Yoshlar nega chet elga oshiqishmoqda?

Migratsiya masalasi barcha zamonlarda ham bo'lgan va bu tabiiy jarayon. Ammo yurt “miyalari”ning, mamlakat “intellektual mulki”ning, kelajak hayotini hal qiluvchi kuchga ega bo'lgan salohiyatli kadrlarning tahsil uchun o'z yurtini emas, xorijni tanlashi va u yerda muqim qolib ketish holatlari har qanday hukumatni tashvishga solishi, o'ylantirishi kerak. Ayniqsa, hozirgi yoshlarning kayfiyatiga e'tibor bersak, aksariyati xorijda o'qish ishtiyoqi va umidi bilan yashamoqda. O'z-o'zidan savol tug'iladi: Nima uchun? Ta'lim sifatidan qoniqmaydilarmi yoki boshqa sabablari bormi?

Latviyadagi Turiga biznes boshqaruvi universitetida bakalavr va magistratura bosqichini tamomlagan Nursulton Kuzdenovning fikricha, xorij universitetini tanlashining birinchi sababi borgan sari shartnoma-kontrakt to'lovining oshayotganligi. 2013 yili Singapur menejmentni rivojlantirish institutining kontrakt narxi 4 ming, Xalqaro Vestminster universitetiniki esa 5 ming 200 AQSh dollari edi. Turiga universitetiga o'qishga kirganimda kontrakt to'lovi 3 ming AQSh dollariga to'g'ri kelgan. Yana bir qulay imkoniyat shundaki, O'zbekistonga o'qishga kirganimda o'sha mablag'ni o'zim ishlab topa olmasdim. Dunyo tajribasida “part time” degan tushuncha mavjud. Oddiy oila farzand­lari uchun ham o'qib, ham ishlab, kontrakt pulini topish “lotoreya” yutib olgandek gap.

– Nima uchun magistraturadagi tahsilni Koreya Ruspublikasida davom ettirdingiz? Masalan, O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakultetidagi ta'lim sizni qoniqtirmadimi?

– Men, boshqa universitetlar bilan taqqoslaganda, O'zbekistondagi eng yaxshi fakultetda o'qiganimdan hozirgacha suyunaman, – deydi koreabyme.com va kun.uz saytlari muxbiri Feruza Aliqulova. – Sababi korrupsiyaga yo'l qo'yilmagan, nazariya amaliyot bilan uzviy bog'liq edi. Lekin umumiy olib qaraganda, O'zbekistondagi ta'lim tizimidan qoniqmayman. Birinchidan, kelajakdagi faoliyating uchun asqotmaydigan, keraksiz fanlar juda ko'p, o'qitilish uslubi nihoyatda oddiy, pedagoglar o'z ustida ishlamaydi, zamon bilan hamqadam emas. Ikkinchidan, baholash sistemasi kim­o'zarga “poyga” asosiga qurilmagan, oladigan bahoing davomating­­ga emas, aqlingga, bilimingga bog'liq.

– Nima uchun doktoranturaga aynan Xitoyni tanladingiz?

– 2015 yili Toshkent davlat Sharqshunoslik universitetining magistratura bosqichini tamomlagach, ilmiy ish qilish maqsadida doktoranturaga kirish mezonlari bilan tanishib, so'rab-surishtirganman. U paytda dokto­rantura talablari hozirgidan farq qilardi. Uch yillik mehnat staji talab etilgani bois, vaqtdan yutqazmaslik uchun Shanxay universitetiga hujjat topshirganman. Tahsil davomida o'zimizdagi ta'lim tizimi bilan Xitoy ta'limidagi farqli jihatlarni ko'p kuzatdim. Dokto­rantga xuddi talabadek sharoit yaratib beriladi, mutaxassisligi bo'yicha ishlashi shart emas. Ilmiy tadqiqotchi ortiqcha fan yoki ishga chalg'imaydi, butun dunyodagi kutubxonalardan, kerakli adabiyotlardan foydalanish huquqi beriladi. Baholashdan tortib himoyagacha bo'lgan jarayon elektron shaklda. Taqriz olishga, baho qo'ydirishga, ilmiy ishingizni o'qitishga yugurmaysiz. Ma'lum platformaga kiritasiz, tamom.

– Ta'lim sohasidagi tafovutlar nimalardan iborat?

