Publitsistika — jangovar janr nega “yölbars terisini yopingan” qöziçoq holiga tuşib qoldi?
Ança yillar muqaddam Yozuvçilar uyuşmasi janrlarning sara namunalarini yiğib, beşta kitob çiqardi. Menga ulardan biri kerak bölib qoldi, ammo harakatlarim behuda ketib, topa olmadim. Tasodifan duç kelgan bir şoirdan “Şu kitobni kördingizmi, sizda bormi?” deb söradim. Özini jami yoş, havaskor qalamkaşlarning ustozi deb tarğib qilib yuradigan bu zot savolimga javoban: “Biz unaqa kitoblarni qölimizga uşlamaymiz” dedi labini burib. Ajab, qofiya sanʼatida u nimaga erişdi-yu, adabiyot uni qançalik tan oladi, bilmadim, ammo bunçalik bepisandlik meni lol qilib qöydi.
Şunaqasi ham bölarkanmi, butun bir janrga bağişlangan, yaxşi-yomon yozarmanlar ijodi jamlangan töplamni qölga uşlaş şunçalik katta gunoh yoki past ketiş hisoblanarmikan? Axir bu janrni “söz sanʼatining çaqmoği”, sohani esa “jamiyatning rupori (kötaradigan kuç — yelkasi)” deb taʼriflaganlar xato qiladimi? Gapning indallosi – muhokama ijtimoiy tafakkurdagi publitsistika yönalişi va badiiy adabiyotdagi publitsistika janri haqida ketayapti.
Özi, bisotimizdagi har xil, hatto bir xil narsadan birining suyukli bölişi odatdagi holga öxşaydi. Ota yoki ona farzandlarining birini boşqalardan ayriça mehr bilan yaxşi köradi (sababini özi biladi). Bir lagan olmadan ham qaysisidir közga yaqin tuyuladi va hokazo. Adabiy janrlar: şeʼr (poeziya), nasr (proza), dramaturgiya qatoridan şeʼr (şeʼriyat) ana şunday mehr qozongan. Bizga şoirlik bobomeros: dunyoning eng “zör” şoiri – Alişer Navoiy bizning adabiyotimizga mansub. Şuning uçun “Özbeklar işga kiriş uçun arizani şeʼrda yozadi” desalar ham işonavering. Hatto soliq yoki militsiyaga çaqiruvlar ham şeʼrda yozilişi mumkin bizning tilimizda. Şeʼr – özbekona janr, özbeklarning hammasi şoir degan gapda ham jon bor.
Nasr (proza)ning taqdiri bizning adabiyotimizda qiziq. Mumtoz şoirlar, masalan, Navoiy hazratlari ham nasrni “pisand qilmaganlar”, desak xato bölmaydi.
Buyuk Navoiy nasrda ham gözal namunalar: xat, tarix, arzi hol, hatto ijtimoiya (publitsistika)ning nodir namunalarini yaratgan bölsalar ham, nasrni “söz gavharlarini tizginsiz soçib taşlaş” deb bilganlar va ijodlari vaznga solingan javohirlardan iborat. Hazrat nisbatan imkoniyat çegaralangan (qofiya, turoq, band singari talablar tufayli) nazmda hatto nasrda aytiş mumkin bölganidan yuqori darajaga kötarilganlar, yaʼni şeʼriyatning jilvakor injiqligi fikrni çeklab qöymagan, aksinça, unga jilo berib, nasrdan ham yuksaltirgan. Şubhasiz, hamma Navoiy hazratlaridek ijodini söz durdonasi sifatida şeʼrda izhor qilişni xohlaydi, ammo “majoli yetmaydi”. Alişer Navoiy şeʼriyatda – nosir, nazmda – şoir. Hatto bu mezondan ham balanddir!
