Ko'z tikaman qalbing xaritasiga
O'roz Haydar
TIRIKLIK SIYRATI
Men yerning qo'shig'in tinglamay qo'ydim,
O'gaylikni o'qir samo kuyi ham.
Quyosh tabassumin xayolga yo'ydim,
Chumoli ko'zidan kichikdir olam.
Mag'rur yuragim-da qanotsiz qushday,
Talpinmak shavqidan chekadi ozor.
Hayotda o'rnim ham mangu bo'm-bo'shday,
Bir so'nik jimjitlik fosh etar oshkor.
Tiriklikdan tuydim dorning dahshatin,
Yer osti shovqinin eshitganim on.
Tinglayman ruhlarning unsiz suhbatin,
Na tushga yo'yaman, na o'ngga, ayon.
Otalar qulligin sharafladik xo'p,
Achchiq qismat mayin xumoridan mast.
Ajabo, o'rmondan topmagandek cho'p,
Xotirim paypasalar qadimiy bir sas.
Nima u? Chaqilmay to'ngan yo chaqmoq,
Toshqafas ichida falaj Erkmi yo.
Nikohsiz dunyoga aytilgan taloq
Yoki sarob yanglig' aldamchi ro'yo?!
Menmi yo o'zini kutib yashagan,
Manzili noayon, savdoyi junun.
Yolg'izlik dog'ida qalbin g'ashlagan,
O'zidan o'zgani bilgan begunoh.
TOG'
Toshlar sukutidan uqdim iltijo,
Bandi burgut ontin pinhon zorin ham.
Ko'k kuyin rashkiyu hamda benavo
Gung qotgan qoyalar istehzosin ham.
Sovuqdan g'imirlab mudroq shu'lalar,
Archalar viqorin quvarkan sokin.
Erinchoqlik ila o'ynab ko'lkalar,
Olis shovqinlarning so'tadi chokin.
Xo'mrayar bulutlar ko'z yoshi to'nib,
Sharsharaning sovuq g'uldirashidan.
Osmon yelpinadi borlig'i tinib,
Uchgan qay bir toshning guldirashidan.
Jilmaslik shartiga ko'nikmoqqa yo,
Qasam ichgan kabi sukutdadir u.
Tug'ilgan kuniyoq istamay aslo,
Yoqib yuborganday Erk yalovini.
ISTIORA
Xo'b donosiz ayyor mor kabi,
Sho'x tulkiday hazilkashsiz Siz.
O'ljangizni uchqur sor kabi
Ming farsahdan nishon olasiz.
Panjasiga tikan kirgan sher
O'kirigi shiviringizdir.
Atrofingizda yaltoqlanib Yer
Kecha – kunduz aylanadi gir.
Xohlasangiz, qarg'a tovushidan
Bir zumdayoq to'qiysiz qo'shiq.
Bechoraning yirtiq kavshidan
Butun xalqqa yasaysiz qayiq.
Xohlasangiz, yulduz terasiz,
Xartumiga osilib filning.
Odamzodga ulgi berasiz
Tushingizdan, qirq yormay qilning.
Axir, osmon, yer ham sizniki,
Siznikidir demak tangri ham.
Yashash degan tamg'a bizniki,
Yo'q narsani ko'rgaymiz baham.
* * *
Dunyoni qizg'anib ne topdik, ey do'st,
Bilgach yelga sochdik bor sirimizni.
To'n kiyishib avval, so'ng o'girib yuz,
It bo'lib qopdek goh bir-birimizni.
Men sening go'ringga kirmasligim rost,
Axir yashamadim shu o'y qasdida.
Tobutimiz birdir, bilaman, ammo
Go'r talashmasak bas yerning ostida.
QATAG'ON
M. Shayxzodaga
Yurtda hukm sursin erk nashidasi,
Qatag'on kezsami alvasti misol,
Yuzdan ko'tarilgay nomus pardasi,
Esmoqdan esnagay erinib shamol.
Qatag'onning qahhor boltasi hamon,
Qay bir go'shalarda uchgaydir ozod.
Avra-astarini o'nglolmay zamon,
Suvda qalqqan xasday axtargay najot.
Onani otadan o'girtib yuzin,
Firoq ko'mmochida yoqur umrini.
Tunni panoh bilib, bekitib ko'zin,
Kunduzdan so'raydi quyosh nurini.
“Xiyobon”1ni kezib darz ketdi ko'nglim,
O'ksik, alam chatnar misralar aro.
Chayonlarga to'ldi so'l hamda o'ngim,
Kuyishib qoraydi baxt degan daryo.
Qatag'on chog'ida erksiz bandasi,
Yovuzni daho deb alqashi bor gap.
Shoyiga mengzaydi erkning jandasin,
Zindonni atashar mehrga maktab.
Ko'kayingni kesar zulm zardasi,
Atirgulni hidlab ko'ngling iriydi.
Nil tegmay yirtilar nomus pardasi,
“Shabada bo'g'ilib bunda chiriydi”.2
_ _ _ _ _ _ _ _ _
1 “Xiyobon” – shoir kitobining nomi
2 Maqsud Shayxzoda misrasi
* * *
Ko'zingda o'ynaydi lo'livash tuyg'u,
Turlanar pinhona beor karashma.
Beqiyiq nozingga jodu-da uyg'un,
Men sening folingdan qilmasman ta'ma.
Lutfu karam aylab, sotib orimni,
Oyga mengzab seni siylamadim bot.
Elga uchirmadim ko'ngil zorimni,
O'gaylik hukmini o'qima, Hayot!
