Jasoratning mashaqqatli yo'llarida

“Hurriyat” gazetasi tahririyatiga!

Gazetaning doimiy muxlisi sifatida uni mudom o'qib, kuzatib boraman. O'z nomiga, tanlagan yo'li va mavzusiga sodiq qolib, gazetxonlarni xursand qilayotgan tahririyat xodimlarining zahmatkash mehnatiga rahmat aytib, tashakkur, deymiz.

Aslida gazetaning asl qiyofasi va o'z aytar so'zi bo'lishi kerak. Bu so'zga gazetxon ishonishi kerak. Oldi-qochdi, tagi puch va yolg'on narsalarni chop etib kelayotgan ayrim gazetalarga o'quvchi ishonmaydi. Keyin o'qimay qo'ya qoladi.

“Hurriyat” gazetasi tahririyatida bo'lgan bir davra suhbatida, “gazetada jur'at bor, lekin jasorat yetishmayapti”, deb aytganimda, ayrim do'stlar andak xafa bo'lib e'tiroz bildirgan edi. Gazetaning bugungi chiqishlarini ko'rib, o'qib, u Jasorat pillapoyasini ham zabt eta boshlaganidan benihoya xursand bo'ldim. Iloyo, ko'z tegmasin!

Masalan, so'nggi paytlarda peshma-pesh e'lon qilinib kelayotgan va allaqachon gazetxonlarning tili va diliga tushgan qiziqarli maqola va ijodiy asarlarni yana bir bor esga olmoqchiman. Taniqli adib Xayriddin Sultonning zahmatkash olim Boybo'ta Do'stqorayevni eslab yozgan “Zaminday vazmin mehnatkash mushfiq” (2023 yil 25 yanvar) maqolasi faqat xotira emas, balki mungli bir qo'shiqday o'qiladi. Falsafa fanlari doktori, professor Viktor Alimasovning “Madaniyat xodimi kim?” (2023 yil 1 fevral) maqolasi soha mutaxassislari o'rtasida jiddiy bahs-munozaralarga sabab bo'lganiga guvohman. Jurnalist Kamoliddin Ro'zimatovning “Nahotki, nahotki, nahotki… yoxud ayrim xususiy telekanallardagi bachkana loyihalardan maqsad nima?” (2023 yil 22 fevral) maqolasi o'z vaqtida aytilgan foydali tanqid bo'ldi. Maqolada aytilganidek, so'nggi paytlarda xususiy televidenielarda aljirashlar ko'payib, siyqalashib ketdi. Jurnalist Islom Asilbekovning taniqli huquqshunos, aktyor, bloger Otabek Mahkamov bilan “Maqsadim pul topib emas, ijod qilib tanilish…” (shu yil 15 mart) suhbatini faqat yoshlar uchun emas, balki kattalar uchun ham juda kerakligini alohida ta'kidlamoqchiman. Taniqli olim Halim Sayidning nihoyatda kuyunchaklik bilan yozilgan “Matbuotga munosabat qachon o'zgaradi” (2023 yil 29 mart) teran maqolasi faqat biz, matbuot xodimlari, soha ijodkorlari balki gazetxonlarni, ommani ham qiziqtirayotgan mavzudagi teran maqola bo'lgan. Bu shiddati va jasorati uchun muallifga chin dildan minnatdorchilik bildiramiz. Tahririyatdan esa, ushbu dolzarb mavzuni davom ettirishlarini iltimos qilib qolamiz. Jurnalist Sitora Tojiddinovaning yaqinda chop etilgan “Nomussizlik” maqolasi o'z vaqtida bong urib yozilgan, jurnalistning qalb nidolariday o'qiladi. Haqiqatni va to'g'ri so'zni yozganda qalamingizdan hamisha ana shunday o'tli harorat ufurib tursin, singlim, deb niyat qilaman.

