Bedor qalb
Surxondaryo viloyati hokimining Oila va xotin-qizlar masalalari bo'yicha maslahatchisi, viloyat Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash boshqarmasining 1-o'rinbosari, tibbiyot fanlari nomzodi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi Mavluda Qobulova faoliyatiga bir nazar
Kimgaki ish bo'ldi qanoat fani,
Bilgilki, ani qildi qanoat g'ani.
Alisher Navoiy
U ona yurti Surxondaryoni joni-dili bilan sevadi. Bu yurt tuprog'i ko'zlariga to'tiyo. Surxondaryoliklardek jo'mard, halol, mehnatkash, ochiqko'ngil odamlar yana qaerda bor? Yuragida bodomlari mangu gullagan, asrlarga salom yo'llagan voha bu. Uni oq yuvib,oq taragan muborak el bu.
Opa. Ona. Ustoz. Surxondaryoliklar uni shunday deb ataydilar.
Mavluda Umarjonovna ish kunlarining barchasi — qabul kunlari. Sababi, u oilalar va xotin-qizlar bilan ishlaydi. Uning har bir kunida bir-biriga o'xshamaydigan insonlar, muammolar, taqdirlar o'z muhrini qoldiradi.
Ish kabinetining eshigi hamisha ochiq. Uning telefonlari kechayu kunduz o'chirilmaydi.
Ish kunlarning birida soat 2230 larda bir qizcha yig'lab telefon qilib qoldi.
— Opa, menga yordam bering, ko'chada qoldim. Boradigan joyim yo'q. Ism va familiyam Zarina Ibragimova. “Mehribonlik uyi”da katta bo'lganman. Siz bizga tez-tez borar edingiz. Biror muammo bo'lsa, telefon qilinglar deb raqamingizni qoldirgan edingiz. Opa, voyaga yetgach, “Mehribonlik uyi”dan ketgach, ishga joylashdim. Ijarada turaman. Ijarachi ayol bilan urishib qoldim. Hozir haydab chiqardi.
— Taksiga o'tirib hokimiyatga kel, qizim. Kelib, telefon qilsang, taksi pulini chiqarib beraman.
Bu orada Mavluda Umarjonovna “Mehribonlik uyi”ga borganida barcha bitiruvchilar tayinlangan pullarni olgach, ijaraga va ishga joylashtirilganini esladi. Bir qator hujjatlar javonidan “Mehribonlik uyi” bitiruvchilari haqidagi hujjatni ham qarab chiqdi. Zarina Ibragimovani mustaqil hayotga kuzatish qonun doirasida bo'lgan. “Qani, kelsin-chi, nima gapligini bilamiz”, — dedi o'ziga o'zi.
Oradan biror soat o'tib o'n yetti yoshlardagi qiz kirib keldi. Qo'lida rangi o'chib ketgan kichkina sumka. Sumkasida hujjatlari va bir sidra kiyimi.
— Qizim, kun kech bo'lib qoldi, hozir qaerga ham borarding? Seni o'z uyimga olib ketaman. Qorning ham ochdir. Bir piyola choy ustida gaplashib olamiz. Sen ko'chada qolmaysan. Havotir olma, — dedi Mavluda Umarjonovna.
— Sizning uyingizda noqulay bo'lmasmikin? — dedi qizgina opaning xizmat mashinasiga tortinibgina o'tirar ekan.
— Hech noqulay bo'lmaydi, — dedi opa.
Uyga borgach, qiz voyaga yetib, “Mehribonlik uyi”dan chiqib, ishga joylashgandan keyin ijarada yashay boshlaganini, ijarachi ayol dastlabki oylarda binoyi yurganiyu, ammo vaqt o'tib, tez-tez janjal chiqarib, goho Zarinaga qo'l ham ko'tarar ekan. Mana, alaloqibat qizni qorong'i kechada uyidan haydab yuboribdi.
Shunday qilib, Zarina “Mehribonlik uyi”da olgan to'g'ri tarbiyasi bilan mustaqil yashay boshlabdi. Otasiga ham, onasiga ham keragi yo'qligini tushunib yetibdi.
Zarinaning boshidan kechirganlarini eshitgan Mavluda Umarjonovna:
— Mayli, qayg'urma, qizim, endi to oyoqqa turib, baxtingni topib ketguningcha biznikida turasan, yetmishdan oshgan ayajonim senga ham ena bo'ladi. Biz nima yesak, shuni yeysan, nima kiysak, shuni kiyasan, — dedi.
