Maqsad — xalq ishonchini oqlash
Qonun ustuvor bo'lgan davlatdagina yuksalish bo'ladi. Jamiyatning ertangi kunga ishonchi ortadi. Jinoyat va boshqa qonun buzilishlar kamayadi. Shu nuqtai nazardan qaralganda, qonun ustuvorligi uchun xizmat qilguvchilarning ishi doimo mas'uliyatli, ham sharaflidir. Davlatimiz rahbari tomonidan Yangi O'zbekiston strategiyasi olg'a surilayotgan bir paytda prokuratura organlari xodimlarining ham shu yo'lda kamarbasta bo'lishi, xalq, elu yurt istiqboli uchun halol va vijdodan ishlashi davr talabidir. Zotan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O'zbekiston strategiyasi” kitobida bizning faoliyatimiz borasida ham ustuvor yo'nalishlar belgilab berilgan. Chunonchi, “Prokuratura organlari faoliyatining xalqaro standartlarga muvofiq shakllarini joriy etish, prokuratura faoliyati oshkoraligini va uning jamiyat oldida hisobdorligini ta'minlash, prokuratura tizimi boshqaruvida kollegial organlar rolini kuchaytirish” asosiy maqsad-muddaomizdir.
Shu ma'noda Samarqand viloyatining Kattaqo'rg'on tuman prokuraturasi tomonidan ham hududda qonun ustuvorligini ta'minlash, jinoyatchilikning oldini olish, tegishli farmon va qarorlar ijrosiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Fikrlarimizni shu yilning o'tgan davri misolida tahlil qilsak. Jumladan, tumanda 200 dan ziyod prokuror nazorati hujjatlari qo'llanilib, 67 nafar fuqaroning buzilgan huquqlari tiklandi.
Shu o'rinda ta'kidlash joiz: uzoq yillar davomida prokuraturaga xalqimiz tomonidan faqatgina “qoralovchi organ” sifatida qarab kelingan. Keyingi yillardagi islohotlar tufayli uning xalqqa kamarbasta bo'la olish, oqlovchilik sifatlari ham ko'zga tashlana boshladi. Yuqoridagi raqamlar, ya'ni ko'plab yurtdoshlarimizning buzilgan huquqlari aynan prokuratura tizimi tomonidan tiklab berilayotgani Yangi O'zbekiston siyosatining mahsuli desak xato bo'lmaydi.
Yana raqamlarga murojaat qiladigan bo'lsak: tuman prokurorining qarori va taqdimnomasi asosida 89 nafar shaxs intizomiy, ma'muriy, moddiy javobgarlikka tortildi, noqonuniy qarorlarga 52 ta protest keltirildi hamda sudlarga 5 mlrd. 376 mln. so'mlik da'vo arizalari qo'zg'atilgan.
Qolaversa, o'tkazilgan tekshiruv va jinoyatlarni tergov qilish jarayonida 3 mlrd. 778 mln. 149 ming so'mlik zararlarning undirilishi hamda davlat byudjetiga tushirilishi ta'minlanib, qo'pol qonunbuzilishi holatlari bo'yicha 20 ta holatda jinoyat ishlari qo'zg'atildi.
Shu bilan birga, tuman prokuraturasi tomonidan 2023 yilning o'tgan davrida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari bilan bir necha marotaba targ'ibot tadbirlari, shu jumladan, tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o'tkazilib, ularda qatnashgan 150 nafar tadbirkor hamda 52 nafar fermer xo'jaligidan 37 nafariga huquqiy maslahatlar berildi. Ish faoliyati rivoji uchun ko'mak so'ragan 45 nafar tadbirkorga amaliy yordamlar ko'rsatilib, prokuratura xodimlarining yordami bilan 24 ta tadbirkorlik sub'yekti yangitdan tashkil etilgan bo'lsa, shundan 11 tasining faoliyati qayta tiklangan.
Sevimli shoirimiz, jadidchi ajdodimiz Abdulhamid Cho'lponning shunday ajoyib misralari bor: “Butun kuchni xalq ichidan olaylik, Quchoq ochib xalq ichiga boraylik!”. Darhaqiqat, xalqni rozi qilish, uning dardu tashvishlaridan xabardor bo'lish, odamlar orasiga kirib borish bugungi kunda har birimizdan talab qilinayotgan ustuvor vazifa hisoblanadi. Shundan kelib chiqqan holda tuman prokuraturasi ham xalq murojaatlarini o'z vaqtida va samarali o'rganishni yo'lga qo'ygan. Inchunin, joriy yilning o'tgan davrida 593 ta murojaat kelib tushgan bo'lib, shundan 479 tasi bevosita prokuratura xodimlari tomonidan hal qilinib, 73 nafar fuqaroning huquqlari tiklandi.
