ONAJONLAR, RANJIMANG!
Yoki sadoqatning, e'tiqodning, ezgulikning chegarasi bo'lmaydi
Tarki odat — amri mahol deydilar, bilgan va ko'rgan voqealarim qalbimga tinchlik bermadi. Garchi mahalla raisi, onaxonlarning yaqinlari hazrati Jaloliddin Rumiyning “Fihi mo fihiy”, ya'ni “Nimaki unadadir — undandir,” degan ulug' hikmatlarini eslatishsa-da, bu voqeadan shunchalik mutaassir bo'ldimki, uni mushtariylarimizga ulashishni lozim, deb bildim. Bu haqda sal keyinroq…
Abdulla Qahhorning “Kampirlar sim qoqdi,” nomli hikoyasini o'qigansiz. Kampirlar ishlashib, rejani bajarishgach, markazqo'mgacha jar solib “raport” — bildirgi berishadi. Ha, endi bu mustabid tuzum ma'naviy mafkura(ideologiya)sining o'ziga xos badiiy “qizil portreti,” desa ham bo'ladi. Aslida-chi, aslida o'zini ko'z-ko'z qilish millatimiz fe'liga, mentalitetiga mutlaqo xos bo'lmagan narsa. Ulug' bobolarimiz o'ng qo'ling berganini, chap qo'ling bilmasin, degan hikmatni bejiz aytishmagan. Bolalik paytlarimizda Surxon vohasining Ko'hitang tog' etaklarida yayrab qo'y boqqanmiz. O'tgan asrning 50- yillarida beshqo'tonlik chorvadorlar erta bahordan ana shu yerlarni makon qilishardi. Ayniqsa, bahor seryog'in kelganda Ko'hitang qir-adirlari juda jozibali va tarovatli bo'lib ketardi. O'simlik dunyosi chorvaga juda yuqumli va poram bo'ladi. Undagi har bir tepalik, soy va jilg'alar bolalik hayrati bilan yuragimiz qatlariga muhrlangan. Adir etagida xarobgina Muzrabot ota qabristoni bo'lardi. Biz u yerda mol boqish tugul yaqinlashishga ham yuragimiz dov bermasdi. Beshqo'ton cho'liga mustaqillikdan so'ng ana shu qabristonning nomini berishganda ancha paytgacha o'zimga kelolmaganman.
Nima emish Beshqo'ton o'rischasiga qo'pol eshitilarmish. Bu har qalay, sobiq kommunistlarning fikri va tushunchasi edi…
Ana endi, muddaoga o'tsak bo'ladi. Yaqin tanishimning akasi vafot etgan ekan. Telefon orqali janozaga aytdi. Darhol ishni yig'ishtirib bordim. Tumonat odam. Saratonning chillasida vasiyat vojib deb marhumni Termiz shahridan Muzrabot ota qabristoniga olib bordik. Oraliq masofa bir yuz o'ttiz chaqirimdan uzoqroq, odamlar issiqdan ezilib ketishdi. Yetib borgach, mangulik manzilini ko'rib hayratda qoldim. Atroflari tosh bilan jimjimador qilib o'ralgan. Maqbaradan tortib, tahoratxona, ayvonlar, yo'laklar sharqona bunyod etilgan. Bejirim va mahobatli temir darvoza qo'yilgan. O'n besh chog'li Xorazm, Samarqanddan kelgan ustalar qo'li qo'liga tegmay ishlashyapti. Marosim nihoyasiga yetgach, kasbim taqozosidan u-bu narsani surishtirdim. Ustalar va ishchilar biz aytilgan ishlarni bajarayapmiz, boshqasini bilmaymiz deyishdi.
Kimdir faloncha mulla bobo biladi dedi. Bir gal yo'lim tushganda mulla boboni topib uchrashdim. Gap aylangach, shuncha xayrli va savob ishlarni qilayotgan Hotamtoy kim ekan, bunday hurmatli inson haqida bir narsalar qoralamoq niyatida keldim, deb so'radim. “Homiyni nima qilasiz, borib bajarilgan ishlarni ko'ring” dedi. O'jarlik bilan turib oldim. Qariya ranjib og'ir so'nish oldi: “Bolam, otalarimiz zarini, zavjasini, zurriyotini ko'z-ko'z etishmagan, omonatga xiyonat qilishmagan. Bu narsalar or va nomus hisoblangan. Zar pinhona, zan pinhona, degan naql shundan qolgan bo'lsa kerak. Bir kuni bir ayol kishi keldi. Boshidan o'tganlarni gapirib, agar mening shartimga rozi bo'lsangiz, qabriston va ziyoratgohni el ko'rguday obod qilamiz dedi. Birinchidan, mening kimligimni hech kimga aytmaysiz. Ikkinchidan, eng diyonatli, o'zingiz ishongan kishini ish boshqaruvchi qilib qo'yasiz. Ayolning sevimli umr yo'ldoshi va o'g'li bir paytlar shu qabristonga qo'yilgan ekan. O'zi Rossiyada ishlarmikan, yasharmikan bilmadim. Bandasining lafzi, vasiyati ham omonatday gap, unga xiyonat qilish Allohga shak keltirish bilan baravar. Bolam, endi menga ruxsat, juma namoziga borishim kerak”, deya suhbatga mulla bobo yakun yasadi.
