MIRAN
yoki fidoyilik, matonat va jasorat haqida
1991 yil fevralning sakkizinchi kuni. Izg'irin xuddi butun olamga hukmrondek oppoq qorga burkangan qishloq uylari mo'rilaridan chiqayotgan qop-qora tutunni o'zi istagan tomonga olib ketar, ko'cha–ko'y jim-jit, ahyon-ahyonda sigirlarning “mo'-o'-o'”lagani-yu, qo'ylarning ma'ragani, qaysi bir hovlidan erkak yoki ayol kishining ovozi eshitilib qolardi. Haligina xotinini tug'uruqxonaga olib kelgan Miryunus tashqarida u yoqdan-bu yoqqa betoqat yurib turar, hamshira ko'rinadigan eshikdan nigohini uzmay, nimalarnidir shivirlab-shivirlab qo'yar, Yaratgandan jufti-halolining omon-eson yengil bo'lishini tilayotganga o'xshardi. Uning yuzi va burun uchi qizargan, etik ichida bo'lgan oyoqlari ham sovuq zahridan aziyat chekayotganini sezdira boshlagan edi…
Nihoyat, g'iyqillab ochilgan eshikda hamshira ko'rinib, “Saxatov, o'g'il muborak bo'lsin!”, — dedi chiroyli tabassum bilan. Miryunus chopqillab kelib, suyunchi uzatar ekan, “Rahmat, opajon, rahmat! O'zi qanday, o'zi?”, deya so'radi shoshib.
— O'zlari otday, bemalol uyga qaytaverishingiz mumkin, — javob qildi hamshira orqasiga qayta turib.
Oradan biroz vaqt o'tib, er-xotin chaqaloqqa ism qo'yish haqida maslahatlashdilar.
— O'g'limizning otini Miran qo'ysak nima deysan? — so'radi Miryunus.
— Menga qolsa, Aziz bo'lgani ma'qul, — dedi Komilaxon.
— Aziz ham yaxshi ism, — dedi Miryunus xotinining ko'zlariga mamnun boqib. — Lekin biz “mir”lar avlodidanmiz-da.
— Mayli, Miron bo'lsa, Miron-da, — dedi Komilaxon kulib. — Ammo hujjatda Mironshoh deb yozdirsangiz, yaxshi bo'lar edi.
Miryunus xotinining ko'nglini og'ritib qo'yishni istamay, e'tiroz bildirmadi. O'g'liga guvohnoma olayotganda esa bilganidan qolmadi. Miran deb yozdirdi. Komilaxon bo'lsa, o'g'lini Azizim, Azizjonim deb erkalar, bola nafaqat onasidan, boshqalardan ham shu ismni eshitib ulg'aya boshladi. Ana shunday bir paytda eru xotin “Aziz”ning ko'zlarida nuqson borligini sezib, yugur-yugurga tushib qoldilar. Tumandan viloyatga, undan poytaxtga chopdilar. Kimga ko'rsatish kerak bo'lsa, ko'rsatdilar. Qilingan muolajalar kor qilmadi. Uzoq tekshir-tekshirdan so'ng shifokorlar operasiyasiz o'zgarish bo'lmasligini ma'lum qildilar. Buni eshitgan ota-ona es-hushini yo'qotdi. Endi nafaqat ularning, balki butun oila a'zolarining o'y-xayoli “Aziz”da bo'ldi. Ko'zlari ko'zlariga tushganda yuraklari ezildi. “Tuzaladi. Xudo xohlasa, albatta, tuzaladi!” Ona tunu kun Parvardigori Olamga iltijo qilib, o'g'liga shifo tiladi. Yalinib-yolvordi. Afsuski, yugur-yugurdan natija chiqmadi. Shifokorlar esa o'zga chora topmadilar, topolmadilar…
