Birlashish va bag'rikenglik bandargohida
Inson eng qadimiy zamonlardan buyon birlashgan holda istiqomat qilishga intilib keladi. Yigirmanchi asr sotsiologiyasi karvonboshilaridan biri Tolkott Parsons har qanday jamiyat ezgu maqsadlar atrofida birlashsagina umumiy baxtu saodat, chinakam farovonlik, to'laqonli taraqqiyotga erisha olishimizni asoslab bergan edi. Darvoqe, el birlashsa, millat birlashsa, mamlakat birlashsa, mintaqa birlashsa va pirovardida butun jahon birlashsa xalqlar baxtu farog'at mevalaridan bahramand bo'ladi. Bu g'oya ilk yunon faylasufi Fales va ilk Sharq Renessansining yorqin vakili Abu Nosir Forobiydan tortib, bugungi kun faylasuflari Kennet Klark va Viktor Alimasovgacha bo'lgan barcha olimlarning ajoyib asarlari mag'ziga singgan. Xususan, K.Klark Parijning eng go'zal go'shasida, Sena daryosining sohilida, betakror Luvr muzeyining ro'parasida, Muqaddas Momo sobori yaqinida turib bu yorug' olamning naqadar suluv ekanini qayd etar ekan, asil tamaddunning zamirida eng avvalo tinchlik, totuvlik, birodarlik, bag'rikenglik yotishini uqtiradi. Va o'zi turgan joyni dunyo tamaddunining kindigi bo'lsa kerak, degan farazga boradi. O'zimizning yurtdoshimiz, taniqli faylasuf Viktor Alimasov esa inson yashashdan, fikrlashdan, amaliy ishlardan lazzat olishi lozim, deb hisoblaydi. Kitoblarini “Falsafa yoxud fikrlash san'ati” va “Falsafa yoxud fikrlash chanqog'i” deb ataydi. “Borliqdan o'zib yashash zarur” degan xulosaga keladi.
Yangi O'zbekistonning Jahon Hamjamiyati tomonidan tobora e'tirof etilayotgan oqilona tashqi va odilona ichki siyosati, yaqin va olis istiqbolga mo'ljallangan ustuvor yo'nalishlari ham umumbashariy intilishlarning yaqqol isbotidir.
Ikkinchi Sharq Renessansi titanlaridan biri, nafaqat buyuk shoir, balki buyuk mutafakkir, buyuk faylasuf, buyuk sotsiolog Nizomiddin G'iyosiddin o'g'li Amir Alisher Navoiy hazratlarining “Olam ahli bilingizkim, ish emas dushmanlig', Yor o'lung bir-biringizgakim, erur yorlig' ish” degan o'giti bugun yanada dolzarbroq ahamiyat kasb etmoqda. Kim biladi deysiz, bu bebaho satrlarning ayrim so'zlari g'azal mulkining bo'lg'usi sultoni tomonidan Samarqandda tahsil olgan chog'larida yon daftarchasiga bitilgan ham bo'lishi mumkin. O'shanda buyuk Amir Temurning beqiyos irodasi bois Samarqand yetti iqlim xalqlari, madaniyatlari uchun birlashish bandargohi bo'lgan edi. Oradan besh yarim asr o'tib, Samarqand butun jahon ravnaqi uchun muhim bo'lgan mashvarat – Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a'zo davlatlar rahbarlarining oliy maqomdagi majlisiga mezbonlik qildi.
“Samarqand qadim-qadimdan Sharqiy Osiyodan to Shimoliy Afrika, Yaqin Sharq va Yevropagacha bo'lgan makonda yashaydigan xalqlar o'rtasida ma'naviy, iqtisodiy, madaniy va ilmiy almashuvlarning markazi bo'lib kelgan, – dedi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mazkur anjumandagi nutqida. – Asrlar davomida bu yerda turli sivilizatsiyalar vakillari o'rtasida samarali muloqotning o'ziga xos madaniyati yaralgan. Samarqand – biz ShHTni tuzishda asos qilib olgan bag'rikenglik va turli xalqlarning an'ana va qadriyatlariga hurmat tamoyillari asrlar davomida hayotga tadbiq etilgan jonli namunadir. Hozirgi kunda geosiyosiy raqobat, mafkuraviy ziddiyat va bahslardan xoli bo'lgan bunday muloqot favqulodda zarurdir. Shu bois bugun O'zbekiston sheriklarga umumiy xavfsizlik va farovonlik yo'lidagi Samarqand birdamligi tashabbusini taqdim etishdan mamnundir.”
Mamlakatlar muloqoti turli to'fonlardan chayqalib turgan bugungi dunyo uchun o'ta muhimdir.
Yangi O'zbekiston sanoat va servisni, tadbirkorlik va turizmni rivojlantirish, jahon iqtisodiyoti bilan integratsiyalashuv, kambag'allikni keskin qisqartirish, intellektual manbalarni mustahkamlash evaziga qisqa fursatlar ichida rivojlangan davlatlar qatoridan kafolatli o'rin olishni maqsad qilib qo'ygan.
