Professor Ochil Tog'ayev saboqlari
Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti
tashkil topganining 105 yilligi oldidan
Yaqinda o'zining 105 yillik to'yini nishonlash arafasida turgan O'zbekiston Milliy universitetining shakllanib, dunyo ilm-fani olamida dovrug' qozonishida uning bag'rida taniqli olimlar tomonidan tashkil etilgan ilmiy maktablar muhim o'rin tutadi.
Universitetda matematika sohasida akademiklar T.Sarimsoqov, S.Sirojiddinovni, fizika fani sohasida akademik S.Azimovni, kimyo fani sohasida akademik O.Sodiqovni, biologiya va zoologiya fanlari sohasida akademiklar Yo.To'raqulov, T.Zohidov, J.Azimboyevni, tarix fani sohasida akademiklar Ya.G'ulomov, G.Pugachenkova, A.Muhammadjonovni, filologiya fani sohasida esa, akademik M.Qo'shjonov, professorlar A.G'ulomov, O.Sharafiddinovlarni keng jamoatchilik, shuningdek, dunyo tanigan. Bu allomalarimiz o'z sohalari bo'yicha o'ziga xos ilmiy maktab yaratganlar.
Filologiya fanlari doktori, professor Ochil Tog'ayev ham jurnalistika ilmiga munosib hissa qo'shgan taniqli olim edi…
Bizning talabalik davrimiz 70-yillarning o'rtalariga to'g'ri kelgan. Hali kechagidek esimda. 1975 yilning ToshDU (hozirgi O'zbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetiga abiturientlar birinchi marta ijodiy imtihon topshiradigan bo'ldi. Ya'ni, jurnalistika kasbini egallash uchun havas bilan universitetga qadam qo'ygan yoshlar qabul hay'atiga hujjatlariga matbuotda e'lon qilingan maqolalarini ham qo'shib topshirish talabi qo'yildi. So'ng kirish imtihonlariga qadar ikki bosqichli sinov (yozma va og'zaki) topshirdik. 300 ga yaqin da'vogarlardan 25 nafarimiz ancha-muncha qiyin sinovlardan o'tib, talabalik sharafiga muyassar bo'ldik. Ha, quvonchimiz bir olam edi, o'shanda.
Hademay yorug', shinam va katta auditoriyalarda o'quv mashg'ulotlari boshlanib ketdi. Bilimga chanqoq biz yoshlar uchun o'tilayotgan har bir dars, undan saboq berayotgan har bir ustozning ma'ruzasi sirli bo'lib tuyular, biror- bir darsni qoldirmasdan, jon qulog'imiz bilan tinglar edik. Kunlar bir-birini quvib o'taverdi. Hademay, uchinchi kursga ham yetib keldik. Bizga gazetaning axboriy va tahliliy janrlaridan R.Muhammadiyev, Saydi Umirov va Boybo'ta Do'stqorayev singari domlalar dars o'tishdi. Badiiy-publitsistika janrlaridan esa professor Ochil Tog'ayev saboq bera boshladi. Odatda ma'lum bir fanni o'tishda o'sha fan bo'yicha mutaxassisning talabalarni darsiga jalb eta oladigan o'z usuli bo'ladi. Biz uchun domla Ochil Tog'ayev bir kashfiyot bo'ldi. Chunki u har bir mavzuni maroq bilan o'tar, ozgina bo'g'iq, ammo sehrli ovozi butun auditoriyani o'ziga jalb qilib olar, uni talabalar jon qulog'i bilan tinglar edi. Ayniqsa, ocherk janri haqida dars o'tganlarida, domla teatrning mohir aktyori singari butunlay rolga kirib ketar edi. O'zbek va rus ocherknavislarining eng sara asarlarini qiyoslab, mohirona tahlil qilib berar, ko'rsatkich barmog'ini yuqoriga ko'tarib, goh pastga tushirib, salmoqlab, dona-dona qilib gapirar, har bir talabaning ongu shuuriga yetib boradigan darajada obdon tushuntirar edi.