Gazetada maxsus “Adabiyot” sahifasining berib borilayotgani tahsinga sazovor. Sahifada berib borilayotgan asarlarni o'qib, adabiyotning bugungi nafasini sezish mumkin. Masalan, ajoyib shoir Abdurazzoq Obro'ning “Parodiyalari” (1 fevral), taniqli yozuvchi Abduqayum Yo'ldoshning “Namuna” (29 mart) va gazetaning bir necha sonlarida muntazam e'lon qilib kelinayotgan ijodkor Bahrom Akbarovning “Mehribonlik” deb nomlangan turkum oilaviy hangomalarini huzur qilib o'qiganimni alohida aytib o'tmoqchiman. Taklifim: “Adabiyot” sahifasini yanada jonlantirish kerak.

Endi ikki og'iz Bahrom Akbarovning “Mehribonlik” turkumi haqida. Avvalo, Bahrom Akbarov mashhur adib­lar Abdulla Qodiriy, O'tkir Hoshimov, Anvar Obidjon asarlarini sevib mutolaa qilishidan xabardorman. Shu bois ham uning yozganlaridan milliy ruh, tasvir va voqealar yaqqol ufurib turibdi. Bunday noyob voqealar faqat o'zbeklarning oilasida bo'lishi mumkin. Hangomalarni faqat o'zbek ayollarigina yaratishi hayotiy va haqqoniy chiqqan. To'g'risi, yetuk hikoya va hajviyalarning yuki bor har bir hangomani yayrab, kulib, mazza qilib o'qidim. Yashang, Bahromjon uka, bor ekansiz-ku! Qoyil qilib yozsa bo'larkan-ku. Qalamingizga baraka, deb duo qildim. Aslida ijodkorning asosiy vazifasi o'quvchini yozganlariga ishontirishda. Eng muhimi, Siz ishontira oldingiz, Bahromjon.

Avvalo, bunday muallifni topish, uning hangomalarini davomli chop etish tahririyatning yutug'i va izlanish­lar samarasidir.

Shoir Abdurazzoq Obro' yozganidek:

Faqat bitta gazet – o'sha yagona,

“Hurriyat”dir undan o'sha begona.

Rost gapni aytadi, dadil mardona

Unga yetib borar nola, fig'onlar…

Bu dil izhorlarim, ayrim mulohazalarimni yozishdan maqsad “Hurriyat”ni maqtab, yuksaklarga ko'tarish va ayni paytda boshqa matbuot nashrlari nufuziga soya tashlash degani emas. Mutlaqo. Masalan, “Yangi O'zbekiston”, “Ishonch”, “XXI asr”, “Milliy tiklanish” gazetalaridagi dadillik va jasoratni ham qo'llab-quvvatlayman.

Jasorat, dadillik va jur'at aslida bosh muharrirda bo'lishi kerak. O'shanda muharrirning yuragidagi jasorat gazeta sahifalariga ko'chadi. Bunday muharrir jasoratning mashaqqatli yo'llaridan ketayotganlariga aslo shubha yo'q.

Shu o'rinda bir haqiqatni ochiq aytishni lozim topdim. Bugun matbuot­­ga jasoratni, dadillikni muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev berayotganligini unutmaylik. “Orqangizda men borman”, deb doim takrorlamoqda Prezidentimiz.

Yangi tahrirdagi O'zbekiston Respub­likasi Konstitutsiyasida barcha sohalar qatorida ommaviy axborot vositalarining haq-huquqlari XV bobda moddalar asosida qonun bilan belgilab qo'yilgan. Bu kelajakda ommaviy axborot vositalarini yana rivojlanishga, qonunlar asosida taraqqiy etishiga, ommalashuviga xizmat qiladi, deb ishonaman.

Fursatdan foydalanib barcha hamkasblarimni 30 aprel kuni bo'ladigan umumxalq referendumida befarq bo'lmasdan birinchilar qatorida ovoz berishga chaqiraman.

Ashurali JO'RAYEV,

O'zbekiston Respublikasida

xizmat ko'rsatgan jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 2 =