Bundan tashqari, so'nggi yillarda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan dasturlarning ijro etilishi, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish borasida ham sezilarli o'zgarishlar ro'y berdi. Boz ustiga ijtimoiy himoyaga muhtoj, kambag'al aholini qo'llab-quvvatlash, ularni bu toifadan chiqarish maqsadida aholining bandligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu borada prezidentimiz juda to'g'ri taklif berganlar: “Zero, kambag'allikni kamaytirish — bu aholida tadbirkorlik ruhini uyg'otish, insonning ichki kuch-quvvati va salohiyatini to'liq ro'yobga chiqarish, yangi ish o'rinlari yaratish bo'yicha kompleks iqtisodiy va ijtimoiy siyosatni amalga oshirishga qaratilgan bo'lishi lozim”.
Ma'lumot uchun: tuman prokurori rahbarligidagi 2-sektor hududida joylashgan 15 ta mahalla fuqarolari yig'inlarida 10 023 ta xonadon bo'lib, ulardagi 12 838 ta oilada 55 750 nafar fuqaro istiqomat qilib kelmoqda. “Temir daftar” bo'yicha, bu hududda jami 1141 ta kambag'al xonadon ro'yxatga olingan, ushbu xonadonlarda jami 1713 nafar fuqaro istiqomat qilib, bugungi kunda shtab tashabbusi bilan ulardan 1539 nafar mehnatga layoqatli fuqarodan 1489 nafari daromadli ish bilan ta'minlangan. Xalq deputatlari tuman Kengashining sessiya qarorlari bilan ular doimiy daromad manbaiga ega bo'lganligi sababli “temir daftar”dan chiqarildi.
Bundan tashqari, 123 ta kambag'al, nochor oilaga 6 ta 33 mln. so'mlik inkubator, 3200 ta 151 mln. so'mlik parranda olib berilgan. Bu ham ushbu oila a'zolarining og'irini yengil qilishda ko'mak bersa, ajab emas.
Qolaversa, yordamga muhtoj xotin-qizlarga alohida g'amxo'rlik qilish hukumatimiz nazoratida ekani barchamizga ma'lum. “Ayollar daftari”ning tashkil etilgani ham shu so'zimiz isbotidir. Tumanimizda o'tkazilgan xatlov va so'rovnomalar natijasiga ko'ra, 1496 nafar xotin-qizning muammosi mavjudligi aniqlangan bo'lib, bugungi kunda jami 117 nafar “Ayollar daftar”idagi opa-singillarimizga ko'mak berildi. Jumladan, qaramog'ida nogironligi mavjud bo'lgan ayollarga 1.200.000 so'mdan jami 140 mln. so'm miqdorida moddiy yordam ko'rsatildi. Shuningdek, bu daftarga kiritilgan xotin-qizlarning mehnatga layoqatli bo'lgan 680 nafarining bandligi to'liq ta'minlanishiga erishildi. Demakki, ular ham endi ro'zg'orlari uchun zarur bo'lgan moddiy mablag'ni ishlab topish imkoniga ega bo'lishdi.
Yana bir gap. Har qanday jamiyat ulug' kelajagini qurishda, albatta, navqiron avlodning ilmu urfoniga, kuchu quvvatiga suyanadi. Zotan, Prezidentimiz oldimizga aniq vazifa qo'yib berganlar. Ya'ni, “Viloyat, tuman va shahar hokimlari hamda sektorlar rahbarlari har haftada bir marta yoshlar bilan uchrashib, ularning g'oya, taklif va tashabbuslarini eshitib, muammolarini hal qilishga mas'ul va javobgar” bo'ladi. Shu ma'noda tuman prokurori rahbarligidagi sektorda ham yoshlarni qo'llab-quvvatlash borasida samarali ishlar qilinmoqda. Chunonchi, shu yilning yanvar-may oylarida 2-sektor hududidagi yoshlardan “Yoshlar balansi” shakllantirilib, shundan “Yoshlar daftari”ga 81 nafar yosh kiritilib, ularning 37 nafariga dehqonchilik qilish uchun yer maydonlari ajratib berishda ko'mak berildi. Qolaversa, 35 nafariga to'lov kontrakt pullari xarajatlari to'lab berildi. Ayrimlariga tibbiy xizmatlar ko'rsatish yoki safarbarlik chaqiruv rezervi xarajatlari to'lab berilishida ko'maklashildi. Bundan tashqari, ayrim ilmga chanqoq yoshlarga zamonaviy kasblarni egallash bilan bog'liq xarajatlariga va mehnat qurollari olib berishda baholi qudrat yordam ko'rsatildi. Mana shunday moddiy va ma'naviy qo'llab-quvvatlashlar natijasida bugungi kunda tumanimizdagi 78 nafar yoshlarning ma'lum muammolari bartaraf etildi.