Dramaturgiya esa antik davr adabiyotining yetakçi janri bölgan. Bu janrning yutuqlari haqida ham köp gapiriş mumkin. Ammo gap u yoki bu janrda emas, balki maqsadga yetişda ularni qançalik safarbar qila olişda. Deylik, qöldagi beş barmoqning biri boşqasidan muhim yoki qimmatli deyiş aqli raso odamning gapi emas. Janrlarga ham men şunday qarayman.
Soyaki şoirning iddaosiga kelganda esa şuni maʼlum qiliş kerakki, uning zardasida jon bor. Bu fikrning isboti va izohi batafsil dalil-şarhni talab qiladi. Maʼlumki, badiiy adabiyot mafkura quroli; insonning ongi va tafakkuriga taʼsir qilişda undan kuçli vosita yöq. Oçiği, boşqa sanʼatlar uning yelkasidan unib çiqqan, u – ota zamin! Şunday bölgaç, davlatni idora qilişda bu soha odamlari, yaʼni ijodkorlar hukmdorlar (umumiy tarzda şunday atayman)ning doimiy nazarida turgan. Hatto davlat tomonidan “Söz sanʼatkorlari! Siz kim bilansiz?!” degan çaqiriqlar tez-tez yangrab turgan…
Gapni qisqa qiliş, maqsadni ayon etiş uçun bevosita muhokama nişoniga nigohni töğrilaymiz: publitsistikaga bepisand qaraşning şakllanişi çuqur asosga ega, uning jiddiy sabablari bor. Publitsistika badiiy adabiyotning şunday turiki, uning tasvir durbini töğridan-töğri bugungi kunlarga qaratiladi, uning qahramonlari öquvçining atrofida tirikçilik qilib yurgan odamlar böladi. Janrlar bor – butunlay xayolotga asoslanadi, tasvirlangan mavzuni borliqdan topa olmaysiz. Uning qadrliligi – muallif öşa “almoyi-aljoyi” narsalar vositasida muhim bir gapni aytmoqçi böladi. Uni aylantirib, pardalab, hayvonlar, mevalar va hokazo borliq mavjudotlari yoki afsonaviy unsurlarga köçirib, allegorik tarzda maʼlum qiladi. Publitsistika esa “şap-şap” deb ötirmay, dangaliga “şaftoli”, deb qöya qoladi.
Ötgan asrda xalqimiz mustamlaka zulmini boşdan keçirdi, hukmron mafkura milliy qadriyatlarni oyoq osti qildi. Şunday şaroitda bosqinçilarga voqelikni boriça körsatadigan, haqiqatni böyab-bejab ötirmay, şartta aytib qöyadigan adabiyot kerak emas edi. Nafsilamrini aytganda, qatağonga uçragan Abdulla Qodiriy yoki Fitrat, Çölpon yoki Usmon Nosir “gul va bubul”ni madh etib, yorning qoşu qaboğini taʼriflab yurganida va örni bilan mavjud tuzumga madhiyalar bitib turganida, heç kimning eʼtiborini tortmagan, ehtimol, aziz jonlari omon qolgan ham bölardi. Ular ijtimoiy hayotga faol aralaşdilar, şöro bosqinining odamkuşligini, milliy taraqqiyotga zidligini aniq aytdilar. Ularning yozganlari xalq örtasida katta obrö-eʼtibor qozondi, omma uyğona, kosa tagidagi nim kosani anglab, haqiqatni tuşuna boşladi. Bu hol esa bosqinçilik siyosatiga zid edi. Şu tufayli jamiyat publitsistlarni qattiq nazoratga oldi, ularni öz noğorasiga öynatmoqçi böldi. Buni eplay olmaganidan esa jismonan yöqotiş yölini tutdi.
