Beruniyning aql mash'ali

Dunyoni o'zining tengsiz zakovati ila yaratgan bebaho asarlari bilan hayratga solgan qanchadan-qancha ulug' ajdodlarimiz bor. Ulardan biri shaksiz Abu Rayhon Beruniydir.

O'zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov:

Amerika — sehrli diyor,

Uxlar edi Kolumb ham hali,

Dengiz ortin yoritdi ilk bor,

Beruniyning aql mash'ali, —

deya yozganidek, hali ana shu ajdodlarimiz boqiy merosini o'qib o'rganish, bahramand bo'lish uchun ko'p e'tibor qaratyapmiz, deya aytolmaymiz.

Ayniqsa, bugungi ko'plab yoshlar Beruniy, Ibn Sino, Ulug'bek, Al-Xorazmiy kabi donishmandlarni qay darajada bilishadi. Birorta asarini o'qishganmi? O'qishga qiziqishadimi o'zi?

Afsus, afsuslar bo'lsinki, bir narsa deyish mushkul. Quyidagi maqolada esa ulug' bobomiz haqida juda muhtasar so'z yuritilgan. Shu bois uni ayniqsa yoshlarimiz o'qishini, uqishini istar edik.

Tahririyat.

 

Ulug' bobomiz Abu Rayhon Beruniy hijriy 362 yilning zulhijja, milodiy 973 yilning 4 sentyabrida Xorazmning o'sha vaqtdagi poytaxti bo'lgan Kat shahrida tug'ilgan. Qomusiy olimning ismi-sharifi manbalarda Muhammad ibn Ahmad Abu-ar-Rayhon al-Beruniy al-Xorazmiy deb yozilgan. Shu o'rinda alloma taxallusi — “Beruniy” so'zi turlicha talqin etib kelinayotganini ham aytib o'tish joiz. Qur'oni karimni rus tiliga tarjima qilgan Yu.Krachkovskiy “Beruniy bolalik chog'idayoq botanikaga qiziqqani uchun unga shunday laqab berilgan bo'lishi mumkin”, deya taxmin qiladi. Abdulkarim as-Sa'moniy “Kitob al-ansob” asarida: “Beruniy” degan nisba Xorazmdan tashqari joyga oiddir, kimki shahardan tashqarida tug'ilsa, bunday odam, falonchi beruniy, deyilgan. Abu Rayhon shunday nisba bilan mashhurdir” degan xulosaga keladi. Bundan tashqari, “rayhon” so'zi arabcha “rahmat”, “rizq” ma'nolarini ang­latadi, rayhon – marhamatli, rahmdil degan ma'nolarni anglatadi, degan qarashlar ham mavjud.

O'ninchi asrda Kat shahri xorazmshohlar-afrig'iylar sulolasi davrida gullab-yashnagan. Savdo-sotiq ravnaq topgan, madaniy markaz hisoblangan. Sharqiy Yevropa, Hindiston, Yaqin Sharq, Xitoy davlatlaridan keluvchi savdogarlar uchun chorraha vazifasini o'tagan. Bu azim shaharga butun dunyodan astronomiya, matematika, geografiya singari fanlar bilan qiziquvchi olimlar yig'ilib turgan. Beruniy bolalikdan arab, fors, sug'diy, suryoniy, yunon, hind, qadimgi yahudiy tillarini o'rgana boshlagan. Masalan, yunonchani qanday o'rganganligi haqida buyuk bobomiz shunday yozadi: “Biz turadigan joyga bir yunon ko'chib kelgan edi. Men har xil don, urug', meva va boshqa narsalarni olib borib, unga ko'rsatar, ular uning tilida qanday nomlanishini so'rab olar va nomlarni yozib qo'yar edim”. Alloma arab tilini o'rganish qiyin deguvchilarni, bu qiyinlik ilm­­ga tirishqoq insonlar uchun emas, avomlarga xos, deya hushyor torttirardi. Buni u shunday izohlaydi: “Arab yozuvining katta nuqsoni – unda shaklan bir-biriga o'xshash harflarning mavjudligidir. Bu harflarni bir-biridan ajratish uchun zeru zabarlar va fleksiya (so'z o'zagidagi tovushlarning almashinuvi orqali yangi so'z va grammatik formalarning yasalishi) belgilari qo'yiladi. Agar bular olib tashlansa, so'z ma'nosi tashlansa, buzilib qoladi”. Allomaning yoshlikdan ilm bilan mashg'ul bo'lgani, milodiy 994-995 yillar Kat shahrida muhim astronomik tajribalar o'tkazgani, bir necha astronomik asbob ixtiro qilgani haqida ustozi Ibn Iroq o'z asarlarida yozgan. Uning ilmga chanqoqligi quyidagi so'zlarida ham ko'rinadi: “Daryolarning doim dengizga quyilishi uning suviga ta'sir ko'rsatmaganidek amal va lazzat haqiqiy ilm oluvchiga ta'sir ko'rsata olmasligi kerak”.

