Matbuotga munosabat qachon o'zgaradi?
Davlatimiz rahbari OAVga e'tibor qaratishni, katta-kichik amaldorlarning matbuot bilan doimiy hamkorlik qilishini uqtirib keladi. Aytaylik, Prezidentimizning yaqinda Qashqadaryo viloyatiga safari davomida ochiqlik va so'z erkinligi borasidagi fikrlarini olaylik. “Erkinlik nafasi yoqadimi? Menga yoqadi”, deya alohida ta'kidladi Yurtboshimiz. Ammo shunday bo'lsa-da, sohani qo'llab-quvvatlash, ayniqsa matbuot nashrlari bilan ta'minlash masalasida hali muammolar kam emas. Bu haqda turli nashrlarda o'z mulohazalarimizni, ochiq fikrlarimizni bayon qilib kelmoqdamiz.
Misol uchun, “Ishonch” gazetasining 2022 yil 8 sentyabr sonida “Prezident qarori nega bajarilmayapti?” sarlavhali va shu yilning 30 yanvar kuni yana shu gazetada “Matbuotga munosabat shumi?” nomli chiqishlarimizga tayinli munosabatni ko'rmadik.
Zero, “Prezident qarori nega bajarilmayapti?” maqola-murojaatiga, ya'ni qaror ijrosi masalasiga o'n bir viloyat hokimligi va bir vazirlik umuman munosabat bildirmaganligini qanday baholash mumkin? Yoki qarorlar bajarilmasligi uchun chiqarilyaptimi?
Munosabat bildirgan viloyatlarda-chi, ahvol qay darajada? Maqolaga javob yo'llagan Jizzax viloyati moliya bosh boshqarmasi boshlig'i A.Rahmatullayev “O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 11 maydagi “Xalq ta'limini rivojlantirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi PQ-241-son qarorining 13-bandiga asosan xalq ta'limi yo'nalishidagi bosma nashrlarni ta'lim muassasalariga yetkazib berishni ta'minlash maqsadida gazeta va jurnallar obunasi uchun mahalliy byudjetdan 465,6 mln. so'm mablag' ajratilib, ta'minotchi tashkilotlar hisobraqamiga o'tkazib berilgan”ligini ma'lum qilgandi (“Ishonch”. 2022 yil 15 oktyabr). Buncha pulni tushida ko'rmagan “Ma’rifat” gazetasi muxbiri viloyatga borib ahvolni o'rganadi va aytilgan mablag'lar maqsadli ajratilmaganligini aniqlab, bong urdi (M.Qiyomov. “Byudjet mablag'i maqsadsiz sarflansa…” “Ma’rifat”. 2022 yil 2 noyabr).
Faqat pul yo'q demang. Misol uchun Oliy Majlis Senati yalpi majlisida Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg'armalari byudjetlarining 2021 yil yakunlari bo'yicha ijrosi va 2022 yil birinchi choragidagi ijrosi ko'rib chiqilganda “o'tkazilgan 7 ming 133 ta moliyaviy nazorat tadbirining 5 ming 380 tasida yoki 75 foizida 122 milliard 800 million so'mlik kamomad, 949 milliard 300 million so'mlik noqonuniy xarajatlar aniqlangan” (https://uza.uz/uz/posts/moliyaviy-nazorat-tadbirlarida-949-milliard-somdan-ziyod-noqonuniy-xarazhatlar-aniqlangan_388575).
Hali bu tekshirishda aniqlangani. Kamomadni ham qo'ya turaylik. Noqonuniy xarajatlar 949 milliard 300 million so'm! Bu mablag'lar ichida maktab kutubxona fondining ham ulushi bo'lsa kerak? Kitobu davriy nashrlardan o'zlashtirilayotgan mablag'lar millat ma'naviyatini kemirishdir…
Bu o'tgan yilgi ma'lumot dersiz. Joriy yilda ta'lim nashrlari uchun uch viloyat – Andijon (uch oyga), Buxoro (bir oyga) va Samarqand (9 oyga) maktab kutubxonalari obunasiga mablag' ajratganligi ma'lum bo'ldi (“boriga shukr deya, ularga rahmat, aytamiz albatta).
Millat ziyoxonasini halokatdan asrashimiz shart!
