“HURRIYAT”ni o'qiganim sari undan hurriyatni topaman”

yoxud gazetaning chorak asrlik yo'liga bir nazar

 

“Hurriyat” gazetasi haqida eshitmagan kishi bo'lmasa kerak. U respublikamizdagi ilk mustaqil nashr sifatida 1996 yildan beri o'quvchilar qo'liga yetib bormoqda. Hozir esa ham bosma, ham elektron formatga ega bo'lgan gazetalardan biri. Xo'sh, “Hurriyat” chorak asrlik vaqt mobaynida qanday yo'lni bosib o'tdi? Gazetaning bir OAV sifatida erishgan yutuqlari nimadan iborat? Bugun u o'quvchilarini qanday axborotlar bilan ta'minlamoqda yoxud zamonaviy axborot almashinuvi jarayonida u axborot tarqatuvchi manba sifatida o'z mavqeini qay darajada ushlab kelmoqda?

O'zbekiston mustaqillikka erishgach, mus­taqil, xususiy gazetalarga ehtiyoj sezildi. Bunga sabab sovet tuzumi davrida gazetalarning bir qolipga tushib qolgani bo'lsa, ikkinchi tomondan axborot olish borasidagi qiyinchiliklarning mavjudligi edi. 1996 yili matbuot hayotida katta o'zgarishlar sodir bo'ldi: mamlakat Internet tarmog'iga ulandi, ilk xususiy nashrlar paydo bo'ldi. Xususiy nashrlarning paydo bo'lishi matbuotga to'liq erkinlik bera olmadi. Biroq “Hurriyat” o'ziga xos yo'nalishda, boshqalarga o'xshamagan chiqishlar bilan jamoatchilik e'tiborini torta oldi. Shu sabab, gazetaning ilk sonlarida tanqidiy-tahliliy maqolalar chop etildi.

Tadqiqotchi olim X.Do'stmuhammad 1996–1997 yillar O'zbekiston OAVning huquqiy asosini yaratish davriga aylanganini keltiradi. Xususan, 1997 yili “Ommaviy axborot vositalari to'g'risida”gi, “Jurnalistik faoliyatni himoya qilish to'g'risida”gi, “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to'g'risida”gi O'zbekis­ton Respublikasi Qonunlari qabul qilindi. Bu esa nafaqat “Hurriyat”, balki boshqa gazetalarning ham faoliyatini jadallashtirdi, mavzular ko'lamining ortishiga sabab bo'ldi.

“Hurriyat”ning 1999 yil 15-sonida e'lon qilingan “Bir qadam oldinga, ikki qadam orqaga”, shu yilning 23-sonida e'lon qilingan “Rahbarga nima “polojeno”?”, “Test sinovlari: uch tanqidiy mulohaza” kabilar o'sha davrda e'lon qilingan kuchli tanqidiy maqolalarga misol bo'la oladi. Shuningdek, gazeta bu vaqtda haqiqiy bahs maydoniga ham aylangan edi. Jumladan, gazetaning 1999 yil 23-sonida, 18-sonida e'lon qilingan “Paxtakor o'zbek sportiga munosibmi?” maqolasiga javoban Jismoniy tarbiya va sport qo'mitasi raisining “Tegishli choralar ko'rildi”, 28 aprel sonida e'lon qilingan “Egilgan haqiqat” maqolasiga javob xati, shuningdek, 24-sonida esa 23-sonda e'lon qilingan Z.Isomiddinovning “Test sinovlari: uch tanqidiy mulohaza” sarlavhali maqolasiga javoban tarix fanlari nomzodi B.Aminov va filologiya fanlari nomzodi N.Mahkamovning “Bilmaganni so'rab o'rganmagan olim” nomli raddiyasi, 23-sonda e'lon qilingan “O'zbekcha gapirolmaysizmi?” maqolaga javoban “EKOSANINFORM” tashkilotining “Xalq manfaatini ko'zlab…” nomli javob xatlari e'lon qilingan.

Gazeta shu yillar mobaynida auditoriya bilan samarali muloqot o'rnatishga erishdi. Bu borada o'quvchilardan kelgan maktublar, turli shikoyat xatlari, tahririyatdan maslahat so'rab yozilgan iltimosnomalar ham e'lon qilindi. Xususan, gazetaning 1999 yil 15-sonida “Arz” ruknida sirdaryolik muxlis Darmonova Zamiraning “Qarovsiz qoldik” nomli maktubiga javoban tahririyatning “Qarovsiz qolmaysiz, Zamira!” sarlavhali javob xatining e'lon qilinganini misol keltirishimiz mumkin.