Tog'ning musaffo havosidan bahri dili yayragan bolakay uning go'zal manzaralarini hayratlana-hayratlana, zavqlana-zavqlana tomosha qilolmadi. Tabiatning betakror chiroyidan mitti qalbini yayratolmadi. Savollarining ipidan ignasigacha kattalardan javob oldi. Eshitganlarini qalban his va idrok etishga astoydil harakat qildi. Bu tuyg'u unga quvonch baxsh etdi. Ko'nglini ko'tardi. Orzu-umidlariga qanot bo'ldi. Bu orada Miran maktabga boradigan bo'lib qoldi. Maslahat bilan uni poytaxtdagi ko'zi ojizlar maktab-internatiga olib borishdi. Ammo ko'p o'tmay ota-onasi “Bu yerda o'g'limizni qiynab qo'yadiganga o'xshaymiz” degan o'y bilan Miranni o'qishdan chiqarib oldilar. Yana do'xtirdan do'xtirga, kasalxonadan kasalxonaga yugurish boshlandi. Tibbiyotchilarning qarori qat'iy bo'ldi: “Operatsiya!” Qaror amalga oshirildi. Afsuski… Ming afsuski, g'ira-shira ko'rib turgan ko'zlar bor imkoniyatdan ham ayrildi… Tamom! Hammasi tamom! Bolaning ham, ota-onaning ham orzu-umidlari chil-parchin bo'ldi. “Endi nima qilish kerak?”, “Nima qilsa bo'ladi?”, “Biron-bir yo'li bormikan?”. Tinchlik bermagan qator-qator bunday og'ir savollar ota-onani cho'ktirib qo'ydi. Shunday bo'lsa-da, ular taqdirga tan berishni xayollariga ham keltirmadilar. Miryunus qo'li kaltaligidan ezildi, qattiq ezildi. Buni xotini sezib turdi. Ammo churq etmadi. Erining yarasiga tuz sepgisi kelmadi. Ammo unga o'zining iztiroblarini ham sezdirmaslikka harakat qildi. Yolg'iz qolganda Xudoga iltijo qilib yig'ladi. Jigarbandining ko'zlariga nur so'rab, ich-ichidan o'ksib-o'ksib yig'ladi… Vaqt esa shafqat qilmadi. Xuddi, tegirmon toshidek aylandi, aylanaverdi… Bolaning umriga kunlar, oylar qo'shilaverdi.
U kunlardan bir kun dedi: “O'qishga boraman! O'qigim kelayapti!” Bordi. Bir yil yo'qotgan bo'lsa-da, tez orada darslarga kirishib ketdi. Astoydil o'qiy boshladi. O'qituvchilarni diqqat bilan eshitdi. Eshitish qobiliyatini kun sayin chiniqtirib, rivojlantirib bordi. Bilmaganlarini so'rashdan uyalmadi. O'qish va o'rganishdan erinmadi. Ha, demay, boshqalardan kam emasligini ko'rsatdi. A'lo baholarda o'qiy boshladi. Buni ko'rib-bilib turgan otasi bilan onasining boshi ko'klarga yetdi. Oilada quvonch va umid yorug'ligi ko'rinib, qorong'ulik chekina boshladi…
Bir kuni yangi kelgan o'qituvchi yo'qlama qildi. Allaqachon, hamma o'rganib qolgan “Aziz”ni Miran Saxatov deb o'qidi. U esa o'rnidan turib, “men” demadi. Sinfga kirgunga qadar barcha o'quvchilarning hujjatlari bilan tanishgan o'qituvchi “Aziz”ga yuzlandi: “Adashmasam, Miran Saxatov sen bo'lsang kerak?!” Mening ismim “Aziz” — dedi o'quvchi. Shunda o'qituvchi uning guvohnomasida ismi-sharifi Miran Saxatov deb yozilganligini, bundan buyon shu ismga ko'nikishini tayinladi. Buni uning sinfdoshlaridan ham iltimos qildi. Shu-shu uni hamma Miran deb ataydigan bo'ldi. “Aziz” esa kezi kelganda eslanadigan shirin bir xotira bo'lib qoldi. Isming Miran bo'lganligidan xafa emasmisan?”, deb so'rashardi undan ba'zan. “Yo'q, aslo xafa emasman!”, — deya javob berardi u.
* * *
Hayot bu yigitchani allaqachon o'z dunyosiga olib kirgan, o'zgalarga yuk bo'lmay, o'z o'rnini topib olishi uchun mustahkam irodali bo'lishi, aql bilan ish tutishi, o'qib-o'rganishda tinib-tinchimasligi, eng muhimi, o'ziga ishonishi va mavjud imkoniyatlardan to'liq foydalanishi lozimligiga o'rgatib bo'lgan, u bularning hammasini bo'y-basti ila teran anglab yetgani uchun ham chidam bilan mehnat qilishga, izlanishga, maqsad sari dadil intilishga bel bog'lagan edi.