Fursatdan foydalanib, e'tiboringizni millat ma'naviyatiga salbiy ta'sir qiladigan bir muammoga qaratmoqchimiz. Bu ham bo'lsa avvalo, millat muallimlarining va natijada millat bolalarining kitob o'qimasligi masalasidir. Biz erkin jamiyat qurishni niyat qilganmiz. Lekin erkin jamiyat qurish xohlasam o'qiyman, xohlamasam o'qimayman, degan ma'noni bermaydi. Kitob o'qishni (xoh kitob, xoh elektron shaklda bo'lmasin) farzandlarimizga majburiyat sifatida (mehr bilan albatta) yuklashimiz shart. Badiiy va albatta, farzandimiz qiziqqan sohaga oid adabiyot, davriy nashrlarni mutolaaning oddiydan murakkabga tomon eng minimum miqdori va sifatini belgilab olishimiz zarur.
Bunda majburiy obuna yoki kitob sotib olish nazarda tutilmayapti. Buni biz maktab kutubxonasi vositasida amalga oshirishimiz darkor. Kundalik darslar sifatli o'qitilishi, o'zlashtirilishi, sport bilan shug'ullanish, jismoniy chiniqish qatorida kitob o'qish fursatlari, asarlar tahlili, davra suhbatlari uchun soatlar ham ajratilishi zarur. Holbuki, oilalarda kitob o'qish madaniyati shakllanmagan ekan, uni maktab kutubxonasidan boshlashimiz o'rinli bo'ladi. Bu tadbirni eplay olsak bolalarimizda yangicha qadriyatni tarbiyalagan bo'lamiz.
Hozircha unday emas. Birgina misol. Oilalarimizda mablag' orttirilsa odatda uy quriladi, to'y qilinadi, mashina xarid qilinadi. Aslidayam buning yomon tomoni yo'qdek… Endi bu holga boshqa nuqtadan nazar tashlaymiz. Aytaylik, tumanga yangi hokim tayinlandi. Unga “tuman iqtisodini ko'tar, foyda ko'r, ortganini tumaning rivoji uchun ishlat”, deyildi. Haqiqatan ham yilni foyda bilan yakunlagan tumanlar ta'kidlandi. Deylik, “Boysun tumani hokimligi nosoz holatdagi “Captiva-2” mashinasini tuman prokuraturasiga o'tkazib, hokim uchun 398 mln. so'mlik “Trailblazer LTZ-AT” xizmat avtomashinasini xarid qilish bo'yicha shartnoma tuzdi” (https://www.gazeta.uz/uz/2021/12/07/trailblazer-boysun/). Ko'rinib turibdiki, tumanning daromadi bor. Nega hokim “Captiva-2”ni sozlab, qolgan mablag'ni, masalan, tuman maktablarining kutubxonalarini boyitishga sarflamadi? Bu gapimizga kulyapsizmi?
To'g'ri, o'qishga qiziqishning yo'qligi bo'yicha jadid bobolarning hayqiriqlari hamon dolzarb bo'lib turibdi. Ular millat bolalarining o'qimasligi fikrlamaslikka, fikrlamaslik esa millatning oyoq osti bo'lib qolaverishiga sabab bo'lishini bot-bot takrorlashgan. O'qimagan millat vaqti kelib berilgan imkoniyat – Turkiston muxtoriyatini boy bergan…
“Barchamizga oftob kabi ravshan va ayondurki, makotib (maktab) – taraqqiyning boshlang'ichi, madaniyat va saodatning boshlang'ichidur… Madaniyati hoziradan mahrum qolub, sanoe' va maorif salohi ila qurollanmagan millat esa dunyoda rohat va saodat yuzini ko'rolmas” (Mahmudxo'ja Behbudiy. Muhtaram yoshlarga murojaat “Oyna” jurnali, 1914 yil, 41-son).
Asosiy mavzuga qaytamiz. Albatta, maktablarni zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta'minlash, sharoit yaratish bo'yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Lekin ming afsuski, kutubxonalarni kitoblar va davriy nashrlar bilan ta'minlash masalasiga hamma joyda ham bir xil e'tibor qaratilyapti deb bo'lmaydi. Afsus.
Milliy dastur kerak
Bu borada ko'p fikr bildirilmoqda, lekin masalaning yechimi kompleks hal etilmayapti. Deylik, bir mahallada kutubxona qurilib, kim qanday kitob topsa, xarid qilib, olib borib taxlayapti. Holbuki, har bir hududda maktab bor, uning kutubxonasi mavjud. Demak, joy bor. Birinchidan, uni ta'mirlash yangisini qurishdan arzonga tushadi. Ikkinchidan, kutubxona fondi boyiydi. Uchinchidan, kutubxonadan foydalanish uchun mahalla ahliga ruxsat beriladi. To'rtinchidan, bir martalik tadbiru tanlovlarga (mas., “Eng yaxshi kitobxon”) sarflanadigan katta mablag'lar maktab kutubxonalarini boyitishga yo'naltiriladi. Beshinchidan, maktab kutubxonalarini adabiyotlar bilan ta'minlash tanish-bilishchilik natijasida emas, tizimli ravishda, muntazamlik nazarda tutilgan holda amalga oshirishga majbur bo'lamiz.