Zarina uchun Mavluda Umarjonovnaning uyida baxtli hayot boshlandi.
Zarina Ibragimova:
Meni, bir yetim qizni, Mavluda opamga uchratgan o'sha kundan minnatdorman. Bu oila meni o'z farzandidek qabul qildi. Mavluda opamning onasi Mukarram enam meni bolam deb bag'riga oldi, peshonamni siladi. Bu oilada odam bolasidek mehr ko'rdim. Ular menga yetti yil non-tuz berdilar. Tengim chiqqach, hurmatimni joyiga qo'yib, o'z qizlaridek turmushga uzatdilar. O'g'lim tug'ilganida onam kabi ortimdan beshik yasatib bordilar. Hozir Muhammadrizo o'g'ilcham ularni haqiqiy buvim deb o'ylaydi. Men ham bu kichkina hayotimni ikki qismga bo'lsam, bir tomoni to Mavluda opamgacha bo'lgan ko'ngli yarimlik davri, ikkinchisi esa Mavluda opa uchragan baxtli davrim.
2018 yili muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari, beqiyos g'amxo'rliklari tufayli hamma qulayliklarga ega uylardan 3 xonali uyga ega bo'ldim. Hozir oilam bilan shu yerda yashayapmiz. Termiz tumani markaziy shifoxonasida ishlayapman. Menga Mavluda opam uy-ro'zg'orni qanday tutishni, tikish-bichishni, ozodalikni, bola parvarishini o'rgatganlar.
Viloyat hokimligi tikuv mashinasi sovg'a qildi. Endi mening kamchiligim bor deyishim uyat bo'ladi. Ota-onasi bor qizlar ham shunchalik ta'minlanar. Shirin, erkatoy o'g'limga qarab ko'nglim ko'tariladi. Qachonlardir meni ota-onam tashlab ketgandir, ammo men O'zbekiston deb atalgan vatanda qadr topdim, mehr ko'rdim. Ha, meni otam tashlab ketgan. Ammo vatanim tashlab qo'ymadi. Prezidentimiz boshimni siladi, uy-joyli qildi.
Endi mening o'g'lim, o'g'limning bolalari shu vatanga sadoqatli insonlar bo'ladi. Buning uchun bor kuch-g'ayratimni ayamayman.
Ha, onam mendan voz kechgan, ammo vatanim voz kechmadi. Endi men ham ona bo'ldim. Onalik — qanchalar ulkan sharaf!
Hozirda men bilan suhbatlashgan odamlar ota-ona mehriga zor bo'lib o'sgan deb o'ylamaydilar. Chunki men mehrdan to'yingan insonman. Men mehr ko'rdim. Mehr ko'rgan odam albatta, mehr beradi.
Kuni kecha axlat qutisi yoniga tashlab ketilgan murg'ak bolani televizordan ko'rsatishdi. Go'dak sal bo'lmasa sovuqdan o'lib qolar ekan. Uni yaxshi odamlar topib olibdilar. Men o'sha go'dakni tashlab ketgan onadan nafratlandim.
Qachonlardir meni ham onam shunday toshbag'irlik bilan tashlab ketgan bo'lsa-da, katta bo'lganimdan keyin ham meni o'zidan itargan bo'lsa-da, bunday johillikni men takrorlamayman. Bunday omonatga xiyonat mening qo'limdan kelmaydi. Mavluda opaning aytishlaricha, har bir odam bolasi Allohning omonati ekan. Men yaxshi tarbiya ko'rdim. Bugun halolni haromdan farq qila olaman. Ayol zoti ibo-hayosi bilan hurmatga loyiqligini bilaman.
Prezidentimizni duo qilaman. Yaxshi ona, yaxshi inson bo'lishga harakat qilaman.
* * *
Surxondaryo viloyati bo'yicha og'ir turmush sharoitida yashayotgan, nogironligi bor xotin-qizlarning manzilli ro'yxati shakllantirilgan. Viloyatda xizmat qilayotgan vatanparvar, yurt taraqqiyoti va el manfaatlari yo'lida fidokorlik ko'rsatayotgan jamiyat hayotida faol insonlardan tashkil topgan ishchi guruhi faoliyat olib bormoqda. Ular har qanday ob-havo sharoitida ham uyma-uy yurib, oilalarga kirib, eldoshlar bilan dildan gaplashmoqdalar. Ularning holidan xabar olinib, muammolarini hal qilishda yaqindan yordam bermoqdalar. Bu Surxon ahli uchun yangicha yondashuv bo'ldi.