Afsuski, bu yorug' dunyodagi imkoniyati cheklangan odamlarning bari ham o'zining buguni, ertasi va kelajagi, umuman, taqdiri haqida xuddi ana shu o'smir kabi fikrlaydi, o'z taqdiri haqida o'ylaydi, qayg'uradi deb bo'lmaydi. Ularning atrofidagilar esa nogironni ranjitib qo'ymaslik uchun tillarini tiyib yuradilar. O'zlarining nogiron farzandlari qalbiga quloq solib, yordam berishdan, ularning qobiliyatlarini rivojlantirishdan, o'z yo'lini topib olishida ko'maklashishdan yo erinadilar yoki buni istamaydilar. Ayrim ota-onalar esa taqdirga tan berib, Xudoning buyurgani ekan-da, deyishdan nariga o'tmaydilar. Vaholanki, imkoniyati cheklangan bolalar ichidan turli sohalarning bilimdonlari, mashhur olimlar, san'atkorlar yetishib chiqqanligini har doim ham xayollariga keltiravermaydilar. Aslida u ham inson ekanligini, insondek yashashga haqli ekanligini chuqurroq o'ylasak, qanchadan-qancha imkoniyati cheklangan yigit-qizlarni jo'shqin hayotga olib kirgan, baxtli yashashlariga munosib hissa qo'shgan bo'lar edik. Ana shunda “uning ko'zida yoki oyog'ida nuqsoni bor, biron-bir ishni uddalayolmaydi” degan mutlaqo noto'g'ri qarashlardan xalos ham bo'lardik. Axir, bu dunyoda nogiron yigit-qizlarning ajoyib kasblarni egallab, imkoniyati cheklanmaganlar bilan turmush qurib, baxtli hayot nashidasini surayotganlari ozmi?!
Xullas, qahramonimiz maktab-internatni a'lo baholarda bitirgach, to'g'ri O'zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Sa'di Sirojiddinov nomli akademik litseyga yo'l oldi. Sinovlardan muvaffaqiyatli o'tib, o'zi xohlagan gumanitar fanlar yo'nalishiga o'qishga qabul qilindi. Bilim olish bilan birga o'zini sportda ham sinay boshladi. Avvaliga dzyudo, keyin esa yengil atletika bilan shug'ullandi. Bora-bora ikkinchisini tanladi. Bu uni chiniqtirdi, kuchiga kuch, g'ayratiga g'ayrat qo'shdi. O'zini yengil his etadigan, toliqish nimaligini bilmaydigan bo'ldi. Shu tariqa yugurish va uzunlikka sakrash mashqlari uning kundalik ehtiyojiga aylandi, hayotga bo'lgan qiziqishini, o'ziga va o'z kelajagiga ishonchi qat'iy ekanligini amalda ko'rsata boshladi. Mashqlar oson kechmadi. O'ziga yarasha talablari, qoidalari bo'ldi. Ular tinimsiz ishlashga, mashaqqatlarni sabr-toqat bilan yengishga o'rgatdi. Hammasini murabbiylari aytganidek, balki undan ham yaxshiroq bajarishga harakat qildi. Harakat va intilishlar zoe ketmadi.
Oradan bir yil o'tib, ya'ni 2010 yilda litsey o'quvchisi Miran Saxatov Respublika yengil atletika musobaqasiga qatnashdi. Yuz va ikki yuz metrga yugurish hamda uzunlikka sakrash bo'yicha raqiblarini ortda qoldirib, g'oliblik shohsupasining birinchi pog'onasiga ko'tarildi.