Tilyog'malik qonim sovutar ayon,
Kerakmas rag'bating gar bo'lsa ta'ma.
Seni alqamadim yolg'ondan hech on,
Manfurlikdan nishon maqtanchoqlik ham.
* * *
Ko'z tikaman qalbing xaritasiga,
O'qiyman muhabbat, mehrning nomin.
Chiziq tortibsan erk chegarasiga,
Uqdim sadoqatning oliy maqomin.
Adashdim gumonning ko'chalarida,
Umid bekatida turdim qo'lim bo'sh.
Yolg'izlikning oysiz kechalarida,
Olis yulduzlarga boqdim faromush.
Neki atama bor barisi mavjud,
Bir sirdanki voqif bo'lmadim, yo Rab.
Xaritangda faqat bitta nom unut,
Faqat mening nomim yo'q erur ajab!
* * *
Nahot muhabbatim oldi tanaffus,
Bo'shliqning kuyida tindimi sozim.
Hatto quvonchimda o'rtigan afsus,
Palag'da tuxumdek qalqir ovozim.
Hayotim o'tmoqda xuddi tushsimon,
O'g'irlab ketganmi deysiz kunduzim.
Sening ishonchingdan bo'y cho'zar gumon,
Qora tortayotir ishqdan yulduzim.
Chumoli qudrati jonga bo'lsa esh,
Darveshlik xirqasin ilardim boshga.
Na taskin o'qiydi aqraboyu xesh,
Balkim o'xshatishar ovsar, avboshga.
O'ylar alangasi yoqar, nahojat
Tashnalikdan yongan ko'ngilga ummon.
Muhabbat ko'shkini qilmoqqa toat,
Sajdagohim yo'qdir, boqurman giryon.
Zulfingga tushgan oq mening ohimdir,
Manglaydagi ajin firoqning naqshi.
Ko'zingda charx urgan suronlar jimdir,
Uni kuylay olmas yuz mingta baxshi.
Safar ketar bo'lsam mayli, izn ber,
Ishq daftari bo'm-bo'sh, yotibdi o'ngib.
To'ymagan sevgining ko'z yoshiga Yer,
Sening bilan tugar safarim so'nggi!
ALLEGORIYa
Yulduzim qani deb qiladi janjal,
O'yinchog'in otib nabiram qurg'ur.
Javob qaytarmoqchi bo'lsam-da dangal,
Ammo chovut soldi tilimga g'urur.
U bu gal daryoni dambalab dedi:
– Yulduzimni topib bermasangiz gar,
Suvga bo'ktiraman, albatta, yerni,
Hatto quyosh unga tashlolmas langar.
Nabiram hiddatin anglayman, deyman:
– Bo'g'zimga tiqilar tosh misoli jon.
Millionlab yulduzlar orasidan, ha,
Yulduzin topolmay bobong ham sarson.
SINOAT
G'uncha ochilishin ko'rganmisan hech,
Toshning shiviriga tutdingmi quloq.
Yo'llar-ku bekinar tushganida kech,
Oyini yo'qotsa qorayar buloq.
Qarangki, har neda sir-sinoat jam,
Nafosat nag'masi ko'z ochgay hargiz.
Balchiq-da qanchalar badbo'y bo'lsa ham,
Gulidan taralgay muattar bir is.
Gar odam qavmidan erurmisan bas,
Jahling g'orat etma odatga ko'ra.
Ishqqa zor chog'imda uyg'onsa havas,
Zimdan tosh otmagin sen ham, ey jo'ra.
Har kim o'z ko'rpasin o'ziga tortar,
Ochiq qolmaslik-chun yalang oyog'i.
Netay yuragimda bir hadik ortar,
Menga noayondir dovon adog'i.
* * *
O'ylab hech o'yingga yetmaysan, ukam,
O'y bilan to'lganmi dunyoning kami.
Falakka qo'l cho'zib turgan tog'lar ham,
Zaminning tosh qotgan o'yi-yu g'ami.
Ne ishlar yuz bermas ko'zing ochiq chog'.
Kimdirki qoringni qo'yarku kurab.
Mabodo uchganda belingdan belbog',
Luqmangni yutgaysan shaytondan so'rab.
Amal vasvasasi chulg'adimi bas,
Otang ham ko'zingga ko'rinar birov.
Nigohing yer chizib boqolmassan rost,
Ostonangda turgan onangga birrov.
Bema'ni odatdan etaging qoqgil,
Bema'ni siylovlar ruhinggadir yov.
O'lja ovlamoqdan tiyila olgin,
Joningga jafodir har qandayin ov.
Etagimdan tutgan oshnalar qani?
Sovuq yegan qushday boqaman mudrab.
Xilvat yo'lda bugun bir darvesh kabi,
Uzilgan etagim yuribman sudrab.
Muallif haqida:
O'roz Haydar — 1957 yili Chiroqchi tumanidagi Navro'z qishlog'ida tug'ilgan. ToshDU (hozirgi O'zMU)ning geografiya fakultetini tugatgan (1980).
“Quyosh o'tovi” (1984), “Kuylovchi toshlar” (1990), “Musiqor”, “Qizaloq va qizg'aldoq” (1993), “Hazilkash qish” (1997), “Aksioma” (2003), “Oq soya” (2004), “Yaylovdagi oq o'tov” (2005), “Ruhafzo” (2006) kabi she'riy to'plamlari nashr etilgan.
Shuningdek, “Xatarli xilvatgoh” (1996), “Yovuzlik sirtmog'i” (1998), “En” (2004), “Talvasa” (2004) singari nasriy asarlari ham nashr etilgan.