib kelish imkoniyatlari yanada kengaymoqda.

Mamlakatimizdagi yetuk boburshunos olimlar ishtirokida 2021-2022 yillar davomida amalga oshirilayotgan eng muhim ishlarimizdan biri bu – Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasining o'zbek tilidagi 3-nashrini hamda uning rus va ingliz tillaridagi nashrlarini chop ettirishning rejalashtirilganligidir. Ensiklopediyaning ushbu 3-nashriga bosh muharrir sifatida filologiya fanlari doktori, professor Hamidulla Boltaboyev, muharrir o'rinbosari sifatida tarix fanlari doktori, professor Abdumajid Madraimovlar tayinlangan.

Ensiklopediyaning rus va ingliz tillaridagi nashrlarini tayyorlashga Andijon davlat universitetining rus va ing­liz tili fakultetining malakali mutaxassislari bilan shartnomalar tuzilib, amaliy ishlar olib borildi. Ayni payt­­da esa filologiya fanlari doktori, professor Shuhrat Sirojiddinov ensiklopediyaning ingliz tilidagi nashrini tahrir qilib, nashr ettishga tayyorlamoqda.

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, matnshunos olim Vahob Rahmonov esa ensiklopediyaning rus tilidagi variantini rus tili mutaxassisi Anna Ivanova bilan hamkorlikda tahrir qilmoqda.

Taniqli shoir, ijodkor, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi Mirzo Kenjabek Zahiriddin Muhammad Boburning 6 jilddan iborat bo'lgan tanlangan asarlar to'plami — Kulliyotni nashr qilish maqsadida ilmiy izla­nishlar olib bormoqda. Inshaalloh, 2022 yil yakuniga borib Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasining o'zbek tilidagi 3-nashri hamda uning rus va ingliz tilidagi nusxalari tayyor bo'ladi, ziyoli o'quvchi va olimlarimizga yetib borib, ilmiy iste'molga kiritiladi.

Demak, ota-bobolarimizning qutlug' qadami yetgan yoki yetmagan joylarga ularning bebaho ilmiy kashfiyotlari, adabiy-badiiy, dunyoviy va diniy san'at asarlari yetib borgani to'g'risida men ilgari ham ko'p marta chiqishlar qilganman, maqola va suhbatlarimizda bu haqda maxsus to'xtalib ham o'tganman. Shu bois o'zimning qu­yidagi amaliy takliflarimni bildirib o'tmoqchiman:

Birinchi taklif shundan iboratki, Prezidentimiz tashabbusi bilan katta xarajat va harakatlar natijasida yurtimizga qaytariladigan madaniy boyliklar faqat mutaxassislar, ilmiy-tadqiqot muassasalari doirasida qolib ketmasdan, balki ulardan xalqimiz, keng jamoatchilik, yoshlarimiz ham bahramand bo'lsin.

Buning uchun eng zamonaviy usul va vositalardan foydalanishimiz talab etiladi. Jumladan, mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga oid xorijdagi madaniy boyliklar haqida ilmiy-ommabop ko'rsatuv, hujjatli film, maqolalar va tezislar tayyorlab, ommaviy axborot vositalari, internet tarmoqlari orqali keng jamoatchilikka yetkazish; ular haqidagi bibliografik to'plamlar, kitob-albomlar va boshqa matbaa mahsulotlarini turli tillarda nashr etib borish, muntazam ravishda maxsus ko'rgazmalar, ilmiy seminar va treninglar o'tkazib turish zarur.

Ikkinchi taklif qadimiy yozma manbalar bilan ishlaydigan mutaxassislarni tayyorlash masalasiga oiddir.