Shu o'rinda yana bir narsani ta'kidlash kerakki, yoshlarning potensialidan unumli foydalanish, ularni ish bilan ta'minlash muhim masala hisoblanadi. Inchunin, joriy yilning o'tgan davri mobaynida “Yoshlar daftari”ga kirish bo'yicha onlayn kelib tushgan 91 ta murojaat tuman prokuraturasi tomonidan birma-bir ko'rib chiqildi. Shundan 81 ta murojaat qanoatlantirilgan bo'lsa, qolganlari qonun doirasida hal etildi.
Aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash masalasi ham respublikamiz bo'yicha eng dolzarb vazifalardan biri ekani bor gap. Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, “Bu jabhada suv va suvdan foydalanish sohasidagi qonun hujjatlarini tizimlashtirish va kodifikatsiyalashtirish, bunda suv resurslarini boshqarish, suvdan foydalanish va uni iste'mol qilish bo'yicha samarali mexanizmlarni joriy etishga alohida ahamiyat qaratish kerak”. Chindan ham, bu borada hali qilinishi lozim bo'lgan vazifalar bisyor. Ayni shu vazifa ijrosi maqsadida bizga biriktirilgan sektor tomonidan bir qancha amaliy ishlar amalga oshirildi. Xususan, bugungi kunda 2-sektor hududidagi 15 ta mahalla markazlashgan ichimlik suvi tarmog'iga ulangan bo'lib, suv ta'minoti bilan ta'minlanganlik darajasi 61,2 foizni tashkil kiladi. Umuman olganda, aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash maqsadida sektor tomonidan bir qancha ijobiy natijalarga erishildi. Jumladan, 2023 yilning o'tgan davrida sektor hududidagi “Javlon” mahallasida ishlamay turgan suv inshootining suv nasosi joriy ta'mirlanib, 500 metr suv tarmog'i yangitdan tortilib, ishga tushirilishi natijasida 55 ta xonadonda yashovchi 247 nafar oila a'zolari toza ichimlik suvidan bahramand bo'lishmoqda.
Bundan tashqari, tumandagi “Arabxona” va “Bir og'iz” qishloqlarida sektor rahbarining tashabbusi bilan qo'shimcha 3,5 km. yangi suv tarmog'i tortilib, ishga tushirilgani, natijada 200 ga yaqin xonadonda istiqomat qiluvchi 1430 nafar aholi toza ichimlik suvi bilan ta'minlangani e'tiborli ish bo'ldi. Shuningdek, “Do'stlik” mahallasi “Amir Temur berk” ko'chasining yaroqsiz holatga kelgan suv tarmog'ining 100 metr qismi yangilandi. Shuni ham aytish joizki, ayni kunlarda 8 ta mahallada toza ichimlik suv uchun tarmoq tortish ishlari amalga oshirilib, aholi xonadonlariga toza suvi ta'minoti yo'lga qo'yilishiga yordam berildi.
Xalqning roziligiga erishmoq yo'lidagi yana bir harakatimiz elektr energiyasi bilan bog'liq. Sir emaski, bu tizimda ham muammolar yetarlicha. Shu bois, tuman prokurori rahbarligidagi sektor hududidagi ayrim muammolarga barham berishga kirishilmoqda. Boisi issiq kunlarku mayli, serquyosh o'lka farzandimiz, ko'namiz. Ammo o'tgan yildagidek yana anomal sovuqli qish qilichini yolong'ochlab kelsa, ko'pchilik aziyat chekishi mumkin. Shuning uchun ayni shu kunlarda 322 dona eskirgan va yaroqsiz holatga kelib qolgan simyog'ochlar beton ustunlarga almashtirildi. 4 dona yangi transformator o'rnatilib, 31 ta transformatorlar joriy ta'mirlandi. Qolaversa, 2,3 km. eskirgan elektr simlari yangisiga almashtirildi, 1650 metr masofaga yangi elektr tarmog'i tortilishi nazoratga olinib, ijro qilindi.
