Ibratli umr saboqlari va hayratlari

Zamondoshimiz haqida kitob

 

Shunday insonlar borki, ularning jussalaridan ko'ra, yuragi katta bo'ladi. Yuragi katta odam ko'p ulug'vor ishlarga qodir bo'ladi. Bunday odamlar qaerda, qaysi lavozimda ishlamasin jamiyatga ham, insonlarga ham foyda keltiradi. U yurgan yo'llarda yaxshiliklar, ezguliklar ildiz otadi. Mehr gullaydi. Insoniy fazilatlar kamolga yetadi.

Bunday odamlar saxiy va barakali bo'ladilar. Ularning yuraklari hamisha quyosh kabi porlab turadi. Odamlar ham bunday odamning huzuriga intiladilar, undan maslahat va madad so'raydilar. Bundaylarni xalqimiz “farishtasi bor odam” dey­di.

El-yurt hurmatini qozongan ana shunday Vatanparvar va millatparvar insonlardan biri – mashhur huquqshunos, taniqli davlat va jamoat arbobi, O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan yurist Alisher Mardiyevdir.

Hayoti va ish faoliyati davomida ibratli va nurli izlar qoldirayotgan bu ulug' inson haqida taniqli jurnalist Arslon Eshmurodovning “Munosib yashamoq baxti” (“Ijod nashr” nashriyoti, 2023 y.) nomli kitobi chop etildi. Kitob O'zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tavsiyasi bilan yozilgan va kengash homiyligi asosida chop qilingan.

Kitobga O'zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo'min Yodgorov yozgan so'zboshida shunday o'tli satrlar bor: “Tarix faqatgina mangulikka daxldor bo'lganlar madhi emas. Shu bilan birgalikda bugun keksalik gashtini surib oramizda yashayotgan, teran hayotiy xulosaga ega, tajribasi, donishmandligi va zukkoligi bilan atrofdagilarga, yosh mutaxassislarga kuch-quvvat bag'ishlayotgan kishilar ham tariximizning ajralmas bir qismidir.”

Taniqli huquqshunos, o'z sohasining yuksak bilimdoni, katta lavozimlarda fidoyilik va halollik bilan qizg'in faoliyat yuritgan Alisher Mardiyev ham allaqachon Vatan shonli tarixining “ajralmas bir qismi”ga aylangan.

Kitobning dastlabki sahifalarida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Alisher Mardiyevga 2022 yilda Yangi yil ayyomi bilan yo'llagan tabrigi berilgan. Ushbu tabrikda jumladan shunday haroratli so'zlar yozilgan: “Hayotimizning fayzu farishtasi bo'lgan Sizdek duogo'y va mo''tabar nuroniylarimiz hamda qadrli ziyolilarga mus­tahkam sog'liq, oilaviy baxt-saodat va ulkan ijodiy yutuqlar yor bo'lsin!”

Davlat rahbarining bildirgan samimiy tilaklari hamisha Alisher Mardiyevga kuch-quvvat va g'ayrat bag'ishlab keladi. Kitobni o'qish jarayonida bunga o'zingiz ham ishonch hosil qilasiz.

Kitob qahramoni 1951 yil 17 avgustda Samarqand viloyati, Kattaqo'rg'on tumanidagi Mo'minxo'ja qish­log'ida tavallud topgan. Otasi Mardi Sultonov uzoq yillar tumandagi sobiq Lenin nomli kolxozda raislik qilgan. U inson o'z davrining yetuk va nomdor rahbarlaridan bo'lgan. Umri qisqa ekan, 1964 yil 49 yoshida bevaqt vafot etgan. 1990 yilda qishloqdagi umumiy o'rta ta'lim maktabiga Mardi Sultonov nomi berilgan.

