Dunyoda yaxshilar ko'p
Xayolimda yig'ilgan fikrlarni, o'ylarni bir o'tirishda yozib tashlashimga ishonchim komil edi. Ammo qo'limga qalam olib-olmasimdan so'zlarim, xayollarim chulg'anib, qalamning uchi qog'ozga tiraldi. Sababi, men so'z yuritmoqchi bo'lgan inson nafaqat Denov tumani-yu Surxondaryo viloyatida taniqli shaxs bo'lmay, balki butun mamlakatimizda ham mashhur kishi bo'lib, bemalol, ko'ngil istaganday yozish dushvor ekanligini anglab qoldim. Bunday odamlar shaxsiyatida ortiqcha so'z qo'shib bo'lmaganidek, so'zlarni «tejash» ham go'yo kamsitilgandek tuyulardi… Xayollarim qotib, o'yga cho'mdim. Alal-oqibat uning hayotidan bilgan, guvohi bo'lgan ayrim ibratli lahzalarni ko'z o'ngimga keltira boshladim.
* * *
Toshtemir Turdiyev. Bu insonning ta'rifini maktabda o'qib yurgan kezlarimdanoq eshitganman. Avvaliga shoir va jurnalist, keyinchalik xalq ijodiyotining yana bir fidoyi olimi sifatida. Uning uzluksiz izlanishlari natijasida qo'lga kiritgan Surxondaryo va Qashqadaryo xalqlarining bebaho ijod durdonalari tuman hamda viloyat gazetalarida bosilgani sayin mushtariylarning o'tmishga bo'lgan mehrini yanada orttirardi. Afsuski, Toshtemir aka bilan men kechroq tanishdim. Unda ham bir mashqim tufayli. Uni taniqli shoir Nizomjon Parda o'qib:
— Hikoyangiz yomon emas, — dedi, negadir menga shubhali boqib. — Shu vaqtgacha sizning yozganlaringizga ko'zim tushmagan ekan…
— Men o'qishda edim. Keyin, ikki tilda yozaman.
— Zullisonayn ijodkorman deng, — Nizomjon akaning shubhalari tarqalib, yuzlari yorishdi, — Rosti gap, hikoyalaringizga e'tirozim yo'q, qo'lingiz kelishib qolibdi. Shunga qaramay, Toshtemirjonga bir o'qiting. Bir ijodkorni kashf etsa, u kishi tilla to'la ko'za topganday quvonadi.
Nizomjon Pardaning quyidagi so'zlari esa hayratimni yanada oshirgan edi.
— U kishi Denovning Mir Alisheri. Ham adabiyot sohasida, ham siyosatda. Balki mubolag'a qilgandirman, ammo ikkisining yukini teng ko'tarishda bu orada u kishiga teng keladigani yo'q. Hali bu gaplarimga o'zingiz amin bo'lasiz. Qalamkashlarni ko'rsa quvonadi, boshlarini biriktirib ustozlik qiladi.
Shunday bo'lsa-da, Toshtemir akaning salobati yanada oshib, hali yetilmagan mashqlarim bilan u kishining vaqtini bekor ketkizgim kelmadi.
* * *
1974 yilning noyabr oyi. Maktabdan endigina uyga qaytib, hali kiyimlarimni almashtirishga ulgurmagan edim, ko'chada mashina signali eshitildi. Chiqdim. Haydovchi mashinadan tushmay:
— Sizni katta chaqiryapti, — dedi.
— Kattangiz kim? — hech narsaga tushunmadim.
— Rayon xalq nazorati bo'limi boshlig'i.
— Demak, Toshtemir aka yo'qlamoqda. Qiziq, nima gap ekan?
