“Abrorlar hayrati”dan hayratga tushib…
So'z mulkining sohibqironi amir Nizomiddin Alisher Navoiy bundan besh yarim asr muqaddam “Yozganimni ulusqa marg'ub et”, deb ezgu niyat qilgan edilar. Mana, besh yuz sakson yildirki, ulug' ajdodimizning ana shu orzusi ijobat bo'lib kelmoqda.
Bu buyuk zotning hayoti va ijodi haqida mamlakatimiz va dunyoning uzoq-yaqin ko'plab o'lkalarida yuzlab ilmiy tadqiqotlar, badiiy asarlar, spektakllar va filmlar yaratilgan va hanuz yaratilmoqda. Filologiya fanlari sohasida vujudga kelgan navoiyshunoslik degan alohida muhim yo'nalish izchil rivojlanmoqda.
Hazrat Navoiy siyratining sehru jozibasi, kuchi va qudrati shundaki, u nainki bir o'rta asr mutafakkiri, aksincha, har bir davr uchun zamon kishisidir. U bizning ham donishmand zamondoshimizdir.
Daho san'atkor asarlarini necha yuz yillar davomida tushunib o'qigan va bugun ham anglab o'qiyotgan insonlar, qaysi millat va elat vakillari bo'lmasin, dunyoning qaysi burchida yashamasin, qalbiga iztirob solib qiynayotgan savollarga, o'z davrining barcha ma'naviy va ruhiy muammolariga javob topa oladi.
Cheksiz koinot sarhadlariga yetib bo'lmaganidek, Navoiyga muhiblik, navoiyshunoslik ham hech qachon poyon va chegara bilmaydi. Bugun jahon miqyosida bu betakror siymoning shaxsiyati va ijodiga qiziqish tobora yuksalib, bu mavzuda yaratilayotgan ilmiy va badiiy asarlar soni muntazam oshib borayotgani ham buning yaqqol isbotidir.
Shu ma'noda, hazrat bobomizni chinakamiga Xudo yorlaqagan zot, desak, adashmagan bo'lamiz. Chunki na o'rta asrlar bo'roni, na chor istibdodi, na sho'ro mafkurasi Alisher Navoiyning o'lmas nomi va merosini xalqimiz xotirasidan o'chira olmagan.
Bu ulug' shoir va mutafakkirning bunday oliy rutbasi haqida so'z yuritganda, aksariyat hollarda uning turkiy tilda ijod qilganiga alohida urg'u beramiz. Ammo Alisher Navoiyga qadar ham, u kishidan keyin ham turkiy tilda asar bitgan shoiru adiblar dunyoda oz o'tganmi? Birgina “Majolis un-nafois”da muallif turkiy tilda qalam tebratgan 150 nafar ijodkorni batafsil ta'riflab o'tadi.
Afsuski, bugun ularning ko'pchiligi tarix sahifalaridan tushib, unutilish sari yuz tutganlar, “yozganlari ulusqa marg'ub bo'lmagan”.
Hazrat Navoiyning quyoshdek yorqin shaxsiyati va she'riyati esa yillar, asrlar osha yashamoqda, yanada munavvar yog'du sochmoqda.
Bu kabi ijodiy umrzoqlikning, hissiyot va tafakkur bardavomligining siri, sinoati nimada? Axir Alisher Navoiy zamonidan buyon insonga, hayot va adabiyotga bo'lgan munosabat, qarash va mezonlar necha bor o'zgarib, yangilanib kelmoqda-ku? Nega bu daho ijodkorning asarlari to hanuz bashariyatning necha-necha avlodlarini hayrat va hayajonga solmoqda?
XXI asrning dastlabki choragi O'zbekistonda Alisher Navoiyni ayni ana shunday tushuncha va ruh asosida anglash davri sifatida namoyon bo'lmoqda. Yangi zamonning yangi navoiyshunoslari ilm va so'z maydoniga dadil kirib kelayotgani bag'oyat e'tiborli va quvonchlidir.
Shaxsan men o'zim so'nggi vaqtlarda Yoqubjon Ishoqov, Vahob Rahmon, Isajon Sulton, Shuhrat Sirojiddinov, Sirojiddin Sayyid, Iqbol Mirzo, Olimjon Davlatov, Akrom Malik singari iste'dodli adib va olimlarimizning, ozarbayjonlik hurmatli professor Ramiz Askerning Alisher Navoiyga bag'ishlangan asarlarini mutolaa qilar ekanman, qalbim zavq va iftixor tuyg'ulariga to'ladi.