Xo'sh, bugun mamlakatimizda, aytaylik, so'g'd yozuvini o'qiy oladigan qancha mutaxassis bor? Aniqki, ular juda sanoqli. Ko'hna va boy tariximiz aks etgan boshqa minglab manbalardagi bitiklarni o'qiydigan va bu haqda ilmiy xulosalar bera oladigan kadrlarimiz yetarlimi? Yetarli bo'lsa, nima uchun Sharqshunoslik instituti fondida saqlanayotgan 25 mingta qo'lyozma, 40 mingdan ziyod toshbosma, 5 mingdan ortiq tarixiy hujjatlar – jami 300 mingdan ziyod asarlarning aksariyati hamon o'z tadqiqotchisini, tarjimonini, noshirini, auditoriyasini kutib turibdi?

Men bu masalaga vazirlik va idoralar, olim va tadqiqotchilar, ziyolilar — barchamiz birgalikda yechim topishimiz tarafdoriman.

Uchinchi taklif shuki, chet ellarda saqlanayotgan yurtimizga oid tarixiy eksponatlar, osori-atiqalarni o'rganish, ularning asl yoki ko'chirma nusxalarini, foto va videotasvirlarini mamlakatimizga olib kelish bo'yicha xorijda saqlanayotgan namunalar bibliografiyasini tuzish lozim. Ayni shu maqsadda Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijiy davlatlardagi elchixonalarimizning imkoniyatidan samarali foydalanish maqsadga muvofiq bo'lar edi.

Zahiriddin Muhammad Bobur mavzusi yuzasidan ayrim tarixiy asarlarni qaytadan mutolaa qilishga to'g'ri keldi. O'qib o'rganish jarayonida Mir Alisher Navoiy haqida ham yangi ma'lumotlar olindi.

Bobur mirzo yozadi: “Andijon eli turkdur. Shahri va bozorisida turkiy bilmas kishi yo'qtur. Elining lafzi qalam bila rosttur. Ani uchunkim, Mir Alisher Navoiyning musannofoti, bovujudkim Hirida nash'u namo topibtur, bu til biladur” (Boburnoma 2002 y. 34-bet).

Alisher Navoiy va Bobur mirzo bir davrda yashab ijod qilishganligi bizga ma'lum. Boburning “Boburnoma” asarining yarim sahifalari yo'qolgan bo'lib, ushbu sahifalarda, uning Andijonda tavallud topgani bilan bog'liq ma'lumotlar bo'lishi mumkin edi. Ma'lumki, “Boburnoma” va boshqa tarixiy manbalarda Alisher Navoiyning bobolari Sohibqiron Amir Temur xonadonlarida sadoqat bilan xizmat qilgani qayd etilgan.

Yana mumtoz muarrixlar Abdurazzoq Samarqandiyning “Matla'i Sa'dayn” va Mirxondning “Ravzat us-safo” asarlarida keltirilishicha, Alisher Navoiyning bobosi Amir Temurning ikkinchi o'g'li Umarshayx mirzo bilan emikdosh-ko'kaldosh bo'lganligi haqida aniq eslatma bor.

Taniqli olimlar Sabohat Azimjonova va Aziz Qayumovlar o'zlarining “K istorii Ferganы vtoroy polovinы XV veka” (Tashkent, 1957 g.) va “Zahiriddin Muhammad Bobur” (Toshkent, 2008 y.), “Bobur davrida Andijon adabiy muhiti” (Toshkent. 2009 y.) nomli asarlarida Umarshayx va Boburning poytaxt shahar Andijonda yashagan davrini, ularning siyosiy va harbiy faoliyatini yoritib, Andijon adabiy-madaniy muhiti to'g'risida o'sha davrdagi shaharsozlik madaniyatiga xos bo'lgan qimmatli ma'lumotlarni ham bitganlar. Akademik Aziz Qayumov bu haqida “Boburnoma” va boburiylarga oid boshqa asarlarda ham ko'rsatilishicha, har bir savodli xonadonda Alisher Navoiyning she'rlari eski o'zbek-turkiy tilning Andijon lahjasida yozilganini qayd etgan va ular shu bilan faxrlanar edi. Bunday xonadonlar Andijonda juda ko'p bo'lgan. Yana o'z davrining mashhur musiqa ustasi bo'lgan Xoja Yusufiyning xuddi Alisher Navoiydek andijonlik ekanini g'urur bilan tilga olib, bu bilan hamma mag'rurlanganligi haqida aytilgan.