Nursulton Kuzdenov: – Milliy ta'lim tizimidagi eng katta xato – o'qishga kirish qiyin, bitirish esa oson. Aslida o'qishga kirgandan so'ng uni bitirish o'zimizdagidek oson bo'lishi mumkin emas. Bizda davomat birinchi o'rinda turadi, bu yerda esa darsda qatnashish-qatnashmaslikning o'qituvchiga ahamiyati yo'q. Buni talabani birovning turtkisisiz, ongli ravishda o'qishiga, to'lagan puliga kuyib qolmaslik uchun ham, yaxshi mutaxassis bo'lib yetishib chiqish uchun ham o'qish kerakligiga samarali sabab deb hisoblayman. Har ikki haftada imtihon olinadi. O'qigan odam o'tadi, o'qimagani oxir-oqibat universitetdan chetlashtiriladi. Turizm va mehmonxona yo'nalishi bo'yicha tahsil olganman. O'zbekistonda yozgi ta'tilda hamma uyiga ketadi, dam oladi. Latviyada esa talaba bu paytda o'z mutaxassisligi bo'yicha amaliyot o'taydi. Masalan, men Latviya, Ispaniya, Amerikadagi 4 va 5 yulduzli mehmonxonalarda amaliyot o'tadim. Bu jarayonda tajriba, tanishlar orttirdim, sohaning ustalaridan kasb sirlarini o'rgandim, qolaversa, assis­tent bo'lib ishlaganim uchun maoshga ham ega bo'ldim. Chet el universitetlari, tashkilot va kompaniyalari bilan aloqalar, tajriba almashish yaxshi yo'lga qo'yilgan.

Nigina Rasuleva: – Asosiy tafovut kredit-modul tizimi va dunyo hamjamiyati, ilm-fan olamiga ochiqligida deb bilaman. Talaba nafaqat mutaxassislik fanlaridan tashqari o'ziga yoqqan mashg'ulot yoki darslarni, balki professor-o'qituvchilarni ham tanlash huquqiga ega. Masalan, xitoy adabiyoti fanini tanlamoqchi bo'lsam, u fandan dars beruvchi o'qituvchilarning ism-sharifi hamda ular haqida ma'lumot variant tariqasida keltiriladi. Mana shu jihati shaxsan menga, o'zim o'qituvchi bo'lganim holda, juda yoqdi. Har qanday talaba ham kuchli pedagogdan saboq olishni istaydi. Bu esa o'qituvchilarning o'z ustida ishlashlari uchun eng katta turtki.

Ikkinchi tafovut shundaki, talaba 24 soat davomida haqiqiy talaba rolida bo'ladi. Xitoyliklarning o'zi ham yotoqxonada yashaydi. Tushdan keyingi soat 16 gacha asosiy darslar o'tilsa, undan keyin xalqaro yuqori darajadagi konferensiya, debat, treninglar bo'ladi. Yoki o'zining xobbisidan kelib chiqib biror to'garak a'zosi bo'lishi mumkin.

Feruza Aliqulova: – O'zbekistondagi birorta universitetning dunyo universitetlari TOP reytingida yo'qligi. To'g'ri, biz rivojlanayotgan davlatlar sirasiga kiramiz. Lekin ko'p­lab bizga o'xshagan davlatlardagi universitetlarni PISA reytingining yuqori pog'onalarida ko'ramiz. Reyting natijalari “osmondan olinmagan”, demak o'sha davlatlarda ta'lim sifati yuqori, tahsil olayotgan talaba qoniqish his qiladi. Ikkinchi eng katta va og'riqli tafovut, bu – korrupsiya. Koreyada o'qituvchiga hatto sovg'a berish mumkin emas, tasavvur qilyapsizmi? O'z xohishimizga ko'ra ham biror narsa berolmaymiz. Keyingisi – kutubxona faoliyati. Dunyo kutubxonalari bilan hamkorlik yo'lga qo'yilgan. Arxitekturasi, ko'rinishi, sharoiti shu darajada qoyilmaqomki, kutubxonaga kirgach, ketgingiz kelmaydi. Ko'pchilik kechasi bilan o'qib, darsga tayyorlanib, mutolaa qilib chiqadi, hatto ular uchun uxlab qolishga ham sharoit yaratilgan.

– Siz ko'rgan universitetlarning qaysi taj­ribasidan ulgi olsak, biz kutayotgan ta'lim tizimini yaratgan, hozirgisini oz bo'lsa-da, isloh qilgan bo'lamiz?

Nursulton Kuzdenov: – Milliy ta'limga olib kirilishi lozim bo'lgan masala – imtihonning pulli tashkil etilishi. Latviyada imtihon topshirish uchun, deylik, “semestr” kassaga avvaliga 8 yevro, keyin fan uchun 5 yevro to'lov qilinadi. Imtihondan yiqilgan talaba keyingi safar yana 5 yevro to'lab test topshiradi. Aytib qo'yay, bu pullar o'qituvchi yoki dekanning cho'ntagiga emas, universitet kassasiga to'lanadi. Bir, ikki, uch marta yiqilib, puli ketavergan talaba, oxir-oqibat o'qimasa, imtihonga astoydil tayyorlanmasa bo'lmasligini tushunadi. Ya'ni, o'qimaslikning jazosi – cho'ntakka zarar, degani.