Endi publitsistik ruhdagi asarlar (eng oddiy xabardan oçerk-felyetongaça) qattiq nazorat qilinadigan böldi. Bu yumuş totalitar tuzumning sodiq malaylariga – öşa zamonning “glavniy redaktor” (boş muharrir)lariga yuklandi. Şunday qilib, muallifning yozgani kundaga olinadigan, u istalgança “tahrir” qilinadigan böldi. Bir söz bilan aytganda, publitsistika oti boru özi yöq janrga aylantirildi. Köplar publitsistikani savodsizlarça yozilgan daftar varağidagi matn böyab, tahrir qilingan, xatolari töğrilanadigan va istalgança özgartiriş mumkin bölgan “köpkari daşt” deb tuşunadigan böldi. Tabiiy, bir tomondan buyurtma bölmagan, ikkinçi tomondan yuzga böyoq çaplangandek badbaşara qiyofadagi ijod mahsuli heç kimni qiziqtirmay qöydi, uning muxlislari yöqoldi. Şu tufayli publitsistika badnom qilindi, u “qora janr, unda isteʼdodsiz kişilar ijod qiladi” qabilidagi tuhmatlar töqib çiqarildi.
Bunday munosabat qizil imperiyaning boşidan oxirigaça hukm surdi. Şuning uçun hamma şeʼrga ötdi, şeʼr yozib, adabiyotda qolişga röju qöydi, deb aytiş mumkin. Şeʼr kerak edi, ammo vaziyat badiiy ziyolilardan zamonni tuşuntirib berişni talab qilayotgandi. Agar özbek adabiyotida qatağon qilingan şoirlardek layoqatli publitsistlar bölganda, millatning taqdiri ham, adabiyotning qiyofasi ham boşqaça bölardi. Publitsistika – söz sanʼatining qudratini insoniyat baxtu iqboliga yönaltira oladigan hayotiy janr. Unda şeʼriyatga xos nafosat, nasrga xos kölamdorlik, dramaturgiyaga xos şiddat bor. Faqat publitsistikani eplab yoza olmaganlar, unda biror natijaga erişa olmaganlar undan qoçganlar, rosti, unda qalam surişga majollari yetmagan. Negaki, haqiqiy publitsistdan mavzuni teran yoritiş, undan taşqari yetuk siyosatçi va tarix bilimdoni böliş, albatta, qoyillatib yoziş mahorati talab qilinadi.
Köplar qofiyaga yopişib, suv çiqmaydigan yerni kavlab yotadi. Şoirlik tuğma isteʼdod, kimga yörgakdan yuqmagan bölsa, ming kitob öqigani, şeʼr yodlagani bilan oddiy qofiyaboz bölib qolaveradi. Rosti, şoirlar qatorida darj etilişda iqtidordan taşqari musaffo qalb, şerdek yurak kerak böladi. Şeʼr ermak uçun, obrö yoki martaba uçun yozilmaydi, u yurak qoni bilan Haq yölida xolis xizmat istagi bilan yoziladi. Kimniki şunga majoli yetmasa, uning polizga tuşgan öğridan farqi yöq. Arosatda yurganlar qobiliyatini, balki iqtidorini “qora iş” deb ötirmasdan, publitsistikada, maqolanavislikda sinab körganda, öziga ham, xalqqa ham köproq nafi tekkan bölardi. Publitsistika şunday qora işki, u quduq yoki möri tozalaş emas (bu işlarda quduqdan loy, möridan qurum kiyimga yopişişi mumkin), balki suv çiqmagan çöng yerni ağdarib, uruğ qadab, möl hosil undiradigan qora mehnat, yaratuvçilik. Bu holni heç bölmaganda öz qöli bilan tarjimai holini yozişga tutingan odam birdaniga his etadi. Holbuki, mukammal publitsistik asar – tinimsiz izlaniş, puxta tayyorgarlik, iqtidor va ijodiy salohiyat mahsuli. Negaki, jamiyat taqdiriga daxldor kiçkina axborotni ommaga yetkaziş ham ulkan javobgarlikdir.