Ta'kidlangan bu masala keng miqyosda ish olib borishni taqozo etadi. Buning uchun maktab kutubxonalarini kitob hamda ularning elektron nusxalari bilan ham ta'minlashning “Uchinchi Renessans ma'naviy poydevorini yaratish MILLIY DASTURI” qabul qilinishini tavsiya etgan bo'lardik. Misol uchun bu ishni esa yurtimizning qudratli jamoat birlashmasi hisoblangan – O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi o'z zimmasiga oladigan bo'lsa davlat ham, jamiyat ham birdek yutadi, degan fikrdamiz.
Avvalo, jamoat tashkiloti sifatida kutubxona fondi uchun ajratiladigan mablag'lar miqdorini ikki hokimiyat bilan kelishadi, mablag'larning to'g'ri sarflanayotganini nazorat qiladi va ishonchimiz komilki, bu vazifani uddalaydi.
Nega MILLIY DASTUR? Negaki, millatning ziyoli tadbirkorlarini jalb etib, ularning ko'magida kutubxonani qo'shimcha adabiyotlar bilan boyitish ishlari yo'lga qo'yiladi. Muhimi, kitob mutolaasi milliy harakatga aylantiriladi.
Odatda, kutubxonalarni kitob bilan ta'minlash uchun byudjet mablag'i ajratilsa “kurash” boshlanadi. Mablag'ni taqsimlaydigan vazirliklar, hokimiyat vakillarining (kitobga qiziqmasa-da, uning ma'naviy foyda-zararini tushunmasa-da) “aytgani aytgan” bo'ladi. O'z-o'zidan korrupsion tizim “paydo bo'ladi”.
Jamiyat ravnaqiga salbiy ta'sir etadigan bunday holatlarning oldini olish maqsadida barcha vakolat O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi qoshida xalq orasida obro'-e'tiborga sazovor bo'lgan, halol, o'z fikriga ega ziyolilar – olimlar, adiblar, jurnalistlardan tuziladigan nufuzli Hay'atga berilsa bo'lmaydimi? Hay'at uch oyda yoki yarim yilda bir marta to'planib, chop etilgan, takror aytamiz, biror nashriyotda bosmadan chiqqan kitoblarni kutubxonalarga tavsiya etish uchun o'zaro fikrlashadi va eng yaxshi deb topilganlari ochiq ovoz berish yo'li bilan tanlanadi. Hay'at tavsiyasi mablag' “sohiblari” (vazirlik, hokimlik) uchun majburiy bo'ladi va ular qo'shimcha adad chop etish uchun nashriyotlar bilan shartnoma imzolaydilar. Hay'at millat kelajagi uchun zarur hisoblangan turli mazmundagi (oddiy hikoyalardan koinot tilsimlarigacha, tibbiyotu nanotexnologiyalar haqidagi) dunyodagi eng yaxshi kitoblarni sotib olish yoki tarjima uchun tavsiya etadi. Hay'at tomonidan tavsiya etilgan kitoblar ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritib boriladi.
Bunda, birinchidan, barcha maktab kutubxonalari mazmunli kitoblar bilan boyiydi. Ikkinchidan, nashriyotlar o'z mahsuloti sifatini oshirishga harakat qiladi. Uchinchidan, byudjetdan ajratiladigan mablag' to'g'ri sarflanadi. Eng asosiysi, tanlangan kitoblar mutolaasi Uchinchi Renessansni vujudga keltiradigan millat tarbiyasiga xizmat qiladi.
