“Matbuot do'koni”ning matbuotga daxli bormi?

O'zbekiston Milliy universiteti binosi joylashgan hududga tutash yo'lda peshtoqiga “Matbuot do'koni” deb yozib qo'yilgan do'koncha bor. Jurnalistika fakultetida tahsil olayotganimiz uchun ustozlar bizdan kundalik gazetalarni kuzatib borish, qiziqarli maqolalarni o'qish, tanqidiy chiqishlarga munosabat bildirishni talab etishadi. Shu maqsadda  do'konchaga yaqinlashdim, maqsadim bir-ikkita gazeta sotib olish edi. Ammo… adashibman  — “Matbuot do'koni”da gazeta sotilmas ekan. Aniqrog'i, bu yerda gazeta-jurnallardan boshqa hamma narsani xarid qilsa bo'larkan.

Soddaligim qursin, turli mayda-chuyda mahsulotlar savdosi avjida ekanini ko'rib turgan bo'lsam ham, sotuvchi ayolga: “Gazetalarning yangi sonlari bormi?”, debman. Qo'rsgina qilib, “Bu yerda gazeta sotilmaydi”, dedi. – “Nega sotilmaydi, axir bu matbuot do'koni-ku?”, degandim, yozib bo'lmaydigan odobsiz so'zlarni aytib, kayfiyatimni buzdi.

Biror kor-hol yuz bermasin yana, deb ortimga qaytdim. Bo'lgan voqeani kursdoshlarim bilan muhokama qildik. Ko'pchilikning fikri bir joydan chiqdi: sotuvchi ayolning xaridorga bunday muomala qilishi hech bir  qoidaga to'g'ri kelmaydi, do'koncha matbuot do'konimi,  shu yaqin orada jurnalis­tika fakulteti joylashganmi, talabalar orasida yosh havaskor muxbirlar bormi, demak, bu yerda, albatta, gazeta-jurnallar sotilishi, do'kon sotuvchisi matbuot degani nimaligini ozroq tasavvur qilishi lozim.

Boshqa fikrlar ham bo'ldi. Ba'zilar: “Bugun gazeta-jurnallarga qiziqish kamaygan, hamma axborotlar internetda bor, qog'oz mahsulotga ehtiyoj qolmadi”, deyishdi. Ustozlarimizdan biri bu fikrga aniqlik kiritdi: “Internet o'quvchining xabardorlik darajasini oshiradi, chunki unda tezlik bor. Bosma nashrlar esa o'quvchi tafakkurini charxlaydi. Shu boisdan ham, ko'pchilik  davlatlarda, masalan, AQSh, Yaponiya, Buyuk Britaniyada internet tezligi va samaradorligi bizdagidan  bir necha barobar ortiq bo'lishiga qaramay, bir, ikki million nusxada kundalik gazetalar ham chop etiladi”.

Xullas, ko'p bahs, tortishuv bo'ldi. Yakuniy xulosa shu bo'ldiki, “Matbuot do'koni” deb qo'yilganmi, demak, bu yerda gazeta-jurnallar sotilishi kerak, bordi-yu buning biz bilmagan qandaydir sabablari bo'lsa, unga peshtoqdagi yozuvni “Mayda-chuyda narsalar do'koni” (“Tыsyacha melochey” degan do'konlar monand.) deb o'zgartirish lozim.

Siz nima deysiz?

Hilola TURSUNALIYEVA,

O'zMU jurnalistika fakulteti

1-bosqich talabasi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 + thirteen =