Yo'l-yo'lakay sabab izlardim. Bir gumonim yaqinda qishloq sho'rosining raisi bilan tortishganim bo'ldi. Bir kuni ho'jalik daftarini olib keldi, o'qituvchilarga tarqatdi. Qishloq aholisining tomorqasini, mol-holini qayta ro'yxatga olish uchun. Qaysarligim tutgan edi, rais katta ketdi. Men ham past ketmadim. Rost-da, nima ish bo'lsa — maktab ko'ndalang, kam-ketik topishsa, hamisha tayoq o'qituvchining boshida sinadi. Raisning jazavasi tutib, mening ko'zimni moshdek ochishga «va'da» bergancha maktabdan chiqib ketgan edi. Bari tushunarli. Demak, chig'iriqdan o'tkazishadi. Xayolimni yig'ib, bo'lajak savol-javoblarni tartibga sola boshladim:
— «Ma'lumotingiz?»
— «Oliy»
— «Kasbingiz»
— «O'qituvchi»
— «O'qituvchi bo'laturib siyosatga qarshi chiqishingizni qanday tushunish mumkin?!»
— «Siyosatga qarshi chiqib ne qilibman?»
— «Qishloq sho'rosi raisining so'zini nega ortiqcha daxmazaga chiqardingiz?»
— «O'qituvchining vazifasi o'qitishdir. O'z vazifasini o'ylab, yosh avlodning kelajagi bilan qiziqmaydigan qorinboylarning dastyori emas!»
— «Egilgan boshni qilich kesmaydi!»
— «Boshni qilich emas, qilich kimning qo'lida bo'lsa o'sha kesadi!»
— «Tushunmadim. Menga siz falsafa so'qmoqchimisiz?»
— «Yo'q, uzr, aslo…»
Bundan battaroq xayollar bilan boshliqning eshigini ochdim. Xona uzun edi. O'rtada xona bo'yi stol qo'yilgan. Ikki tarafida orqa suyanchida oq surpdan jild qoplangan stullar terilgan. To'rda ko'ndalang qo'yilgan stol ortida uzun bo'yli, barvasta odam o'tirardi. U yozishdan bosh ko'tarib: «Keling», — dedi va yozuvdan to'xtab, oq oralagan o'siqroq sochini barmoq panjalari bilan orqaga taragancha menga yuzlandi.
— Xizmat?
Men o'zimni tanishtirdim. U kishining yuzlari beixtiyor yorishib o'rnidan turdi.
— Siz Boybo'sinovmisiz? — so'radi va javobimni kutmay qo'shdi. — Kecha ocherkingizni o'qidim. O'zimizning gazetada. Ofarin!
Kutilmagan maqtovdan kayfiyatim o'zgardi chog'i, buni ilg'agan boshliq o'sha ohangda so'zini davom ettirdi.
— Juda zo'r, ammo kam-ko'sti yo'q demoqchi emasman. Asarning barchaga baravar yoqishiyam shartmas. Eng muhimi, ocherkingizda mavzu yaxshi ochilgan, qahramoningiz dardi shundoq ko'rinib turibdi. Muhimi, tabiiy yozilgan. Asarning nafosati ham shunda…
So'zimiz qovushib, suhbatimiz iligan sayin shoir Nizomjon Pardaning aytganlari qulog'imga balandroq chalinardi: «Bir ijodkorni kashf etsa, tilla to'la ko'za topganday quvonadi».
