Mahorat dunyosida
Adabiyotshunos olim, O'zbekiston Qahramoni Ibrohim G'afurovga maktub
Ibrohim domla, Jeyms Joysning tarjimangizdagi “Uliss” romanini “Jahon adabiyoti”da e'lon qilinganida o'qib, ochig'i uncha tushunmagan edim. Alohida kitob bo'lib chiqqach, uni kitob do'konidan sotib oldimki, asl maqsadim uning mohiyatiga yetish edi. Rostini aytsam, olti oy davomida o'qib, haliyam uni to'liq tushundim, deya olmayman. Mutolaa jarayonida aqlim bilan ko'nglim tortishganday tuyulaverdi. Aqlim: “Mentalitetimizga mos bo'lmasa-da, ongu shuurimizga ta'sir ko'rsatadigan asarlarni o'qish va tushunishdan hayiqish kerak emas, ammo uni targ'ib qilishdan qo'rqish lozim. Zero, bu holatni hatto yomonlab yozish ham targ'ibning bir turi”, desa, ko'nglim uni inkor etardi. “Almoyi-aljoyi fikrlaringni qo'y, — derdi go'yo. — Ana shunday asarlar bo'lmasa, bir xalq boshqasini bilmasdi — uning urf-odati, an'analari, qadriyatlaridan voqif bo'lmasdi”.
Ha, ana shunday ikki dunyoqarash oralig'ida o'z oldimda “Uliss” bizning romanlardan nimasi bilan ajralib turadi, degan savol qo'yib, yana takror o'qiy boshladim.
Shohona asarlarimiz “O'tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Kecha va kunduz”, “Sarob” kabi romanlarimizda ta'sirchan, romantik tasavvur uyg'otadigan voqealarga mahliyo bo'lasiz. Hayotiyligidan kitob o'qiyotganingizni unutib ham qo'yasiz. Tuyg'u, hikmatga moyil satrlarni yozib borish odatingiz bo'lsa, buni ham esdan chiqarib qo'yasiz. Chunki bularda ibrat olsa bo'ladigan iboralar voqealarga singdirib yuborilgan-da, “Uliss”da bunday emas. Hislaringizning yuz-ko'zini bog'lab, o'zi bilan qaygadir boshlab ketadigan ravon voqea yo'q. Ammo har tasvirning o'zi bir voqeaga asos bo'ladigan romantika. Ya'ni, “Uliss” xuddi falsafiy-psixologik she'rlar majmuasidek. Shuning uchun biridan-ikkinchisiga o'tishda qiynalasiz – ularni bog'laydigan rishtani goh topasiz, gohida topolmaysiz. Ammo iboralarni yozib olish sur'ati tezlashadi. Yozib olgan iborangizning asar voqeasiga ham daxli bor, ham daxli yo'qday, alohida tuyg'u yoki hikmatday taassurot uyg'otaveradi. Shu jihat Joysning atoqli yozuvchilarimizdan farqini belgilasa kerak, deb o'ylayman.
Ana shunday anglash aro bir masalaga insof va andisha nuqtai nazardan yondashishimiz kerak. Ya'ni, falon g'arb yozuvchisining falon asarining g'oyasi sharq adabiyoti xazinasida mavjud, degan o'rinsiz faxrga berilavermasdan ularni boricha xalqimizga taqdim qilish afzalroqdir. Binobarin, g'arb adabiyotida favqulodda go'zal, tasvirlari betakror asarlar borki, bunga Sharq ham mahliyodir. Chunonchi, “Uliss”da bunday holatlar ko'p, juda ham ko'p duch kelasiz. Aytaylik, asar qahramonining lozim bo'lgan narsani o'z onasiga ravo ko'rmagani, ammo lozim bo'lmagan narsa uchun qat'iylik ko'rsatgani haqidagi voqeani oling:
“ — Rahmat, — dedi Stiven. – Agar ular kulrang bo'lsa, men kiya olmayman.
— U kiyolmas emish, — dedi oynadagi o'z aksiga qarata Bak Malligan. – Tarki odat amri mahol. U o'z onasini o'ldirdi. Ammo u kulrang shim kiymas ekan”.
Umuman, Joys tasvirlari qoliplovchi motivlar asosida qurilgan, ya'ni motiv ichida motiv bor. Bular: oddiy buyum va ramziy ishora. Bu holatda moddiy motiv – oyna, ramziy motiv esa kinoya. Qahramon soqol olayotib, oynadagi aksi bilan gaplashayotgan bo'lsin, aslida hamxonasiga tegizayapti. Hamrohiga bu gap ta'sir qiladi: “Stiven enkayib o'ziga uzatilgan oynaga qaradi, oynaning o'rtasidan egri-bugri darz o'tgan, darz orasida bir tola soch tiqilib uchi chiqib turardi. O'tkinchilarning nigohi nimani ko'radi? Kim menga shu yuzimni tanladi? Manavi nochor, parazitlar bilan to'lib-toshgan itning vujudini kim berdi? Oyna ham shuni so'rayapti”.