O'sha yillari gazeta Bosh muharriri bo'lgan X.Do'stmuhammad gazetaning 1999 yil 25-, 26-sonlarida gazetalar faoliyatini tahlil qilib shunday yozadi: “O'tgan bir yilimizni muxtasar sarhisob qilar ekanmiz, yana bir holatga ayricha e'tibor qaratish joiz… 16 fevral voqealari bizga ijtimoiy barqarorlikning ahamiyatini ko'rsatdi-qo'ydi. Ayni paytda xalqning Haq So'zga nisbatan naqadar chanqoq ekanini ham namoyish etdi… Bu o'rinda ayniqsa OAVdan televideniening naqadar katta ahamiyat kasb etishi ham yaqqol sezildi”. Ya'ni X.Do'stmuhammad nafaqat “Hurriyat”, balki boshqa gazetalarni ham hayot haqiqatini to'laqonli namoyish etishga chorladi.

2000 yilda chop etilgan maqolalarni ko'zdan kechirar ekanmiz, qalamkashlar ko'tarib chiqqan mavzular ko'lami oshgani, qo'rqmasdan tanqidiy, tahliliy materiallarning e'lon qilinganiga guvohi bo'lamiz. Gazetaning har sonida biror tahliliy maqola, o'quvchining e'tiborini tortuvchi ma'lumot e'lon qilingan. Misol uchun, o'sha yilning 3-sonida chop etilgan “Qo'qon manzaralari” nomli tanqidiy maqola, 5-sonida e'lon qilingan “Kommuna” “namuna”ga aylandi, ishlar esa namuna bo'lmadi…” sarlavhali jurnalistik tekshiruvi, 17-sonida esa “Sayohatchi” televizorlar maqomi: jinoyat bormi-yo'qmi?..” sarlavhali materiallarni misol keltirishimiz mumkin. Ushbu vaqtda gazeta shu qadar mavqega ega ediki, fuqarolar tomonidan tahririyatga shikoyat xatlari kelib tushar, tahririyat ham ularning yechimini izlar yoki mutasaddi tashkilotlar bilan bog'lanar edi. Bir so'z bilan aytganda, gazeta xalq bilan muloqot o'rnatishga erishgan edi. Misol uchun, 2000 yilning 17-sonida e'lon qilingan “Shikoyatlar nega joyida hal bo'lmaydi?” sarlavhali maqolada har bir viloyatdan kelgan javobsiz qolgan shikoyat xati birma-bir sanab o'tiladi. Shuningdek, 1999 yilning 44-sonida bosilgan “E'tiborsizlik qachongacha” sarlavhali materialga nisbatan yo'llangan javob xati e'lon qilinadi. Bu borada u yilning 47-sonida “Ko'chada qolayotgan oila” sarlavhali jurnalistik tekshiruvi e'lon qilingach, tahririyatga qator maktublar ham kelib tushadi. Bundan ko'rinib turibdiki, “Hurriyat” qisqa fursat ichida bosma nashrlar ichida alohida mavqega, auditoriya ishonchini qozongan axborot tarqatuvchi manbaga aylandi. Bu borada gazeta o'ta rasmiy bo'lmagan, biroq o'ta “sariqlashmagan” holda faoliyat olib bordi. Chunki uning dizayni rasmiy gazetalarni, karikatura va boshqa ko'ngilochar materiallarni berishi esa xususiy gazetalarni eslatar edi.

“Hurriyat” 2002 yilgacha ana shu zaylda o'z fao­liyatini davom ettirdi. Tanqidiy chiqish­lar, jurnalistik tekshiruvlar, achchiq kinoyalar, ochiq xatlar gazetaning deyarli har sonida berib borildi. Misol uchun, 2001 yilning 17-sonida e'lon qilingan “To'qqiz e'tiroz va ularning isbot topmagani haqida” sarlavhali jurnalistik tekshiruvi, 36-sonida “Har joyni qilma orzu” sarlavhali muammoli maqola, 49-sonida e'lon qilingan “Ariqcha tepasida tushirilgan tarsaki” sarlavhali jurnalistik tekshiruvlarni misol keltirishimiz mumkin. 2001 yilning so'nggi soni va 2002 yilda chop etilgan birinchi to'qqizta son 8 sahifaga o'tgach, mavzular ko'lami yanada xilma-xillashdi. Gazetaning ushbu yilda e'lon qilingan sonlarini varaqlar ekanmiz, ma'naviyat, ijtimoiy hayotdagi muammolarga ko'proq urg'u berilganining guvohi bo'ldik. Misol uchun, 12-sonida “Test, abiturient, adolat”, 15-sonda “Avval hokim ruxsat bersinlar…”, “O'zbek mentaliteti: jamoaviylik va individuallik nisbati”, 45-sonida “Imoni butun panaga o'tmaydi” sarlavhali maqolalari misol bo'la oladi.