Şunday qilib, söz sanʼatining bevosita jamiyat hayotiga yönaltirilgan HOZIRJAVOB janri imkoniyatidan foydalanilmay kelindi, deyiş mohiyatning juda jön ifodasidir, yaʼni voqelikning subʼyektiv tomonidir. Holbuki, buning uçun (publitsistikada yoziş uçun) muallifdan barça mezonlar qatori otaşin vatanparvarlik ham talab qilinardi. Qoğoz qoralaydiganlar köp, lekin ularning hammasi vatanparvar emas. Agar bu fazilatni badiiy ijod kölamida baholaydigan bölsak, jami mayda manfaatlar, hatto şaxsiy ehtiyojlardan ham voz keçib, faqat zuvalasi qorilgan, ajdodlari mangu makon tutgan va oxirida ham öziga abadiy maskan böladigan tuproq şarafini uluğlaş tuşuniladi. Ana şu közgudan qaraganda, ijodkor, hatto publitsist qiyofasida maydonga tuşib, qanday “otöyin”larga tuşib qolganlarni köplab köriş mumkin (kim(lar)ningdir buyurtmasi bilan “oq”ni “qora” qilib yoziş va boşqalar). Bunday hollar janrni obrösizlantiriş edi. Qolaversa, mustaqillikning ilk yillarida özbek matbuotida şunday noxuş holat kuzatildi: mabodo biron gazetada tanqidiy maqola çop qilinsa, boşqa birida öşa joy yoki öşa tanqid qilingan şaxs haqida maqtab maqola eʼlon qildi yoki aksinça (bu paytda oqlaydigan dalil ham bor edi: “Tijorat maqola, pulini tölab qöygan, bermasak, bölmaydi…”). Şu tarzda matbuotning obrösi tuşib ketdi, publitsistikaning ham.
Demak, publitsistika JABRDIYDA janr edi, yana şunday bölib qoldi. Holbuki, nimani özgartiriş kerak bölsa (bu özgariş, albatta, taraqqiyot nuqtai nazaridan ijobiy tomonga bölişi kerak!), uni publitsistika maydoniga olib çiqiş talab qilinadi. Bu degani mavzu, yaʼni özgariş talab qilinadigan hodisaga jamoatçilikning eʼtiborini tortişi zarur böladi va bu yumuşni gazeta (radio, TV) orqali publitsistika amalga oşiradi. Eʼtibor bering, buyuk epoxa boşlanayapti – neça asrlar davomida avlodlar kutgan kunlar nasib etdi. Hammasini yangi asosga qöyiş, yaʼni özgartiriş lozim. Şunday şaroitda …publitsistika mayda hissiyotlar buhronida boşi aylanib yotibdi: yuqorida aytganimizdek, bir gazeta tanqid qilsa, köp ötmay boşqasi maqtab çiqadi! Jamoatçilik kimga işonişni, demak, möljalni qaysi tomonga olişni bilmay qoldi.
Ha, özbek publitsistikasi zimmasiga tarixiy missiya yuklangan lahzalarda yaroqsizligini körsatib qöygan edi. Yoki ezgu niyat bilan dunyoga kelgan baʼzi yangi matbuot naşrlari boşiga tuşgan şörişlarni ham köpçilik eslaydi. Bunday holatlar çuqur inqirozdan dalolat edi. Albatta, bu asrlar davomida tutqunlikda uşlangan ijtimoiy fikr, buyurtma böyiça yaratiladigan adabiyot, maslaksiz qalamkaşlarning mağlubiyati edi. Afsuski, öşanda yöqotilgan işonç yillar ötsa-da, qaytmadi, aksinça, çuqurlaşib bordi va bugunga kelib, masala “Gazeta kerakmi?” tarzidagi şarmandali savol tarzida maydonga çiqdi. Aslida, “Gazeta kerakmi?” deb söraş “Aql kerakmi, tafakkur kerakmi?” tarzidagi beburd savolning ayni özi.