Stiven onasi o'lgandan bir necha kun o'tgach, Bak Malliganning uyiga borgandi. Tasodifan oshnasining onasi savoliga javobini eshitib qoldi. Malligan Stivenning musibatli holatini nazarga ilmay: “Yaqinda uning onasi asflasoflinga ketdi” deydi. Ko'rinishidan oddiygina, ammo dramatizmga boy bu suhbat ular xonadan dengiz sohiliga chiqqandan keyin ham davom etadi. Bak Malligan Stivenga go'yo taskin beradi:
“Onangning o'limi sening yoki mening o'limim… Onang jon taslim etayotganda sendan iltijo qildi, tiz cho'kib men uchun Xudoga yolvor, dedi. Sen buni ado etishni istamading. Nima uchun?.. Lekin men onangning xotirasini haqorat qilganim yo'q”.
“ – Men onamni haqorat qilding, deyapmanmi?
— Kimni bo'lmasa? — so'radi Bak Malligan.
— Sen meni haqorat qilding, — dedi Stiven”.
Qarang, yozuvchi Stivenning onasini e'zozlaganini qanday tasvirlaydi. Bak Malligan o'zini bu gapdan ta'sirlanganday tutadi:
“ — Dengizga qara, — dedi u. — Uning haqoratlar bilan nima ishi bor?!”.
Sharqda “Basharang qiyshiq bo'lsa, oynadan o'pkalama” degan naql bor. Ammo bu naql yuqoridagi ifodani butunlay qamrab oladi, deya olmaymiz. E'tibor bersangiz, yuqoridagi voqeadan oldin Bak Malligan soqol olishni boshlarkan, oshnasi Stiven Dedalni ham ko'kka ko'taradi, ham o'zi ko'targan yuksaklikdan pastga tashlab yuboradi. Uni “Dedalus – dunyodagi eng tuzuk bolalardansan” deya erkalaydi, “King (ustara)ning tig'i” deb masxara ham qiladi. Hatto “senda qandaydir yoqimsiz narsa bor” deya kamsitadi. Bir sahifada asar qahramonini ham yomonlab, ham yaxshilashini yozuvchining o'ziga xos yo'li deb qabul qilishga majbur bo'lasiz. Ya'ni ifodada qarama-qarshi sifatlarning bir insonga nisbat berilishi bilan taqdir chigalliklari, dunyoqarashlar to'qnashuviga, bir inson butunlay yaxshi yoki yomon bo'lolmasligiga ishora qilinadi. Asar tuzilishida ham biz o'rgangan yaxlitlik va tekislik yo'q. Past deganimiz baland, keng deganimiz tor, yaxshi deganimiz yomon, yomon deganimiz yaxshi va hokazo. Mantiqan qaraganda, birovni fazilatli yoki nuqsonli degan insonning o'zi kim? Yozuvchining bu borada hukm chiqarishga haqqi bormi? Yo'q, Joys kitobxonning tekin ovqatdan rizqlanishini istamaydi. Shu o'rinda yana bir jihatni aytish o'rinliki, tarjima jarayonida imkon qadar sodda, xalqona ifoda yo'lidan yurgansiz. Agar tilimiz xazinasidagi avval mavjud bo'lgan, iste'molga qayta kiritilayotgan mumtoz adabiy manbalardagi so'zlarni ishlatganingizda “Uliss”ni o'qish yanada qiyinlashardi.
Adabiyotshunos olim Hamidulla Boltaboyev, nafaqat ilmiy risola va monografiyalar, balki badiiy adabiyot namunalaridagi asoslar ham yetarlicha ilmiy manba vazifasini o'taydi, deya to'g'ri mulohaza yuritadi.
“ – Xo'p, siz Hamlet haqida nima deb o'ylaysiz? – so'radi Heyns Stivendan. “Biz allaqachon Uvaydlar va paradokslardan o'tib ketganmiz. Bu juda sodda. Gap shundaki, u algebra yordamida Hamletning nabirasi Shekspirga bobo – uning o'zi esa otasining ruhi, deb ishontirmoqchi bo'ladi”.
“Gap shundaki, — tushuntirdi Heyns Stivenga yana oldinma-keyin yo'lga tushishgach, —mana shu minora va manavi qoyalar nimasi bilandir menga Elsinor (“Hamlet” tragediyasida qirol saroyining nomi) ni eslatdi”.