Taniqli navoiyshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor, Shuhrat Sirojiddinov joriy yilning boshida (https://ia-centr.ru/publications/k-voprosu-kakoe-otnoshenie-imeet-alisher-navoi-k-uzbekistanu-i-gde-ego-rodina-chast-2/) internet tarmog'ida e'lon qilingan “K vop­rosu: kakoe otnoshenie imeet Alisher Navoi k Uzbekistanu i gde yego Rodina? (“Alisher Navoiyning O'zbekistonga qanday aloqasi bor, uning Vatani qaerda? masalasiga oid”) nomli maqolasida Alisher Navoiyning Hirotda tavallud topmaganligini va bu biror ishonchli manbada yozilmaganligini qayd etib o'tgan. Olim ulug' shoirning barcha asarlari sof Andijon shevasida bitilganligini alohida ta'kidlagan.

Men Afg'oniston Islom respublikasining Hirot shahrida ko'p marotaba bo'lib, undagi kutubxona, muzey, shuningdek, universitet kabi ma'rifiy maskanlarning mutaxassislari bilan bu mavzuda ko'p bora suhbatlashdim. Suhbatlarimiz natijasi shuni ko'rsatdiki, ularda ham Alisher Navoiyning Hirotda tug'ilganligi to'g'risida aniq bir ma'lumot yo'q. Alisher Navoiy o'zining “Vaqfiya” asarida   ota-bobolarining temuriylar, xususan, uning otasi Boyqaro saroyida yuqori mavqelarda xizmat qilganligi borasida xabarlar bitgan. “Agarchi bu xoksorning ota-bobosi ul hazrat (Husayn Boyqaro)ning bobo va ajdodi xizmatlaridakim, har biri saltanat konining gavhari va shujoat beshasining g'azanfari erdilar — ulug' marotibga sazovor va biyik manosibga komgor bo'lg'on erdilar”.

Sohibqiron Amir Temur o'g'li Umarshayx mirzo Andijon hukmdori bo'lib turgan davrdagi poytaxt Andijonning mashhur kishilaridan biri   Xizr o'g'lonning qizi Mulkat Og'aga uylangan. Ular Iskandar va Boyqaro ismli o'g'il farzand­lar ko'rishgan. Biz yuqorida ko'rsatganimizdek, Alisher Navoiy o'zining “Vaqfiya” asarida ota-bobolarining Amir Temurning nabirasi Andijondagi Boyqaro saroyida oliy mansablarda xizmat qilganini yozadi. Bu esa Alisher Navoiy va Boyqarolarning mazkur oliy dargohda tug'ilib, ota-ona bag'rida, oila davrasida kamol topib, tili Andijon shevasida chiqib, Andijon shevasiga xos shakllanganligini aniq ko'rsatib bermoqda.

Qirg'izistonning taniqli adibi Begijon Ahmedov ham o'zining “Tafakkur bo's­toni” kitobida ushbu masala yuzasidan quyidagi izohlarni keltirib o'tadi.

Birinchidan, Alisher Navoiy ota-bobolarining kelib chiqishi asli poytaxt Andijonga juda yaqin hudud bo'lgan Aravon shahridan bo'lganligini, ikkinchidan, Alisherning Andijonda tahsil olganligini, uchinchidan, u Yusuf Andijoniy, Yusuf Safoviy, Qiyomiddin Tavg'ach singari tolibi ilmlar bilan birga saboq olganligini va to'rtinchidan esa ulug' Navoiy o'zining durdona asarlarini Andijon shevasida yozganligini, tarixdan ma'lumligini ta'kid­lab o'tadi.

Demak, Begijon Ahmedov o'zining ushbu ma'lumotlarini O'zRFA muxbir a'zosi, navoiyshunos olim rishtonlik Boqiy domla ham ilmiy xulosalariga qo'shimcha sifatida keltirganligini yozgan (“Tafakkur Bo'stoni”. 2015 y.).