Miran ilk g'alabadan g'ururlanib ketmadi, o'quvchilar ichida kekkayib yurmadi. Aksincha, o'qish va sport bir-biriga yordam berishini, bir-birini to'ldirishi va mustahkamlashini, bir-birining yangi ufqlarini ochishi mumkinligini yanada kengroq tushunib, ularga avvalgidan-da, ko'proq mehr qo'ydi. Mashqlar esa izchil va uzluksiz davom etdi. Bu paytda O'zbekiston Milliy parolimpiada assotsiatsiasi tuzilgan, unga eng iste'dodli sportchilar tanlab olinayotgan, Miran Saxatov ham terma jamoaga qabul qilingan, ammo bundan hali o'zi bexabar edi. Nihoyat, uni assotsiatsiyaga taklif etishdi. Keldi. Xitoyda o'tkaziladigan xalqaro musobaqaga borishini eshitib, ham xursand bo'ldi, ham o'ylanib qoldi. Respublika miqyosida o'tkazilgan musobaqada bor-yo'g'i bir marta qatnashgan yosh yigit xorijiy mamlakatdagi xalqaro o'yinda kuchli va tajribali sportchilar bilan bellasha olarmikan? Shunchaki, borib-kelish unga yarashmaydi. Ishonch bildirildimi, uni oqlash kerak! Ha, oilasi, qishloqdoshlari, do'stu birodarlari, litseydoshlari-yu o'qituvchilari oldida boshini baland ko'tarib yurishi uchun jamoani, uning rahbarlarini uyaltirib qo'ymasligi shart! Vaqt esa qisqa. Tunu kun mashq qilishni talab etadi. Bir yoqda o'qish. Dars qoldirishning iloji yo'q. Birdan-bir yo'l — mashqlarni to'g'ri va samarali o'tkazish. Murabbiylar etagidan mahkam tutish.
U ana shunday maqsad bilan ishga kirishdi. Murabbiy Anna Valeryevna Kazakova dilkash, mehribon, samimiy bo'lgani bilan qattiqqo'l va talabchan edi.
…Jahonning ko'plab mamlakatlaridan kelgan minglab sportchilaru ishqibozlar bilan liq to'lgan stadionlardagi shiddatli bellashuvlar boshqalar qatori Miranni ham hayajonga solmay qolmadi. U har bir musobaqani, har bir sportchi harakatini yaqqol ko'rib turgandek his etdi. O'zini ularning o'rniga qo'yib ko'rdi. O'yladi. Murabbiy bilan fikr almashdi, maslahatlashdi. Qat'iy qaror qabul qildi. Xalqaro musobaqadagi birinchi ishtiroki ko'p narsani hal etishini ham yoddan chiqarmadi.
Mana, navbat Miran Saxatovga keldi. Yugurish yo'lagida kuzatuvchining nafas olishigacha sezib turibdi. Hozir… hozir yugurishga ruxsat beriladi. Bir, ikki, uch! U butun vujudi bilan oldinga talpindi. Yonidagi kuzatuvchidan ortda qolmaslikka, kerak bo'lsa uni o'ziga ergashtirishga intildi. Ko'rsatkich yomon bo'lmadi. Bronza medali nasib etdi. Biroq u bundan quvonmadi. O'zini g'olib deb bilmadi. Chunki, undan pishiq, kuchli va chaqqonlar ko'p ekan. Tan berdi… Boshqa mamlakatlardan bronza medaliga sazovor bo'lganlar xursand bo'lgancha qo'shiq kuylashar, baxtli va baxtiyor ekanliklarini ahli olamga ko'z-ko'z qilishdan mamnun edilar. Miran ham shunday qilishga munosib edi. Axir birinchi xalqaro musobaqa. Birinchi medal. U bunday qilmadi, qilolmadi. O'ziga ep ko'rmadi. Balki shunday bo'lgani ham ma'quldir. Chunki bu boshlanishi. Hali hammasi oldinda. G'alaba ham, quvonch ham, olqishlar ham…
Navbatdagi xalqaro musobaqalar o'zbekistonlik parolimpiadachilarni Turkiyaga chorladi. Terma jamoaga Miran Saxatov ham qo'shildi. Bellashuv oldingidan kuchli bo'ldi. Qahramonimiz bu gal jahon miqyosida to'rtinchi o'rinni egallab, o'zining yangi imkoniyatlarini namoyon etdi. Ammo o'zi erishgan natijasidan yana qoniqmadi. Buni murabbiy Anna Valeryevna ham payqadi. O'ylay-o'ylay shogirdi o'z qobiliyatini to'la namoyon etishi uchun asosiy e'tiborni nimaga qaratish kerakligini topgandek bo'ldi. Mashqlar o'sha-o'sha. Lekin usul va uslub o'zgara boshladi. Mashqlar ichida qandaydir sir borga o'xshar, ilhomlantiruvchi kuch yashiringandek ko'rinardi. Murabbiy butun diqqatini ana shunga qaratdi. O'sha kuchni harakatga keltirishga, uni yuzaga chiqarishga intildi. Miran mashqlarda yomon natija ko'rsatmadi. Ammo mashq jarayonidagi kayfiyat, ruhiy holat boshqa-yu, jahon musobaqasidagisi boshqacha. Sportchi har ikkovida ham o'zini yo'qotmasligi, hayajonlanmasligi, butun e'tibori yuksak marrani egallashda bo'lishi kerak. Bu Anna Valeryevna uchun ham, Miran uchun ham yangilik emas edi…
* * *
Keyin esa ular o'tirgan havo kemasi Parij shahriga qo'ndi. Shundan so'ng mehmonxona, stadion va yana mashqlar… Miran uch hatlab sakrash bo'yicha tayyorgarlik ko'rar, sportning bu turi texnik jihatdan ancha murakkab bo'lib, harakatlarda zarracha yanglishish mag'lubiyatning garovi hisoblanar edi.
