Vaksina haqida nima bilamiz?

Ha, anglaganingizdek, har bir imkoniyatdan unumli foydalanib o'rgangan ayrim “mutaxassis”lar hozirgi vaziyatdan ham foydalanib qolishga urinishayotganga o'xshaydi. Aholini emlash ishlari jadallik bilan davom etayotgan, oliy ta'lim dargohlarida ham talabalarni yoppasiga emlash boshlangan bo'lsa-da, vaksinalarga ishonch bildirmayotganlar, turli salbiy fikrlar hamon aylanmoqda. Bu esa kimlargadir hatto yangi “tadbirkorlik” yo'nalishini yuzaga keltirayotgandek.

“Vaksina olmang, umuman foydasi yo'q”, “Vaksinaga ishonib bo'lmaydi” yoki “Emlangandan so'ng og'ir dardga chalinib qolish mumkin ekan”, degan gap-so'zlarni to'qib chiqarayotganlar bir tomon bo'lsa, aytishlaricha, “Emlanganlik to'g'risida sertifikat yozdirib berishimiz mumkin” deya o'z “xizmatlari”ni taklif qilayotgan olg'irlar ham paydo bo'libdi!

To'g'ri, yaqin ikki yildan buyon juda ko'p qurbon va qiyinchiliklar olib kelgan “toj­dor virus”dan xalos bo'lish, hamda xalqimizning hayotini saqlab qolish uchun qanchalik mashaqqat bilan harakat qilinayotganligini ko'rib, bilib turibmiz.

Ammo muammo shundaki, yagona yo'l deb aytilayotgan vaksinalashning ishonchli ekanligi, qo'llanilayotgan turli vaksinalarning tarkibi va ta'siri haqida soha xodimlari tomonidan haligacha aniq bir gap aytilmayapti. Natijada hamon fuqarolarning ishonch­sizligi saqlanib turibdi. Tarmoqlarda esa emlangandan keyin “ko'zi ko'rmay qolgan”, “oyoq-qo'li shol bo'lib qolgan”, “gapira olmay qolgan” odamlar to'g'risidagi turli xabar va videolar vahimayu mish-mish­larning yanada oshishiga sabab bo'layotganini ko'ryapmiz. Sog'liqni saqlash vazirligi, tegishli soha mutasaddilari, mutaxassislar esa bu kabi holatlar qachonki internetda qayta-qayta muhokama qilinib, bir olam vahima ko'tarilganidan keyingina vaziyatni chuqur o'rgangan bo'lishib, axborot berishyapti.

Qiziq, ular ahvoli og'irlashgan bemorlar haqida hammadan oldin, aytaylik, ijtimoiy tarmoqlardan avval buning sababini elga tushuntirishganini hech kuzatmadik. Javoblar yuqorida aytganimizdek, mish-mish­lar toshib, vahima ko'tarilganidan keyingina berilyapti.

Bugungi axborot asrida ochiq-oshkora ishlamas ekanmiz shubha-gumonlar qurshovida qolaveramiz. Vaksina olgandan keyin sog'lig'i salbiy tomonga o'zgarganlar haqida so'z ochilganda esa   allaqachon emlanib bo'lganlarning xavotiri ham oshadi. Vaksinatsiya yagona chora deb aytilayotgan ekan, bu yo'lda endi odamlarni majburlash, qo'rqitish samara bermaydi.

Televizorning burchagiga “Vaksina — najot” deb yozib qo'yilgani bilan ko'zlangan natijaga erishib bo'ladimi? Undan ko'ra har 15 minutda bir erkakning belini uqalayotgani, yoxud tilga olib bo'lmas sharmandali shoularni namoyish qilishlaru “Guanjou” klinikasining tuturuqsiz reklamalari o'rniga ayni vaqtda qo'llanilayotgan vaksinalarning ta'siri va tarkibi borasida ishonarliroq lavhalar qo'yilsa, juda foydali ish bo'lmasmidi?!

Kamoliddin RO'ZIMATOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

9 + 12 =