Ammo adolat nuqtai nazaridan baholasak, Alisher Navoiyning ota-bobolari emikdosh-ko'kaldosh bo'lib, go'yo yaqin qarindoshlardek Andijonga kelgan. Bu esa o'z navbatida Sohibqiron Amir Temurning o'g'li Umarshayx mirzo bilan bir saroyda yashaganini ko'rsatmoqda.

Odatda, go'dakning tili u ulg'ayayotgan muhit hamda ota-onaning og'zaki nutqiga, o'zaro so'zlashish madaniyatiga qarab shakl­lanadi. Bola Alisherning oilasidagi yuksak ma'naviy muhit uning yoshligidan adabiyot va san'atga juda erta mehr qo'yganligini davrimizning ziyoli kishilari yaxshi biladi.

Yuqorida biz tilga olgan ishonchli manbalarga tayanib, g'urur va iftixor tuyg'usi bilan shuni alohida aytish mumkinki, qadimdan dunyo tamadduniga yuksak madaniy ko'tarilishi bilan hissa qo'shgan fozil shahar Andijonning adabiy, madaniy va ilmiy muhitida ko'z ochib, dunyo­­ni ilk bora tanib, tarbiyalangan buyuk ajdodlarimizdan biri Mirzo Bobur bo'lsa, yana biri esa ulug' mutafakkir Alisher Navoiy bobomizdir.

To'g'ri, tarixda Hirot Amir Temur davlati boshqaruvida bo'lgan Xuroson davlatining poytaxti hisoblangan, hozirda esa ular Afg'oniston Islom respublikasi hududidagi mashhur shaharlarga aylangan Hirot va Kobulda ijod qilishgan, shuning­dek, o'z ijodlari bilan dunyo tamadduniga katta hissa qo'shgan har bir ziyoli inson tomonidan e'tirof etilishi, faxr tuyg'ularini uyg'otishi tabiiy. Ularning ulug' siymosi asrlar osha xalqimiz xotirasida ham muhrlanib qolgani bori haqiqatdir.

Demak, adabiyotshunos, sharqshunos, tarixchi olimlarimiz uchun ilmiy izla­nishlar olib borishga arziydigan ishlardan biri Alisher Navoiy tarjimai holini yangi ma'lumotlar bilan boyitishdir. Bu borada esa qator omillar Andijonda yetarlidek.

Sohibqiron Amir Temurning o'g'li Umarshayx mirzo va uning o'g'illari Iskandar, Boyqaro, Said Ahmad mirzolar va Mironshoh mirzoning avlodlaridan bo'lgan Sulton Abusaid mirzoning o'g'li Umarshayx mirzo va uning o'g'li Bobur mirzolar poytaxt Andijonda turib, 130 yil, ya'ni hokimiyat Shayboniylar qo'liga o'tgunga qadar farmonbardorlik qilib kelishgan.

Xullas, Alisher Navoiyning Boyqaro hazratlarining saroyida Andijon shahrida tug'ilib, voyaga yetib, Andijon shevasida ota-onaning ta'sirida tili yillar davomida shakllanganligini aniq ko'rsatib, u 10-12 yoshlarga kirib qolgan davrda o'sha mahalda tinch o'lka bo'lgan Hirot shahriga ko'chib borganligi bori haqiqatdir.

Telefon orqali bo'lib o'tgan suhbatlarimizning birida men daho shoir Navoiyning Andijonda tavallud topganligi, bu yerda ma'lum muddat yashaganligi xususida taniqli navoiyshunos olim, professor Shuhrat Sirojiddinovga murojaat qilgan edim, shunda u: “Zokirjon aka, shunday bo'lishi mumkin, men bugun xorij­ga uchib ketayotibman, kelganimdan keyin sizga albatta qo'ng'iroq qilaman, fikrlashamiz”, degan javobni aytgan edi.