Alisher Mardiyevning onasi Mahsuma Sultonova turmush o'rtog'i vafotidan so'ng, 7 nafar farzandni yolg'iz o'zi tarbiyalab, voyaga yetkazdi. Chekkan mashaqqatlari, azoblari besamar ketmadi. Farzandlarining baxt-kamolini ko'rib, ayniqsa, Alisher Mardiyev erishgan yaxshi kunlar, yutuq va martabalarni ko'rib, onaizor Yaratganga qayta-qayta shukronalar qilib yashadi. Mahsuma Sultonova 2013 yilda qazo qildi.

Kitobda har ikki inson – mo''tabar ota-onalar haqida qiziqarli va batafsil yozilgan. Ulardagi fidoyilik, halollik, xalqparvarlik, kamtarinlik fazilatlari Alisher Mardiyevga o'tganligini ko'ramiz.

Alisher Mardiyevning asosiy kasbi huquqshunos. U 1968–1973 yillarda hozirgi Toshkent davlat yuridik universitetida tahsil oldi. O'z faoliyatini prokuratura sohasida ishlashdan boshladi. Samarqand viloyati, Paxtachi, Jizzax, Pastdarg'om tumanlari prokuraturalarida turli vazifalarda ishlab, malaka oshirdi.

So'ngra 1978-1990 yillarda Samarqand viloyati Sudi a'zosi, rais o'rinbosari va raisi lavozimlarida ishlagan yillari Alisher Mardiyev mehnat faoliyatining qizg'in, samarali va ibratli davrini tashkil qildi. U qonun bilimdoni, himoyachisi va chinakkam halol sudya sifatida odamlar o'rtasida obro'si yanada oshdi.

Sudga ishi tushgan odamlar uni haqiqiy adolat posboni, deb tan oldilar. Bu sudya uchun eng katta va bebaho mukofot edi. U chinakkam xalq sudyasi martabasiga erishgan sanoqli huquqshunoslardan biri sifatida e'tirof etildi.

Kitobdan o'rin olgan Alisher Mardiyevning sud va sudya haqidagi teran fikrlaridan ayrim ixtiboslar keltirsak:

“Sudya adolatni izlashi va shu jarayonda rus tilida aytganda, “metod ubejdenie”, ya'ni tomonlarni ishontirishi kerak. Erinmasdan, hafsala va teran aql bilan tomonlarni murosaga keltirish, yarashtirish choralarini ham ko'rish lozim. Shunday to'g'ri yo'lni tutingki, ikkala tomon ham rozi bo'lib, chiqib ketsin…”

“O'rni kelganda aytib o'tmoqchimanki, bugungi sudyalarimizning oylik maoshi har qanday ro'zg'orni tebratishga yetadi. Hozir birovning qo'liga qarash yoki ta'magirlik qilishdan uyalish kerak. Bir so'z bilan aytganda, vijdonga qarab, toza-pokiza ishlaydigan zamon keldi…”

“Nafsni jilovlash masalasida insonning ma'naviyati va ma'rifati hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Insoniy axloq, degan tushuncha sudya shaxsining ustuniga aylanishi shart, deb bilaman…”

“Sudyalik kasbini tanlagan inson bu dunyoning huzur-halovatidan biroz voz kechishi lozim, deb bilaman. Agar bunga qurbi yetmasa, uddalay olmasa, yaxshisi bu kasbni tanlamagani ma'qul…”

“Men ma'naviyatsiz insonning adolatli bo'lishiga hech qachon ishonmayman. Haqiqat, adolat, poklik, ma'naviyat, ma'rifat kabi tushunchalar, mening nazarimda bir-biriga uyg'un tushunchalardir…”

“Sudya xato qilishdan cho'chib yashaydi. Bezovta, behalovat hayot kechiradi. Buning kabi umrguzaronlikni hamma ham havas qilavermaydi…”

Kitob qahramonining yuqoridagi teran fikrlari bugun, kelajakda ham sudyalik kasbini tanlayotgan mutaxassislar uchun dasturdek zarur. Bu hayotiy hikmatlar Alisher Mardiyevning o'z kasbiga qo'ygan mehr-muhabbati va uzoq yillik ish tajribasidan kelib chiqib aytgan mushohada durdonalari.