Domlaning sharofatlari bilan biz Odil Yoqubov, Ibrohim Rahim, Nazir Safarov, Hamid G'ulom, Shukrullo, Sunnatilla Anorboyev, Murodjon Mansurov kabi o'zbek adabiyoti va jurnalistikasining taniqli namoyondalari bilan tanishib, ular bilan hamsuhbat bo'lganmiz. Domla ularni biz talabalar o'quv auditoriyasi va turarjoylariga tez-tez taklif etib turar, jonli muloqotlar o'ziga xos tarzda davom etar edi. Bugun esa, taniqli adiblarimiz bilan uyushtirilgan o'sha paytlardagi uchrashuvlar, muloqot, qizg'in bahs va munozaralar o'z natijasi, samaralarini berayotganiga har lahzada amin bo'lib turibmiz.
Domlaning ko'rinishlari bir muncha jiddiy bo'lib, salobatlari bossada, talaba-yoshlarni o'zlariga yaqin tutar, ulardan qimmatli maslahatlarini aslo ayamas edi. Ancha faol, bilimdon talabalarni biroz erkalab, yelkasiga yengilgina qoqib, ularga “mavlono”, deb murojaat etar edilar. Bu talaba uchun yaxshigina siylov edi, albatta. Shu bois, professor Ochil Tog'ayev va fakultetimizdagi u kishi kabi ilm-fanning fidoyilari, mehribon ustozlarning saboqlarini olgan ixchamgina, ammo ahil-inoq guruhimizdan ham ancha-muncha iqtidorli jurnalist, adib, shoir va olimlar yetishib chiqdi. Ulardan “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, taniqli yozuvchi Alisher Ibodinov, “O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi”, olima Kavsar Turdiyeva, “O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist” Anvar Abduvaliyev va Kenesboy Reymov, taniqli shoiralar Zamira Ro'ziyeva, Maryamjon Xolmurodova va boshqa ijodkor, jurnalistlarni misol sifatida keltirish mumkin.
Ochil Tog'ayev universitetga o'qituvchi bo'lib kelguniga qadar nufuzli gazetalarda va barchaning sevimli jurnali — “Sharq yulduzi”da ishlagan, darsda domla nazariy bilimlarini amaliyot bilan birga olib borar, shuning uchun ham uning har bir darsi qiziqarli, mazmunli o'tar edi.
Domlada o'ziga xos bir odat bor edi: u talabalarning davomatini nazorat qilib o'tirmas, sababi, talabalar uning darslarida to'liq qatnashar edi.
Domla juda sermahsul olim edi. 70-yillarning boshlaridan Ochil akaning jurnalistika janrlari va muammolariga bag'ishlangan yirik, sermazmun kitoblari respublikamizning nufuzli nashriyotlarida bosilib chiqa boshlagan. “O'zbek badiiy publitsistikasi” (1973 y), “Publitsistika janrlari” (1976 y), “Adiblar va janrlar” (1976 y), “Prometey olovi” (1985 y), “Ibratli saboqlar” (1978 y) kitoblari domlaning haqiqiy ijod mahsuli, qolaversa, professor Ochil Tog'ayevni keng jamoatchilikka tanitgan ham ana shu yirik va sermazmun darslik, o'quv qo'llanmalari bo'ldi. 70-80-yillarda jurnalistika nazariyasi bo'yicha o'zbek tilida darslik, o'quv qo'llanmalari juda kam, bu talabalarga o'qish davomida ancha-muncha qiyinchiliklarni yuzaga keltirar edi. O'sha davr talaba va tadqiqotchilarining aksariyati professor Tog'ayevning kitoblarini mutolaa qilib, ulardan saboq olganlar.
O.Tog'ayevni olim sifatida ko'pchilik tanir, hurmat qilar edi. Kechagidek esimda, 1984 yilning bahor fasli. Fakultetda yosh o'qituvchi sifatida endigina ish boshlagan paytlarim. Moskva davlat universitetining professori, jurnalistika nazariyasi bo'yicha taniqli olim va shu soha bo'yicha ko'plab darslik, o'quv qo'llanmalari muallifi Ye.Proxorov fakultetimiz talabalariga ma'ruza o'qish uchun taklif qilingan edi. Moskvalik olim Toshkentda o'n kuncha bo'lib, talabalarga maroqli ma'ruzalar o'qidi, fakultetimiz bilan yaqindan tanishdi. U bir kuni domla Tog'ayevning darslariga kirgan, uning qiziqarli, mazmunli ma'ruzalarini tinglagach, juda mamnun bo'lib chiqqan edi.