Gazeta 2002 yilning boshidan yana 4 sahifada chiqa boshladi. Yangi tayinlangan bosh muharrir Amirqul Karimov axborot berishning yangicha dizaynini joriy etishga harakat qilgan. Bu o'rinda yo sifati maqolalarning soni kamaygani yo gazetaning moliyaviy tomondan qiyinchilikka uchraganligini taxmin qilish mumkin. Misol uchun, gazetaning 11-sonida e'lon qilingan “Darakchi 50 so'm!..” sarlavhali maktubda gazetalarning narxi qimmat bo'lgani uchun ularni ijaraga berish yo'lga qo'­yilayotgani haqida yoziladi. Bu esa gazetalarga nisbatan talab yuqori bo'lgani, biroq chekka hududlarda yashovchi fuqarolarning uni sotib olishga ortiqcha mablag'i bo'lmaganidan dalolat beradi.

Gazetaning 2003 yil 13-sonida muxlisdan kelgan xatni e'tiboringizga havola qilamiz: “Matbuot nashrlari “bola”lab borayotgan bugungi kunda barcha gazeta jurnallarga birdek obuna bo'lish yoki do'kondan sotib olish aqlga sig'maydi, hamyon ko'tarmaydi. Shu jihatdan olib qaraganda respublikamiz miqyosida chiqayotgan mustaqil gazeta “Hurriyat”ning o'rni katta. Bir mushtariy sifatida shuni to'la ishonch bilan ayta olamanki, “Hurriyat”ni o'qiganim sari undan hurriyatni topaman”. Ammo nazarimda, shu yildan boshlab gazetada   sarlavha tanlash borasida sezilarli kamchilik­larga yo'l qo'yildi. Ular o'quvchi e'tiborini tortmas, oddiy, shu bilan birga maqolani o'qishga emas, sarlavhadanoq o'zidan itarishga turtki bo'ldi. Misol uchun, 2003 yilning 19-sonida e'lon qilingan “Ko'zbo'yamachilik” va “Missiya” sarlavhali maqolalar, 31-sonida e'lon qilingan “Ishonch va mas'uliyat”, “Himoyalanish huquqi”, “Avtobuslar miqdori ko'paydi” kabi sarlavhali maqolalarni keltirish mumkin. Bu borada tanqidiy chiqishlar emas, ko'proq maishiy muammolar, shaxsiy mulohazalar e'lon qilina boshladi. Afsuski, maqolalar qanchalik dolzarb yozilmasin, sarlavhalarning jo'nligi maqolalarning o'qish ko'rsatkichiga, shuningdek, obunaga sezilarli ta'sir ko'rsatdi.

Jurnalist M.Obidovning keltirishicha, 2005 yildan boshlab tahririyatlarda ichki senzura kuchaydi. Buning natijasida gazetada axborot manbai bergan ma'lumotni davlat manfaatiga mos tarzda o'zgartirilishiga, radio va televidenieda esa asosiy mazmun yo'qoladigan darajada montaj qilinishiga sabab bo'ldi. Shuningdek, televidenie faoliyatining kuchayishi gazeta tarqatayotgan xabar va ma'lumotlarga nisbatan talabni pasaytirdi. Natijada, bosma tahririyatlardagi jurnalistlar tanqidiy chiqishlardan ko'ra, kundalik mavzularni yoritish bilan chegaralandi. Gazetaning shu yili chop etilgan sonlarini varaqlar ekanmiz, gazeta zamonga mos tarzda turg'un faoliyat olib borganini, shov-shuvli maqolalar barmoq bilan sanagudek ekanini keltirishimiz mumkin.

Gazeta 2007 yilning boshida yana jonlanadi. Jumladan, shu yil 6-sonida “Qorinda qolgan doka” jurnalistik surishtiruvi, 32-sonida “Aslida qanday bo'lgan edi” javob xati jamoatchilik e'tiboriga tushdi. Bu borada gazetaning boshqa mustaqil gazetalardan farqli tomonlarini ham sanab o'tish maqsadga muvofiq. Gazeta ijtimoiy mas'uliyat tushunchasini yaxshi anglagan holda xolis axborot tarqatar, sensatsiya ketidan quvib yoki ko'proq daromad topish maqsadida huda-behuda xabarlar bilan o'quvchini chalg'itmas edi. Biroq boshqa nashrlardan faqrli ravishda gazeta jurnalistlar bilan bog'liq materiallarni nisbatan ko'proq tarqatgan. Bu borada muassis omilining ham o'rni katta bo'lgan.