Mana, u sakrash uchun beriladigan buyruqni diqqat bilan kutayapti. Nafaqat o'zining, yonidagi kuzatuvchining ham yurak urishini eshitib turibdi. Hakam sakrashga ruxsat berishi bilan ular oldinga tashlandilar. Hammaning nigohi ularda. Murabbiy ham kiprik qoqmay qarab turibdi. Bir, ikki, uch! Parvoz! Qo'ndi! Urra-a! G'alaba! Haqiqiy g'alaba. Ofarin! Miran buni uddaladi. Olqishlardan ham ma'lum bo'ldiki, u yuksak natijani qo'lga kiritgan. Ha, chindan ham shunday bo'ldi. O'zbek parolimpiadachisi hammani lol qoldirib, musobaqaning oltin medaliga munosib ko'rildi. U shohsupaning eng yuqorisida mag'rur turib, O'zbekiston madhiyasi sadolari ostida ming-minglab tomoshabinlarning olqishlarini eshitdi. Boshi uzra hilpiragan bayrog'imiz O'zbekiston nomini millionlar qalbiga olib kirdi. Stadionda, mehmonxonada, ko'cha-ko'yda, har qadamda O'zbekiston sha'niga samimiy olqishlar aytildi…
2012 yil Angliya va Fransiyada o'tkazilgan jahon parolimpiada o'yinlari ham Miran uchun juda katta sinov bo'ldi. Mahorat sirlarini qunt bilan egallagan parolimpiadachimiz bu paytga kelib, o'z yo'nalishi bo'yicha jahonning eng kuchli sportchilari bilan bellashishga har tomonlama tayyor edi. Buni u 2014 yil Birlashgan Arab Amirligida o'tkazilgan Osiyo o'yinlarida ham isbotlab, yana bir oltin medalni qo'lga kiritdi. O'sha yili Koreyada o'tkazilgan xalqaro bellashuvda 200 va 400 metrga estafetali yugurishdan ham oltin medal bilan qaytdi. Respublikamizda har yili o'tkaziladigan an'anaviy “E'tirof-14” tanlovida esa “Eng matonatli sportchi” mukofotiga sazovor bo'ldi. 2016 yilning mart oyida Birlashgan Arab Amirligida o'tkazilgan navbatdagi xalqaro musobaqada 200 metrga yugurish bo'yicha eng yuqori ko'rsatkichga erishib, oltin medallari sonini yana bittaga ko'paytirdi.
2016 yil Miran Saxatov uchun unutilmas taassurotlaru g'alabalarga boy bo'ldi. U Janubiy Afrikaning eng chiroyli shaharlaridan biri Rio-de-Janeyrodagi parolimpiada o'yinlarida quchgan g'alabasi uchun O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq “Jasorat” medali bilan taqdirlanib, “Malibu” avtomashinasi hamda 75 ming AQSh dollari bilan mukofotlandi. Bu yuksak mukofot uni yangi-yangi zafarlarga ilhomlantirdi.