O'sha uchrashuvni eslasam, xayolimda bir fikr kechadi: ijodning pog'onalari bo'ladi, ya'ni havaskorlik va ijodning hayot mazmuniga aylanishi, kasb darajasiga yetish davrlari. Yo'qsa, yoshlikda kim qo'liga qalam olmagan? Muhabbat bo'stonidan kim o'z gulini izlamagan, hayot girdobiga kimlar sho'ng'ib, oh-fig'oni falakka chiqmagan. Biroq bularning aksariyati ko'pga cho'zilmaydi. Adabiyot dargohiga bahor seliday toshib kirganlarning shovqini ko'pga taralmay, manzilga sanoqlilargina yetishining ham boisi shu emasmi? Aftidan, Toshtemir akani ana shunday muammolar qiynaydi, shogirdlari manzilga yetib, adabiyotimizning ravnaqiga o'z ovozlari bilan o'z ulushlarini qo'shishini istaydi, shogirdlarining aksariyati mahalliy yigit-qizlar. Tag'in ko'pligini aytmaysizmi?! Biri shuhrat ostonasiga yetgan bo'lsa, boshqasi poygakda. Ularning bari bilan suhbatlashish, adabiyot olamida g'olib kelish — o'ta izlanish va fidoyilikni talab etishini uqtirish, orzu va maqsadlaridan ogoh bo'lish, yutuqlaridan faxrlanish, kamchiliklarini ko'rsata bilish, hamdard, hamnafas bo'lish hazilakam vaqt va mehnat talab etmaydimi? Uning esa vaqti cheklangan. Mas'ul vazifada ishlaydi. O'zining ta'biri bilan aytganda, ishi boshidan oshgan. Kunda o'nlab, yuzlab odamlar qabuliga kirishadi. Ularni sabot bilan tinglaydi, muammolarini hal qilishga harakat qiladi. Ilojsiz qolganda uzr so'ragan paytlari ham bo'lgan. Rost-da, ehtiyoj tug'ilmasa, ishi bo'lmasa, biror muammosi bo'lmasa, shuncha odam uning eshigini qoqadimi? Afsuski, barcha muammolar osongina hal bo'lmaydi. Bo'ladiganini «bo'ladi», bo'lmaydiganini «bo'lmaydi» deyishga botinmaydi. Nazarida ular ranjishadi, ma'murlardan umidlari so'nadi, rahbarlarni no'noqqa chiqarib, jamiyatdan, hukumatdan e'tiqodlari qaytadi. Bu esa fojia, davr, zamon fojiasi. Toshtemir aka buni istamaydi. Yechimsiz muammoning yo'qligini uqtirib, mushkulining albatta hal bo'lishiga ishontirib kuzatadi. Qo'ldan kelgancha ana shu odamlar dardi bilan yashab, ularga yengil bo'lishini istaydi. Masalasi hal qilinishiga bor imkoniyatini ishga soladi.
* * *
Bekorchilarga vaqt azaldan eng ko'p narsa. Faqat Toshtemir Turdiyevga ana shu vaqt deganlari yetishmasdi. Ba'zan mehnat intizomini «buzish» hisobidan vaqt tejardi. Evaziga rosa tanbehlar eshitardi. Ayniqsa, Ra'no Uzoqova qo'lyozmalarini izlab yurgan kezlarida… Unda sobiq raykomda umumiy bo'limni boshqarardi. Ajoyib iste'dod sohibasi shoira Ra'no Uzoqovaning ijodi unga tinchlik bermasdi. Oxir-oqibat izlanishga kirishdi. Ra'no Uzoqovaga bag'ishlangan kitobda muallifning mashaqqatli izlanishlari nafaqat batafsil yoritilgan, shuningdek, har qanday xayrli ishning aks-sadosiz qolib ketmasligi to'g'risida qayg'uradi. Bunday isbot taqozo etmaydigan hidoyat tufayli esa adabiyotimiz safida yana bir zukko, otashnafas shoira soni ortdi.
Bu oson bo'lmadi, albatta. Toshtemir aka mas'ul vazifada mehnat qilsa-da, hamisha ishi boshidan oshib yotgan, tashvishlari yetarli bo'lsa-da, vaqt topib Ra'no Uzoqova ijodi bilan jiddiy mashg'ul bo'ldi. Bir ijodki, ungacha birov e'tibor qaratmagan, birovning esiga ham kelmagan mo''tabar ijod!
Ra'no Uzoqova 1940 yillarda Surxondaryoga kelib, viloyat gazetasida mehnat qilgan, qator she'r va hikoyalar yozgan edi. Umuman, shoira qisqa umr kechirgan bo'lib, yozgan narsalari Samarqand va Surxondaryo viloyat nashrlarida hamda respublikaning turli gazeta-jurnallarida sochilib ketgandi.