Vaziyatga ana şu balandlikdan baho beriladigan bölsa, ommaviy axborot xizmatlari (OAX)ning asosiy quroli publitsistika xarakterini bir qur takrorlab ötiş ortiqçalik qilmaydi. Publitsistika tezkor, hozirjavob, ijtimoiy hayotga eng yaqin bölişdan taşqari JANGOVAR janr – u bahs maydoniga tuşganda öz tamoyilini oxirigaça himoya qiladi. U JAFOKAŞ janr, öz nuqtai nazarini isbotlaş uçun turli şaroitlarga giriftor böladi: şaxtalarga tuşadi, qamoqxonalarga kirib çiqadi, qora kuçlar bilan yuzma-yuz böladi, tuhmatlarga qoladi, hatto hayotini boy beradi. Xullas, bunday qirralarni amaliyotçilar davom ettirişi mumkin, oxirida esa uning JAVONMARD janr ekanini taʼkidlaş bilan çeklanamiz. Jurnalistika – xoslar kasbi, yaʼni jamiyatning moddiy ehtiyojlarini töla qoplagan, öziga töq tabaqalari vakillari şuğullanadigan soha. Negaki, bu kasbda tirikçilik ötkaziş darajasiga yetgunça 3-4 yil, balki undan köproq vaqt ötadi va şu davrda çöntagidan sarflab, faqat özining “zarari”ga işlaşiga töğri keladi, yaʼni jamoatçilik “Falon jurnalist”ning dastxatini tanib, uni eʼtirof etguniça kasb malakasini hosil qilişi, rivojlantirişi va maşhur bölişi lozim. Buning uçun esa xalqona tilda aytganda “zör maqolalar” yozib tanilişi talab etiladi. Afsuski, bu darajaga yetiş oson emas, özi, köplarning hafsalasi şu oraliqda tamom böladi.
Haqiqiy jurnalist – millatning şarafi, maʼnaviy boyligi, xalqining, Vatanining şaʼnini har qanday minbardan himoya qila oladigan qudratli quroli. Uning ötkir sözi jamiyat muhitini özgartirib yuboradigan qudratga ega. Şu örinda Lev Tolstoyning “Jim tura olmayman!”, Emil Zolyaning “Men ayblayman”, Ivan Turgenevning “Gamlet va Don Kixot” singari maqolalarini keltiriş mumkin. Otaşin publitsistikaning namunasi bölgan Uiniston Çerçelning Fultondagi nutqi (1946 yil 5 mart) dunyo qiyofasini ağdar-töntar qilib taşlagan. Yoxud özbek adibi Odil Yoqubovning bundan roppa-rosa 33 yil avval Sobiq Ittifoq deputatlarining birinçi sʼyezdida qilgan nutqini eslaylik. Yozuvçi özbek xalqining, ayollarining neçoğlik oğir turmuşini, paxta yakka hokimligi keltirgan kulfatlarni röy-rost oçib taşlagan edi. Bunday yorqin misollarni köplab keltirsa böladi. Eston publitsist-yozuvçisi Yuxan Smuulning “Muznoma” kitobi dunyo jamoatçiligining fikr yönalişiga jiddiy taʼsir qilgan, insoniyatni bir xavotirdan ozod etganligini bilamiz. Yoki maşhur jurnalistlarning şaxsiy hayoti katta bir doston ekanligini taʼkidlaş örinli. Bu borada uzoqqa borib ötirmay, buyuk sanʼatkorimiz Abdulla Qodiriyning “Yiğindi gaplar” felyetonini eslaş yanada örinli. Muallif jasorati insoniy tamoyilini namoyon etgan jurnal “mahsuloti” öşa kunlarni larzaga keltirgani bor gap. Jamiyat, qolaversa, insoniyat taqdiriga daxldor özgarişlarga turtki böladigan quvvatni publitsistika yarata oladi. Şuning uçun undan “hazar qilmay”, sir-sinoatlarini örganiş, buyuk yaratuvçilik qudratidan ijtimoiy hayotda istifoda etiş foydalidir.
