Bozor
Şuhrat MATKARIM
Muallif haqida:
Şuhrat Matkarim — Turkmanistonning Toşhovuz tumanida tuğilgan. 1985 yilda Xorazm davlat pedagogika institutining filologiya fakultetini ingliz tili öqituvçisi ixtisosligi böyiça tamomlagan. Köp yillar Özbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimida işlagan. Hozir Xorazm viloyati hokimligida xizmat qiladi.
Hikoyalari “Yoş kuç”, “Yoşlik”, “Şarq yulduzi”, jurnallari, “ÖzAS”, “Turkiston” (hozirgi “Yoşlar ovozi”) kabi gazetalarda, jamoa töplamlarida çop etilgan. Ernest Hemengueyning qator hikoyalarini ingliz tilidan tarjima qilgan. Taniqli özbek şoiri Matnazar Abdulhakim haqidagi “Ustoz haqida söz” xotira – essesi alohida risola şaklida naşr etilgan.
Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi aʼzosi.
BOZOR
(Hikoya)
Özi bu bozorning joylaşgan yeri ham ğalati desakmikan, anoyi desakmikan, nima deyilsa ekan-a, hozir birdaniga xayolga ham kelmayapti bu söz, bu kalom, ammo şunday söz bor özbekda, nima edi-ya, nima edi-ii… hay mayli, yodga tuşsa aytib ötarmiz, hozir qiziğida hikoyamizdan qolmaylik. Lekin baribir, aziz öquvçiga bu bozorning joylaşgan yeri haqida ozgina maʼlumot bermasak, biz aytmoqçi bölgan gapning mağzini, asl mazmunini anglab olişlari biroz qiyin keçadi. Şuning uçun biroz çözilsa ham bu bozorning yerlaşgan joyi haqida bir-ikki oğiz söz aytmoq joiz. Bu bozor, darvoqe, bu bozor böladigan qişloq Xorazmning ming yillardan beri yemirilib yotgan Yumritov degan toği poyida joylaşgan. Eʼtirozingiz örinli aziz öquvçi. Töğridan ham Xorazm deganda heç kim toğ haqida öylamaydi. Xorazm desak darrov köz oldimizga çeksiz qumliklar va öşa qumliklar orasida yozda quyoşning olov taftidan hansirib yo qahraton qişida tişi tişiga tegmay takkillab, sovuqdan qunişib yotgan voha keladi. Bu ham aslida töğri. Lekin Xorazmda köplar borligini yoddan çiqarib qöygan toğlar ham bor. Bular, köçma maʼnoda şoir aytmoqçi, odamlar qiyofasida yaşaydigan toğlar emas, Sulton Uays yoki Yumritov kabi haqiqiy toğlar. Ana şu Yumritovga yaqin yerda bir qişloq bor. Bu yerliklar uni Qtoy, deydi. Asli Xitoy emiş. Qaysisi töğri Qtoymi, Xitoymi, biz bilmaymiz. Buni biladigan, bilmasa bildiradiganlar bor. Bizning hozirgi hikoyamiz bu qişloq haqida emas, şu qişloqda haftada bir marta böladigan alomat bozor haqida. Bir tomondan Amudaryo bilan Yumritov, boşqa tomondan çeksiz qumliklar örtasida joylaşgan Qtoy yoki Xitoy degan qişloqda bölgani uçunmi yo avto yöllar va gavjum şaharlardan uzoqda qolgani uçunmi bu bozor zamon va taraqqiyotni, zamon va taraqqiyot bu bozorni asrlardan beri çetlab kelgan. Bu nima degani deysizmi? Nima desak, qanday tuşuntirsak ekan-a? Mana, masalan, katta-katta şaharlarni köz oldingizga keltiring. Bulutlarni teşib ötgan uçi sunçiq osmonöpar binolar, ularning poyidagi örgimçak töriday bir-biriga çuvalaşib ketgan yöllar, öşa yöllarda mehnatkaş qumursqalarday oldingisining ketiga tumşuğini tirab keça-kunduz harakatdan tinmaydigan rusum va rasmlarini biz ming yilda ham töliq tasavvur qila olmaydigan avtolar, tunlari ellik, yuz qavatli binolarni, köçalarni çaroğon qilib turgan ranggo-rang, köz olğuvçi tunçiroqlar… xullas, ana şunday bir manzarani tasavvur eting-da, öşa yuzmi, yuz ellik qavatli, turli reklama çaqiriqlari ilinib taşlangan bino tagiga tasavvuringizda bundan ikki-uç asr oldingi Xorazmning bir qişloğini taşlang. Yulğun, qamişlar ösib yotgan, op-oppoq şöri çiqib yotgan yer, bir amallab loy va nigirikdan tiklangan past-pasaldak kapalar, yozda töpir, qişda tizzaga keladigan loy-balçiqli egri-bugri köçalar… Kontrastni his qildingiz-a? Ana. Bu qişloq bozori ham, undagi xaridoru sotuvçilar zamondan ana şu darajada orqada qolib ketgan.
