Holva degan bilan…

Yoxud gazetalarni qanday saqlab qolish haqida

 

Matbuot ijtimoiy hayotni o'zida aks ettirish, uni bilish, tadqiq qilish va jamiyatga qaytadan ta'sir qilish quroli ekanligini hamda gazetalar uning tarkibida bosh o'rinni egallab kelishi hammaga ma'lumdir. Dastlabki bosma gazetalar so'zni bosma usul bilan ko'paytirish ixtiro qilingan paytdan boshlab paydo bo'lgan va ular mana to'rt asrdan beri insoniyatga xizmat qilib kelmoqda. Gazeta ommaviy axborot vositalarining asosiy turlaridan biri bo'lib, jamiyatning shu kundagi, ayni zamondagi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy ishlab chiqarish va madaniy-ma'naviy hayotini aks ettiradi, uning asosiy vazifasi o'quvchiga jamiyatning shu kundagi, ayni zamondagi hayoti haqida axborot berish, bo'layotgan voqea va hodisalardan xabardor qilishdir. U jamiyat hayotining barcha sohalarini qamrab oladi, shu kunning tarixini butun to'laligi bilan aks ettiradi.

Ammo davr taraqqiysi va butun dunyoning aksariyat qismi amal qiladigan bozor iqtisodi siyosati hamma sohadagi kabi matbuot va shu jumladan, gazetachilik sohasini ham qayta ko'rib chiqish va zamonga moslashtirishni talab etmoqda. Sovet tuzumi davrida yakka g'oyaviylik siyosatini ommaga yetkazish va onglarga singdirish quroli bo'lgan gazetalar endi erkin sotib olinadigan ijtimoiy mahsulotga aylanishi tabiiy bir hol bo'lib qolar ekan, gazetachilikni ham shu talablarga moslashtirish lozimligi ko'rinib turibdi. Endi sovet tuzumidagi kabi har soni ikki yuz so'mdan ortiqqa tushadigan gazetani ikki tiyinga sotish (boshqa xarajatlarni aholining bo'yniga qo'yish) davri o'tib bo'ldi. Shuning uchun gazetachilik sohasida quyidagi islohotlarni zudlik bilan o'tkazishni taklif qilardik:

  1. Respublikamizda chiqadigan gazetalar tarmog'ini qayta ko'rib chiqib eng zarurlarini olib qolish lozim. Bunda jamiyatdagi mavjud davlat va jamoat tashkilotlari asosiy tashabbuskor bo'lishlari kerak. Masalan, qonun chiqaruvchi hokimiyat o'z gazetasiga, ijro hokimiyati o'z gazetasiga, turli vazirliklar hamda jamoat tashkilotlari o'z gazetasiga ega bo'lishlari, uni nashr etishni moddiy jihatdan ta'minlashi hamda shu sohada xizmat qiluvchilarning o'sha gazetalarga doimiy mushtariy (obuna) bo'lishini ta'minlashlari lozim. Turli soha vazirlik­lari tomonidan chiqarilayotgan gazetalar ham shu vazirlik tomonidan moliyalashtirilishi va soha xodimlarining unga yozilishlari ta'minlanishi kerak. Bu talab turli nodavlat tashkilotlari va ijodiy tashkilotlar uchun ham tegishlidir. Bu borada oldin yo'lga qo'yilib ko'pchilikning noroziligiga sabab bo'lgan majburiy obuna emas – ixtiyoriy ongli obuna bo'lishga o'tish lozim. Masalan, turli mahalliy idoralar, hokimiyatlar o'z gazetalariga, soha vakillari o'z gazetalarini o'qishlari lozimligi tushuntirilishi va bunga erishish lozim. Masalan, xalq ta'limi xodimlari, o'qituvchilardan gazetada maqola chiqarish talab qilinadiyu, ammo unga yozilish lozimligi negadir aytilmaydi. Axir, o'qituvchi “Ma'rifat” gazetasini o'qimasa o'z sohasidagi yangilik va tajribalarni qaerdan biladi? Bu sohaning sobiq vaziri o'zining “gazeta o'qimasligini” baralla oshkor qilib hammaning taajjub va e'tiroziga sabab bo'lgan edi. Yoki maktab o'quvchisi “Tong yulduzi” gazetasiga yozilmasa, ijodkorlar “Adabiyot va san'at”, jurnalist “Hurriyat”ga obuna bo'lmasa bu to'g'rimi? Xullas, gazeta nashr etilishi va tarqatilishi borasida yuqori tashkilotlar tomonidan yo'nalish berilishi hozirgi kunda suv va havodek zarur. Faqat kitob o'qiganlar emas, gazetani doimiy o'qib boradiganlar ham rag'batlantirilsa, nur ustiga nur bo'lur edi. Shuningdek, obuna bo'lingan gazetalarni egalariga yetkazilishi ham to'la ta'minlanishi, hozirda butunlay izdan chiqqan pochta xizmatini yaxshilash, uni talab darajasida ishlashini ta'minlash muhim vazifa hisoblanadi.
  2. Gazetalar endi ilgarigi sovet davrining balandparvoz shiorlari, sun'iy pafoslardan voz kechib hayotni qanday bo'lsa shundayligicha, real aks ettirishlari lozim. Kundalik gazetalarda ijtimoiy-siyosiy voqealardan tortib to kriminalgacha yoritilishi, o'quvchini o'ziga qiziqtirishi kerak. Gazetalarning har bir sonida bir muhim yangilik, haqiqiy shov-shuvga arziydigan voqea va yangiliklar albatta berilishi lozim. Shu kunning eng muhim yangiliklari gazetalarning birinchi sahifasiga, yuqoridan, ko'zga ko'rinarli qilib berilishi shart.   Gazetaning har bir sonida bitta-ikkita o'ta qiziq, shov-shuvli material topib ko'zga ko'rinarli sahifada e'lon etilishi lozim. Hayotdagi ijtimoiy illat va kamchiliklarni yoritib borish va bu borada felyeton, pamflet, karikatura va boshqa hajviy jurnalis­tika janrlaridan, fotojurnalis­tikadan keng foydalanish, o'quvchini o'ziga jalb etish yo'llarini izlab topish lozim. Ayrim mahalliy gazetalarda ko'rilayotgan manzara – ataylab gazeta sahifalarini haddan tashqari bezash va boshqa bachkanaliklardan holi bo'lish payti keldi.
  3. Gazetalar internet bilan hamkorlikni kuchaytirishi lozim. Internetdagi sahifalarda gazetada bosilgan materialning sarlavhasi va mazmuni qisqacha berilib “qolganini gazetada o'qiysiz”, deb yozilsa maqsadga muvofiq bo'lur edi. Shu bilan birlikda gazetalar “yovvoyi matbuot” bo'lmish internet bilan dadil bahsga kirishishi, u yerda bosilgan nomaqbul fikrlarni keskin tanqid ostiga olish­lari kerak.
  4. Ma'lumki jamiyatda “to'rtinchi hokimiyat” maqomi bo'lgan matbuot birinchi – qonun chiqaruvchi, ikkinchi – ijro hokimiyati va uchinchi − sud hokimiyati bilan hamkorlikda ish ko'rsagina o'z funksiyasini bajarishi mumkin. Buning uchun birinchi hokimiyat matbuot nashrlarini Konstitutsiya va maxsus qonunlar orqali bosh­qarib boradi, ijro hokimiyati uni amalga oshiradi, sud hokimiyati esa hamkorlikda ish ko'radi. O'z navbatida matbuotda, hozirgi o'rinda – gazetalarda bosilgan har bir ijobiy yoki tanqidiy material yuqori hokimiyat – davlat, ijro va sud-tartibot idoralari tomonidan ko'rib chiqilishi, fikr bildirilishi, ma'qullanishi yoki rad etilishi, tanqidiy materiallar esa albatta tekshirilib, chora ko'rilishi shart. Shundagina gazeta o'z funksiyasini bajara oladi, aks holda oddiy keraksiz varaqaga aylanib qoladi. Agarda davlat yuqori idoralari gazeta sahifalarida bosilgan tanqidiy maqola va shikoyatlarga kerakli darajada e'tibor berib, tegishli chora ko'ra boshlashsa joylardagi ko'p sonli va qimmatga tushadigan shikoyat qabulxonalariga ham zarurat qolmaydi.
  5. Gazetalar qanday mavqega ega bo'lmasinlar bozor iqtisodiyoti talablariga amal qilishlari shart. U qanday markaziy, mahalliy va boshqa xil gazeta bo'lmasin xo'jalik hisobida ish ko'rishi, o'z xarajatlarini o'zi qoplagan holda faoliyat yuritishi kerak. Buning uchun gazetalarda reklama va e'lonlarga kengroq o'rin berilishi tabiiydir. Gazetalarning oxirgi sahifalarini pullik e'lon va reklamalarga ajratish yaxshi foyda keltirishi mumkin. Har bir gazeta o'z sohasi bo'yicha reklama va e'lon bersin. Markaziy umumsiyosiy gazetalar bank va yirik aksiyadorlik jamiyatlarning aksiyalar sotilishi, kreditlar ajratilishi haqidagi e'lonlarni bersa, qishloq hayotiga oid gazetalar qishloq xo'jaligi mashinalari va asbob-­uskunalari, turli xil o'g'itlar borasida e'lon va reklamalar berishsa, adabiyot gazetasi esa kitob do'konlari bilan kelishgan holda qaerda qanday kitoblar sotilayotganligi e'lon va reklamasini bersalar, mahalliy: shahar va tuman gazetalari esa bir sahifasini mahalliy reklama va e'lonlarga ajratsa, maqsadga muvofiq bo'ladi. Shunda o'quvchi ham o'zi uchun kerakli ma'lumot oladi va gazeta ham saqlanib qoladi. Buning uchun har bir gazeta tahririyatida menej­mentlik lavozimi tashkil etilishi va keng yo'lga qo'yilishi lozim.

Yuqoridagi mulohazalarning yozilishiga gazetalarda ushbu mavzuda bosilayotgan ayrim maqolalar, televidenie kanallaridagi ko'rsatuvlar sabab bo'ldi. Afsuski, bu maqola va ko'rsatuvlarda “Gazeta kerak, uni saqlab qolish kerak”, deb ayyuhannos solinadiyu, ammo bu ish qanday amalga oshirilishi mumkinligi haqida gapirilmaydi. Ha, zamon senga boqmasa, sen – zamonga boq deydilar, holva degan bilan og'iz chuchimaydi, endi OAVlari faoliyatini takomillashtirish yo'lida ham amaliy ishlarga o'tish vaqti keldi.

Muxtor XUDOYQULOV,

jurnalistika faxriysi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

six + 20 =