Biz esa ma'lum muddatgacha kutdik. Shundan so'ng tarix fanlari doktori, professor Boqijon Matboboyev va taniqli matnshunos olim, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Vahob Rahmonovlar bilan “Farg'ona vodiysida Bobur qurdirgan maqbara topildi” deb nomlangan maqolamizni “Bobur va dunyo” jurnalida nashr qildik hamda ushbu nashrda   yuqorida biz keltirilgan ishonchli manbalar asosida Alisher Navoiyning tug'ilgan joyi bilan bog'liq masala ham yoritilgan edi. Ammo biroz vaqt o'tib, Shuhrat Sirojiddinov “Ma'naviy hayot” jurnalining 2019 yilgi 2-sonida “Navoiy Hirotda tug'ilgan…mi?” degan maqolasini chop ettirdi. Hatto navoiyshunos olim mazkur maqolada Xo'jand universiteti (Toji­kiston)ning professori A.Abdusalomovga (Alloh rahmatiga olgan bo'lsin) Xondamirning “Ravzat us-safo” asarining shaharlar ta'rifi qismidagi Navoiyning Sova shahrida tug'ilganligiga oid ma'lumotga e'tiborini qaratganligi uchun alohida minnatdorchilik bildirgan. Ushbu masalada muallif Navoiyni Eron davlatining Sova shahrida tug'ilganligini ta'kidlamoqda.

Podshoh Bobur muhtasham “Boburnoma” asarida Andijon aholisi Alisher Navoiy asarlari tilida so'zlashganini yozib, shu bilan birga ulug' shoirning ona tili Andijon shevasiga rost kelishini ta'kidlaydi.

Professor Shuhrat Sirojiddinovning Sulton Husayn Boyqaro va Navoiy oilalari ko'p yillar oralig'ida Kobulda yashaganliklari haqidagi fikri kishida qiziqish uyg'otadi. Shu qiziqishimiz bilan Sulton Husayn Boyqaro va Alisher Navoiy Kobulda tug'ilganligini taxmin qilish ham mumkin yoki Navoiy bilan bog'liq hech bir manbalarda u aynan Hirotda dunyo­­ga kelgani aytilmagan deb tushuntirish beradi olim.

Shunday ekan olimning internet tarmog'ida bergan ma'lumotiga ko'ra, Alisher Navoiy Kobulda tug'ilgan.

Qizig'i shundaki, hurmatli professor Shuhrat Sirojiddinov keyingi 1-2 yil ichida Alisher Navoiyni goh Andijonda, goh Eron davlatining Sova shahrida, goh Kobulda tug'ilganligini e'lon qilib kelmoqda.

Qirg'izistonlik mualliflarning yozishicha, Sohibqiron AmirTemurning o'g'li Shohruh mirzo poytaxtni Hirotga ko'chirgach, ikki ming harbiy suvoriyni poytaxt Samarqanddan poytaxt Hirotga chaqirib olgan. Chaqirib olingan xarbiy suvoriylar orasida esa Isomiddin Polvon ham bor edi. Hirotga yetib borilgach, hukmdor Shohruh mirzo Isomiddin Polvonni lashkarboshi Amir Bug'aning Shahribonu ismli go'zal qiziga uylantirgan. Ular o'g'il farzand ko'rishib, bolaga G'iyosiddin ismini qo'ygan. G'iyosiddin kichkina (polvon) voyaga yetgach, mashhur harbiy sarkarda Abu Sa'id Changning qizi Halimabonuga uylanadi va ularning nikohidan olamga mashhur daho so'z san'atkori Nizomiddin Amir Alisher Navoiy tug'iladi.

Bobur mirzo “Boburnoma” asarini yozishini taxtga o'tirgach, ya'ni 12 yoshidan bosh­lagan bo'lib, Alisher Navoiyning Andijonda yashagan davri yozilmagan bo'lishi mumkin degan tushuncha kelib chiqadi.