Ochil Tog'ayev ustoz sifatida talabalarga ma'ruza o'qish bilan chegaralanib qolmasdan, o'zi ham “Aytganlarimga amal qilaman”, qabilida ish tutgan holda, bularning isboti sifatida respublikamizning o'sha davrlaridagi nufuzli gazeta va jurnallarida bugunning gapini ayta oladigan yirik-yirik maqolalari bilan tez-tez chiqishlar qilib turar edi. Hali-hanuz xotiramizda. 80-yillarning o'rtalari — “qayta qurish”, deya ataluvchi kampaniya boshlangan davr, sobiq SSSR parchalanib ketishga mahkum, sobiq KPSS esa mavqeini yo'qotayotgan paytlar. Necha yillar davomida xalqimizning yuragida yig'ilib qolgan qat-qat dardlar yuzaga qalqib chiqayotgan talato'p davr. Respublikamizdagi ekologik halokatning xavfi, jamiyatdagi adolatsizliklar, ayollarimizning o'ziga o'zi o't qo'yishi, butifos og'usi odamlarning yostig'ini quritayotgani, Rossiyadagi harbiy qismlardan askar yigitlarimizning o'ligi temir tobutlarda kelayotganligi va hokazo. Bu kabi muammolarni faqat ommaviy axborot vositalari orqaligina ko'tarib chiqish mumkin edi. Shu yillari Ochil Tog'ayev publitsist sifatida yeng shimarib, ishga kirishib ketdi. Uning o'shanda eng nufuzli va xalqimiz sevib o'qiydigan haftalik nashr — “O'zbekiston adabiyoti va san'ati”, yoshlarning sevimli nashri “Turkiston” gazetalarida qator o'tkir maqolalari bosilib chiqqan, ularning har biri ijtimoiy ahamiyatga molik, voqea bo'ladigan publitsistik ruh ufurib turgan, ko'pchilikning yuragi, qalbidagi, ko'nglidagi gaplar edi.
Ochil aka respublika Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a'zosi sifatida ham faol inson edi. Uning Yozuvchilar uyushmasining majlislar zalidagi ekologiya, o'zbek tilini davlat tili sifatida tan olish, Orol muammosi, Bo'stonliqni asrab qolish va boshqa muhim muammolarga bag'ishlangan hamda qizg'in bahs, munozaralarga boy bo'lgan ko'plab yig'inlardagi sermazmun chiqishlariga guvoh bo'lganmiz.
Har to'kisda bir kamchilik bo'ladi deganlaridek, Ochil akaning tabiatida ham tog'liklarga xos biroz o'jarlik, ba'zida ehtirosga berilib ketish hollari bo'lgan. Ammo u ko'ngli toza, ijtimoiy adolat, haqiqat uchun ortga chekinmasdan kurashadigan samimiy, fidoyi inson edi.
Ochil Tog'ayev respublikamiz mustaqilligini ko'p orzu qilar, tom ma'noda vatanparvar, millatsevar inson bo'lib, bu xislatlar u yozgan har bir kitob, maqolasi-yu yoshlarga o'qiydigan ma'ruzalarida bo'y ko'rsatib turar edi. Ustoz Ochil aka hayot bo'lganida, mustaqilligimizdan ruhlangan holda emin- erkin ijod qilib, tom-tom kitoblar yozgan, yana qanchalab shogirdlar tayyorlagan bo'lar edi. Ammo ustoz yozgan kitoblar, hali ham ahamiyatini yo'qotmagan, dardchil va jangovar publitsistik maqolalari va saboq bergan shogirdlarining katta-kichik muvaffaqiyatlari ustoz Ochil Tog'ayevni doimo eslatib turadi.
Yusuf HAMDAMOV,
filologiya fanlari doktori