Zamonamizning ilg'or ziyolisi, atoqli olim, akademik Abdulla A'zamning “Abrorlar hayrati” nomli asari qo'lyozmasi bilan tanishish asnosida yana shunday ajib hissiyotlarni boshdan kechirdim.
Men Abdulla akani uzoq yillardan buyon yaqindan taniyman. Bu keng qamrovli tafakkur egasi, tom ma'noda akademik – qomusiy olim bilan bir qancha muddat birga ishlash ham nasib etgan. Ochig'i, Alisher Navoiyning ma'naviy xazinasini asliyatda o'qib-uqqan bu insonga hamisha havas bilan qarayman.
Odatda, aksariyat akademiklarning ilmiy faoliyatida bitta yo'nalish ustuvor bo'lishini bilamiz. Abdulla A'zam misolida esa matematik iqtidor va navoiyshunoslik salohiyati teng darajada quvvatga ega ekani, ya'ni, u kishi fizika-matematika bo'yicha fan doktori, akademik bo'lish barobarida navoiyshunoslik sohasida ham hech bir olimdan ustun bo'lsa – ustunki, kam emasligini jamoatchiligimiz e'tirof etib keladi.
Abdulla aka faktlarga, ma'lumotlarga ijobiy ma'noda o'ta injiqligini, uncha-muncha haqiqatlarni to o'zi tadqiq qilib ko'rmaguncha qabul qilmasligini ko'p bor kuzatganman.
Shu o'rinda domlaning “Bobur ensiklopediyasi”dek fundamental ilmiy tadqiqotni nashrga tayyorlash va chop etish jarayonida bosh muharrir sifatida fidoyilik va mas'uliyat bilan xizmat qilganini alohida eslab o'tishni istardim.
Muallifning ilmga, har bir tadqiqot ishiga, so'z san'atiga nihoyatda jiddiy mas'uliyat va talabchanlik bilan yondashishini, bu yo'lda “igna bilan quduq qazib, suv chiqarish”dek zahmatli yumushdan hech qachon qochmasligini, aksincha, shunday mashaqqatli mehnatdan ma'naviy qanoat hosil qilishini yaxshi bilganim sababli ham, u kishining “Abrorlar hayrati” deb nomlangan yangi asariga qiziqishim yanada ziyoda bo'ldi.
Qo'lyozmani maroq bilan o'qib chiqqach, garchi unga kamtarona qilib “esse” deb nom berilgan bo'lsa ham, ushbu janr va uning imkoniyatlarini kamsitmagan holda, bu salmoqli, yetuk asar uzoq yillik ilmiy izlanishlar natijasi, navoiyshunoslik sohasida yangi bir kashfiyot ekaniga amin bo'ldim.
“Mazkur risoladan maqsad “Hayratul-abror” falsafiy asar ekanligini isbotlashdan iborat”, deb qayd etilsa-da, bu ko'lamli tadqiqot faqat shu asar bilan cheklanmasligi, balki Mir Alisher Navoiyning ijodiy olami haqidagi ko'plab tarixiy voqealar, noyob ma'lumotlarning ma'no-mohiyatini chuqur ochib berishi bilan alohida e'tiborga molikdir.
Tadqiqot biryo'la ikki-uch oqimda davom etadi. Asosiy manba sifatida olingan asar tadqiq etib borilar ekan, ham Alisher Navoiy siymosi va boshqa shaxslar haqida muhim ma'lumotlar, ham turli so'zlar sharhiyu turfa hodisalar tafsilotlari, ham ulug' shoir g'azallarining tahlillari (ularni qanday o'qish tarzigacha aniq ko'rsatilib) parallel ravishda berib boriladi.
Tadqiqot ko'lamining kengligi, tabiiyki, muallif tafakkurining teranligidan dalolat beradi.
Ayrim tadqiqotlar, ayniqsa, adabiyotshunoslikka oid kitoblarni o'qiganimizda, odatda ularning aksariyatida ilmiy yangilik va xolis tahlildan ko'ra, ko'proq publitsistika unsurlariga, ortiqcha his-hayajonlarga duch kelishimiz sir emas. “Abrorlar hayrati” esa eng avvalo, his qilsa, qo'l bilan ushlab ko'rsa bo'ladigan ilmiy ma'lumotlar, chuqur va vazmin tadqiq uslubi bilan o'quvchini o'ziga maftun etadi.
