Qo'pollik hech kimga yarashmas…

Bu mavzuda yozaymi, yozmaymi deb rosa ikkilandim. Ammo gardanimdagi burchim beixtiyor qalam ushlashga undadi. Albatta, muqaddas dinimiz hayo­timizning juda nozik va eng asosiy tomonlaridan biri ekanligi hammamizga ayon. Aynan shuning uchun ham bu borada juda ehtiyotkor bo'lish talab etiladi. Boisi diniy adabiyotlar, diniy ma'ruza va vazxonliklarning odamlarga ta'siri katta ekanligi sir emas. Ayniqsa, hozirgi texnika va axborot asrida.

Internetdagi turli tarmoqlarda so'ng­­gi vaqtlarda yurtimizda faoliyat yuritayotgan din ulamolari, imom-xatiblarning ham ma'ruzalarini joylashtirish, ular uchun alohida sahifa va kanallar tashkil etish keng qamrovli odatga aylandi. “Telegram”, “Instagram”, “Facebook”dan tortib “You Tube”gacha, hattoki hamma yomon otliqqa chiqargan “Tik Tok” da ham mana shunday “ma'ruzachilarimiz”ning sahifalarini uchratish mumkin. Ular tomonidan aytilayotgan fikrlar, ilgari surilayotgan odob-axloq tushunchalari katta-yu kichikni to'g'ri yo'lga boshlab, ular orasidagi mehr-oqibat, do'stlik va hamjihatlik kabi insoniy fazilatlarni oshirayotgani ibratli, albatta. Biroq mana shunday minglab, millionlab kuzatuvchilar e'tiborida bo'lgan, to'y va marosimlarda ularning hurmati bilan xonadonlarining to'rida o'tirgan din peshvolarining og'zidan chiqayotgan ayrim ma'ruzalar odamni kuldirsa, ayrimlari jahlini chiqaradi. To'g'ri yoshmiz, diniy bilimlarimiz ham ularning ta'biri bilan aytganda yuzdan bir foizni ham tashkil qilmas. Ammo eshitgan va o'qigan narsalari haqida xulosa chiqarish har kimning o'zidan, shunday emasmi?

Yaqinda Telegram kanali orqali ko'pchilik maqtab yuradigan bir qorining kibr haqida qilgan ma'ruzasini eshitib qoldim. Unda maqtanchoqlarni o'zbekchasiga pastkash de­yiladi, mashinang bo'lsa o'zingga, boshqa narsang bo'lsa yana o'zingga deb aytiladi. Mayli buni ham qo'yib turaylik. Ul zotning e'tiborimni tortgan yana bir ma'ruzasi tanishlar bilan qo'l uchida so'rashadiganlar haqida aytilgani bo'ldi. Unda: “Siz bilan qo'l uchida so'rashayotganlar bormi? Agar shundaylar siz bilan qo'lini uchini berib, mensimay so'rashayotgan bo'lsa, siz ularga o'rta qo'lingizni (barmog'ingizni) berib so'rashing. Taajjublansa ayting, sen qo'lingni uchini berganding, men o'rta qo'limni tutqazdim”, deya “aql o'rgatiladi”. Xo'sh, bu endi nima, yuqoridagidek kibrli odamlarning ko'zini ochib to'g'ri yo'lga qaytarishmi yoki sen kibrli bo'lsang men sendan o'taman deb nodonlarcha o'ziga yarasha javob qaytarishga undashmi? Bilmadimu lekin bizlarga bolalikdan yomonlarga ham yaxshilik qilaver, shunda o'zi bir kun kelib insof­­ga qaytadi, deb o'rgatishgan. Shuning uchundir balki bu ma'ruzalarni hazm qila olmayotgandirmiz? Yana ayrim qorilarda uchraydigan yana bir jihat kishini doim o'ylantirib kelgan. Fe'llarga lik qo'shimchasini qo'shib, barmoqlarni qirsillatish, odamga qarab esnash deyishning o'rniga qirsillatish­lik, esnashlik deya so'zlarni buzib aytishlariga hayronman. Nima, til qoidalariga to'g'ri kelmasa-da so'zlarni shunday o'zgartirib aytishlari ularning gapini ta'sirchanroq qilib berarmikan deb xayol qilasan.

Yana bir ulug' yoshdagi domla bir to'ydami yoki marosimdami, ishqilib har qalay, to'kin dasturxon tuzalgan, non, turli noz-ne'matlar qo'yilgan stolda uch-to'rt kishi yonida o'tirgan holda shunday shovqin solmoqdalar ediki, gunoh bo'lmasin, aslo g'iybat ham bo'lmasin-ku, payg'ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi va sallam haqida so'z olib, ul zotga cheksiz mehr-muhabbatlarini izhor qilish uchun “Mayli kimki mening ustimga … qilsin, lekin ul zot haqida yomon so'z aytganni men … qo'yaman”, demoqdalar edi.

Yo, alhazar! Astahfirulloh! Axir, qanchadan-qancha muborak kitoblardan ham o'qiganmiz, xususan, payg'ambarlar tarixi haqidagi ulug' kitoblarni, Imom Buxoriy, Imom Termiziylar to'plagan muborak hadis to'plamlarida ham janobi Payg'ambarimizning biror kishiga o'shqirganini, og'izlaridan biror marta qo'pol, uyat so'zlar chiqmagani aytiladi. Aksincha, nihoyatda kamtarin, muloyim zot bo'lganlarki, hatto U Zot hamisha ro'baro' kelgan har bir kishiga birinchi bo'lib salom berganlik­lari aytiladi.

Endi ijtimoiy tarmoqlarda turli darajadagi islomiy rutbalarni da'vo qilib yoxud juda katta domla ekanliklarini e'lon qilayotgan kishilar ham, avvalo, birinchi galda muo­milada, so'z aytishda boshqalarga ibrat bo'lishlari lozim emasmi?

Bu yozganlarimiz orqali kimnidir obro'sizlantirmoqchi yoki o'zimizni aqllidek ko'rsatmoqchi emasmiz. Shunchaki bu boradagi shaxsiy fikrimizni bayon qildik xolos. “O'zingcha qorilarning bir-ikki xatosini topib olib, o'zingdan ketasan… yonimda bo'lganingda bir nimangni chiqarib qo'yardim” deya millionlab obunachilarining oldida tanqidiy fikrlarni hazm qila olmaydigan ba'zi bir domlalar aybni o'zlaridan ham qidirib ko'rsalar, fikri ojizimizcha yaxshi bo'lar edi. Albatta, xalqni insoniylikka undab, o'zaro mehr-oqibatli bo'lishga chorlayotganingiz yaxshi. Ammo odob-axloqni o'rgataman, deb o'zingiz uning chegarasidan chiqib qolmang. Sizlardan chiroyli mulohazalarni tinglaganmiz. Bundan keyin ham shunday bo'lishiga umid qilamiz.

Kamoliddin RO'ZIMATOV.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 3 =