Bu bozor yuz yillardan beri har yakşanba, Xorazmda şu kuni bozor taşkil etilgani uçun bozor kuni deyiladi, qişloqqa tutaş bir maydonda bölib ötadi. Xaridori ham sotuvçisi ham asosan şu qişloq, Qtoydan. Ahyon-ahyonda boşqa yerlardan bu bozorning taʼrifini eşitgan bir-ikki yotlar ham kelib qolişi mumkin. Ularni bozordagilar darrov taniydi. Xuddi tovuqkatakka notaniş tovuq kirib qolganday xaridor ham, sotuvçi ham xurpayib oladi. Begonasiraydi. Çunki bu bozordagilarning, xaridorining ham, sotuvçisining ham köti-boşi çatiq – hammasi bir-biriga qarindoş – amma – xola, doyi-jiyan, quda-anda, oğayni, yor-döst. Şu sabab ular bozordagi begona kişini darrov taniydilar. Ularga muomalalari ham, nima desak ekan-a, boşqalarga nisbatan biroz sovuqroq böladi. Yöq, ular aytay yot kişilarga sovuq munosabatda bölamiz, demaydilar. Yöq. Öz-özidan şunday, sal sovuqroq çiqadi. Bundan özlari ham xijolat çekadilar. Axir nimani ham gaplaşasan tanimagan bilmagan odaming bilan? Salom! Salom! Mana buning niçça söm? Falon söm! Bir kilo bering. Mana, marhamat. Rahmat! Böldimi şu? Böldi-da! Uni sen tanimasang, u seni bilmasa. Ketdi-da olgan bir kilo kartoşkasini orqalab. Na sendan hol söradi, na sen undan. Şu ham gap bölibdimi? Albatta, yöq. Ana endi bu bozorning öz ahlini köring.
— Iş, iş, işşş! – uzoqdan bozorning suldari körinib, ğala-ğovuri eşitila boşlagaç Saʼdulla polvon eski, rangi öngib ketgan “Jiguli”siga tormoz berdi. Ulkan gavdasini ming xil maqomga solib, bir amallab maşinasidan tuşdi. Kerişib orqa böynini yozdi. Keyin xotiniga imo qildi: tuş!
— Avvaal Sapar xolani köring, – dedi polvonning xotini. – Keyin boşqalarini…
— Ajab böladi, – polvon kapçaday kaftini köksiga qöydi. – Yana ne topşiriqlar bor?
— Boşqasini özingiz bilasiz, – dedi Töxtajon opa erining kinoyasiga zarraça ham eʼtibor bermay. – Endi yoş bola emassiz.