Gazetaning keyingi o'n yillik faoliyati rivojlanishga qaratildi. Rangli formatga o'tildi. Rasmiy sayti xilma xil materiallar bilan boyitildi, tanqidiy chiqishlar soni ko'paydi, sahifalar soni ortdi, mavzular ko'lami oshdi, gazeta faoliyatiga yosh kadr­lar kirib keldi. Bir so'z bilan aytganda, “Hurriyat” gazetasi o'ziga xos yo'nalishda faoliyat olib bordi. Biroq Internet va ijtimoiy tarmoqlarning rivoji gazetalarga bo'lgan talabni ancha-muncha pasaytirdi. Garchi dolzarb maqolalar ko'tarib chiqilsa ham, talab va taklifning pasayib ketishi nashr faoliyatiga sezilarli ta'sir o'tkazdi.

“Hurriyat” gazetasi 2019 yilning dastlabki oylari nashr etilmadi, buning natijasida jamoat arboblari e'tiroz va xavotir bilan chiqdi. Misol uchun “Daryo.uz” internet nashrida “O'zbekistonda “Hurriyat” mustaqil gazetasining chiqmay qolganidan tashvish bildirmoqda” sarlavhali maqola e'lon qilindi. Unda quyidagicha fikrlar keltirilgan: “O'tgan yigirma yildan ortiq vaqt ichida “Hurriyat” o'z oldiga qo'yilgan murakkab vazifani bajarish yo'lida ko'p ishladi, yaxshi natijalarga erishdi, tanqidiy-tahliliy maqolalari, jurnalistik surishtiruvlari, topilma ruknlari bilan mamlakatning o'qiladigan (shunchaki varaqlab qo'yiladigan emas), taxlam qilib saqlab qo'yishga arzirli gazetalaridan biriga aylandi. Gazetaning ko'psonli muxlislari bilan birga, qalami o'tkir, so'zi jur'atli, nigohi zukko mualliflari ham paydo bo'ldi. Bugun milliy jurnalistika, ijtimoiy publitsistika va boshqa janrlarning ko'zga ko'ringan vakillari bo'lmish ko'plab faol mualliflarning eng sara maqolalari, ocherk va esselari ayni shu gazetada bosilgan… Keyingi olti-etti oy ichida gazeta o'zining jur'atli yo'lini yanada mustahkamladi, ichki va tashqi qiyofasini o'zgartirdi. Mavzularining qamrovi kengaydi. Bundan hamma xursand bo'lib turganida 2019 yilgi obunani tashkil etishdagi ba'zi anglashilmovchiliklar ishning beliga tepdi. Birgina “Hurriyat”chilarga emas, hammamizga tegish­li saboq bu! Negaki, gazetxonning ham, jurnalxonning ham didi, talabi oshib bormoqda. Eski andozalar, amal kursisini qimirlatib qo'yishidan cho'chib, har jihatdan silliqlangan, tish-tirnog'i olingan, pati yulingan, o'qisa ham, o'qimasa ham bo'laveradigan maqolalar bilan ish bitmaydi. “Hurriyat” — hammamizga birday tegishli, birday qadrdon, milliy matbuotimiz ro'yxatini nomi bilan ham, mazmuni bilan ham bezab turgan gazeta. Uning taqdiriga befarq qarab tura olmaymiz. Unga yordam qo'lini cho'zaylik”.

Gazetaning so'nggi uch yillik faoliyatini tahlil qilar ekanmiz, obuna masalasiga to'xtalib o'tishni ma'qul topdik. Agar gazeta adadi 2020 va 2021 yili 5000 nusxani tashkil etgan bo'lsa, 2022 yili 5300ga yaqinlashdi. Mazkur gazetaning kelgusida ham obunachilari ko'payishini tilab qolamiz. Bu borada reklama va marketingni kuchaytirish, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda ommalashtirishni, sayt faoliyatini kuchaytirishni taklif etgan bo'lar edik. Chunki bugun axborot bozoridagi tajriba sifatli mahsulotdan ko'ra maqtalgan tovarni ommalashishini ko'rsatib bermoqda. Zero, mus­taqil nashrlarga qo'yiladigan asosiy talab ham shundan iborat. Shu ma'noda “Hurriyat” maqtalish, namuna bo'lish, taklif etishga ham arziydigan nashr.

Hamida MIRSULTONOVA,

O'zJOKUning 1-bosqich doktoranti

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 + 4 =