Termiz shahar “Guliston” mahallasi “Fidokor” ko'chasida nogironlar, boquvchisini yo'qotganlar, yakka-yolg'izlar uchun uy-joy qurib bitkazildi. Uy egalariga kalitlar topshirilayotgan kun. Bino hovlisi to'yxonadek bezatilgan, karnay-surnay, doirayu nog'oralar sadosi ertalabdan osmonu falakka o'rladi. Hamma xursand. Uy yonidan ishga, o'qishga, biror yumushga o'tib ketayotganlardan biri: “Nihoyat, shuginalarning ham yelkasiga oftob tegdi. Prezidentimizga ming rahmat”, — desa, boshqasi: “Ha, shunday davlatda yashayotganimizga shukr. Bizda hech kim bee'tibor qolayotgani yo'q”, — deydi. Ko'rgan ko'zki quvonadi.
Kalitlarni topshirish marosimida har kim o'z minnatdorchiligini izhor etadi. Ularning uylarini ko'rgani kelgan mahalladoshlar, qarindosh-urug'larning og'zi lang ochilib qoldi. Hashamatli qilib bezatilgan xonalarning yorug'ligidan, shinamligidan dil yayraydi. Tantanalar o'tgandan keyin ham hukumat vakili sifatida odamlarning eng yaqin sirdoshi, ko'makchisiga aylangan Mavluda Umarjonovnaning bir oyog'i shu yerda.
Bu safar meni boshlab keldilar-da: “Sizlarga mehmon qilib Toshkentdan shoirani olib keldim. Bir mushoira qilamiz”, — dedilar. “Biz ularni taniymiz, televizordan ko'rganmiz”, — deya quvonadi xonadon egalari.
Yangi uylarga birin-ketin kirib suhbatlashamiz. “Fidokor” ko'chasidagi 12-uy, 14-xonadondagi uch xonali uyda 1-guruh nogironi Karomat Rahimova, singlisi Gavhar Rahimova va 84 yoshli onasi Maryam Muazzamova. Karomat tug'ma ikki oyog'i yo'q tug'ilgan ekan. Opasi ham nogiron. 84 yoshli ona ham nogironlik aravachasida, mustaqil yura olmaydi. Xullas, uchta nogiron bir uyda. Karomat esli-hushligina. Maryam onaning ham fikrlari tiniq. Gavharning ham aqli joyida. Bu yerda o'zi mustaqil harakatlanadigan birgina shu Gavhar. 84 yoshli Maryam momo gaplarini tinglaymiz:
— Bir umr qaynotamdan qolgan kichkina uyda yashadik. Turmush o'rtog'im Abdivosixon bilan o'n qiz, o'n o'g'ilning ota-onasi bo'ldik. Shulardan bittasi olamdan o'tgan. To'qqiztasi hayot. O'g'illarimni uylantirdik. Ketma-ket nabiralar tug'ila boshladi. Bizdan tashqari u hovlida qayin ukam va qayin akam ham oilasi bilan, jami 20 dan oshiq odam istiqomat qilar edik. Nogironlarning oh-vohi, yetishmovchiliklar, muammolar girdobida o'lib ketsam kerak, deb o'ylovdim. Baxtimizga, Prezidentimiz biz bechoralarga g'amxo'rlik ko'rsatib uyli-joyli qildilar. Avvalgi hovlimizda to'lovlarni amalga oshirolmaganimiz uchun goh chiroq, goh suv, goh gaz o'char edi. Men va Karomat qizim hojatxonaga bora olmaymiz. Bizni kimdir ko'tarib yurishi kerak. Hammom esa otliqqa ham yo'q. Uyning bir burchida suv isitib yuvinishga to'g'ri kelar edi. Ko'pchilik bo'lgandan keyin huzur-halovat yo'q. Na yeganimiz tatiydi, na ichganimiz. Qishda uyimiz tomidan chakki o'tadi. Yozda Termizning issig'idan yurak to'xtab qolay deydi. Kechalari qon bosimidan uxlay olmay chiqar edik. Har bir mahallada uyma-uy kirib chiqayotgan hukumat vakillari bilan Mavluda qizim kelib, ahvolimizni ko'rgach: “Birinchilardan bo'lib sizlarga uch xonali uy ajratamiz”, — dedilar. O'sha kundan oilamizni bosib turgan katta tog' yelkamizdan nari surildi. Mana, hozir hayotdan shikoyatim yo'q. O'z vaqtida ovqatlanamiz. O'z vaqtida yotib uxlaymiz, dorilarimizni ichamiz, televizorda yurtimizda bo'layotgan yangiliklarni ko'ramiz, sizni ham televizorda ko'rganmiz. Rahmat kelganingiz uchun, duolar qilamiz.