Kitobning “Alisher Mardiyev adliya vaziri” bobida bu tajribali insonning 1993–1995 yillarda mamlakatning nufuzli boshqaruv idorasida vazir lavozimida ishlagan davrlari yorqin tarzda ochib beriladi. 1994 yilda vazir tashabbusi bilan Adliya vazirligining 70 yilligi keng nishonlanadi. Qisqa davr ichida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Adliya vazirligi apparat tuzilmasini, so'ngra vazirligi faoliyatini takomillashtirish to'g'risida qator qarorlari qabul qilinadi. Huquq va qonunga oid barcha hujjatlari, qarorlari, qonunlari Adliya vazirligining Qonunchilik bosh boshqarmasi nazoratidan o'tmasdan ko'rib chiqilmas, qabul qilish uchun Oliy Majlisga kiritilmas edi.

Alisher Mardiyev Adliya vaziri bo'lib ishlayotgan davrida AQShga borib, o'sha paytdagi muxolifat “Erk” partiyasi, “Birlik” harakati rahbarlari bilan uchrashib, o'zining katta diplomat ekanligini namoyon etdi. Faxr va g'urur bilan O'zbekiston sha'nini himoya qildi. O'sha uchrashuvni kitob qahramoni shunday xotirlaydi: “Amerikada o'sha paytda inson huquqlari bo'yicha nohukumat tashkiloti faoliyat ko'rsatar ekan. Muxolifat bilan uchrashuvimiz shu tashkilotning idorasida bo'lib o'tdi. Ochiq, oshkoralik ruhida o'tgan muloqotdan bilinib turibdiki, ishtirokchilarda jiddiy e'tiroz bo'lmasdan, qandaydir bir qoniqish paydo bo'ldi. “Birlik” harakati rahbari Abdurahim Po'latov so'z olib: “Adliya vaziri ishtirok etayotganligi uchun bu muloqotni rasmiy O'zbekiston hukumati bilan uchrashuv deb aytish mumkin. Men Adliya vazirining fikr-mulohazalarini eshitib, O'zbekistonga nisbatan tanqidiy fikrlarimning yarmidan voz kechdim. Fikrlarim o'zgardi”, dedi.”

Kitobni o'qib bilamizki, shu uchrashuvda o'zlarini “muxofilat vakillari” deb hisoblaydigan boshqa kishilar ham yuqoridagiga monand fikrlarni bildirishgan.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 1995 yil 21 noyabrdagi Farmoni bilan Alisher Mardiyev Samarqand viloyatining hokimi etib tayinlandi. Endi bu sharafli vazifa u kishi uchun yana bir katta sinov edi. Kitob muallifi yozganidek: “Samarqanddek viloyatga rahbarlik” bobida Alisher Mardiyev rahbarlik qirralarining yangi sahifalarini ibratli misollar bilan ochib bergan. Masalan, 1996 yilda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yillik yubileyi katta tantanalar bilan nishonlandi. Shu yil 18 oktyabrda Samarqand shahri “Amir Temur” ordeni bilan taqdirlandi. Shu sana Samarqand shahri kuni deb belgilandi. Mashhur hofiz Hoji Abdulaziz Abdurasulov nomidagi yosh xonandalarning Respublika ko'rik-tanlovi bo'lib o'tdi. Yana bir tarixiy tadbir – ilk “Sharq taronalari” xalqaro festivali o'tkazildi. Yaxshi eslayman. Bevosita Alisher Mardiyevning tashabbusi va maxsus qarori bilan 1997 yil may oyida Nurobod tumanida “Mushtum” jurnali jamoasi va taniqli san'atkorlar ishtirokida “Kulgi va qo'zi bayrami” o'tkazilgani ham madaniy hayotimizda katta voqea bo'lgan. Aslida Alisher Mardiyevning Samarqand viloyatidagi hokimlik davrida amalga oshirgan bunyodkorlik ishlarini batafsil yozilsa, yana bir katta kitob bo'ladi.