Maktab kutubxonasining ahvoli esa… Biz real holatdan kelib chiqib masalaga yondoshishimiz kerak. Yangilik tarafdorlari kutubxona nomini ARM (axborot-resurs markazi) tariqasida o'zgartirishdi. “Kompyuter xotirasida elektron kitoblar mujassam bo'ladi”, deyishdi bilgichlar. Biroq ular real holatni hisobga olishmadi. ARMlarda kompyuterlar yetarlimidi? Barcha kompyuterlar buzilmasdan ishlayaptimi? Har bir maktabda ARM uchun elektr energiya muntazam yetkazilyaptimi? Ularni kitob kabi uyga berib yuborish mumkinmi? Berilganda ham oilalarda sharoit bir xilmi? Shu kabi savollarga vijdonan tasdiq javobi berilmasa, kitoblarning originali, ya'ni qog'oz varianti albatta kerak degan sobit xulosa kelib chiqadi! Qolaversa, uning nomini ham KUTUBXONAga qaytarishimiz, agar eski nom deyilsa MILLAT ZIYoXONASI, deya atalishi darkor, lekin baribir hech kim shunday deb atamaydigan ARM emas!!! Avvalgi chiqishlarda AQSh, Olmoniya kabi eng rivojlangan davlatlarning muhtasham kutubxonalarida ham ARMning kutubxonasi emas, balki kutubxonaning ARMlari borligini aytib o'tgandik.
Kutubxonaning axborot-resurs markazi to'liq ishlagan taqdirda ham boshqa bir muammo hal etilmaydi. U ham bo'lsa kutubxonalarning davriy nashrlar bilan ta'minoti masalasidir.
Hozir maktablarga ijodkorlar orasidan safarbar etilgan “Ijodiy-madaniy masalalar bo'yicha targ'ibotchi”lardan birining e'tiroficha, ta'lim muassasasi kutubxonasiga bir-ikki nashrgina borayotgan ekan. Mazkur gazetalarning zaruratiga shubha yo'q! Ammo maktabdan “Ma`rifat” va boshqa o'ndan ziyod eng kerakli, o'qishli nashrlarini topa olmaysiz. Shuning uchun davlatimiz rahbarining xavotiri juda o'rinlidir:
“Ayting-chi, o'qituvchi o'z ustida ishlashi, bilim va mahoratini oshirishi uchun qo'shimcha metodik yordamni qaerdan oladi? Albatta, shu sohaga oid kitob va qo'llanmalardan, maxsus pedagogik nashrlardan oladi.
Afsuski, biz keyingi yillarda “majburiy obuna” bahonasida ixtiyoriy obunani ham yo'q qildik. Buning natijasida maktab va oliygohlarning o'qituvchi va domlalari o'zlari uchun zarur bo'lgan gazeta va jurnallardan ajralib qoldi”.
Shundan keyin O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 11 maydagi “Xalq ta'limini rivojlantirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi PQ-241-son qarorining 13-bandiga asosan xalq ta'limi yo'nalishidagi bosma nashrlarni ta'lim muassasalariga yetkazib berish vazifasi viloyat hokimlariga yuklandi.
Moziyga qaytib ish ko'rmoq xayrlidir
Ulug' ma'rifatparvar bobomiz Mahmudxo'ja Behbudiy muharrirligidagi “Samarqand” gazetasida (1913 yil 32-son) “70 millionli Amerika xalqi (qarang, o'sha payti AQShda aholi qancha bo'lgan?! H.S.) 22882 jarida va majalla o'qishadi. Biz Turkiston nufusi onlardan 8 daf'a oz bo'lsak-da, ilm borasida 3000 daf'a ozdurmiz. Bu dunyo ahlidan biz turkistonlilar beilm va vahshiy (yovvoyi— H.S.)dirmiz”, deydi. Yevroosiyo mamlakatlari, jumladan, Fransiyada 8940 ta, Olmoniyada 8050 ta, Angliya va Yaponiyada 6 mingdan ziyod, Italiyada 3 mingdan, Shveysariya va Gollandiyada bir yarim mingga yaqin gazeta borligi va ular katta adadlarda chop etilishi nomi tilga olingan yurtlarning rivojlanishiga xizmat qilayotganini ta'kidlaydi. Bu gapning aytilganiga 100 yildan oshdi!
Sizu biz natijaga boqamiz: Behbudiy sanab o'tgan o'sha paytdagi gazetxon aholisi bor davlatlarning bugungi taraqqiyotini 70 yil qullikka mahkum bo'lgan yurtimiz bilan qiyoslang. Nashrlarni muntazam o'qish, yangiliklardan boxabar bo'lish, zamon taqozo etgan raqobatga tayyor turish u yurtlarni rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqmadimi?! Buni tushunib yetadigan rahbarlar qachon tug'iladi?! Umid bormikan?!