Fidoyi inson ularni izladi, to'pladi. Katta bir kitob tuzdi. So'ng bu yumushlar bilan ish bitmadi. Shoirning ijodiy foliyatini munosib o'ringa qo'yish uchun Toshtemir aka hatto o'sha vaqtda respublikamizning birinchi rahbari bo'lib turgan Sharof Rashidov qabuliga kirishiga ham to'g'ri keldi.
Ra'no Uzoqova nomini eshitgan davlat arbobi va atoqli adib Sharof Rashidovning nigohlari yalt etdi. Uzoq o'yga toldi.
— Ha, iste'dodli qiz edi. Bir paytlar Samarqand viloyat gazetasida birga ishlaganmiz. Rahmat sizga, Toshtemirjon, qanday ko'mak bo'lsa, tayyormiz, — dedi Sharof Rashidov.
O'zbekiston rahbaridan bunday iliq so'zlar eshitish Toshtemir akani yanada to'lqinlantirib yubordi. Viloyat markazi Termiz shahrida shoira tavalludining 60 yilligi keng nishonlanishiga erishildi. Ra'no Uzoqovaning «Subhidam qaldirg'ochi», «Saylanma» deb nomlangan kitoblarini chop ettirdi. Bir so'z bilan aytganda Surxon eliga Ra'no Uzoqova degan adibasi qaytganidan, qayta yashayotganidan uning quvonchi cheksiz, bir xum tillo topgan odamdan ham baxtiyorroq edi.
* * *
Ezgu va xolisona amallarga nima yetsin.
Hayotning esa qirralari ko'p. Bir gal xazarbog'lik keksa o'qituvchi Akram Ne'matov Toshtemir Turdiyevning qabuliga kirib, hol-ahvol so'radi. Uning so'rashlaridan qandaydir tortinchoqlik sezgan ustoz domlaning dilidagini tiliga chiqarmoqchi bo'lib:
— Kelin tushirmoqchi ekansiz, xizmat bo'lsa o'ylanib turmang, bajaramiz, — dedi.
— Xizmat shuki, to'yga xabar kelsa, albatta, boring… Qaysi kuni bekorchilikdan eski suratlarni kovlashtirib turib, ko'zim manavi suratga tushdi, — deya domla yon cho'ntagidan qog'ozga o'ralgan bir suratni chiqarib berdi. Surat vaqt o'tgani sayin sarg'aygan bo'lsa-da, yaxshi saqlangan edi. Toshtemir aka suratga boqdi, unda tog'liklarga xos bo'lgan old ayvoni ochiq uyning o'rtanchi ustuniga yelkama-elka tushgan o'n ikki, o'n uch yoshli bolaning g'amgin qiyofasi aks ettirilgan. Bosh yalang, sochlari o'sgan, ko'ylak-ishtonlari kalta, daroz, g'amgin ko'zlarini yalang oyoqlariga tikkancha, go'yo o'zlarini ko'rsatishga harakat qilishardi. Toshtemir aka rasmga uzoq tikildi. Tikilgan sayin ko'zlari qisilib, nafas olishi qiyinlashardi, so'ng burun tortdi, so'ng ko'zlari «terladi», So'ng… so'ng…
— Shu uyda tug'ilganman, — entikib so'z yuritdi Toshtemir aka, — shu hovlidan otam urushga ketgan, onam shu hovlida jon bergan. Ahmad akam bilan yolg'izlik azob-iztiroblarini boshdan kechirganmiz. Ayniqsa, tunlari qo'rquvdan yurak hovuchlab chiqardik. Bu surat… sizga qanday tushuntirsam ekan… Bu surat — surat emas, ayanchli yoshligimiz, kulish, quvonishni unutgan damlarimiz, orzu-umidlar o'rnida qorin tashvishida o'tgan onlarimizning timsoli. Aniqrog'i, haykali!