Eng muhimi, asarda ilgari surilgan g'oya va fikrlar ko'nglingizdagi ezgu tuyg'ularni yanada baland nuqtalarga ko'taradi. Har bir talqinda muallifning ko'plab manbalarni batafsil o'rganib chiqqani, ularni qiyosiy solishtirib, eng ishonchli ma'lumotlardan zargarona foydalangani, mumtoz adabiyotni, aruz ilmini, milliy tariximizni mohirona o'zlashtirganini sezib turasiz.
Barchamiz hazrat Navoiyni buyuk shoir va mutafakkir sifatida ardoqlaymiz. Risola muallifi ulug' ajdodimizni o'z falsafiy ta'limotini yaratgan faylasuf alloma sifatida taqdim etadi.
Bu borada olim qadrli ustozi – akademik Alibek Rustamovning “Navoiyning falsafiy aqidalari” haqidagi konseptual fikrlariga tayanadi, ularni yangi kontekstda mantiqiy rivojlantiradi.
“Abrorlar hayrati”da Alisher Navoiyning boshqa forsiy shoirlar singari g'arb olamida u qadar mashhur bo'lib ketmaganining sababi – uning asosan o'sha davrda “dunyoning eng boy, eng baxtsiz bir tili” (Abdurauf Fitrat iborasi) bo'lgan turkiy tilda ijod qilgani bilan bog'liq ekani ishonarli dalillar orqali isbotlab beriladi.
Holbuki, fors tilini mukammal bilgan Alisher Navoiy agar ushbu tilda ijod qilganida edi, mavlono Abdurahmon Jomiy mardona e'tirof etganidek, “Qolmas edi so'z aytishga kuch hech bu elda” (ya'ni, forsiyzabon shoirlarda).
Qarshisida ana shunday buyuk, yorug' istiqbol porlab turganida hazrat bobomiz butunlay boshqa – g'oyat mashaqqatli va og'ir yo'lni tanlaydi.
Keling, masalani bizdan ko'ra teranroq va kengroq idrok etgan zakiy zotlarning so'zlariga quloq tutaylik:
“Alisher Navoiy haqiqatan buyuk shaxs. Buning sababi – uning buyuk ideal sohibi ekanidir.
Navoiy ijod qilgan davrda yuksak darajaga ko'tarilgan eron adabiyotining mavqei juda baland edi. Shuningdek, o'sha davrda arab adabiyoti ham mashhur edi. Shunday paytda mumtoz turkiy adabiyot ham dunyoga kelishi zarur edi. Bu sharafli vazifani Alisher Navoiy ado etdi.
U turk dunyosini qalam bilan birlashtirdi…
Alisher Navoiy turkiy tilning mujohididir. Tasavvur qiling – shoir yashagan davrda hukmron til forscha, rasmiy davlat tili – forscha edi. Shunday bir vaziyatda turkiy tilni himoya qilib chiqib, bu tilda bebaho asarlar yaratish mumkinligini isbot qilish buyuk jasoratdir” (Professor Kamol Eraslon).
Yana:
“Dunyoning turli joylariga tarqalgan va Vatanidan ayri tushgan odamlarni o'zining asarlari bilan bir manzilda to'play olgan boshqa bir shoir bormikin? So'ngi nafasiga qadar xalq g'amu tashvishi bilan yashab, uning farovon hayoti yo'lida turli-tuman mashaqqatlarga bardosh berib, tuhmat va bo'htonlarga yo'liqib, lekin e'tiqodiga qarshi bormagan Navoiydek metin irodali shoir topilarmikin? Ajabo, xo'rlangan bir tilni huzur-halovatdan kechib, o'zini fido qilish orqali himoya qilgan yana bir shoir tug'ilarmikin?” (Doktor Yusuf Chetindog').
Abdulla A'zam o'z tadqiqotida Sulton Husayn va Alisher Navoiyning turkiy til bayrog'ini baland ko'tarib, uning shon-shuhrati va nufuzini yuksaltirish, davlat tiliga aylantirish yo'lidagi qahramonona tarixiy xizmatlarini, ularning qalbidagi milliy tuyg'u qanchalar beqiyos bo'lganini ta'sirchan misollarda yaqqol ko'rsatib beradi.
Tadqiqotni mutolaa qilar ekansiz, muallifning:
“Alisher Navoiy “insoniyat tarixidagi birinchi ona tili patriotidir”, degan xulosasi ayni haqiqat ekaniga ishonch hosil qilasiz.
Ma'lumki, adabiyotshunoslik fanida iste'molga kirib qolgan xatoliklar haqida “g'alati mashhur” degan ibora bor.