Karomat Rahimova, 1-guruh nogironi:
— Ota-onam, bechora opam menga bir umr parvona bo'ldi. Otam 1995 yilda vafot etdilar. Bu paytda onamning ham oyoqlari yaxshi yurmas edi. Hozirda mutlaqo yura olmaydi. Bizga uy berilgandan keyin chinnidan yasalgan vannada cho'miltirishdi. Hayotimizda birinchi marta onam 84 yoshida, men 42 yoshimda, opam 48 yoshida haqiqiy hammom nimaligini ko'rdik. Biz yuvinib chiqib, sevinchimizdan rosa yig'ladik. Jo'mrakni chapga burasang issiq suv, o'ngga burasang sovuq suv keladi. Biz uchun eng katta muammo (uyat bo'lsa ham aytaman) hojatxona muammosi edi. Hovlining bir burchagidagi hojatxonaga borish biz – nogironlar uchun og'ir mashaqqat edi. U yerga borayotib yomg'ir, qorda soppa-sog' odam yiqilib tushar edi. Qishli-qirovli kunda bizni kim ko'tarib boradi? Xullas, odam ekanimiz yoddan chiqqan edi. Atrofdagi sog'lom odamlarning, hatto jigarlaringning sendan jirkanayotganini sezish naqadar og'ir. Ayniqsa, aqling joyida bo'lsa, qattiq o'ksinar ekansan. Goho onamga: “Ona, nega bizni tug'dingiz? Axir siz ham, biz ham qiynalib ketdik-ku”, — desak, onam: “Shoshma, noshukr bo'lma, Yaratgan Egamning bir yorug' kuni bo'ladi”, — derdilar. Mana, keldi shunday yorug' kun. Endi har ikki kunda opam bizni cho'miltiradi. Har safar toza bo'lib duolar qilamiz.
— Kamchiliklar yo'qmi? — so'raydi Mavluda Umarjonovna.
— Kiyimlarimiz tugunda turibdi, bitta kiyim shkaf olib bering, — dedi Karomat.
— Shu hafta kiyim shkafni yetkazamiz, — dedi opa.
Biz ular bilan xayrlashamiz. Ularning to'g'risidagi xonadonga kiramiz. Xonadon chinni-chiroqdek toza, ozoda.
Xonadon sohibasi Oysara Abdullayeva ikki bolasi bilan bizni kutib oldi. Hol-ahvol so'rashgandan keyin Oysara boshidan kechirganlarini so'zlaydi:
— Turmush o'rtog'im O'roq Xo'jamberdiyev 1-guruh nogironi edi. Yaqinda olamdan o'tdi. Bizga mana shu uyning berilganini ko'rib, xotirjam bo'lib chin dunyoga ketdi. Qizim Sharifa 9-sinf o'quvchisi, o'g'lim Said 8-sinf o'quvchisi. Farzandlarim maktabda a'lo baholarga o'qiydi. O'g'lim Said sportning qo'l jangi turi bo'yicha O'zbekiston chempioni. Mavluda Umarjonovnaning taklifi bilan “Paxtasanoat” AJ eng so'nggi modeldagi tikuv mashinkasi sovg'a qildi. Hozirda “Surxondon” AJda kasanachi, ya'ni uyimda o'tirib tikuvchilik qilaman. O'zlari matolarni olib kelib berib, tayyor mahsulotni o'zlari qaytarib olib ketishadi. Eng muhimi, bolalarimning boshpanasi bor. Mahallamiz ahil-inoq. Ming shukr, kamchiligimiz yo'q. Bu yerda hamma bir-birini taniydi, avaylaydi. Kelganlaringiz uchun rahmat.