Ushbu surat hali ham albomining qatida. Har ko'rganda qadimiy bir rivoyatni eslaydi. Emishki, bir podshoh eshigi toqida eski chorig'ini ilib qo'yganmish. Katta hikmatli rivoyat-da bu. Ammo u shoh emas, hashamati ham yo'q, bor bisoti, suyanchig'i edi xalqi. Bir yetimchaga otalik qilgan, tarbiya bergan, o'qitgan, mansab va martabaga yetishtirgan shular. Gohida o'ylab qoladi: ularning xizmatini qila oldimi? Yaxshiligini qaytara oldimi? Muammo degani zarpechakday bir gap, bugungisini o'tasang, ertasi kuni boshqasi chirmashib chiqadi, ayrimlari o'ta jiddiy. Uni hal qilish uchun tumandagilar tugul viloyatdagilar ojiz. Oson bo'lganda qo'shni Tojikiston Respublikasidagi Tursunzoda shahrida joylashgan alyuminiy zavodining butun Surxondaryo viloyatini zaharlayotganini, nafaqat odamzodni, hatto hayvonotu nabototni yaroqsiz holga keltirayotganining yechimi topilardi. Odamlarning turli kasalliklarga chalinayotganiga, norasida go'daklarning chalajon, nogiron tug'ilishiga, hayvonlarning tishlari to'kilib, zotdor mollarning nasli buzilayotganiga, shifobaxsh o't-o'lanlarning qurib, dorivorlik xususiyati yo'qolib borayotganligiga chidab bo'ladimi? Biroq bu taqdir emaski tan bersa. Toshtemir aka o'sha, ayniqsa, 1985-1990 yillarda avj olgan tabiat hodisasiga befarq qaray olmadi. U zarar ko'rgan hududlar aholisiga ko'zgu tutishga, elu xalqni ko'rinmas fojiadan qutqarishga uringan edi. O'tli maqolalar yozdi, ana shu chiqishlar asosida 1987 yili tasvirga olingan hujjatli film markaziy telekanallarda, hatto sobiq sho'rolar telekanallarida qayta-qayta namoyish etildi. Vaziyat qanday yakun topishidan qat'i nazar, u o'z burchini bajardi. Qalbida shoir, olim, xalqparvar rahbar, uyg'oq yozuvchi sifatidagi tuyg'ular birikib, samoviy emas, zamonaviy fojiaga qarshi isyon ko'tardi… Qolganiga atoqli yozuvchi Chingiz Aytmatovning bu filmni ko'rib, markaziy gazetalarga bildirgan fikrlari, ayniqsa, Aytmatovning Dashnobod anorlarining shuhratini xorij mamlakatlaridan eshitganlarini eslash kifoyadir.
* * *
Ha, Toshtemir Turdiyevning faoliyati, yashash tarzi, ezgulikni pesha qilishlari, ramziy ma'noda bo'lsa-da, beixtiyor Mir Alisher hazratlarining elparastligini eslatadi, yonimizda shunday odam borligi barchamizning faxrimizdir. Shunday emasmi? Aslida ham shunday. Uning ijodkorlar bilan qiladigan har bir suhbati adabiy majlisga aylanib ketardi. Qaerda va qanday vazifada ishlamasin, xonasining bir tomonida kitob javoni mavjud. Undagi kitoblarning aksariyatida samimiy dastxatlar bitilgan. Said Ahmad, Ozod Sharafiddinov, Mirmuhsin, Abdulla Oripov, Shukur Xolmirzayev, Tog'ay Murod, Usmon Azim, Erkin A'zam, Eshqobil Shukur, Hojiakbar Shayxov, Nodir Normatovlarning shukronalarida ijodining yangi qirralari kashf etilgan bo'lsa, shogirdlarining ilk kitoblarida o'z ustozidan naqadar minnatdorliklari o'ta samimiyat bilan bitilgan. Darhaqiqat, ijod uzluksiz qo'llab-quvvatlanishni, o'sishi uchun odilona va oqilona ruhlantirib turishni taqozo etadi. Toshtemir Turdiyev buni yaxshi biladi. Mahalliy ijodkorlarning qalami o'tkirlashib, matbuot yuzini ko'rayotganidan nafaqat quvonadi, shuning barobarida ularning ijodini targ'ib etishda ham izlanishlar olib boradi. Boshlarini biriktirib, maktablarda, akademik litseylar-u kollejlarda uchrashuvlar tashkil etib, o'quvchilar qalbiga olam-olam zavq baxsh etadi. Natijada o'quvchilar voha ijodkorlariga ixlos qo'yib, adabiyotga bo'lgan muhabbatlari oshardi.