Risolada biz uzoq yillardan buyon o'rganib qolgan, nomdor olimlarimizning tadqiqotlarida, atoqli adiblarimizning asarlarida doimiy qo'llab kelinadigan ana shunday bir xatolik haqida asosli fikrlar bildiriladi. Aflotun: “Suqrot – do'stim, lekin, haqiqat undan ustun turadi”, deganidek, muallif bu boradagi ilmiy haqiqatga ko'zimizni ochib beradi.
Ya'ni, tarixda “Husayn Boyqaro” degan shaxs bo'lmaganini, biz ushbu nom bilan nazarda tutadigan temuriy hukmdorning ismi aslida Sulton Husayn Mirzo ekanini ishonchli manbalar asosida isbotlab, bu masalaga uzil-kesil nuqta qo'yadi.
Ilmning qadri qachon oshadi? Qachonki, amaliyot bilan bog'langanida. Basharti, olimimiz bir tarixiy chalkashlikni aniqlab, uning o'rniga to'g'ri va ishonchli ma'lumotni taqdim etayotgan ekan, shu haqiqatni qabul qilish va keng iste'molga kiritish, o'ylaymanki, har tomonlama maqsadga muvofiqdir.
Asarda Navoiy tarjimai holi va taxallusiga oid yangicha talqinlar ilgari suriladi. “Abror”, “ko'ngil”, “jon”, “ruh” kabi tushunchalarning, Navoiy hikmatlari va hikoyatlarining turfa ma'nolari ochib berilishi, ulardan chiqarilgan falsafiy xulosalar o'quvchini mushohadaga undaydi.
Muallif bu asarning yozilishiga buyuk navoiyshunos, akademik Alibek Rustamov bilan bo'lgan suhbatlari turtki berganini ta'kidlab o'tadi.
Bu o'rinda, ikki yetuk olim – akademik Alibek Rustamov va akademik Abdulla A'zam o'rtasidagi ilmiy va insoniy munosabatlar, shogirdning o'z ustoziga yuksak e'tiqodi va ehtiromi barchamiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun ibrat namunasi ekanini aytish o'rinlidir.
Abdulla akaday o'ta talabchan, maqtov va turli-tuman lutflarga benihoya xasis olimning nafaqat navoiyshunoslik, balki matematika sohasidagi ulug' ustozlari – Toshmuhammad Sarimsoqov, Sa'di Sirojiddinov, Mahmud Salohiddinov kabi allomalar haqida ham doimo “og'zidan bol tomib” gapirganiga guvoh bo'lganman.
Afsuski, mana shunday nodir iste'dodli, fidoyi olimlar bugun oramizda juda kamligi sezilib qolayotgani ham ayni haqiqatdir.
So'z san'atining bir muxlisi o'laroq, men ham rahmatli domlamiz Alibek Rustamovning o'zbek tili va turkologiya sohasiga, navoiyshunoslikka bag'ishlangan mukammal tadqiqotlari, risola va kitoblarini takror-takror mutolaa qilaman.
“Qadimgi turkiy til”, “Navoiyning badiiy mahorati”, “So'z xususida so'z” kabi kitoblariga ish faoliyatimda doimo murojaat etib kelaman.
O'rni kelganda afsus bilan aytay: bu bebaho asarlarni bugun kutubxona va do'konlardan topish amri mahol. Chunki ular chop etilganidan buyon kamida qirq-ellik yillar vaqt o'tgan. Mana shunday noyob ilmiy-ma'rifiy xazinamizga beparvo bo'lib yashayotganimiz, ularni qayta nashr etish, yoshlarimizni bu tafakkur durdonalaridan bahramand etishga loqayd qarab kelayotganimiz uchun ko'nglimda nadomat sezaman. Fanlar akademiyamiz, Yozuvchilar uyushmasi nihoyat o'zlaridan ortib, bu masalaga ham e'tibor qaratar, deb umid qilaman.
Ushbu satrlarni bitish asnosida kitob javonimdan marhum alloma Alibek Rustamovning 1979 yili nashr etilgan “Navoiyning badiiy mahorati” nomli asarini olib, qayta ko'zdan kechirish zarurati tug'ildi. Hajman mo''jaz, lekin mazmunan ulkan bu risolaning muqovasiga nazar tashlab, rahmatli domlaning hazrat Navoiyga e'tiqodi va hurmati cheksiz bo'lganiga yana bir marta ishonch hosil qildim. Odatda, kitob muqovasida avval muallifning ism-familiyasi, so'ngra asar nomi yoziladi. Ushbu kitobda esa aksincha manzaraga – dastlab “Navoiyning badiiy mahorati” deb, uning ostida esa “Alibek Rustamov” deb qayd etilganiga ko'zim tushdi.