Keyingi manzilimiz shu 12-uydagi 1-guruh nogironi Qosimov Murodjonning xonadoni bo'ldi. Uch xonali uy bilan ta'minlangan Murodjon bizni kulib kutib oldi. Agarda aravachasida o'tirmasa, uni hech kim nogiron deb o'ylamaydi. Bizdan oldin uning xonadoniga patronaj hamshirasi Maqsuda Allamurodova kelib, qon bosimini o'lchayotgan ekan. Hamshira Murodjon bilan savol-javob qilib bo'lgan ekan, biz bilan salomlashgach, chiqib ketdi. Murodjonning egizak bolalari bizning tashrifimizdan xursand bo'lib yonimizga kelib o'tirishdi. Ayoli Samiyaoy bir yumush bilan qarindoshinikiga ketgan ekan.
Murodjon o'z ahvolini quyidagicha bayon etdi:
— Prezidentimiz bizga tushimizga kirmagan yaxshilikni qildilar. Biz ayolim bilan turmush qurganimizdan keyin sharoitimiz yanada og'irlashdi. To'g'ri, ayolim meni oq yuvib, oq taraydi, o'z vaqtida dorilarimni ichiradi. Ammo uy-joy muammosi bizni ezib turar edi. Oradan ikki yil o'tib Fotima-Husan egizaklarimiz tug'ildi. Ayolim kasal bo'lib, na menga, na chaqaloqlarga qaray olmay qoldi. Uning o'zi yordamga muhtoj edi. Biz adolatli mamlakatda yashayotganimizni o'sha og'ir kunlarda his etdim. Vrachlarning ko'rsatmasi bilan chaqaloqlarni “Go'daklar uyi”ga vaqtinchalik topshirdik. Ayolim ikki yillar qattiq davolandi. Endi u menga qaray boshladi. Biz chaqaloqlarga qaray olmasligimizni hisobga olib, ularni “Go'daklar uyi”dan keyin “Mehribonlik uyi”ga 7 yoshgacha qoldirdik. Ular bolalarimizga o'zimizdan ham a'lo qilib qarab, tarbiyalab berishdi. Qani, qaysi yurtda shunchalik mukammal tizim ishlaydi? Qaysi yurtda nogironlarning go'daklariga shuncha mehr ko'rsatiladi? Biz dastlab ishonmadik “Go'daklar uyi”da shunday yetuk mutaxassislar borligiga. Nogironlik tufayli bizni o'zimiz bunchalik yaxshi qaray olmas edik.
Shunday vatanga bolalarimizni munosib qilib tarbiyalash endi o'zimizga bog'liq. Birorta muammo bo'lsa, o'sha kuni murojaat qilamiz, masala joyida hal bo'ladi. Iltimosimiz yerda qolmaydi. Biz hamma qatori baxtli oilamiz. Ming rahmat!
* * *
Sog'lom avlodni dunyoga keltirish va uni ulug' ajdodlarga munosib qilib tarbiyalashdek sharafli vazifa yelkamizda turgani oliy mas'uliyatdir.
Iqtisodiyotni innovatsion rivojlantirish, xalq farovonligini oshirish, tadbirkorlikni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini oshirish borasidagi muhim hujjatlar biz surxondaryolik xotin-qizlar uchun ham ulkan rag'bat bo'ldi.
Yurtboshimizning O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligiga bag'ishlangan ma'ruzasida ta'kidlaganidek: “Xalqimizning farovon hayot kechirishi uchun munosib sharoit yaratish Konstitutsiyamizning bosh maqsadidir”.
Keyingi yillarda Surxondaryoda amalga oshirilgan ezgu ishlar: xalqning farovon yashashi uchun yaratilayotgan sharoitlar; nogiron va kam ta'minlangan oilalarning uy-joy bilan ta'minlanishi; “Obod qishloq” dasturi bo'yicha qisqa vaqt ichida ertaklardagidek sirli va mo''jizaviy qiyofa kasb etayotgan qishloqlarimizda yashayotgan yurtdoshlarimizning boshiga baxt qushi qo'nganini ko'rsatib turibdi.
“Har bir oila — tadbirkor” dasturi bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlarni ko'rib shaxsan o'zim ham xalqimiz qo'llab-quvvatlansa, naqadar qudratli kuchga aylanishiga har kun guvoh bo'lmoqdaman.
Surxondaryoliklar bugungi kunda tomorqa xo'jaligining hadisini oldilar. Aholining 70 foizi tomorqadan yuqori hosil olmoqda. Bu oila bekalari bo'lgan xotin-qizlarimizga yangi ruh bag'ishlamoqda. Yaratilayotgan yangi ish o'rinlari oilalarimiz mustahkamligiga poydevor bo'lmoqda.
Hamisha ilm va ma'rifat saodat kaliti bo'lgan.
