“HAVAS”dagi mahsulotlarga havas qilsa bo'ladi…mi?

Non — aziz, noyob ne'mat. Shuning uchun ham xalqimiz hamisha nonni e'zoz­lab, ulug'lab, ushog'ini ham ko'ziga surtadi.

Modomiki shunday ekan, non tayyorlash sifati ham yuksak darajada bo'lishi kerak. Umuman olganda, korxonalarda non va non mahsulotlarini tayyorlash va do'konlarga yetkazib berish ishlari durust yo'lga qo'yilgan deb aytish mumkin.

Biroq biz, baxtga qarshi, non va non mahsulotlari sanitariya-gigiena talablariga qat'iy rioya qilingan holda tayyorlanayaptimi degan savolga hamisha ham “ha”, deya javob bera olmaymiz. Sababi non kombinatlari, non ishlab chiqarish bilan shug'ullanadigan xususiy korxonalarda ishlab chiqarish jarayonlari sanitariya idoralari va boshqa shu ishlarga mas'ul bo'lgan xodimlarning doimiy nazorati ostida deb ishonganimiz uchun do'konlardan sotib olingan non mahsulotlarini   hech ikkilanmay iste'mol qilaveramiz.

Afsus. Shunday deb o'ylab chuchvarani xom sanaymiz-da ba'zida. Negaki, mahsulot ishlab chiqarishda sanitariya–gigiena qoidalariga hamma joyda ham   yetarli e'tibor berilmayapti! Masalan, 2023 yil 4 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda Buxorodagi “Mega market” supermarketidan sotib olingan 3 ta (buxanka) non ichidan … tilga olish mumkin bo'lmagan darajadagi holatni ko'rib, yoqa ushlaydi kishi.

Yuz bergan holat bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish qo'mitasi Buxoro viloyat hududiy bosh­qarmasi tomonidan “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida”gi Qonunning 6- va 12-moddalari talablari buzilganligi bo'yicha ish qo'zg'atildi. Shuning­dek, iste'molchilarga yetkazilgan zararni qoplash yuzasidan, ish yakuniga ko'ra ishlab chiqaruvchi korxonaga tegishli ko'rsatma berildi. Bundan tashqari, Sanitariya-epidemiologiya va osoyishtalik xizmati xodimlarini jalb etgan holda savdo shoxobchasi va ishlab chiqaruvchi korxonada sanitariya me'yorlariga rioya etilish bo'yicha o'rga­nishlar o'tkazilganligi ma'lum qilindi.

E'tibor berdingizmi, ma'lumotnomadagi “ko'rsatma berildi”, “o'rganishlar o'tkazildi” degan so'zlardan bir paytlar bo'lganidek quruq, mavhum va rasmiyatchilikning o'tkir hidi anqib turibdi. Bunday yuzaki va rasmiy gaplar o'rniga o'sha, Sanitariya-epidemiologiya va osoyishtalik xizmati xodimlari non ishlab chiqarish korxonasiga borib buxanka nonlar ichiga kemiruvchilarning chiqindilari qanday kirib qolganligi, hamda bu kimlarning e'tiborsizligi, o'z vazifasiga panja orasidan qaraganligi sababli yuz berganligi ochiq aytilishi lozim edi.

Lekin…

Buxoroda yuz bergan achinarli holat bosh­­qa shahar va viloyatlardagi non va non ishlab chiqarish korxonalari xodimlari uchun ham saboq bo'lishi lozim.

“HAVAS” do'konida hamisha yuqori sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bo'lishini yaxshi bilgan fuqaro Q. yana shu do'kondan   pishloq sotib oldi va uyiga borib tanovul qilmoqchi bo'lganida esa pishloqning   buzilganligini ko'rib kayfiyati   ham ishtahasi ham bo'g'ildi.   Mahsulot o'ralgan qog'ozdagi   yaroqlilik muddatiga qaradi, muddatning o'tishiga hali ancha bor ekan.

Lekin pishloq muddati o'tmasdan turib iste'mol qilishga yaroqsiz bo'lib qolganligi xaridorni ajablantirdi va   do'konga qaytib borib bu haqda shikoyat   yozib qoldirdi.   To'g'ri qildi, agar pishloqning ayniganligiga e'tibor bermay iste'mol qilganida zaharlanishi, hatto hayoti xavf ostida qolishi mumkin edi.

Raqobatni rivojlantirish va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish qo'mitasi tomonidan mazkur shikoyat “HAVAS FOOD” va “PUREMILKY WORKS” mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbarlarini jalb qilgan holda o'rganib chiqilganda, ishlab chiqaruvchi “PUREMILKY WORKS” korxonasi shartnoma asosida “HAVAS FOOD” MChJ do'konlariga sut va sut mahsulotlarini yetkazib berishni zimmasiga olganligi ma'lum bo'ldi.

Vujudga kelgan noxush voqea “PUREMILKY WORKS” korxonasi pishloq mahsulotini ishlab chiqarish me'yorlarini talab darajada to'liq amalga oshirmaganligi sababli yuz berganligi oydinlashdi. Pishloq 90 kun davomida buzilmasligi kerak edi. Lekin mahsulot 90 kunda emas, uch kun ichidagina iste'molga yaroqsiz holga kelib qolgan.

Ishlab chiqaruvchi korxonadagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etib, “HAVAS FOOD” mas'uliyati cheklangan jamiyati do'konlaridagi sifatsiz pishloq mahsulotlarini olib tashlashga majbur bo'ldi.

“Kasalni yashirsang isitmasi oshkor qiladi”, deb shuni aytsalar kerak-da.

Albatta, foyda, daromadni ko'zlab ish yuritish — tadbirkorlikning bosh qoidasi. Ammo daromad deb vijdon, imon degan tuyg'ularni ham yeb qo'ymaslik kerak. Zero, xalq iste'moli uchun ishlab chiqarilayotgan har qanday mahsulot poklik, sarishtalik mezoni asosida tayyorlanishi shart. Yo'qsa, buning nafaqat qonuniy chorasidan, balki elning qarg'ishidan qo'rqish lozim. Qachonki, ertaga kech bo'lmasin, nohalol topilgan daromad teshib chiqmasin.

Umida MANSUROVA,

Iste'molchilar huquqlarini

himoya qilish agentligi xodimi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seven − seven =