Yo'l qurilishi, ta'mirlanishiga oid yumushlar ham asosiy e'tiborimizdagi masalalardandir. Chunonchi, joriy yilning o'tgan davrida sektorimiz hududidagi jami 2,9 km.ga asfalt qoplamasi, 11,4 km. yo'lga tosh-shag'al yotqizildi. Jumladan, “Kadan”, “Charog'on” va “Qiyot” mahallasida 4,9 km. ichki yo'llarida to'liq asfalt yotqizish ishlari amalga oshirilgan bo'lsa, “Chuyanchi”, “Charag'on, “Qiyot”, “Mullatog'ay”, “Kadan” va “Mullako'rpa” mahallalaridagi 11,4 km. ichki yo'llar tosh shag'allar bilan qoplanishiga har tomonlama ko'mak berildi.
Aholini ish bilan ta'minlash bo'yicha 2023 yil 2-sektor hududidagi mahallalarda o'tkazilgan xatlovlarda jami 21241 ta ishchi kuchi mavjudligi aniqlangan edi. Shundan tuman prokuraturasi va 2-sektor shtabi tashabbusi bilan aholi bandligiga ko'maklashish markazi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan “Bo'sh ish o'rinlari” mehnat yarmarkalari o'tkazilib, unda sektorimiz hududida yashovchi 122 nafar fuqaro korxona va tashkilotlarga ishga joylashtirilgan. Bu, albatta, hali maqtaniladigan raqamlar emas. Ammo ta'kidlash joizki, ishsizlar sonini kamaytirish, aholining bandligini oshirish borasidagi harakatlarimiz davom etmoqda.
Eng muhimi, yuqorida ham aytib o'tganimizdek, tuman prokuroriga biriktirilgan sektordagi insonlarning orasiga kirib borish, ularning muammo va kamchiliklaridan xabardor bo'lish, zarur ko'maklarni berish asosiy vazifamizga aylangan. Shu yil hisobida biriktirilgan hududda 20 marotaba sayyor qabullar o'tkazilgan bo'lib, ushbu sayyor qabullarda 173 murojaatlar ro'yxatga olingan. Shundan 137 tasi qanoatlantirilib ijobiy hal qilingan, 27 tasiga tushuntirish berilgan va 9 tasi ijroga qaratilganini eslamoq joiz. Misol uchun, “Yodgorxo'ja” MFYda o'tkazilgan sayyor qabulda fuqaro Mamanov Erkin tomonidan “Dayoravot” ko'chasining 600 metr qismiga tosh to'kib berishda bizga yordam so'rab qilgan murojaati ijobiy hal qilinib, homiylik va hashar yo'li bilan yo'l to'liq shag'allashtirilib berildi. Shuningdek, “Charag'on” MFYda o'tkazilgan sayyor qabulda Zayniddinov Sayqal da'volanishi uchun dori-darmon olib berishda ko'mak so'raganida unga ham homiylik hisobidan barcha qimmat dori-darmon vositalari olib berilishi ta'minlandi. Shuningdek, “Har bir oila tadbirkor” dasturi bo'yicha murojaat qilgan fuqarolarga 7 mlrd. 726 mln. so'm miqdorida kredit mablag'lari ajratib berilishiga ham ko'maklashildi.
To'g'ri, xalqimizda “O'ng qo'ling qilgan yaxshilikni chap qo'ling bilmasin”, degan purma'no gap bor. Biz yuqoridagi ma'lumot va raqamlarni kimlargadir maqtanish yoki boshqa maqsadlarda misol keltirmadik. Niyatimiz joriy yilning o'tgan davrida faoliyatimizni sarhisob qilish, qaysidir ma'noda yurtdoshlarimizga hisobot berishdir. Zotan, qilgan ishlarimizdan hali rejalarimiz ko'proq. Eng muhimi, so'nggi yillarda prokuratura tizimiga nisbatan xalqning ishonchi oshib borayotgani, bizni faqatgina “qoralovchi”, jazolovchi o'rnida emas, murojaatlarini tinglovchi, huquqlari buzilishlarining oldini oluvchi tizim sifatida tanib borishayotgani quvonarlidir.
Albatta, prokuratura organi birinchi navbatda joylarda qonun ustuvorligini, jinoyatga jazo muqarrarligini ta'minlashga mas'uldir. Ammo shu bilan bir qatorda odamlarni qiynayotgan, o'ylantirayotgan har qanday muammo, murojaat uchun befarq bo'lmaslikni talab etadi. Aytaylik, fuqarolarning oddiy bir maishiy muammosini eshitib, ko'rib turib “bu bizga taalluqli masala emas” deyish sira mumkin emas. Zero, Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlarga kamarbasta bo'lish, xalq ishonchini oqlash — katta baxt.
Shuhrat XOLMIRZAYEV,
Kattaqo'rg'on tumani prokurori