2018 yilda viloyatimizda respublikamizdagi nufuzli universitet va institutlarning filiallari ochilishi tarixiy voqea bo'ldi. Bu ilm dargohlari Surxondaryo xotin-qizlari, ayniqsa, oliy ma'lumot olish orzusida yurgan qizlarimizga qanot bo'ldi.
Bu yil oliy o'quv yurtiga kirgan qizlarimiz soni ilgarigi yillarga qaraganda ikki barobar oshdi. Sherobod, Termiz, Jarqo'rg'on, Denov, Qiziriqda yangi qurilgan korxonalarda ishlayotgan yoshlarning ham 50 foizi xotin-qizlardir.
Mavluda Umarjonovna viloyat hokimining Oila va xotin-qizlar masalalari bo'yicha maslahatchisi, viloyat Mahalla va oilalarni qo'llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig'ining 1-o'rinbosari sifatida aholining ichiga kirib, viloyatning nafaqat markaziy hududlarida, balki eng chekka qishloqlarida ham xonadonlarga viloyat hokimligi ishchi guruhi bilan kirib bordi.
Muhtaram Prezidentimiz ta'kidlaganlaridek, hozirgi kunda kabinet ichida o'tirib ishlayman degan rahbar qattiq adashadi. Xalq qabulxonalari va virtual qabulxonalar fuqarolar murojaatlari bilan ishlashning o'ziga xos demokratik instituti sifatida o'zini oqlamoqda.
Opa bedor tunlaridan birini quyidagicha eslaydi:
“Kech ishdan qaytdim. Yana bir bor virtual qabulxonamizni tekshirib ko'ray dedim. Yarim soatlar oldin chekka tumanlarimizdan birida yashaydigan nogiron ayollardan biri xat jo'natgan ekan. “To'rt yildan beri 2 ta bolam bilan ijarama-ijara yuraman. Ijara puli kechikkani uchun ko'chada qoldik. Hozir mahalladagi qorovulxonada yashayapmiz”. Bu elektron maktubni o'qiganimdan so'ng uyda o'tira olmadim. Erta tongdan yo'lga tushdim. O'sha ayolni topib, muammolarini hal qilgach, ishga keldim…
Faoliyatim davomida o'z huquqlarini bilmagani uchun o'zini va bolalarini mushkul vaziyatga solib qo'ygan xotin-qizlarni ko'p uchrataman, — deydi Mavluda Qobulova. O'z huquqini bilmaslik va baxtli kelajak uchun kurasha olmaslikni oqlay olmayman. Joylarda nizoli vaziyatlar, shu jumladan, oilaviy zo'rlik ishlatish sabablarini hamda uni keltirib chiqaruvchi omillarni o'rganish maqsadida “Ijtimoiy moslashuv” markazlari tashkil etilayotgani quvonarlidir. Bir oilaning ruhiy holatini muvozanatga solish — juda qiyin kechadigan jarayon. Oliy ma'lumotli bo'la turib ham farzandlari hayotini izga sola bilmagan qaynonalarni ko'rganimda hayf degim keladi. Viloyatimizda “Qaynonalar kengashi” faoliyat olib boradi. Kengashga rahbar qilib ulug' yoshli, mahallalarda obro'ga ega bo'lgan, allaqachon mahallaning vijdoniga aylangan onaxonlarni tayinlaganmiz.
* * *
Lekin ming afsuski, bu dunyoda yaxshilikni, samimiylikni ko'rolmaydigan, past, hasadgo'y, ichi qora kimsalar ham yo'q emas. Ba'zida Mavluda Umarjonovnaga ham ular tosh otadilar, turli bo'htonu fisqu fasod uyushtiradilar. Bu opaga ta'sir qilmaydi, bu qalbi bedor ayolni xafa qilmaydi, desak yolg'on bo'ladi. Dili og'riydi, juda qattiq xafa bo'ladi, yuragi har xil tuhmatlardan zada bo'ladi, shubhasiz. Lekin opa baribir bunday kaslar bilan teng bo'lishni o'ziga ep ko'rmaydi. Ularni Yaratganning hukmiga tashlaydi va mas'uliyatli vazifasini bajarishda davom etaveradi.
* * *
Sherobodlik Rohatoy ismli qiz: — Mavluda Umarjonovna mening onam, men u kishiga munosib bo'lishim kerak, — deydi.
