Usmon Nosir nega yig'lagan edi?

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev namanganlik saylovchilar bilan uchrashuv chog'ida 2022 yil xassos shoir Usmon Nosirning 110 yilligini mamlakat miqyosida keng nishonlash haqida ham so'z yuritdilar. Zero, u zot bunday e'zozga har jihatdan lo­yiqdir.

 

O'tgan asrning 70-yillari o'rtalarida Sirdaryo davlat pedagogika institutida o'qib yurgan kezlarimizda institutimizga Abubakr Rajabiy ismi shariflig' (joylari jannatdan bo'lsin) bir domla keldi. U kishi Usmon Nosir ijodi bo'yicha nomzodlik ishini yoqlagan ekan. Bizga mumtoz adabiyotdan saboq bera boshladilar. (Zamonaviy o'zbek adabiyotidan darslar boshqalar tomonidan egallaganligi bois shunday yo'l tutilgandir) (M.A). Abubakr domlaning dars o'tishlarida o'ziga xos uslubi bor edi. Saboqning boshida 10-15 daqiqani she'rxonlikka bag'ishlardi.

Ilk bor auditoriyaga kirganlarida:

— Oralaringda she'r yozadiganlar bormi?, — deya savol tashladilar.

Kursdoshlarim mening nomimni peshkash qilishdi. O'sha paytlari ko'ngil kechinmalarimni yon daftarimga qoralab yurardim.

— Qani, o'qi-chi? – dedi ustoz menga yuzlanib.

Bitta she'rimni o'qidim.

— Yana! — dedilar.

To'rt-beshta she'rimni qatorlashtirib o'qidim.

— Durust-durust! — dedi ma'qullagancha, — she'r yozgan qalamkash Usmon Nosirday yozsin-da!, deb qo'shib qo'ydilar-da, Usmon Nosirning to'rt qator she'rini yoddan o'qidilar.

 

Sen, yuragimning chashma suvi sen,

Sen, ko'zlarimning gavhar nurlari.

Sening bahongni kim so'rasa, de:

“Bahom − umringning bahosiga teng!”

 

Shu-shu biz, talabalar Abubakr domlani yaxshi ko'rib qoldik. O'zbek adabiyoti tarixi darsi bo'lishini intizorlik bilan kutadigan bo'ldik. She'rxonliklar ruhiyatimizni yettinchi osmonga qadar ko'tarib yuborardi-da!

Ajoyib kunlarning birida Abubakr domla darsga qo'llarida ikkita sutrang kitob bilan kirib keldi. Bu Usmon Nosirning 2 jildlik “Tanlangan asarlari” edi. G'afur G'ulom nomidagi badiiy adabiyot nashriyotida 1969-1970 yillarda (1-jildi 1969 yilda, 2-jildi 1970 yilda nashr etilgan) chop etilgan bu qo'shaloq kitob Usmon Nosir nomi oqlangandan keyin dunyo yuzini ko'rgan eng salmoqli nashr edi. Uni to'plab, nashrga tayyorlagan Abubakr Rajabiy domla edi. Har ikki kitobning zarvarag'ida domlaning ismi shariflari darj etilgandi. Domla dars boshlanishidan oldin kitobning bittasini ochdilar-da, ichki ovozda she'r o'qiy bosh­ladilar.

 

Yurak, sensan mening sozim,

Tilimni nayga jo'r etding.

Ko'zimga oyni berkitding,

Yurak, sensan ishqibozim.

 

Senga tor keldi bu ko'krak,

Sevinching toshdi qirg'oqdan.

Tilim charchar, ajab, gohi

Seni tarjima qilmoqdan.

 

Sen ey, sen − o'ynoqi dilbar,

Zafardan izla yoringni.

To'lib qayna, toshib o'yna,

Tirikman, kuyla boringni.

 

Itoat et!

Agar sendan

Vatan rozi emas bo'lsa.

Yoril, chaqmoqqa aylan sen,

Yoril! Mayli, tamom o'lsam!..

 

Domla she'rni o'qib bo'lganlaridan keyin mijjalarida yosh halqalanganini ko'rdik. U kishi biroz tin oldilar-da, ko'z yoshlarini barmoqlari bilan artdilar. So'ngra Usmon Nosir hayoti bilan bog'liq qiziq bir voqeani so'zlab berdilar. Tug'ma shoir bo'lganligi bois, ul zot qamoqda yotganida ham she'r yozishni kanda qilmagan ekan. Har galgidek mahbuslarni ishga olib ketishganida qamoqxona ma'muriyati yotoqni ko'zdan kechirsa, ko'rpa-to'shaklarning yag'iri chiqib, bit bosib ketganiga guvoh bo'libdi. Barcha ko'rpa-to'shaklarni yoqishga buyruq bo'libdi. Kechqurun mahbuslar ishdan qaytsalar, ko'rpa-to'shaklar almashtirilgan. Kazarmani oh-voh, dod-voy bosib ketibdi. Mahbuslar topgan pullarini matraslarining ichiga tikib qo'­yishar ekan. Bir kun ozodlikka chiqsak asqatar deb. Usmon Nosir esa yozgan she'rlarini matrasi orasida saqlar ekan. Hamma: “Voy, pulim”, deb yig'lashsa, Usmon Nosir “Voy, she'rim!” deb faryod ko'targan ekan.

— Ishqimning eng oliy tuhfasi — she'rim, deb yozgan (“Naxshon” dostonidan) shunday buyuk shoir Stalin qatag'onining qurboni bo'ldi-ya, — deya chuqur so'lish oldilar ustoz.

Domlaning ushbu hikoyasi hammamizni muzlatib yubordi. O'shanda menga Abubakr domla Usmon Nosirning ikki jildligini sovg'a qilgan edi. “Tanlangan asarlar”ga O'zbekiston xalq shoiri Uyg'un so'zboshi yozgan ekan. U “Xalq o'zining asl farzandini, u qilgan sadoqatni, ezgu ishlarni ham umrbod hurmat qiladi, yodda saqlaydi. Ming yillardan keyin ham shoirning ajoyib she'rlari jaranglab turadi, o'zi aytganday, shoir bir umrga o'lmaydi. She'riyatga o'lim yo'q!” degan e'tirof bilan yakunlangan edi. Oradan uch-to'rt yil o'tib Abubakr Rajabiy domlaning shoirga bag'ishlab yozgan “Usmon Nosir” deb ataluvchi monografiyasi nashrdan chiqdi. Domlam ushbu kitobning biriga   hurmat yuzasidan menga dastxat qo'yib berganlar.

So'nggi to'rt-besh yil ichida Prezidentimiz rahnamoligida adabiyotimiz va uning ulug' namoyandalariga alohida e'tibor qaratilmoqda. Fikri ojizimizcha, Adiblar xiyobonida Usmon Nosirdek hassos shoirga ham haykal o'rnatilsa, adolat qaror topgan bo'lardi. Boz ustiga, “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi Bosh tahririyati tomonidan chop etilayotgan ulug' adiblarimizning muhtasham “Tanlangan asarlari” qatorida Usmon Nosir kitobini ham ko'rishni juda-juda istardik.

Muhammadali AHMAD,

“Yangi Sirdaryo” gazetasi bo'lim mudiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

10 − two =