Saʼdulla polvon, bir qöliga oğir sumka, ikkinçisiga yarmidan köproq kartoşka solingan xaltani oldi-da, tovonglaganiça bozorga qarab yurdi. Bugungi taniş-biliş, qorindoşlar bilan böladigan uçraşuvlar, gurunglarni öylab tani-joni bir haz etdi, miyiğida kulib qöydi. Uzoqdan qoziqqa qantarilgan qirçanği otga közi tuşdi: “Ha-aa, Qurbon qozoq kelibdi”, öyladi u. Keyin yangi tuşgan kelinday yasatilgan, ğayrati içiga siğmay qozoqning qirçanğisiga qarab hadeb oldingi oyoğini tappillatayotgan, semizlikdan yaltirab turgan qorabayirga qarab, “Marat turkman ham şu yerda”, deb qöydi. Polvon bozor atrofidagi otu eşak, ikki şotini osmonga öqtalgan aravalar, bir-biriga suyangan velosipedu mototsikllarni bir-bir közdan keçirib kimning kelgani, köziga çalinmagan köliklarni sanab kimning hali kelmaganini hisobga olib ketaverdi.
Polvon esini bilganidan beri şu bozorga keladi. Bola vaqtida uni bu yerga otasi ergaştirib kelgan. Ööö, u vaqtlar. Bola bölgani uçunmi yo boşqami u vaqtdagi bozor ham, yozda oq köylak-işton kiygan, qişda sang-sang pöstinlarga öranib oladigan çollar ham, Qiliç baliqçining qozon boşida osib qöyilgan 100-120 kilolik laqqasidan kesib qovurib bergan baliğining mazasi ham boşqaçaday tuyuladi.
— Assalomu alaykuuum, Sapar xola! – deydi kungura peçday gavdasini iloji boriça egib Saʼdulla polvon oldiga tört-beş kiloça guruç, ikki kilodan sal ortiq qoq örik, ön –ön beş tovuq yumurta yozib ötirgan kampirga kapçaday ikki kaftini çözar ekan. – Niçiksiz? Jonlimisiz?
— Kimsaaan? –momo qöllarni xira közlariga soyabon qilib boşini kötaradi. Uning oriq, muştday gavdasi faqat teri va suyakdan iborat bölib qolgan. Kampirning boşidagi qavat-qavat öralgan oppoq katta laçagi böyniga oğirlik qilayotganday iyagi momoning ikki tizzasiga tegib turadi. – Saʼdullamisan?
— Hovva, menman xola, Saʼdullaman!
— Omon – sovmisizlar? Töxtajon faroğat ötiribmi?
— Havvo, yaxşi!
— Kelin qözilamadimi?
— Qözilasa suyunçiliymiz-ğö! Ötiribdi hali.
— Haa, ikki jonini bir bersin işqilib.
— Aytganingiz kelsin! Doyim tandormi?
— Xudoga şukur, çaqqon.
— Asa, salom ayting. Menam borin. Bol bilan karçika olib kelgan edim.
— Borağöy, bolam borağöy. Töxtajonga, oqtiqlarga salom ayt. Kelining qözilasa oqtiqlardan birini yubor. Pinsiyadan suyunçi puli qöyibman.
— Yaxşi xola, yaxşi…
Saʼdulla polvonning xotini oldiga şpagat xaltasini yoyib unga kartoşka, pomidor, bulğor murç, aççiq murçlarni tera boşlaydi. Polvon yonida tovuq, xöroz sotib ötirgan yigitga suv qoğozga ixlos bilan öralgan kökötlarni körsatadi.
— Akbar jöra ina, bugun zelen ham olib keldim. Ötgan safar Jobbi otaning bolasi söragan edi. Indigi bozor olib kelaman, degan edim.
— Yaxşi etibsiz, – deydi öttiz-öttiz beş yoşlaridagi uzun böyli Akbar jiddiylik bilan. – Har safar bir-ikki narsa qöşib boraversangiz biznesingiz ham rivojlanaveradi.
— Kxxx! – Saʼdulla polvon devnikiday ikki egnini qisib, muştiga pixillab kuladi. – Qtoy bozorga şu… biznes degan gap ham yaraşmiydi ekan. Ina sen aytib turibsan mening kulgim kelib ketdi. Biznes… kxxx! Biz bu yerga jöra-yoron, qorindoş-tuqqanni körmakka kelamiz.