Mustaqillikka erishishimizdan sal oldinroq Uzun tuman partiya komitetining kotibi M. Bahriddinova bilan bo'lgan bir suhbatda raykom opa Denov adabiy muhitining tobora shakllanib, hatto Respublika ijodiy uyushmalarining e'tirofiga muyassar bo'lishida Toshtemir Turdiyevning xizmati ulkan ekanini ehtirom bilan ta'kidlab, qo'shni tumanlarda mahalliy ijodkorlarga bo'lgan e'tibor bu darajada emasligidan afsuslanib gapirganlarini hamon eslayman. Chunki bu gapda zarra qadar mubolag'a yo'q edi. Ayniqsa, Sariosiyo, Uzun tumanlarida Sulaymon Xo'janazar, Xolboy Notiq, Abdulla Rahmon, Abduqahhor Mahmadali, Fozil Shukurzod, Xusrav Sa'dullo, Solih Muhammadzod kabi talaygina iqtidorli adiblar samarali ijod qilmoqdalar. Ayrimlarining 2-3 tadan to'plamlari chiqib, o'z o'quvchi va muxlislariga egalar. Adabiy muhitning ustuvor bo'lmaganligi tufayli har kim o'zicha ustoz, o'zicha shogird qabilida qalam tebratyapti. Abulqosim Firdavsiyning ta'biri bilan aytganda:
Parokanda lashkar naoyad ba kor,
Dusad mardi jangi beh zi sad hazor.
Tarjimaga hojat yo'q. Yuz ming kaltak ko'targan kishidan ko'ra ikki yuz jangchi afzal bo'lgani kabi parokanda lashkardan ham kutilgan natija chiqishi qiyin…
Ustoz haqida aslida bunday e'tiroflar, so'zlar juda ko'p gapirilgan: katta-katta minbarlarda, qahramonimizning 50, 60, 70, 80 yilliklari nishonlangan kezlarda, kitoblarining taqdimotlarida.
Ustoz tomonidan o'zbekning buyuk xalq merosi — «Alpomish» dostonini qayta yozib olib, uning keng jamoatchilik muhokamasiga qo'yilgani-yu, nafaqat mutaxassis olimlar, minglab o'quvchilar olqishlagancha qabul qilgan tantanalarda…
Ayniqsa, «Denov tafakkur charog'lari», «Denov qasidasi», «Denov, bu — Denov-da» tazkiralarining qadrlanib, tarixiy ahamiyat kasb etgani e'tirof etilganida…
Arziydi! Bunday faxrli lahzalar ro'yxatini ko'plab keltirish mumkin. Ammo qalbimizda faxr tuyg'usi ko'pirganda yana bir narsani eslaymiz. Bunday farahbaxsh natijalar zamiridagi va bizga ko'rinmaydigan egilmas iroda, mustahkam jasorat, muallif tanasini noayon tark etgan kuch-quvvat sochlarni oqartirib, yoshligini qaritgan va shular tashvishida sezdirmay o'tgan vaqt haqida o'ylaymiz. Bu haqiqiy fidoyilik. Fidoyilik va qahramonlik! Chindan ham Toshtemir Turdiyev millatimiz ma'naviyati, ma'rifati, adabiyotimiz, boy milliy merosimiz qayg'usida umr kechirdi. Bugun ham qutlug' yoshda ana shu ulug' tamoyil asosida yashab, ijod qilmoqda. Zero, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ham bir qancha davlat tadbirlarida, katta anjumanlarda Toshtemir Turdiyev nomini chuqur hurmat va extirom bilan tilga olgani bejiz emas.