Ya'ni, muallif o'z ism-familiyasini hazrat Navoiyning muborak nomlaridan yuqori qo'yishga istihola – hayo qilgani yaqqol ko'rinib-sezilib turibdi.
Alibek Rustamovning ilmiy mushohada qudrati kitobning debocha qismidayoq yarq etib ko'zga tashlanadi. Mashhur “Odamiy ersang demagil odamiy, Anikim yo'q xalq g'amidin g'ami”, degan shohbaytni risola muallifi ilmiy, tarixiy, badiiy, falsafiy, mantiqiy, ruhoniy nuqtai nazarlardan, jami o'nta rakursdan turib shunday teran tahlil qiladiki, bu talqinlardan qalbimiz beixtiyor hayrat va zavq-shavqqa to'ladi.
“Abrorlar hayrati”da Alibek domlaning ana shunday tahlil va tadqiq usuli yangicha ilmiy-badiiy yondashuvlar asosida davom ettiriladi. Muallif ustozining “Mahbub ul-qulub” asarini rus tiliga yuksak mahorat bilan – nasriy qofiya, ya'ni sa'jini saqlab tarjima qilgani haqida quyidagi birgina misolni keltiradi, lekin, qatrada quyosh aks etganidek, shu kichik parcha orqali ko'p narsa yaqqol ayon bo'ladi:
“Odilu oqil podshoh ibodullohg'a zillulloh. Xilofat mulki aning farmonida, “Inni jo'ilun fil arzi xalifatun” – aning shonida. Bukim, odil podshoh rif'ati ta'rixdin biyikroq erur, “vulittu fi zamonie – sultonul-odil” andin xabar berur”.
Tarjimada:
“Esli sar spravedliv i umyon, dlya bojix rabov tenyu Boga yavlyaetsya on. On podlinnыy vlastelin vo vladenii svoem, stix “Kur'an”a “Poistine Ya stavlyu namestnika na zemle” nisposlan o nem. Velichie spravedlivogo sarya opisat nevozmojno. Izrechenie “Ya rodilsya v epoxu spravedlivogo sarya” ob etom govorit neprelojno”.
Mukammal va go'zal ushbu tarjima matnini o'qir ekansiz, ustozlarimizning ilmiy salohiyati, adabiy iqtidori nechog'li yuksak bo'lganiga yana bir bor tan berasiz.
Muhtaram Abdulla A'zam domlamizning yangi badiiy-falsafiy asaridan olgan taassurot va xulosalarimni Alisher Navoiyning otashin muhibi, akademik Nikolay Konradning ushbu haroratli so'zlari bilan ifoda etishni istardim:
“Alisher Navoiy – jahon madaniyatining mushtarak yutug'idir. Keling, dunyoda Alisher Navoiydek shoir bo'lgani uchun quvonaylik! Bizga shunday shoirni armug'on etgan o'zbek xalqiga katta rahmat aytaylik. Navoiyni faqat o'rganmasdan, tadqiq etmasdan, balki doimo o'qib yuraylik. Uni o'zimizning shoirimizga aylantiraylik!”
“Abrorlar hayrati” mana shu ezgu va oliyjanob da'vatni ro'yobga chiqarish yo'lidagi yangi amaliy qadamdir. Bu asar kamolot cho'qqisida turgan hazrat Navoiyni bizga yanada yaqinlashtiradi. Biz – g'ofil bandalarni ham ana shunday yuksaklik sari qadam qo'yishga chorlaydi.
Ushbu faromush fikrlarim so'ngida ilmiy kashfiyot deb baholashga arziydigan, hayrat va hayajon bilan o'qiladigan mana shunday yirik tadqiqot yaratib, xalqimizga taqdim etgan hurmatli muallifga, kitobni ko'rkam shaklda chop etgan G'afur G'ulom nomidagi Adabiyot va san'at nashriyoti jamoasiga Mir Alisher Navoiy ijodining barcha muxlislari nomidan minnatdorlik bildirishga burchlimiz, deb hisoblayman.
Qadrli kitobxon, qo'lingizdagi “Abrorlar hayrati”ni albatta o'qing – bu noyob va barkamol asar sizni ham hayratga solishiga ishonaman.
Xayriddin Sulton