Davlatimiz rahbari Samarqand sammitining mantiqiy davomi sifatida Astana shahrida o'tgan uch mashvarat chog'ida bu nuqtai nazarni yanada oydinlashtirdi. Xususan, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo'yicha kengashning oltinchi sammitida yuzaga kelgan yangi geosiyosiy voqelikning musbat va manfiy qirralarini tahlil qilib, mintaqada barqaror taraqqiyotga erishish yuzasidan aniq, maqsadli takliflar bildirdi. Ayniqsa, jafokash afg'on zaminida tinchlik va totuvlikka erishish, yosh avlodni har tomonlama komillikka yetaklash, ekologik muammolarni birgalikda yechish borasidagi fikrlar nufuzli anjuman tomonidan iliq kutib olindi. Birinchi bora o'tkazilayotgan “Markaziy Osiyo – Rossiya” sammitida ham davlatimiz rahbari mintaqaviy sheriklik va iqtisodiy integratsiyani rivojlantirishga oid qimmatli tashabbuslarni ilgari surdi.
Men nafaqat uchinchi bora saylovchilar ishonchini qozongan deputat, siyosiy partiya va kasaba uyushmalari faoli, tibbiyot sohasi vakili, balki oddiy fuqaro sifatida Samarqand sammiti yakunlaridan o'ta g'ururlandim. Chunki anjuman Yangi O'zbekistonning naqadar to'g'ri, ravon, oydin geosiyosiy yo'ldan yuksak taraqqiyot manzillari tomon borayotganini jumla jahonga ochiq ko'rsatib berdi. Men xizmat taqozosi bilan har kuni o'nlab odamlar bilan uchrashaman, har kuni bir necha yuz kishilik yoshlar jam bo'lgan auditoriyalarda ma'ruzalar o'qiyman, majlislarda ishtirok etaman. O'zim saylangan Toshkent shahridagi 19-okrug saylovchilarining fikr va murojaatlarini o'rganish bo'yicha maxsus jadvalim bor. Eng avvalo sezganim zamondoshlarimizning yuzlarida bugungi kundan mamnunlik nuri, ko'zlarida quvonch, shuurlarida ertangi kunga sobit ishonch bor. Buyuk Cho'lponning xalq ichiga boraylik, degan iborasini doim eslayman. Nokamtarlikka yo'ymangu tojdor virus balosi kuchaygan chog'larda men birinchilardan bo'lib vaksina bilan emlandim, og'zimga niqob taqib, yuzlab odamlar bilan uchrashdim. Allohga beadad shukur, bu baloning xuruji susaydi. Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida ta'kidlaganlaridek, bu borada “Xalqimizning bukilmas irodasi, fidokorona mehnati va mahorati” hal qiluvchi kuch bo'ldi.
Sotsiolog eng avvalo odamlarning fikrlarini o'rganadi. Navqiron chog'imizda bir talaba tanishim “Qaerdansiz?” degan savolga “Qo'ng'irotdanman!” deb javob berardi. “Axir, siz sho'manayliksiz-ku!” desak, “Sho'manayda birgina ko'cha bor. Hatto rahmatlik Sharof Rashidov ham Oliy Kengash Rayosati Raisi chog'ida Sho'manayga kelishga kelib, qaytishda yo'l topa olmay qiynalgan ekan. Qanday aytaman sho'manaylikman deb?” derdi do'stimiz. Davlatimiz rahbari respublika yetakchisi bo'lgan kunning ertasiga Sho'manayga bordi. Hozir Sho'manayni, Mo'ynoqni, Bo'zotovni, Taxtako'pirni, Ellikqal'ani tanib bo'lmaydi. Zamonaviy korxonalar ishlamoqda. Odamlar yashashdan zavq olib, so'lim xiyobonlarda kezmoqda, sport inshootlarida jismoniy tarbiya bilan shug'ullanmoqda, teatrlarga kirib “Qirqqiz” va “Suymaganga suykanma” singari go'zal pyesalarni tomosha qilishmoqda. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturining ijrosini har qadamda ko'rish mumkin.
Biz o'z mamlakatimiz taraqqiyotini qanchalar yuksak sur'at bilan rivojlantirsak, butun Jahon Hamjamiyati, BMT, ShHT, MDH, YeXHT va boshqa nufuzli tuzilmalar bilan shu qadar yaqin, o'zaro foydali aloqalar o'rnatganmiz. Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ona tilimizda nutq so'zlab, “Hozirgi tahlikali va murakkab vaziyat yer yuzidagi barcha davlatlar va xalqlar o'zaro bog'liq ekanini, o'rtamizda muntazam muloqot, ishonch va yaqin hamkorlik o'ta muhimligini isbotladi”, — degan edilar. Samarqand va Astana sammitlari birlashish va bag'rikenglik bandargohidan tinchlik, totuvlik, tenglik, taraqqiyot manzillariga borayotganimizni yana bir bora isbotlab berdi!
Toshpo'lat MATIBOYEV,
Toshkent shahar kengashi deputati,
“Oltin qalam” Milliy mukofoti sovrindori