Miran xuddi shu yili Nizomiy nomidagi Toshkent davlat universitetining tarix fakultetini muvaffaqiyatli tamomlab, avval magistraturada, keyin doktoranturada tahsil oldi. Sportdan ayrilmagan holda tarix yo'nalishi bo'yicha ilmiy-tadqiqot bilan ham izchil shug'ullandi. Shu orada Maftunaxon ismli qiz bilan oila qurdi. Xonanda do'sti Anvar Sanayev dilbar qo'shiqlari bilan mehmonlaru mezbonlarni behad shod etdi. Hatto, Miranning o'zi ham rubob chalib, xonanda bilan birga kuylab, hammani lol qoldirdi. Qahramonimiz shunaqa: serqirra iste'dod egasi. Eh-ha, hali uning notiqligini eshitmabsiz, bu dunyoga kelmabsiz. Adabiy tilda tiniq va ravon gapirishni telesuxandonlaru telejurnalistlar Mirandan o'rgansinlar, ha, Mirandan!
* * *
Shoda-shoda bronza, kumush va oltin medallarning sohibi, O'zbekiston yengil atletika terma jamoasi a'zosi, tarixshunos Miran Miryunusovich Saxatov mustaqillik tengdoshi. Qalbi Bo'stonliqning havosidek toza va beg'ubor. Kamtar, kamgap, samimiy, mulohazali inson. Ota-onasi, uka va singillari, rafiqasi, qizi Munisaxon, o'g'illari Mirxon va Mirshodjonlarni o'zining eng katta boyligi deb biladi. Ular bilan faxrlanishini to'lqinlanib-to'lqinlanib so'zlaydi. Ustozi Anna Valeryevna Kazakovaga hurmati balandligini, uni yuksak qadrlashini ham qayta-qayta takrorlashdan erinmaydi.
— Bo'stonliqdan poytaxtga kelib-ketish charchatib qo'ymayaptimi? – deya suhbatga chorlaymiz uni.
— Bo'stonliq mening tug'ilgan joyim – Vatanim. Vatanning bag'rida nafas olish, yashash, uning tashvish va quvonchlarini his etib turish har bir inson uchun oliy ne'mat, deb bilaman. Endi buyog'iga quloq tuting. Siz gazetaga yozsangiz, men tumandoshlarimning bir dardini aytay. Bu joyni minglab odamlar orzu qiladi. Axir, go'zal manzara-yu musaffo havo kimga yoqmaydi?! Ammo mana shu maskanda bunyod etilgan kir yuvish kukuni ishlab chiqaradigan korxona tabiatimizning kushandasiga aylanyapti.
Men shu tabiatning oshuftasi, Bo'stonliqning bir farzandi sifatida bormagan joyim, taqillatmagan eshigim qolmadi. Afsuski, quloq soladigan mard topilmadi. Bu ketishda Bo'stonliqda ertaga yana bitta emas, bir nechta shunday korxona qurilmasligiga kim kafolat beradi? Axir, zavod qurish uchun xushmanazara joy tanlash shart emas-ku!
Shaharga kelib-ketish esa men uchun qiyin emas. Elektr poezdi qatnab turibdi. Nari-berisi bilan bir soat vaqtim ketadi. Ammo shu vaqt ichida poezdda eshitganlarimning o'zi bir kitobga teng keladi. Ularning keragini qabul qilsam, keraksizini o'sha zahot unutib yuboraman, deydi kuyunchak qahramonimiz.
— Inson borki orzu, yaxshi niyat, ezgu o'y bilan yashaydi. Rejalaringiz ham ko'p bo'lsa kerak?, – deya so'raymiz yana.
— Albatta, rejasiz yashab bo'lmaydi. Reja – bu tartib-intizom, madaniyat, yutuq. Mening rejamning bir tomoni sport, bir tomoni ilm bilan bog'liq. “Ta'lim-tarbiya nazariyasi va metodikasi”ga bag'ishlangan doktorlik ishim tayyor. Ayni paytda Xitoyda o'tadigan Osiyo musobaqalariga tayyorgarlik ko'rayapman. Ha aytgancha, dissertatsiyam himoyasiga kelasiz, degan umiddaman.
Miran Saxatov doktorlik dissertatsiyasini himoya qiladi-yu, men qarab turamanmi? Boraman, albatta boraman!
Bu so'zlar qalbimdan otilib chiqdi go'yo. So'ng beixtiyor o'ylay boshladim. Demak… insonga berilgan iqtidorni tarbiyalashda gap ko'p ekan-da. Hamma gap intilish, mehnatdan ko'rqmaslikda ekan! Bunga Miranning hayot yo'li ham bir misol.
Nuriddin OChILOV