Nigina Rasuleva: – Men professor-o'qituvchilarning talabalar tomonidan tanlovini joriy qilish kerak, degan fikrdaman. Shunda mudroq bosgan, konspekt yozdirib, talabaning vaqtini behuda sovurayotgan pedagoglar o'z-o'zidan saralanib qolar, juda bo'lmasa, o'z ustida ishlamasa unga talab, jumladan, ish ham yo'qligini tushunib yetardi.

Feruza Aliqulova: – Aytganlarimga qo'shimcha sifatida “cultural programs”, ya'ni madaniy dasturlar, “trips” – universitet tomonidan uyushtiriladigan sayohatlarni yo'lga qo'yish kerak. Bu kabi dasturlar talabalarni yana ham ruhlantiradi, ilhomlantiradi, o'qishga qiziqishini orttiradi.

Shu o'rinda o'qitish metodining eskiligi, qoniqtirmasligi bilan ko'pchilikning “nishon”iga aylangan universitet o'qituvchilarining fik­ri bilan ham qiziqdik.

– Oliy ta'lim tizimidagi qaysi holatlar pedagoglarning sifatli ta'lim berishiga xalal beradi?

Muhayyo Saidova (O'zDJTU): – Boshqa universitetlarni bilmadimu lekin bizda universitet administratsiyasi o'zining bevosita vakolatiga tegish­li vazifalarni bajarmaydi. Vazirlikdan kelgan topshiriq fakultetlarga, fakultetlardan dekanatlarga, kafedralarga, oxiri o'qituvchilarga topshiriq bo'lib tarqatiladi. Oqibatda o'qituvchi bir yilda 361 marta chop etilgan ilmiy ishlari, o'quv qo'llanmalari ro'yxati jadvalini to'ldiradi yoki talabalarning ma'lumotlarini yig'adi va h.k. O'qituvchi o'z ustida ishlash o'rniga universitet administratsiyasi vazifalarini bajarish bilan band bo'ladi. Sabab – umumiy elektron bazani yuritadigan haqiqiy mutaxassis yo'q. Bor bo'lsayam tanish-bilish bilan ishga kirgan bir nomutaxassis shaxs bo'ladi.

Ilmiy bo'limda poraxo'rlik, tanish-bilishchilik avj olgan. Doktoranturada “o'lik jonlar” ko'p. Ilm masalasida O'zbekiston korrupsiya botqog'iga botganligini COVID-19 yaqqol isbotlab berdi. Ming­lab yetishtirilgan olimlarimiz jim, “in-iniga kirib ketgan” yumronqoziqlarga o'xshab, muammo o'z-­o'zidan hal bo'lishini kutib yotishibdi. Oddiy misol, vaksinatsiya haqida biror material tayyorlay desang intervyu beradigan (o'ziga ishongan) olim yo'q. Bu muammo faqatgina tibbiyotda emas, boshqa sohalarda ham ko'rinib turibdi. Xullas, korrupsiya illati oliy ta'limni qamrab olgan: jarrohlik operatsiyasi o'tkazmagan doktor talabalarga operatsiya qilishni o'rgatyapti, qo'shiq kuylamagan ashula aytishni, ko'rsatuv tayyorlamagan, maqola yozmagan, radioda bir kun ham ishlamagan “jurnalist”lar o'qituvchilik qilayapti. Eng achinarlisi, ilmiy unvonni mas'uliyat deb emas mansab deb biladiganlar ko'p. Biror yuqori lavozimda mustahkam o'tirish uchun oliy ta'lim ilmiy bo'limiga “yugurib kelib” “ilm qilib” ketayotganlarning guvohi bo'ldim. Afsus, bunaqa “fan nomzodiman”, “PhDman” deb ko'ksiga uradigan, ammo tadqiqoti jamiyatga nima yangilik bergani haqida so'rasangiz javob berolmaydigan “olimlar” ko'pchilik. Haqiqiy olimlar barmoq bilan sanarli darajada.

Aytaman desam gap ko'p, lekin foydasi bormikan?..

Munisa Rajabova (Nizomiy nomidagi TDPU): – O'qituvchining o'z ustida ishlashiga vaqti yo'q. Bor energiyasi, kuchi qog'ozbozlik, tadbirlarga ketgan pedagogdan qanday sifatli ma'ruza, dars kutish mumkin? Auditoriyaga kelgunicha charchab bo'lgan o'qituvchi nima qiladi? 80 daqiqa jimlikni saqlab o'tiradi, xolos. Talabalarga o'zi sifatli ta'lim bermaganidan keyin talab qilolmaydi, bahosini osonlikcha qo'yib beradi. Qarabsizki, talabalar norozi, hafsalasi pir bo'lgan, o'qishdan qo'l siltagan, ba'zilari birinchi bosqichdan o'qishni tashlab xorijga chiqib ketadi. Hamma o'zining ishini qilsa, pedagog degani davomat, forma kabi mayda-chuydalar bilan o'ralashmay, o'zining fanini zo'r qilib o'tib bersa, izlansa, talabalarni ortidan ergashtirolsa, ilmga muhabbat uyg'otolsa, olam guliston.