Bilasizmi, nega Denov hokimiyati binosiga O'zbekistonning qaysi nuqtasidan, ayniqsa, Toshkenti azim — poytaxtdan qaysiki mehmon qadam ranjida qilmasin, avvalo, Toshtemir akaning xonasiga kirib o'tadi. Ustozning duosini olay deydi. Negaki, u kishi Madaniyat va ma'rifat kengashining Denov tuman bo'limi rahbari sifatida hamon har bir katta-kichik ishlarga, yumushlarga bosh-qosh, kamarbasta.
Qolaversa, ustozning xonalari ijodkorlarning uchrashuv maskani. U yerda ustoz adiblar, yosh ijodkorlarning portretlari ilingan. Xuddiki maktablardagi adabiyot xonasi deysiz!
Respublikada chop qilinadigan barcha gazeta-jurnallarning taxlamlari mujassam bu xonada. Xuddiki katta bir tahririyat bosh muharririning xonasi kabi!
Va yana kitoblar. Eng sara, eng yangilari. Xuddiki muhtasham kutubxona deysiz!
… Toshtemir aka ana shunday xonada ishlab, ijod qiladi. O'ziga yaqin bilgan do'stlari, ukalariga bir gapni ba'zan aytib qoladi: xona derazasi ravoqiga qo'yilgan ro'molchani olib, undagi bir hovuch qotgan nonni o'rtaga qo'yadi. «Mana, — deydi u bir bo'lak qotgan non bo'lagini olib, — shu yetadi. Bir piyola suv yo choy bilan tanovul qiling. Qanoat qilinsa, shu ham kifoya. Qorin to'yadi. Havolanib ketish kerak emas. Nafsni yengish — saodatga yetaklaydi…»
Ustozning bunday o'gitlarini olish, quloqqa ilish, qalbga joylash naqadar ulug' ekanligini bilsangiz edi!
Ustoz bilan gurunglashib faqat olam-olam quvonch, kuch va ijodiy ishtiyoq olish mumkin. Chunki Toshtemir Turdiyev bugun ulug' termiziylar, So'fi Olloyor, Allovuddin Attor, Farruxiy kabi zotlarga makon bo'lgan, Shukur Xolmirzayev, Mengziyo Safarov, Tog'ay Murod, Nodir Normatov, Ro'zi Choriyev, Usmon Azim, Erkin A'zam, Mirzo Kenjabek, Sirojiddin Sayyid, Eshqobil Shukur va boshqa ko'plab iste'dodlarni yetishtirgan Surxon zaminining ma'naviy hayotini eldoshlarimizga targ'ibot qilayotgan, nafaqat o'z asarlari, balki butun faoliyati bilan yanada yuksaltirishga hissa qo'shayotgan ulug' ustoz.
Ayting, ayting, ustozdek Denovni, Surxondaryoni, butun O'zbekistonni sevib ardoqlaydigan, har bir kuni yurt faxri-iftixori bilan yashaydigan ziyoli odam bilan zamondosh bo'lishdan faxrlanmasdan bo'ladimi?
Dunyoda yaxshilar ko'p, ular dunyoni bezatadi, degan haqiqat haqiqatlarning eng zo'ri bo'lsa kerak. Bunga O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, Turon fanlar akademiyasining akademigi Toshtemir Turdiyevning umr yo'li ham namuna va ibratnomadir.
Chorshanbi DEHNAVIY,
O'zbekiston Yozuvchilar
uyushmasi a'zosi