O'zimcha chamaladim, bu yerda kamida ikki milliard so'mdan ko'proq ish bajarilgan. Mana sizga onaning, umr yo'ldoshining saxovati va matonati! Mana sizga Sadoqatning, E'tiqodning, Ezgulikning timsoli! Mavlono Rumiy hazratlarining “Ichindagi ichindadir,” degan kalomining botiniy mohiyati shunda emasmi, deb o'yladim.
Hammamiz guvohmiz, o'tgan yildan beri pandemiya tufayli xalqimiz, davlatimiz og'ir sinovlarni boshdan kechirdi. Muzrabot tumanidagi “Mehnatobod” mahallasida xayrli ishlar bo'layotgani qulog'imga chalinib qoldi. Mahalla beshta qishloqdan iborat. 827 xo'jalikda 4747 nafar aholi istiqomat qiladi. Mahallaning katta avtomobil trassasi bo'ylab joylashgan qismidagi fuqarolar biror joyga borish uchun ikki chaqirimdan ortiqroq yo'l yurishiga to'g'ri kelardi. Sababi asfalt yo'l yoqalab katta anhor o'tgan. O'tgan yili ayni paxta terim paytida ko'prik qurilgani tufayli mahalla ahlining uzog'i yaqin, og'iri yengil bo'ldi. Mahalla raisiga shu narsani davlat rejasiga kiritganlaringiz zap xayrli ish bo'pti, deganmizda kutilmagan javobni oldik.
Ma'lum bo'lishicha, tumaninng “Shaffof” mahallasida yashovchi ziyoli onaxon Mavluda Alimnazarova to'satdan betob bo'lib qolibdi. Ahvoli og'irlashgach, turmush o'rtog'i va o'g'illarini chorlab: “Hajga boraman deb uzoq yillardan buyon pensiya pulimni yig'ib yurgandim. Shuni Mavlon ota qabristonini obodonlashtirishga va ko'prik qurishga sarflaysizlar,” deb vasiyat qilibdi.
— Bu kengga keng, torga tor dunyo. Oxiratlari obod bo'lsin, bu ko'prik onaxonning mablag'i hisobiga yodgorlik sifatida hashar yo'li bilan qurildi, — deydi “Mehnatobod” mahalla fuqarolar yig'ini raisi Rustam Alimnazarov. — Tuman hokimligining qarori bilan Mavlon ota qabristoniga besh gektar yer ajratilgandi. Qabristonga o'tish joyi sal noqulay bo'lganligi uchun bu yerda ham mustahkam ko'prik qurib, uning atrofini panjara bilan o'rab, chiroyli darvoza o'rnatishdi. Yana yuz metr joyini asfalt qilishdi.. Bularning bari marhuma onaxonning yetmish milliondan ortiq mablag'i hisobiga amalga oshirildi. Yaqinda yana bir onaxonimiz Zulfizar Jumayeva yig'ib yurgan nafaqa pullari hisobiga mahallaning ikki kilometr yo'liga tosh to'ktirib ta'mirlatdi.
Yana bir ibratli hol, ro'zai Ramazon oyi sharafiga hamda Xotira va qadrlash kuni oldidan qabristonni obodonlashtirish maqsadida o'nlab savobtalab insonlar shaxsiy jamg'armasi hisobiga hashar uyushtirishgan. Kimlardir yuzlab archa va gul ko'chatlarini ekishgan. Yo'llar ravon qilingan, shinam ayvonlar, darvozalar va panjaralar risoladagidek bo'yalgan. Ko'rganning ko'zi quvonadi. Mana milliy qadriyatlarimiz, millatimizning faqat va faqat o'ziga xos bo'lgan fe'li, mentaliteti!
Bugun bir nochor qariyaga bir kilo shakar, yoki nogiron kishiga bir quti yog' hadya qilishdan oldin oynaijahon muxbirlarini, gazetalar vakillarin chorlab, og'zini ko'pirtirgancha dunyoga jar solayotgan ayrim “savob talab hotamtoylar” bu o'yinlar hidoyat, saxovat, hadya emas, ta'ma va maqtanchoqlikdir! Yoki xijolatli holatdagi bandani yanada xijolat qilishdan boshqa narsa emas! Savob uchun Alloh yo'lida millionlab, milliardlab mablag' sarflab, yana ismi shariflarini sir tutishni iltijo qilgan onaxonlar hadyangizni, ezgu tilak va iltijolaringizni Yaratgan qabuli dargoh qilsin. Birgina o'tinchimiz, omonatni oshkor qilganimiz bois odobsizlik deya bizdan ranjimasangiz bo'ldi.
Safar OMON,
“Hurriyat” muxbiri.
Surxondaryo.