Termiz davlat universitetining “Jismoniy tarbiya va madaniyat” fakultetiga kontrakt asosida o'qishga qabul qilingan yetim qizning boshi qotib qoldi. Chunki unga pul masalasida yordam beradigan insonning o'zi yo'q. Shunday payt unga odamlar: “Viloyat hokimi o'rinbosari Mavluda Umarjonovnaga uchrashib, yordam so'ra, faqat shu inson senga yordam berishi mumkin”, — deb maslahat berishdi.
Qiz viloyat hokimligiga keldi. U Mavluda Umarjonovnaga muammosini so'zlab berdi. Shunda Mavluda Umarjonovna qizning ko'zlaridan yoshini artib, bag'riga bosdi. Qizning g'amgin ko'zlariga boqib: “Bugundan boshlab sen mening qizimsan, to o'qishingni bitirguningcha to'lovlarini to'lashni men viloyat hokimining yordami bilan hal qilib beraman. Faqat mening ham shartlarim bor: eng avvalo, pokiza axloqli bo'lishing kerak. A'lo baholarga o'qishing, o'zing sevgan sport turing — kurash bo'yicha O'zbekiston chempioni sharafini qo'lga kiritishing shart. Musobaqalarga borish-kelishing, kiyim-kechaging, sport liboslaring, oziq-ovqatlaring to'lovlarini viloyat hokimligi hal qilib beradi”, — dedi. Bu mehrdan Rohatoyning boshi gangib qoldi. Tush ko'rmayapmanmi deb o'z qo'llarini qattiq tishlab ko'rdi. Yo'q, tush emas ekan. Haqiqat bor ekan. Rohatoy o'qishga va mashg'ulotlarga qattiq kirishdi. U kelajagidan xotirjam, baxtli talabaga aylandi.
“To'g'ri, talaba uchun pul zarur. Shunday paytlar bo'lardiki, onajonimdan ustma-ust pul so'rar edim. Ammo ularning biror marta og'ringanini sezmadim. Gohida ayrim dugonalarimning ota-onasi: “Pul so'rashni qachon yig'ishtirasan?” — deganlarini eshitdim. Onajonim sabr va chidam bilan meni to'rt yil o'qitdi. O'zimning tuqqan onamdan ziyoda mehr ko'rsatdi menga”, — deydi u.
Rohatoy ham Mavluda onasiga bergan va'dasining ustida turdi. Universitetning namunali qizlaridan bo'lib, uchinchi kursligida kurash bo'yicha O'zbekiston chempionligini qo'lga kiritdi. “Mavluda onajonim bo'lmaganida, taqdir mendek ko'ngli yarimni unga ro'baro' qilmaganida, hayotim qanday kechar edi, bilmayman. O'qishni tugatib, Milliy gvardiya safiga ishga kirdim. Maoshim hozir 7 million so'mdan ziyod. Hukumat uy berdi. Bugungi kunda men xuddi Mavluda onamdek odamlarga yaxshilik qilishga bel bog'laganman”.
* * *
Termiz davlat universitetining yana bir talabasi Rasuljon bolaligidan ota-onadan yetim qolgan. U hozirda to'rtinchi kurs talabasi. Rasuljon harbiy xizmatga borishni orzu qilar edi. Ammo to'lov shartnomasiga puli yo'q. Shunday muammo bilan turganida Mavluda Umarjonovna universitetga kelib, yoshlar bilan uchrashuv o'tkazdi. Uchrashuv tugagach, Rasuljon ming bir istihola bilan o'z muammosini aytdi. Mavluda Umarjonovna Rasuljonning mushkulini uch kun ichida hal qildi. Rasuljon harbiy xizmatga borib keldi. Rasuljon xizmat qilayotgan harbiy qismga Mavluda Umarjonovna borganida hamma Rasuljonga havasi kelib: “Bir-birlaringga o'xshar ekansizlar”, — degan edi. Hayot mana shunday sabablar bilan insonlarning ko'nglini ko'tarar ekan. Harbiy xizmatni tugatib, o'qishiga qaytdi. Eng muhimi, endi u universitetda qaysi talabaning og'irini yengil qilish kerak bo'lsa, Mavluda onajonisiga murojaat qiladigan bo'ldi.