Endi mulohazalarning uçqur qanotidan yerdagi manzaraga qaytadigan bölsak, bosma naşrlar, jumladan, matbuotning kelajagi yuzasidan turli munosabatlarga duç kelamiz. Aksariyat taraqqiyot bu jabhani rad etdi, endi hammasi vertual dunyoda hal böladi, degan daʼvoni keltiradi. Ammo eng taraqqiy etgan davlatlarning bugungi kuni ham bu xulosani tasdiqlamayapti: gazetalarning adadi tuşib ketayotgan bölsa-da, yöq bölib ketayotgani yöq. Aksinça, sayoz axborot olamida voqealarning mohiyatiga yetiş, “kosa tagidagi nimkosa”ni körişga qiziqiş ortib bormoqda. Şunday andişalar bilan hududiy gazetalar ahvoliga nazar taşlaylik.
Katta avlod vakillari yaxşi biladiki, tuman (rayon) va viloyat (oblast) gazetalari öşa region (hudud) ijtimoiy hayotida sezilarli rol öynardi. Har holda “Redaksiya” degan tuşunça heç kimni beparvo qoldirmasdi, desam, yolğon bölmaydi. Bu holning öziga xos sabablari bor. Hudud boşqaruv idoralari öz gazetalariga ançagina vakolatni kafolatlagan bölib, ularning gapi birinçi rahbarning irodasini ifodalardi. Olaylik, tuman gazetasida yöllarning nosozligi yoki ğöza parvarişidagi sustkaşlik haqida tanqid eʼlon qilinsa, nufuzli va masʼul idoralar masalaning tagiga yetişar, masala yeçimini topar va bu haqda gazetxonlarga ham maʼlum qilinardi. Tanqidlar juda masʼuliyatni talab qilardi va bunday maqola yoziş, uni eʼlon qilişning javobgarligini muxbir ham, redaktor ham töla tuşunib, masalaga jiddiy yondaşardi. Umuman, tuman yoki viloyat doirasidagi kamçilik va nuqsonlar gazetalar aralaşuvi bilan joyida hal bölardi. Ayni paytda ham bu mexanizmni işlatiş imkoniyati bor. Ayniqsa, taraqqiyotning ayni bosqiçida tuman va viloyat gazetalari Uçinçi Renessans tamoyillariga juda yuqori darajada xizmat qila oladi. Bu haqiqatga ommaviy axborot xizmatining kuç-quvvatini çamalab, yuz foiz kafolat beriş mumkin.
Umuman, hududiy matbuotni qöllab-quvvatlaş jamiyatga nima beradi? Dalillarni bir çetdan sanab boraveraylik.
1). Tajribalar körsatganki, tuman yoki viloyat markazida davlat va xalq manfaatlarini uyğunlaştirib turuvçi bir markaz yuzaga keladi. Bu markaz quruq maʼmuriy-idoraviy emas, balki ham rasmiy, ham ijodiy ruhga ega böladi. Agar davlatning manbai xalq, degan tamoyilni yodda tutsak, eng quyi böğinda xalqning ijtimoiy borliqqa munosabati (hokim, prokuror, militsiya, soliq, maorif, tibbiyot …qanday işlayapti?) davlatga yetib kelişida bir köprik paydo böladi;
2). Aholi turli tabaqalarining kayfiyatini biliş mumkin böladi. Deylik, fermer yoki kasanaçi iş faoliyatida uçrayotgan muammolar haqida gazetalar tahririyatiga murojaat etişi, ularning kömagi bilan öz savollariga javob topiş imkoni tuğiladi. Albatta, birinçi manbadan, yaʼni yurtdoşning özidan olingan maʼlumotlar işonçli böladi va muammoni bartaraf etiş, aniq qarorlar çiqariş, istiqboldagi rejalarni belgilaşda ayni maqsadga mos yeçimlar qabul qilinişiga olib keladi;