Umidni jadidlar kabi bolalardan boshlaylik unda! Bola ona qornidan kitob o'qishga tayyor holda tug'ilmaydi. Har qanday kitobni o'qitishdan avval gazeta va jurnalni varaqlatib, kichik-kichik she'ru hikoya, xabar va mulohazalarni o'qitib, mutolaaga, albatta, mustaqil fikrlashga o'rgatiladi. Bu harakatimiz bilan qishloqdagi internet tarmog'iga ulanish u yoqda tursin, telefon olishga qurbi yetmaydigan oilalar farzandlariga mutolaa madaniyatini shakllantirgan, o'ylashga, fikrlashga, o'z yo'lini topishga safarbar qilgan bo'lamiz. Bu masalada “Gulxan”, “G'uncha” jurnallari, “Tong yulduzi”, “Klass” gazetalari va boshqa bolalar nashrlariga “bozor talabidan kelib chiqib kunlaringni ko'ringlar”, deyish mutlaqo noto'g'ridir. Yana bir bor ta'kidlaymiz: bolalarimizni OAVning barcha turlaridan foydalanishga, fikrlash, bahs madaniyatini shakllantirishga, munosabat bildirishga, ularda ishtirok etishga o'rgatishimiz shart. Ijtimoiy tarmoqda qo'yilayotgan masala(post)larga berilayotgan izohlarga e'tibor qarating – fikrlab, muammoga chuqurroq kirish kerak bo'lgan paytda qisqa va lo'nda haqoratga o'tiladi. Nega? Chunki fikrlash, bahslashish odobi, ko'nikmasi yo'q! Bu sifatlarning bari mutolaa orqali tarbiyalanadi.
Qonun chiqaruvchi (“Xalq so'zi”), Ijro hokimiyati (“Yangi O'zbekiston”) muassisligidagi gazetalar juda kerak, inkor etmaymiz. Shu bilan birga aholida siyosiy madaniyatni shakllantirish uchun partiyalar kurashi aks etgan partiya nashrlari ham kutubxonalarda bo'lishi o'ta zarur. Ayniqsa, saylov payti har bir siyosiy partiyaning o'ziga xosligi va boshqasidan farqini xalq o'qib bilishi, o'ziga yoqqan partiya safiga kirib hokimiyat uchun kurashishni o'rganishi o'ta muhim masaladir. O'rgatishni o'ziga ep ko'rmagan hukumatning “xalqimiz siyosiy kurashga tayyor emas”, deyishini rivojlanishning bu bosqichida mutlaqo kechirib bo'lmaydi.
To'g'ri, hayot faqat siyosiy kurashlardan iborat emas. Insonni, avvalo, adabiyot tarbiyalashi kerak. Adabiyot qalbni pok saqlaydi, fikrlashga undaydi. Falsafiy qarashlar esa tafakkurni charxlaydi, dunyoqarashni kengaytiradi. Shu bois “O'zbekiston adabiyoti va san'ati”, “Yoshlik”, “Sharq yulduzi”, “Jahon adabiyoti”, “Tafakkur”, “Ma'naviy hayot”, “Guliston” kabi nashrlar ham har bir ta'lim muassasasi kutubxonalariga bir donadan bo'lsa-da, yetkazilishi kerak.
Tahliliy, dolzarb va tanqidiy maqolalari bilan o'quvchilarga manzur bo'layotgan “Ishonch”, “Hurriyat”, “Jamiyat”, “Yoshlar ovozi”, “Nuroniy” kabi gazetalar ham maktab kutubxonasida bo'lishi darkor. Viloyat va tuman gazetalari ham o'z hududi uchun muhimligini inkor etmagan bo'lardik, albatta.
Bunda kamida 25 nomdagi nashrning maktab kutubxonasida bo'lishini yuqorida ta'kidlangan Hay'at belgilashi kerak.
Natijada matbuot nashrlarning iqtisodiy salohiyati oshadi, ular o'rtasida ijobiy raqobat kuchayadi. Raqobat esa mazmunli va dolzarb maqolalar ko'payishiga sabab bo'ladi. Tanqidiy maqolalardan rahbarlar hushyor tortadi, tabiatan bosar-tusarini bilmaydiganlari qadamini o'ylab bosadi. Korrupsiya kamayadi, rivojlanish bo'ladi. Jamiyatdagi munozarali masalalar o'rtaga tashlanadi, ahvol tushuntiriladi, zarurat tug'ilganda xalq hukumatga, albatta, yordamga keladi! Aks holda… Behbudiy aytmoqchi “yuz yillarcha ortda qolamiz, oh chekamiz, foydasi bo'lmas”.
Ishonchimiz komilki, taklif etilayotgan bu loyiha Federatsiyamizga ham savoblarni yog'diradi. Shu bilan birga millat ziyoxonasini halokatdan asragan jamoat birlashmasi sifatida tarixda qolishi, shubhasiz!
Halim SAYID,
“Oltin qalam”
milliy mukofoti
sovrindori