Beruniyning bolaligi va kamolot davri somoniylar hukmronligining so'nggi yillariga, ya'ni ikki imperiya qoraxoniylar va g'aznaviylarning kuchayish va inqirozga yuz tutish davriga to'g'ri kelgandi. Shuningdek, olim qisqa vaqt ichida gullagan, lekin Mahmud G'aznaviy hujumi bilan yakson qilingan Afrig' davlatini ko'rdi. Keksaygan paytida esa o'g'uz saljuqiylarining kuchli imperiya tashkil etganlariga guvoh bo'ldi. Goh zolimlar zulmidan qochsa, ba'zida Ma'mundek saxovatli hukmdor, ibn Iroqdek ustoz, an-Naysoburiy, ibn Miskovayxdek maslakdosh olimlar ardog'ida bo'ldi.

Ma'lumki, 994-995 yillar O'rta Osiyoda muhim siyosiy o'zgarishlar bo'ldi. Qoraxoniylar somoniylar davlatiga hujum qildi. Natijada Xorazmda ham davlat to'ntarishi bo'lib, Kat Urganch amiri Ma'mun I tomonidan zabt etildi. Shaharda hukmronlik qilayotgan afrig'iylar sulolasi tugatildi. Vaziyat o'zgarishi esa sobiq hukmdor xizmatida bo'lgan Beruniy hayotini tahlikada qoldirdi va 22 yoshli alloma ona yurtini tashlab ketishga majbur bo'ldi. Bir muddat Kasbiy dengizining janubi sharqidagi Jurjonda, keyin Tehron yonidagi Ray shahrida – musofirlikda azob chekib yashaydi. Uning qiynalganligi haqida ma'lumotlar yozgan asarlarida ham aks etgan. Xususan, “Osor al-boqiya” kitobida Ray shahrilik bir kishi astronomiyaga doir masalada u bilan bahslashgani, ilmda o'zidan ancha past tursa ham, o'zini olimdan yuqori tutgani, hatto uni haqorat qilishgacha borgani xususida yozadi: “Vaholanki oramizda boylik va maqtovlarni yomonliklarga, faxrlarni ayblarga aylantiruvchi kambag'allik bor edi, xolos. Chunki men u vaqtda hamma tomondan qiyinchiliklarga uchrab, parishonhol edim”. Tez orada u Jurjonga qaytib, mashhur tabib, astronom va faylasuf al-Masihiy bilan tanishib, undan saboq oladi. Xorazm va Kasbiyoldi viloyatlari izmida bo'lgan ziyoliylar sulolasi (928-1042)ga mansub Qobus ibn Vashmgir olimni o'z himoyasiga oladi, unga sharoit yaratib beradi. Hatto Beruniyni vazirlik lavozimiga tayinlamoqchiligini bildiradi. Ammo alloma amaldorlikdan ilm bilan shug'ullanishni afzal ko'radi.