3). Öşa hududdagi ijtimoiy kayfiyat haqida aniq xulosalar çiqariş imkoni paydo böladi. Masalan, kimdir dabdabali töy qildi. Hammaning tilida şu gap. Gazeta bu haqda tahliliy maqola berişi mumkin va bu orqali töy egasi kim, u qaysi daromadlari evaziga ming kişilik oş berdi, uning töydan keyingi ahvoli qanday va boşqa şunga öxşaş köplab savollarning javobi odamlar uçun ham, boşqaruv tizimi uçun ham qiziq, albatta. Yoki şu hududdagi ijodiy kuçlarni uyuştiriş, ularni jamoatçilikka taniştirişda ham bu naşrlarning örni beqiyos. Sir emas, hozir katta mavqe qozongan ijodkorlar ham birinçi maqolasi tuman (viloyat) gazetasida çiqqanini inkor qilmaydi;
4). Istiqlol tufayli tariximiz qaytadan inkişof etilyapti, yuzaga çiqyapti. Holbuki, har bir hududda hali oçilmagan tarixiy haqiqatlar, izlanuvçilarning qadami yetmagan tabarruk joylar tiqilib yotibdi. Hududiy matbuot naşrlari ana şunday voqealar şarhi, rivoyatlar, udumlar, maşhur va tarixiy şaxslar haqida maqolalar eʼlon qila oladi, bu bilan katta maʼrifiy vazifani bajaradi. Şu qatorda çekka-çekka joylarda yaşayotgan tadqiqotçilarning faoliyati bilan jamoatçilik taniştiriladi, taniqli kişilarning xotirasi eslanib, ularning xizmatlarini taʼkidlab körsatiş imkoni paydo böladi;
5). Ayni paytda tumanlar sektorlarga bölinib, idora qilinmoqda. Albatta, faoliyatdagi böliniş tufayli umumiy işlarni yagona markazda jamlaş, tahlil qiliş, tadbirlarni muvofiqlaştirilgan holda taşkil etiş va hokazo, harakatdagi kuçlarni birlaştiriş zarurati bor. Ayni şu vazifani tuman gazetalari bajarişi mumkin. Şuningdek, sektor rahbarlari öz işlari va muammolar yuzasidan gazeta orqali jamoatçilik bilan aloqada böladilar;
“Gazetada çiqiş”ning öz yuki bor. Agar ijobiy fikr aytilsa, bu eng munosib mukofot böladi, tanqid esa hatto maʼmuriy jazodan ham oğir taʼsir qiladi. Gazetada tanqid qilinganlar bir paytlar yaşaş joylarini özgartirganligi yoki familiyasini boşqa qilib olganligi bor gap. Hatto “Qamasang ham gazetaga yozma!” degan ötinçlar bölgan. Masalaning maʼnaviy tomoni hammaga maʼlum: “Qoğozda yozilganlarni bolta bilan qirqib taşlab bölmaydi”. Xullas, davlat tomonidan şakllantiriladigan hududiy bosma naşrlar bugungi kunning jiddiy talabi bölib qolmoqda. Matbuot borasida erişilgan natijalar umuminsoniyatning mulkidir, undan istifoda etiş yuqori madaniyat belgisi hisoblanadi.
Umuman, köpçillikka qaratilgan Söz heç vaqt zararga işlamagan, aksinça, xalqimizda “Maslahatli töy tarqamas, maslahatli tön tor kelmas” singari maqollar borki, jamoatçilik bilan bamaslahat qilingan har bir iş xayrli bölgan. Bu asrlar sinovidan ötgan haqiqat. Matbuot, umuman, OAV – bir maslahat maydoni. Agar harakatlarimiz kelajakda samara bersin, şu muhtaşam yurtning ertasi ham buyuk bölsin, degan ezgu niyat barqaror bölsa, gazetalarga yuz buriş keskin talabdir. Zero, maʼrifatli xalqimizni maʼrifat orqali (kuç yoki zöravonlik bilan emas!) yuksaltirişdan özga yöl bölişi mumkin emas.
Hakim SATTORIY
