Abdulla Qodiriy uy-muzeyida

Buyuk adibimiz, O'zbek romanchiligi asoschisi Abdulla Qodiriy yashab ijod qilgan uy bugungi kunda uy-muzeyi bo'lib, o'z bag'rida turli tadbirlarni o'tkazib, kelajak avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga, kitobsevarlikni targ'ib qilishga xizmat qilmoqda. Yaqinda ushbu dargohda gazetalarga bag'ishlangan “Gazeta – o'qish uchun chop etiladi” nomli kitob taqdimoti ham bo'lib o'tdi. Muallif Kambag'allikni qisqartirish va bandlik vazirligi mas'ul xodimi, ijodkor Alisher Toirov.
Tadbir Shayxontohur tuman axborot-kutubxona markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Kitob taqdimotida Abdulla Qodiriy uy-muzeyi rahbari Xondamir Qodiriy, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoir Bobur Bobomurod, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi Nosir Toirov, mehnat faxriysi Rahim Odilov, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi Mahmudxon Toirov so'zga chiqib, kitob mutolaasining inson hayotidagi ahamiyati to'g'risida maktab o'quvchilariga, ota-onalarga so'zlab berishdi.
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Bobur Bobomurod “Gazeta – o'qish uchun chop etiladi” kitobi to'g'risida quyidagi fikrlarni bildirdi: “Men Toirovlar oilasini yaxshi bilaman. Barchalari o'qimishli, kitob, jurnal va gazetaning qadriga yetadigan ziyoli, olim odamlar. Bu kabi oilada kitob yozmaydigan ijodkorning bo'lishi gumon. Albatta, Alisher gazetalarga bag'ishlangan kitobni yozishi kerak edi. Yozdi ham. Ushbu kitobni mutolaa qilib, bolaligimni esladim. Rahmatli onajonim yerdagi gazetaning bir parchasini ham avaylab olib qo'yardilar. Harfning ham uvoli bor, derdilar”. Bobur Bobomurod tadbirda ishtirok etayotgan ota-onalarga murojaat qilib, farzandlarga ko'proq kitob tuhfa qilishni an'anaga aylantirishga undadi va quyidagi “Kutubxona” nomli she'rini o'qib berdi.
Ko'chamizga qaraymiz,
Katta bizning ko'chamiz.
Turfa eshiklar qator,
Qaysi birin ochamiz?!
Qadamda sharobxona,
Oralab kabobxona,
Lek, afsus, topilmaydi
Bitta ham kitobxona.
Bor hokim – janobxona,
Ham qozi – javobxona.
Uchramaydi, lek, attang,
Bir kitob – savobxona.
Dorixona ham bisyor,
Go'yo butun el bemor.
Qalbga shifo bo'lguchi –
Kutubxona yo'q bekor.
Ma'rifat tutib, xona,
Dardlarin yutib, xona.
Turadi kutubxona –
Intizor, kutib xona…
Ko'chamizga qaraymiz,
Shumi bizning ko'chamiz?
Kutubxona bo'lmasa –
Bu ko'chadan ko'chamiz.
Kitob muallifi Alisher Toirov yig'ilganlarga kitobni yozishga undagan sabablar to'g'risida so'zlab berib, gazetalarni sevishga, o'qishga chorladi. Gazetalar odamzod hayotida muhim o'ringa egaligini ta'kidladi.
Tadbir yakunida tashrif buyurgan barcha mehmonlarga muallif kitobidan tuhfa qildi.
O'z muxbirimiz.