Munira Isomiddinova (O'zDJTU): – Chet el tajribasini o'rganamiz, joriy etamiz deb, oliy ta'limdagi barcha o'qituvchilar “tajriba quyoni”ga aylanib qoldi. Ko'r-ko'rona taqlid, mohiyatini anglamay turib ko'r-ko'rona ko'chirish yaxshi natija berdi, deb hisoblamayman. Masalan, baholash sistemasi, avvaliga reytingga o'tdik, keyin maktabniki kabi 1-5 gacha baho qo'yadigan bo'ldik. Choraklik, oraliq nazorat ishlari yakuniyga ta'sir etmaydi, degan “qaror” chiqqach, talabalar umuman o'qishni yig'ishtirib qo'yishdi. Ortiqcha qog'ozbozlik, xo'jako'rsinga o'tuvchi tadbirbozliklar o'qituvchilarni ham, talabalarni ham bezdirib yubordi. Ayniqsa, pandemiya sababli bilim olish nafaqat maktab, litseylarda, universitet talabalari o'rtasida ham keskin tushib ketdi. Kitobdan kerakli joyini ko'chiradi-qo'yadi, tamom. Og'zaki javob berish, o'ta olarmikinman yoki yo'qmi degan bizning paytimizdagi hadiksirash, cho'chishlar yo'q hozirgi yoshlarda. O'zlashtirolmagan talabaga to kuzgacha tinimsiz imkoniyat beraverish “o'taman-da baribir, chetlashtirisharmidi?!” degan tushunchaga kelishiga sabab bo'lyapti. Og'zaki va yozma nutq bilan bog'liq savodxonlik masalasiga putur yetyapti. Birinchi bosqich talabalarining aksariyatining oliy ta'limdan hafsalasi pir bo'lyapti. Nimaga? Berilayotgan bilimlar ham juda oddiy, sayoz, imtihonlardan o'tishni-ku gapirmasa ham bo'ladi.

***

Yuqoridagi muammolarning barchasidan shu sohaning boshida o'tirganlar mutlaqo bexabar, deb aytish noo'rin. Ular namuna bo'luvchi davlatlar tajribasini o'rganayotgan, yangiliklar, yangi islohotlar qilish payidan chiqarlar. Ammo islohotlar aks ta'sir bermayaptimikan? Bugun u davlatning, ertaga “ie, bunisi yaxshiroq ekan-u!” deya boshqa davlatning etagidan tutish uni ijro etuvchilar – pedagog va talabalarni bezdirib qo'ymayaptimikan? Bir yildan buyon maktab­larga Finlyandiya tajribasi, ya'ni tenglik, bepul ta'lim, individuallik, amaliylik, ishonchlilik va o'qituvchilar salohiyati, ixtiyoriylik va mustaqillik kabi yetti ustuvor tamo­yilga asoslangan ta'limni yo'lga qo'yish bo'yicha harakat boshlangan. Aslini olganda, ko'zlangan maqsadga erishilsa, bu juda yaxshi samara berishi turgan gap. Ammo u yuqoridan quyiga tushgunicha ming tuslanib, yoniga yana o'zimizning “o'zbekcha” qog'ozbozlik degan tamoyilimiz qo'shilib, aksiga aylanib ketmoqda.

Yaponiyada tahsil olayotgan hamyurtimiz Amir Abduqodirovning aytishicha, yaponlar bir-birlariga dalil-isbot, fakt­­ga hojat qoldirmay ishonar ekan. Haqqoniylik va rostgo'ylik qon-qoniga singib ketgan, deysiz. Bizda esa afsuski, odamga emas, hujjatga ishoniladi, hujjat gapiradi.

O'ttiz yil o'zbekcha gapirgan, bu til qon-qoniga singib ketgan, tushida ham o'zbekcha gapirib, miyasida o'zbekcha fikrlaydigan xalqdan birdaniga koreys, ispan yoki latishcha gapirishni, ulardek fikrlab, ulardek yashashni talab qilish noo'rin. Gulni parvarishlayman deb ko'proq suv quyish yoki quyoshning saxiy nurlari ostida ko'proq qoldirish uni kuydirib, quritib, so'litib qo'yishi hech gapmas. Mehrda ham, e'tiborda ham, yangilik va innovatsiyalarda ham me'yor kerak.

Sevara ALIJONOVA,

Farg'ona politexnika instituti matbuot kotibi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one + 4 =