“Effect.uz”ga tosh otishdan avval…
2022 yilning 29 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Effect.uz”ning sharmandali “effekt”i sarlavhasi ostida iqtisodiyot fanlari nomzodi Farhod Qurbonboyev muallifligida tahririyatni obro'sizlantirishga qaratilgan maqola paydo bo'ldi. Dastlab, u jurnalistlar jamlangan Telegram guruhga tashlandi. Hayriyatki, boshqa nashrlarda ishlaydigan o'nlab OAV xodimlari bu so'zlar haqiqatga to'g'ri kelmasligini sezib, “Effect.uz”ni qo'llab-quvvatladi.
Ammo oradan biroz vaqt o'tgach, sarlavhasi o'zgartirilib, “Effect.uz”ning yuzaki “effekt”i nomi bilan “Hurriyat” gazetasi uni 2022 yil 14 maydagi 18 sonida bosib chiqdi. Shundan so'ng, “Effect.uz” sayti rahbari Akmal Eshonxonov fan nomzodi Qurbonboyevga rasmiy ravishda javob berishga qaror qildi.
Xo'sh, maqolada o'zi nima deyilgan edi? Farhod Qurbonboyevning yoziqlarida Effect.uz muxbirining joriy yil 25 aprel kuni Milliy matbuot markazi binosida Mudofaa vazirligi mas'ullariga bergan taklifi va savoli nishon qilingan. O'shanda muxbir, Mudofaa vazirining tashqi hamkorlik bo'yicha faoliyati ommaga sirlidek tuyulishi, vazir ko'p ham ko'rinish beravermasligi, uning tashqi hamkorliklardagi uchrashuvlarining yoritilishi qoniqarli emasligi, bu borada holat yaxshilanishi kerakligi bo'yicha taklif bergan. Buni vazirlik qo'llab-quvvatlagan. Lekin fan nomzodi o'z maqolasida bunga “Sen kimsan o'zi, bunday savol berib?” degan “jozibador” sharhni berib o'tgan.
“Sen kimsan o'zi, bunday savol berib?” deyishi bu fan nomzodining albatta, shaxsiy bahosi. So'z erkinligi davrida fikrga qarshi fikr, g'oyaga qarshi g'oya bo'lishi tabiiy hol. Lekin o'rtoq Qurbonboyev “sen kimsan o'zi, bunday savol berib?” deyishdan oldin muxbirning O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ro'yxatidan o'tgan rasmiy OAV xodimi ekanligini esidan chiqarib qo'ygan ko'rinadi. Balki, fahmi yetmagandir. Bizningcha, savol berish uchun faqat jurnalist bo'lish kerak emas, O'zbekiston Respublikasining istalgan fuqarosi mutasaddilarga o'zini qiziqtirgan savollarni berishga haqli deb o'ylaymiz.
Achchiq haqiqat shundaki, Qurbonboyev “quruq safsata” deb baholagan taklif va savolga Mudofaa vazirligi Axborot xizmati rahbari polkovnik Otabek Yo'ldoshev o'sha joyning o'zida taklif inobatga olinishini bildirgan. Savolga esa, harbiylar masalasida rasmiy bayonot berilganligini qayd etgan. Ammo bu bayonot Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovdan keyin berilganligini ham tan olgan. Xo'sh, endi buning nimasi quruq safsata? Qolaversa, muxbir Surxondaryodagi mahalliy aholining turli shov–shuvlarga ishonib qolmasligi va mish-mishlarga barham berishni istab, rasmiy shaxsdan izoh olishni maqsad qilgan edi-ku…
Xullas, qip-qizil uydirma gaplarni yozgan iqtisodiyot fanlari nomzodi Qurbonboyev undan ko'ra, o'z mavqeiga munosib ish qilib, o'sib kelayotgan yosh avlod hamkasblarga to'g'ri yo'l ko'rsatish bilan shug'ullanganida har tomonlama foydali bo'lardi. Biroq u boshqacha yo'lni tanladi. Mayli, buyog'ini uning vijdoniga havola qilamiz.
Qurbonboyevning maqolasi “Hurriyat” sahifalarida ko'rinish bergach, “Effect.uz” barcha tafsilotlar jamlangan 9 daqiqalik videoni ijtimoiy tarmoqlardagi o'z rasmiy sahifalariga joyladi va bu yuz minglab kuzatuvchilar e'tiborini tortdi.
Shundan so'ng, gazeta bosh muharriri Abdurasul Jumaqulov video ostiga o'z izohlarini qoldirib, “Effect.uz”ning ham haqiqatlarini “Hurriyat”da e'lon qilishga tayyorligini bildirdi. Shu fursatdan foydalanib, faqat Qurbonboyevga emas “Effect.uz”ga ham minbar berib, adolatni tiklagan “Hurriyat” ijodkorlariga o'z minnatdorligimizni bildiramiz. Ularning faoliyatiga omad tilagan holda shuni iltimos qilamizki, bundan keyin gap tahririyat yoki tashkilot obro'si haqida borar ekan, sahifada bosib chiqarishdan oldin har bir ma'lumotning haqiqatga qanchalik to'g'ri kelishi borasida oz bo'lsa-da, qiziqib ko'rsin. “Hurriyat” gazetasi hamda uning bosh muharririga nisbatan bizda hech qanday shaxsiy adovat yo'q. Sizlarga yuksak ijodiy parvozlar tilaymiz!
Hurmat bilan:
Effect.uz Internet nashri
tahririyati