—Men hamm, – Akbar önğaysizlanib ensasini qaşib qöydi. – Men ham şunga kelaman. Azon bilan bozorni bir aylanib hamma qorindoş-tuqqan bilan körişib, söraşib çiqdim, – Akbarning yuziga muloyim kulgu yoyildi. Özining boyagi gapidan özi xijolat çekayotgani körinib turardi. – Şu… bozor bölmasa niçik bölar edi-ya, Saʼdulla aka?
— Eee, asalomu alaykuuum!
“Gurs!” Saʼdulla polvon ham, Akbar ham ovoz çiqqan tomonga qaraşdi. Tursunboy çitoyi orqasidagi yukini bularning yoniga taşlagan ekan. Ular quçoqlaşib körişdilar, hol-ahvol söraşdilar.
— Eee, karçikani ham xarob etding, – dedi Saʼdulla polvon çitoyi taşlagan xaltaga qarab. – Şu kelin zörlab olib keldi öxşiydi seni bozorga. Bölmasa sen özingni munday çang tözonga ming yilda ham urmaysan.
— Şu, şu, – dedi ixlos bilan egnidagi çanglarni qoqar ekan çitoyi. – Şu bolang bilan borib kelaver bozorga, desam, yöq, özingiz yuring, deydi. Muning bolasi dam olişi kerak ekan bozor kuni. Men dam olmasam ham bölaverar ekan.
— Tuvri, – dedi polvon. – Sening suyaging qotgan. Dam olmasang ham bölaveradi.
— Yoooq, Saʼdulla aka. Gap suyakda emas ekan. Men buni bildim.
— Ha, ne yerda ekan?
— Xotin degan bolasini eridan yaxşi körar ekan. Şuning uçun u bolasini ayab, erni nixalayverar ekan. Ina, gap nerda!
— Eee, unday emas! Buning ham bir qoni yursin, qorindoş-tuqqanini körsin, degan kelin. Bor gap şu. Sen bölsa… ay, qöysang-a!
Şu orada Tursunboyning xotini ham yetib keldi. Darrov birgalaşib unga joy hozirladilar. Tarozilarini örnatib berdilar.
— Ina, jöra! – dedi Tursunboy kaftlarini bir-biriga urib tozalar ekan xotiniga. – Men indi bir aylanib kelaman. Qorindoşlar bilan bir söraşib çiqay.
— Matti pasonning yoniga borib bir kosa çoy ham içib oling. Azonda heç narsa yemadingiz, – dedi xotini oldidagi kartoşkalarni çiroyli qilib terar ekan.
Har bozor Qtoyning anoyi bozori şunday yoki taxminan şunday ötadi. Bu yerda savdo, mol talaşiş, olib – sotaru, dallollarning şovqinidan ham köra yaqinlarning quçoqlaşib körişişlari, osoyişta hol-ahvol söraşişlari, bir-birovlarining quvonçu dardlariga şerik bölib goh şodon, goh maʼyus gurunglari ustun. Bozorga odamlar köproq diydor, suhbat va köngil oçiş uçun keladilar. Şunda bu bozorni bozor deyiş kerakmi yo boşqaça bir ot qöyiş kerakmikan, deb öylab yurganlarida bir köngilsiz voqea hammaning dilini ranjitdi. Kimdir xirik etib uyulgan qovun uyumi yoniga tarozu örnatib qovunni ölçab sota boşladi. Bozordagilar bu odamni ham, qovunning ham qayerdan kelganini bilmasdilar. Hammaning yuragiga sovuq bir his örladi. “Nima bu? Kim bu?” Bu gap Sapar momoning quloğiga yetib borganida kampir oğir söliş oldi:
— Endi bu bozordan ham barakat ketadi, – dedi u tez-tez yoşlanib turadigan kiçik va xira közlarini oppoq kuylagining uzun yengiga artar ekan nadomat bilan. — Bu yerlarga ham olib-sotarlar kelibdi. Ota-buvalarimiz heç qaçon qovun-tarvuzni kilolab sotmagan…
Bozorga, bu ğaroyib bozorga bir sovuq şamol oralaganday böldi. Odamlar endigi bozorlarimiz neçuk bölar ekan, deb öylanib qoldilar.