Yuqorida biz keltirib o'tgan ma'lumot va izohlarga bog'liq o'rinlar bor. Chunki, odatda, bolaning tili (shevasi), u ulg'aygan oila muhitida, ota – onasining og'zaki nutqiga, so'zlashishiga qarab shakllanadi. Agar ushbu masalaga shu nuqtai nazardan qarasak, Hazrati Mir Alisher Navoiyning tili andijonliklarning shevasiga — bugungi adabiy tiliga aynan mos keladi.

Ma'lumki, Afg'oniston Islom davlatining asosiy xalqi pushtun millatidan iborat bo'lib, o'zbek-turkiyzabon xalqlariga nisbatan yaxshi munosabatda, muomalada bo'lmagan. Shuning uchun ham o'sha davrda dafn etilgan buyuk ajdodlarimiz Abu Rayhon Beruniy, Alisher Navoiy, Sulton Husayn Boyqaro kabi buyuk siymolarning qabrlari vafot etganidan keyin ham qayta ochilgan, o'rganilgan. Andijon shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomli milliy istirohat bog'idagi “Bobur va jahon madaniyati” kitob muzeyida mavjud Hirot va Afg'oniston tarixi bilan bog'liq kitoblarda ham mutaxassislarning fikriga ko'ra, Alisher Navoiy haqida bir jumla ham qayd qilinmagan.

Navoiy tug'ilgan maskan bilan bog'liq xulosamiz shuki, yuqorida keltirilgan fikrlarning isboti sifatida yaqinda men suhbat qurgan bir guruh eronlik va afg'onistonlik olimlarning fikr­lariga asosan shuni ishonch bilan ayta olamanki, Alisher Navoiyning Eron va Kobul atrofidagi shaharlaridan birida tug'ilganligi haqida gap bo'lishi mumkin emas.

Fondimiz amalga oshirgan ayrim ishlar davlatimiz rahbari tomonidan e'tirof qilingan bo'lib, unda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning quyidagi so'zlarini yodga olamiz: “Navoiy va Bobur ijodiy merosini chuqur o'rganish va targ'ib qilish bo'yicha katta-katta ishlar amalga oshirilgani sizlarga yaxshi ma'lum. Afg'onistondagi qonli urush tufayli Alisher Navoiy bobomizning vayrona bo'lib yotgan qabr-­maqbarasini tiklash va obod qilish maqsadida Bobur nomli xalqaro jamoat fondi a'zolarining mamlakatimizdagi te­gishli tashkilotlar ko'magida o'tgan yili Andijondan Hirot shahriga 2150 tup manzarali daraxt ko'chatlarini olib borib, maqbaralar atrofiga ekkani hamda u joyda ulkan ishlarni bajarib qaytganidan, o'ylaymanki, sizlar ham albatta xabardorsiz. Shu bilan birga Zokirjon Mashrabov Alisher Navoiyning ustozi Mavlono Lutfiy va mashhur musavvir Behzod hazratlarining xarobaga aylangan, ayanchli holatdagi qabr-maqbaralarini qaytadan tiklab, ziyoratgohlarga aylantirdi. Savob ishni har kim, har kuni qilishi kerak degan so'zlarni o'ziga shior qilib yashayotgan bu fidoyi insonga, kelinglar, hammamiz birgalikda yangi kuch-g'ayrat, uzoq-umr, sihat-salomatlik tilaylik. Hozirgi Afg'onistondagi holatdan kelib chiqib, Alisher Navoiy qabr-maqbarasini qayta bugungi kun talabidagidek tiklash haqida Bobur nomli xalqaro jamoat fondi olib borayotgan ishlarni ma'qullaymiz va yaqin kunlarda Navoiydek buyuk siymo   maqbarasini jahon andozalari darajasidagi mashhur ziyoratgohga aylantirish lozim bo'lib, bu buyuk siymo mangu qo'nim topgan bog'ni Alisher Navoiy nomi bilan atalishi maqsadga muvofiq bo'ladi, degan umiddamiz”.

Zokirjon MAShRABOV,

Bobur nomli xalqaro jamoat fondi raisi, O'zbekiston Respublikasida xizmat

ko'rsatgan madaniyat xodimi,

tabiatshunos olim.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen + seventeen =