“Qurbon atalganlar erur qahramon”
Gazetaning 2022 yil 1 sentyabr 34-sonida Namangan viloyati Yangiqo'rg'on tumani pedagogi Ismoiljon Otaboyevning mashhur shoir Usmon Nosir tavalludining 110 yilligiga atab yozgan “Shoir nidosi” turkum she'rlarini qiziqish bilan o'qib chiqdim. Bu she'rlar Muhtaram Prezidentimizning 2022 yil 10 fevraldagi “Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini keng nishonlash to'g'risida”gi qaroriga juda ham hamohang tarzda yozilgani bilan qadrli.
She'rlar o'ta samimiy va katta insoniy dard bilan yozilgan. Bu she'rlar bir o'qishdayoq o'quvchining qalbini zabt etadi. Shoirning satrlaridagi dardi, alamlari she'rxonning yuragiga ko'chadi. Eng muhimi, she'rlar ravon o'qiladi. Hatto bir-ikki o'qishda bemalol yodlab olish mumkin.
Bugun qatag'on qurbonlari tarixini o'rganish jarayonida o'tmishning o'ta kir sahifalari ham ochilayotirki, ularni o'qib nafratlanasan kishi.
Abdulla Qodiriy, Cho'lpon, Fitrat, Usmon Nosir singari buyuk iste'dodlarni sho'ro malaylariga qulluq qilib xizmat aylagan – o'sha iste'dod egalarining yonida yurgan, hamsuhbat bo'lgan, birgalikda ijod qilgan kimsalar – chaquvchilarning nopok imzolari ham qatag'onda muhim rol o'ynagan. Ular begonalar emas, afsuski, millatdoshlarimiz bo'lgan.
Men tirikman, ey, tiriklar,
Sovuqdan o'lganim yo'q.
Ammo biling, og'ir ekan,
O'zingniki otgan o'q.
Do'st deganim, ishonganim,
Menga qildi xiyonat.
Xoinlarcha imzo chekkan
Nopok qo'li o'ldirdi.
She'rdan olingan ushbu misralardan ayon bo'lganidek, shoirning o'limiga yonida yurgan “ishonchli” do'stlari ham sababchi bo'lganlar. Yana bir joyda shoir yozadi:
She'rlarimda Vatanimga
Shuhrat berdim. Shon berdim.
Izg'irinda o'lganim yo'q,
Tuhmatlardan jon berdim.
Sotqinlar, hasadgo'ylar, tuhmatchilarning qatag'on davrida “bozori chaqqon” bo'lgan.
Bunday manfur kimsalar millatning eng o'tkir, bilimdon va iste'dodli ziyolilarini yo'q qilishda sho'ro qatag'oniga kutilgandan ham behisob hissa qo'shganlar. Sho'ro belgilab bergan rejani ortig'i bilan ado etganlar. Sotqinlik tufayli mansabu mukofotlarga sazovor bo'lganlar.
Shoir “Qatag'on” she'rini ham o'ta ta'sirchan va yuragi kuyib yozgan.
Munofiq ko'paydi, buzildi zamon,
Turkiylar birligin buzdi qatag'on.
Sotqinlik, xoinlik avjiga chiqib
Vatanim, deganlar bo'ldilar qurbon.
Ular qurbon emas, sotqinlar qurbon,
Qurbon atalganlar erur qahramon.
Nahotki, odam bolasining iymon-e'tiqodi shunchalar bo'sh bo'lsa? Nahotki, odam bolasi shunchalar chaqimchilik va sotqinlikka moyil bo'lsa, millatdoshini qatl qilishlaridan huzur qilsa?
Ba'zan hadik bilan o'ylab qolasan, sotqinlar, munofiqlar hozir ham oramizda bormi? Ularning manqurt izdoshlari hamon yashayotganmikin?.. Xudo asrasin! Yoki she'rda yozilganidek:
Sotqinning o'rnini sotqin to'ldirar,
Sotqinni kelajak avlod o'ldirar.
Tavqi la'natlarga uchragay abad,
Yovuzlikni bir kun hayot so'ldirar.
Ular qurbon emas, sotqinlar qurbon,
Qurbon atalganlar erur qahramon.
Haqiqatan ham bugun qurbonlarning muborak nomlari haqiqiy qahramonlar safida katta harflar bilan yozilmoqda. Jumladan, buyuk shoir Usmon Nosirning ham.
Akademik Naim Karimov yozganidek: “Usmon Nosir bir zum ham ijod qilishdan to'xtagan emas… Afsuski, shoir umrining keyingi yillarida, ya'ni 1935–37 yillarda yozgan yoki yoza boshlagan asarlarini nashriyotga topshirgan bo'lsa ham, hali biror joyda bosilmagan, hatto radiodan ham o'qilmagan bu bitiklar “xalq dushmani”ning she'rlari sifatida yondirib yuborishgan.”
Bundan ortiq jaholat bormi? Bundan-da ortiq she'rkushlik, qonxo'rlikni, razolatni tasavvur qilib bo'ladimi?!.
“Ammo biling, og'ir ekan O'zingniki otgan o'q”.
Kamina oddiy bir she'r muxlisi sifatida gazetxon Ismoiljon Otaboyev she'rlarini mehr bilan o'qidim. Ulug' shoirning achchiq qismatidan og'ir o'ylarga botdim. Shunday bir buyuk iste'dod, ulug' shoir, adabiyotimizning yorqin yulduzi jallod tuzumning qurboni bo'lganiga juda-juda achindim. Og'riqli yuragimga yana og'riqlar sanchildi. Shoirning o'tli misralariga men ham qo'shildim:
Ular qurbon emas, sotqinlar qurbon,
Qurbon atalganlar erur qahramon.
Shoir do'stim! Dardli va o'tli misralaringiz bilan betakror va ulug' shoir ruhini chinakkam shod etibsiz.
Sizning qalamingizga ham, ushbu she'rlarni e'lon qilgan tahririyatga ham JASORAT tilab:
Ashurali JO'RAYEV,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan
jurnalist