Mavluda Umarjonovnaning mehridan bahramand bo'lgan Rasuljon: “Ona, bu yaxshiliklaringizni qanday qaytaraman?” — deb so'raydi. “Hademay o'qishni bitirib, yaxshi ishlarda ishlaysan, unda men keksarib, uyda o'tiraman, shunda: “O'g'lim, olma yegim keldi”, — deyman, sen esa darhol bolangdan menga olma berib yuborasan”. “Oh, onajonim-a, ona yegisi kelgan olmani ham boladan berib yuboradimi? Siz uchun olmalarni o'zim olib kelaman, mehrimni qo'shib olib kelaman”, — deydi Rasuljon. “To'ylaringga bosh bo'layin, senga iboli-hayoli, insofli, imonli kelin so'rayman Yaratgan Egamdan”, — deydi Mavluda onasi.
Orziqul Soatov,
Surxondaryo viloyati Mahalla va oilani qo'llab- quvvatlash boshqarmasi boshlig'ining o'rinbosari,
Senator:
— Go'zal, dilbar, maftunkor, o'ta kamtar, o'z ishining fidoyisi Mavluda Umarjonovnaning asli kasbi shifokorlik. U kishi bugun viloyatimiz ayollarining qalb shifokori bo'lib, ular muammolarining yechimida asosiy hakam bo'lib qolgan.
U juda ko'p o'qiydi. Qachon qabuliga borsam stoli ustida Yurtboshimizning asarlari, jahon adabiyoti namoyandalarining, mutafakkir shoir va yozuvchilarning kitoblari, hozirgi kunda chop etilayotgan gazeta va jurnallar taxlanib turadi.
Abduqodir Toshqulov,
O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta-maxsus ta'lim vaziri:
— Mavluda Umarjonovna mening ustozim bo'ladi.
2006 yildan boshqaruv sohasiga ishga kelgan bo'lsam, rahbarlikning past-balandini, hattoki Nizom-ul-mulkning “Siyosatnoma”si, Samandar Termiziyning “Dastur-ul-muluk” asarlarini o'qishni tavsiya qilganlar. Mana qariyb 15 yil bo'ldiki juda mas'ul vazifada u kishi bizga oyna vazifasini o'tadi. Qaysi sohada ishlasak ham biz ishdan qayta turib qarasak u kishining ish kabinetlarining chirog'i yoniq turadi. Eng muhimi fidoyilik.
Mavluda Umarjonovna har qanday topshiriqni oxirigacha qonun doirasida mukammal bajaradigan, mas'uliyatni his etadigan inson. Mana hozir davlat organlari bilan xalq o'rtasida qanday yaqin munosabat o'rnatildi. Mavluda Umarjonovna azaldan xalq bilan shunday yaqin va fidoyi. Erkaklarning rahbar lavozimlarida ishlashi biroz osondek. Uyga borsa ayoli kutib oladi, hammayoq saranjom-sarishta, xizmatini qiladi. Ayol uchun unday emas. Mavluda Umarjonovnaning ham bolasi, nabiralari, juda nuroniy onasi bor. Ularning o'qishiga, kiyim-kechagiga, yurish-turishi va ma'naviy tarbiyasiga qaraydilar va ulguradilar. U kishi bizga oilaparvarlikda ham ustoz desa bo'ladi. Shuning uchun ham ustoz, ham ona. Olimlarni juda hurmat qiladilar. O'zlari ham olima. Boshqa viloyatlarda shu lavozimda ishlaydigan opalardan olimligi bilan ajralib turishidan biz faxrlanamiz. Darhaqiqat, davlatimiz rahbari tomonidan munosib taqdirlandi. Biz bundan qanchalik xursand bo'ldik. Mavluda Umarjonovnaning tajribasidan foydalanishimiz kerak. Ular hayotning ko'p pastu balandliklarini boshdan kechirgan. Bu tajriba faqatgina xotin-qizlar uchun emas. Jamoatchilik maydonida, siyosat maydonida birozgina hissamiz bo'lgan bo'lsa unda u kishining maslahatlari, o'gitlari natijasida erishganmiz. Qachon qaramang Mavluda Umarjonovnani ona sifatida, rahbar sifatida el muammolarini hal qilayotgan, xalq tashvishlari bilan yelib-yugurayotgan, juda-juda band holatda ko'raman. Shuning uchun hurmatim baland.
* * *
Ko'zlari ko'nglidek chiroyli do'stim,
Ko'ngli ko'zlaridek chiroyli do'stim.
Oldinda hali ko'p yaxshi kunlar bor,
U kunlarga birga boraylik do'stim.
Zulfiya Mo'minova,
shoira,
O'zbekiston Yozuvchilar
uyushmasi a'zosi