Nihoyat, 1010 yilga kelib Xorazmda osoyishtalik o'rnatilgach, Beruniy Ma'mun II tomonidan Urganchga taklif etiladi va unga katta hurmat-e'tibor ko'rsatiladi. Keyinchalik tarixda Ma'mun akade­miyasi deb nom olgan, “Dorul hikma” deb atalgan fan mas­kaniga rahbarlik qiladi. Ko'plab fan vakillarini bu dargohga jalb etish bilan insoniyat sivilizatsiyasiga katta hissa sanalgan asarlar, ixtirolar yuzaga kelishiga sabab bo'ladi. Afsuski, 1017 yildan boshlab bu olamshumul faoliyatga chek qo'yiladi. Movarounnahrni qoraxoniylar egallab, Xuroson va Afg'onistonda Mahmud G'aznaviy (998-1030) o'z hukmdorligini o'rnatadi. Ular o'rtasidagi sulhga ko'ra, Xorazm G'aznaviylar ixtiyoriga o'tadi. Amudaryo davlatlar o'rtasidagi chegara bo'lib qoladi. G'aznaviy olimlarni Xorazmdan G'aznaga olib ketmoqchi bo'ladi. Beruniy va uning shogirdi Abdusamad avval   unashmaydi. G'aznaviy g'azablanib ularni qatl etishga buyuradi. Ammo ilm qadriga yetuvchi G'aznaviyning vaziri Xo'ja Hasan oraga tushib, ular hayo­tini saqlab qoladi. Ammo baribir olimlar noilojlikdan G'aznaga borishga majbur bo'ladilar. Shu taxlit Beruniyning keyingi o'ttiz bir yillik hayoti vatandan uzoqda – G'aznada kechadi. To'g'ri, bu yerda ham unga sharoit va imkoniyatlar yaratilganidan nodir asarlar yaratadi. Hukmdorga Hindistonga qilingan yurishda hamrohlik qiladi. Mamlakat shimolidagi Nandiya qal'asida yashab, yer shari aylanasini hisoblash uchun izlanishlar olib boradi. Hind olimlari bilan ma'nan bog'lanadi. Tajribalari, kuzatuvlari natijasida dunyoga mashhur “Hindis­ton” asari yoziladi. Mahmud G'aznaviy vafotidan keyin uning o'g'li Mas'ud taxtga chiqadi. Uning baxtiga bu hukmdor ilm-fanga qiziquvchan edi. U olimga har tomonlama yordam ko'rsatadi. Hatto allomadan arab tilini o'rganadi.

Ilm yo'lidan bir on ham chalg'imagan allomadan bizga ulkan meros qoldi: 70 ta astronomiya, 20 ta matematika, 4ta kartografiya, 3 ta meteorologiya, 1ta fizika, 1 ta farmakologiya, 15 ta tarix va etnografiya, 4 ta falsafa, 18 ta adabiyotga doir asarlari butun dunyo miqyosida o'qilmoqda. Turli yo'nalishdagi ixtirolari tatbiq etilmoqda. “Dengizlar nazariyasi” geografiya fani rivojiga sabab bo'ldi: u Ptolemey fik­rini rad etib Afrika janub tomondan okean bilan o'ralgan dedi; birinchi bo'lib sferik geografiya tasviri — Yer globusini yaratdi; O'rta Osiyo xalqlarining geografik joylashuvi, Boltiqbo'yi va Shimoliy muz okeaniga yaqin mamlakatlar va xalqlar haqida qimmatli ma'lumotlar to'p­ladi; ilk bor Yer sharining tuzilmaviy xaritasini yaratdi; yigirma yillik umrini Hindiston mavzusiga bag'ishladi.

O'z davrining ulug' olimlaridan bo'lgan Al-Nahaviy “As-Sutur” asarida faqih al- Valvolijiyning alloma haqidagi xotirasini keltiradi. U   Beruniyning G'aznadagi uyiga kelsa, olim so'nggi nafaslarini olayapti. Jon berishdan oldinroq Valvolijiyga debdi: “Sen bir kuni menga “Al-jaddod al-fosida” hisobi – meroslarni noto'g'ri bo'lish haqida aytganding, shuni yana bir takrorla”. “Shunday holingizda-ya, — hayronlikdan betoqlanibdi Valvolijiy. “Ey Valvolijiy, — debdi shunda Beruniy, — Men bu dunyo bilan xayrlashayotibman, o'sha masalani bilmay ketganimdan, bilib ketganim yaxshiroq emasmi?!”. Valvolijiy so'ralgan narsani mulzamlik bilan aytadi, so'ng xijolatli ahvolda xayrlashib,   asta tashqariga chiqadi. U ko'chaga chiqishi bilan Beruniyning hovlisidan yig'i ovozi eshitiladi…

Umid BEKMUHAMMAD

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen + ten =