Ko'rinadiki, “Uliss” qahramonlari suhbat jarayonida sizni “Hamlet”dunyosiga boshlaydi. Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, adabiy asar ilm tabiatini nafaqat o'zida aks ettiradi, balki uni hayotiylashtiradi ham. E'tibor bering, Hamlet qismati Stivenni qanday o'ylatdi: “Mana shu yarqiroq, jim-jimit lahza ichida Stiven o'zini tashqaridan ularning och-oqish liboslari aro arzon g'ubor bosgan motamsaro kiyimda ko'rdi”.
Sir emas, asarlari boshqa tilga o'girilgan ulug' adiblarning o'ziga xosligi ko'rinmagan holatlarga duch kelganmiz. “Uliss”da esa Joysning o'zligi shundoq ko'rinib turibdi, uning mahoratini mahoratingiz qamrab olgan. Bunga ba'zi misollarni keltiraman:
“Ochiq derazadan kelayotgan baqiriq-chaqiriqlar oqshomni hurkitadi”.
“U dengizga qarab turar, zinapoya sahnidan dengiz tomonga tong sukunatida o'rmonlarning soyalari sassiz suzib o'tardilar. Qirg'oq bo'yi va undan nari suv beti yengil uchqur dolg'alardan oqarib ko'rinadi. Qoramtir tumanli dengiz, ko'kragi oppoq. Qo'sha she'riy urg'ularning chatishmalari. Arfa torlarini chertadi qo'llar, yangraydi jo'r ohanglarning saslari. To'lqinlar kabi oppoq so'zlar juft bo'lib, qovushib, mubham dolg'alar uzra mudraydi”.
“Bak Malliganning chehrasida keng-kushod tabassum yoyiladi, u xuddi kulgi niqobini taqqanga o'xshardi”.“Erkin bo'lish o'zingizga bog'liq”. “Bekorchi masxarabozlik, kimki shamolni tikishga urinsa, bari bo'shliqqa giriftor bo'lur”.
“Bolaning bo'sh yuzi bo'sh derazaga bo'sh qaraydi”.
“Zardali, qaynab chiqqan so'zlar, Bleyk (Uilyam Bleyk – 1757-1827 yillarda yashab o'tgan ingliz shoiri)ning mubolag'ador qanotlari shuvillaydi. Qulog'imga chalinar: makon to'ziydi, oynalar chil-chil. Qulaydi devorlar, vaqt esa eng so'nggi shaffof alanga. Bizga nima qoladi?”.
“Ha, ser. Keyin u: biz yana shunday bitta g'alaba qozonsak, halok bo'lamiz, degan. Bu so'zlarni dunyo eslab qolgan”.
“Murosasozlik erkaliklari uchungina bo'lmasa kerak? Ular uchun ham tarix quloqqa ko'p chalingan zarbulmasal, Vatan esa – qarz berib turadigan g'azna bo'lib qolgan…”
“Uliss”ni o'qiydigan kitobxon, aminmanki, dastlab: “O'rtoq Joys, siz uchun bu asar juda qadrlidir, ammo mening umrim ham o'zim uchun aziz”, deydi-yu, sabr qilib o'qishda davom etsa, alaloqibat undagi fikriy javohirlarni ko'rib boshi osmonga yetadi.
Ibrohim aka, rostini aytsam, mutolaa jarayonida mulohazali iboralarga duch kelib, mening ham ko'z oldimda turlicha holatingiz namoyon bo'ldi: birdan o'rningizdan turib ketgansiz, qalam va qog'ozga dilozordan bezganday qaragansiz, keyin yana tarjimaga mashg'ul bo'lib, tong yorishganini sezmay qolgansiz…
Nihoyat, maqsadga yetib, adib o'ylarini o'zbek kitobxoniga asliday yetkazibsiz.
Shu o'rinda atoqli shoir Rauf Parfining qiziq holati va kutilmagan bir fikrini keltirishni joiz topdim: Rauf akaning televizor ko'rishi qiziq edi. Pult qo'lida bo'lar, kanaldan-kanalga o'tishni kanda qilmas, bir ko'rsatuv yoki kinoni to'liq ko'rolmasding. Bir safar buning sababiga qiziqdim. “Men kitobni ham shunday o'qiyman, — dedi ustoz shoir. — Uning duch kelgan sahifasini ochib ko'z yugurtiraman. O'sha sahifadan kutganimni topishim kerak. Televizorga kelsak, hammaga ma'lum gaplarning takrorlanishi kanaldan-kanalga quvib yuradi meni. Hamma kanalda fikrsizlik ta'qib etsa, men bilmagan tilda aytilgan yoqimli qo'shiqlarni izlayman”…
Shu ma'noda “Uliss”ning xohlagan sahifasini oching, unda kishini o'ylantiradigan jumlalar idrokni uyg'otadi, yoqimli “qo'shiq”lar hislarimizni erkalaydi.
Xullas, sahifalarda ongu tafakkurimizga atalgan nodir in'omlar ko'p.
Ilhom AHROR