Har doim shirin-shakar mevalar yetkazib beradigan daraxtning dushmani albatta topiladi. Unga tosh otishlari tayin. Shunday bo'ldi ham!.. Qahramonimiz hokim vazifasidan ozod qilinganida, uning sha'niga tuhmat va bo'hton gaplar aytilganidan xabardormiz.

Alisher aka bu og'ir kunlarni sabr va donishmand­lik bilan yengdi. Onasining duolariga suyandi. Ish bilan bo'lib o'qimagan kitoblarini o'qidi… Atrofida girdikapalak bo'lib yuradigan do'stlari, og'aynilarning qadamlari uzildi. Ammo u ruhan cho'kmadi.

Mavlono Jaloliddin Rumiyda shunday hikmat bor: “Tuproqqa yiqilsang, yangidan gul bo'lib bosh ko'tarishingni kut. O'tmishda necha bor tuproq bo'lganingni emas, necha bor gul bo'lib turganingni xotirla”.

Alisher Mardiyev uzoq yillik tajribalariga, birga ishlagan yaxshi odamlarning o'gitlariga amal qilib, sabr-qanoat bilan gul bo'lgan davrlarini qayta-qayta eslaydi. Yaratgan unga yana yangidan gul bo'lib bosh ko'tarish imkonini berdi. Bu nurli lahzalarni u kishi shunday xotirlaydi: “Sabr odamga yana yaxshi kunlarni hadya etar ekan. Men 2002–2005 yillarda Samarqand Adliya boshqarmasi boshlig'i, 2005–2006 yillarda Fuqarolik ishlari bo'yicha Samarqand viloyati sudi raisi, 2006–2011 yillarda yana qayta viloyat Adliya boshqarmasi boshlig'i lavozimlarida 11 yildan ortiq ishlash baxtiga muyassar bo'ldim…”

Kitob qahramoni rahbar insonning ko'pchilik e'tiboriga tushish, ularning hurmatiga sazovor bo'lishni odamlarning ko'ngliga yo'l topa bilish, tashabbuskor va tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo'lish, dunyoqarashi teran, tafakkuri keng, hammaga birdek talabchan, eng kerakligi har kuni, har lahzada tinimsiz izlanish va ko'proq o'ziga o'zi hisob berib turishi talab etiladi.

Bu fikrlar to'g'ri. Aslida Alisher Mardiyev ishlagan martabalarda el-yurt hurmatiga sazovor bo'lish uchun Ollohdan berilgan iste'dod bo'lishi kerak. Kitobni katta qiziqish bilan o'qib chiqqach, uning qahramoni, mashhur huquqshunos, davlat va jamoat arbobi Alisher Mardiyev Xudoning suyukli bandalaridan ekanligiga chin dildan ishonch hosil qilamiz.

Kitob muallifi Arslon Eshmurodovni esa yaxshi asar bilan tabriklaymiz. O'zbekiston Respublikasi sudyalar Oliy kengashi boshlagan qutlug' ishlari bardavom bo'lsin!

Maqolani muxtasar etib, kitobdan o'rin olgan taniqli jurnalist Farmon Toshevning “Tafakkur farzandi” maqolasida yozgan ushbu so'zlar bilan yakunlamoqchimiz: “Alisher Mardiyevdagi ibratli fazilat shuki, ko'p gapirmaydi, har narsani gapirmaydi. Fikr­lab, o'ylab, shoshilmasdan xulosa chiqaradi. Hayotdan nolimaydi… Birovni yomonlamaydi, hamma narsani taqdirdan ko'radi, hatto o'z sha'niga bildirilgan tuhmatlarni ham Yaratganning sinovi deb bildi.”

Ehtimol, bu Alisher Mardiyevning fazilatli insonligidan va u kishidan hamisha Samarqandning mo''tabar tafti kelib turishining siri ham shunda bo'lsa kerak.

Ashurali JO'RAYEV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × 4 =